08.08.2023
533

YA’QUB CHARXIY

Ya’qub ibn Usmon ibn Muhammad Charxiy tasavvufning atoqli shayxlaridan, Bahouddin Naqshbandning to‘rtinchi xalifasi, Xoja Ahror Valiyning ustozi bo‘lgan. Milodiy 1363 yilda Afg‘onistonning G’azna shahriga qarashli Charx qishlog‘ida tug‘ilgan. Buxoro, Hirot, Misrda ta’lim olgan. 

Ya’qub Charxiy tasavvuf ilmlarini egallash maqsadida Buxoraga kelib, Bahouddin Naqshband bilan uchrashadi va uning tasavvufiy faoliyatidan bahramand bo‘ladi. Xoja Bahouddinning ko‘rsatmasiga binoan Xoja Alouddin Attorga shogir tushadi. Shu tarzda u nafaqat Buxoro, balki Movarounnahr va Xurosonda ham nom taratadi. 

Charxiy 1447 yilda vafot etgan va hozirgi Surxondaryo viloyatining Denov tumanida dafn etilgan. Umrining asosiy qismini Movarounnahrda o‘tkazgani va shu yerda vafot etgani sababli mazkur bandda ushbu olim zikr qilindi.

Olimning asarlari

Ya’qub Charxiyning fiqh, aqoid, hadis va tariqatga doir o‘ndan ziyod asarlari, jumladan, «Risola-i unsiya», «Risola-i abdoliya», «Risola dar siyrati Muhammadiya», «Risola dar ilmi faroiz», «Risola dar aqoid» kabi o‘ndan ziyod kitoblari mavjud.

Olim «Tafsir-i Charxiy» nomli tafsir kitobini yozgan. Uning bir necha qo‘lyozma nusxalari O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda. Mazkur tafsir fors tilida yozilgan bo‘lib, u tasavvufiy tafsirlardan sanaladi. Chunki mufassir bir tomondan Naqshbandiy tariqatining peshvolaridan bo‘lsa, yana bir tomondan o‘sha paytda fors tilida asarlar yozish an’ana tusini olgan edi. Shu sabab ham muallif ushbu an’anaga muvofiq, forsiy tafsir bitadi. 

“Tafsiri Charxiy” asari O’rta Osiyoda fors tilida yozilgan ilk tafsirlardan biri hisoblanadi. Lekin, ushbu tafsir Qur’oni karimning to‘liq tafsiri bo‘lmay, balki Fotiha surasi hamda oxirgi ikki juz (pora)ni o‘z ichiga oladi. Tafsirining bu kabi qisqa bo‘lishi haqida muallifning o‘zi shunday deydi: “Mendan bir guruh do‘stlar, birodarlar “Fotiha”ga hamda “Mulk” surasidan to kitobning oxirigacha katta-kichik foydalana olishlari uchun fors tilida tafsir yozib berishimni iltimos qildilar” . Shu tariqa tafsir yozishga kirishgan Mavlono Charxiy o‘z asarida jami 49 ta surani tafsir qildi. 

Charxiy eng ko‘p foydalangan va 30 dan ortiq o‘rinda nomi kelgan tafsir Zamaxshariyning “Kashshof” tafsiridir. “Kashshof” musulmon olamida mashhur tafsirlardan bo‘lib, Qur’oni karimni lug‘at (til) jihatidan sharhlaganiga ko‘ra tengsiz ekani barcha zamon olimlari tomonidan birdek e’tirof etiladi. Charxiy zarur o‘rinlarda mo‘‘tazila e’tiqodiga raddiyalar berib, ahli sunna val jamoa e’tiqodini bayon etib o‘tadi. Charxiy “Kashshof”ga Sayyid Yamaniy tomonidan yozilgan “Sharhi Kashshof”dan ham foydalangan. Ko‘p foydalanilgan tafsirlardan yana biri Mavfiquddin Kavoshiy (1194-1291)ning “Tafsiri Kavoshiy”idir. Yana bir tafsir Abu Hafs Umar Nasafiyning “Tafsiri Taysir” asaridir. Ach-Charxiy uning muallifini “Sohibi Manzuma” (“Manzuma fil fiqh” asariga nisbat berib) deb keltiradi. 

Tadqiqotchi G.Saidovaning ta’kidlashicha, “Tafsiri Charxiy”da yana buxorolik hanafiy faqih Abu Nasr Attobiyning “Tafsiri Attobiy” asaridan ham namunalar keltirilgan. Yana bir mashhur tafsir “Tafsiri Bayzoviy” nomi bilan mashhur Qozi Bayzoviyning “Anvarut tanzil va asrorut ta’vil” tafsiridir . Mavlono Charxiy bu tafsirni Buxoroga kelgan vaqtida mutola qilishga kirishganini qayd etib o‘tgan. Shuningdek, Charxiy o‘z tafsirini yozishda Abu Abdurahmon Sulamiyning “Haqoyiq tafsir”, Abulhasan Naysoburiyning “Tafsiri Vasit” Fahriddin Roziyning “Maolimut tanzil”, “Tafsiri Samarqandiy”, “Tafsiri Qushayriy”, Imom Moturidiyning tafsirga oid qarashlari, Muhammad Porsoning «Risola», Abul Muin an-Nasafiyning «Tabsiratul adilla» (u «sohibut Tabsira» deb eslatiladi), Najmiddin Abur Rajo Muxtor ibn Mahmud Xorazmiy Hanafiy az-Zohidiy (vaf. 658/1260)ning «Qunyatul fatovo», hadis manbalaridan «Sihoh sitta» , «Sahihi Muslim» (76a), Muhammad ibn Abdulloh Xatib Tabriziyning (vaf.1342) «Mishkot masobih» (40b, 54b, 63b, 64a, 88b), Abu-l-Lays Samarqandiyning (vaf.1003) «Tanbeh g‘ofilin» (55b, 121b, 177b), Muhammad ibn Umar Faxruddin ar-Roziyning «Ma’olim» (148a, 148b), Xoja Muhammad Ali Hakim Termiziyning (820-932) «Navodir usul fi maʻrifa axbor ar-rasul»(105b) asarlaridan istifoda etilgan. va boshqa tafsirlardan,  ham istifoda etgan.

«Tafsiri Charxiy»da sura va oyatlar ajratilib yozilgan, so‘ngra oyat tarjimasi berilgan. Tarjimalar ancha erkin, izohlar bilan amalga oshirilgan, mazmunga mos ravishda hadislarning arabcha matni, keyin tarjimasi, tafsir, fiqh yoki aqida kitoblaridan iqtiboslar beriladi. Ba’zi joylarda zukira yoki qiyla tarzida ayrim kitoblar va fikrlarga ishora qilib ketiladi . Kitoblarning nomlari ham o‘sha paytda ahli ilm orasida mashhur nomlar ila yoritiladi. Masalan, «Qunya fatovo otlig‘» kabi. Ayrim oyatlar ikki yoki uch qatorda, yana ayrimlari bir nechta sahifalardan iborat tarzda sharhlanadi. Aksariyat izohlarda tasavvufiy yondoshuv sezilib turadi. Ayrim joylarda mo‘‘tazila kabi oqimlarga raddiyalar beriladi, oyatlar grammatik jihatdan sharhlanadi , she’rlar  keltiriladi. 

Ya’qub Charxiy Humaza surasining tafsirida, g‘iybatning yomon illatligi, birovning orqasidan gapirmaslik, oldida ham xafa qiladigan so‘zlarni gapirmaslik kerakligini ta’kdlaydi: “Senig nasibang shuki, tilingni musulmon birodarlaring haqida yomon so‘zlarni aytishdan saqla, Xudoni o‘z qarshingda hamisha hoziru nozir deb bil va hech kimni bexuda hajv qilma”.

 

Qo‘shimcha malumot

ABUL BARAKOT NASAFIY
Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiy o‘z davrida tafsir, aqida, fiqh va usul fiqh ilmlarining yetuk peshvosi sifatida...
ALOUDDIN SAMARQANDIY
Islom dini Movarounnahrga kirib kela boshlagan davrdan boshlab turli diniy ta’limotlar, kalom maktablari o‘lkamizda tarqala boshladi. Ular orasida Abu Hanifa...
ABUL LAYS SAMARQANDIY
Samarqandlik mufassir Imom Hudo Abul Lays Nasr ibn Muhammad ibn Ibrohim (vaf. 375/985). Olimning «Tafsir Samarqandiy» nomi bilan mashhur bo‘lgan...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry