10.08.2023
634

ABUL BARAKOT NASAFIY

Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiy o‘z davrida tafsir, aqida, fiqh va usul fiqh ilmlarining yetuk peshvosi sifatida mashhur bo‘lgan.

Abul Barakot Nasafiy taxminan 1232-yilda qadim Nasaf (hozirgi Qarshi) shahrida tavallud topgan. Keyinchalik Buxoroda ta’lim olgan, yoshlik davri diniy-ilmiy muhitdagi oilada o‘tgan, ilm talabida ko‘plab mamlakatlarga borgan va katta obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgan. Ilmga berilib, siyosiy jarayonlardan uzoqda yashagan va natijada ilmiy doiralarda katta shuhrat qozongan. 

Nasafiy taxminan 1280-yillarda Kirmon shahridagi “Qutbiya sultoniya” madrasasida mudarrislik qilgan. So‘ngra Bag‘dodga kelib, u yerda talabalarga ham ta’lim bergan.

Nasafiy juda taqvodor va diyonatli shaxs bo‘lgan. Arab va fors tillarini mukammal darajada bilgan.

Imom Nasafiy 1310-yilda vafot etgan.

Abul Barakot Nasafiyning yetuk olim bo‘lib yetishishida albatta, ustozlarining mehnati katta bo‘lgan. Ana shunday ustozlaridan biri taniqli olim Abul Vajd Shamsul aimma Muhammad Kardariydir. Xorazmlik Imom Kardariy 1202-yilda tavallud topgan va mashhur «Fatovoyi Qozixon» muallifi Faxruddin Qozixon (vaf. 1195 y.) hamda «Hidoya» sohibi Burhonuddin Marg‘inoniy (1118-1197) kabi buyuk ustozlardan ta’lim olgan. Kardariy 1244 yilda vafot etgan va Buxoroda, Subazmuniy qabri oldida dafn qilingan.

Shunday mashhur ustozlar ilmidan bahramand bo‘lgan Abul Barakot “Hofizuddin”, ya’ni “dinni himoya qiluvchi” degan sharafli nomga sazovor bo‘lgan. 

Imom Nasafiy ustozlari orqali Abu Hanifaga borib yetadigan silsilasi mavjud.

Alloma ilmiy merosi

Imom Nasafiyning asarlari asosan tafsir, aqida, fiqh va usul fiqh ilmlarini o‘z ichiga qamrab oladi.

Imom Abul Barakot Nasafiy Movarounnahr yurtidan chiqqan mutaaxxir ulamolarning taqvodorlaridan hisoblanadi. Imom Nasafiy o‘z zamonasining ziddiyatlari, siyosat olamidagi qattiqqo‘llik, har taraflama hujum qilayotgan mo‘g‘ul istilochilarining zulmlariga qaramasdan o‘z asrining fiqh va usul ilmlarida yetuk olim, hadislar va ularning ma’nolarini bilimdoni, Alloh taoloning kitobini yaxshi anglovchi – mufassir bo‘lib yetishdilar. Mana shunday taqvosi va ixlosi sabab hozirgacha ulamolar va ilm toliblari o‘rtasida bu zotning kitoblari mo‘tabar manbalar sifatida qadrlanib o‘qilmoqda, shar’iy masalalarning yechimini topish maqsadida keng va samarali foydalanilmoqda, shuningdek tadqiqotchilar tomonidan o‘rganib kelinmokda.

Abul Barakot Nasafiyning umumiy hisobda 13 ta ilmiy asari mavjudligi va ularning barchasi bizgacha yetib kelgani ma’lum. Jumladan,

Aqida ilmiga oid:

«Umdat aqoid» («Aqidalar asosi») asari;

Uning sharhi “E’timod fil-e’tiqod” (E’tiqoddagi tayanch) 

Fiqh (islom huquqi)ga oid:

«Kanz ad-daqoiq» («Nozik masalalar xazinasi») asari islom huquqi bo‘yicha «Hidoya»dan keyingi o‘ringa qo‘yiladi.

«Vofi» («Mukammal»). Ushbu asarni mashhur olimlar mo‘‘tabar, maqbul va latif kitoblar qatorida sanaydi. 

«Kofi» («Kifoya qiluvchi») – “alVofi”niny sharhi. Bu kitob Abul Barakot Kirmondagi madrasada «Vofi»dan dars berib yurgan kezlarida yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Chunki talabalar «Vofi»ni osonroq va tezroq tushunishlariga ehtiyoj sezilgan. Abul Barakot talabalarning shu ehtiyojini qondirish maqsadida unga sharh bitgan. Asarda namoz, ro‘za, zakot, haj, nikoh, savdo-sotiq kabi turli fiqhiy masalalar batafsil sharhlangan. 

«Mustasfo fi sharh an-Nofi’ fi-l-furu’» («Fiqhga oid an-Nofining Mukammal nomli sharhi»).

«Musaffo fi sharh manzumot an-Nasafiya fi-l-xilaf» («Qiyosiy huquqshunoslikka oid an-Nasafiy nazmining Aniqlangan nomli sharhi»).

«Manor» («Mayoq») nomli usul fiqh va uning qonun-qoidalari haqidagi asar. Unda Qur’on, hadis, ijmo va qiyos asosida hukm olish kabi uslublar bayon etilgan.

Ushbu asarni sharh – «Kashf asror» («Sirlarni ochish») 

Tafsir ilmiga doir:

«Madorik tanzil va haqoiq ta’vil» («Qur’on mohiyati va ta’vil haqiqatlari») Nasafiyning eng mashhur asari bo‘lib, u musulmon olamidagi Qur’onga yozilgan mo‘‘tabar tafsirlardan biridir. Abul Barakotning tafsirga oid asari qolganlari ichida mavzu, uslub va ilmlarning keng qamrovliligi jihatidan shoh asar hisoblanadi. Shuningdek, ushbu zot tafsir sohasida mashhur asar yozish bilan Imom Moturidiy uslubini davom ettiradi hamda Qur’on oyatlarini tafsir qilish mobaynida moturidiylik aqidaviy ta’limotining mustahkamlanishida katta hissa qo‘shadi.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, Nasafiy davrida mo‘‘taziliy, qadariy, jabariy, qarmatiy kabi turli botil oqim vakillarining qarashlari o‘z ta’siriga ega bo‘lgan bo‘lsa kerakki, olim tafsirda ularga ko‘p bora ilmiy javob va tushuntirishlar bergan. Chunki mo‘g‘ullar davrida ilm-ma’rifat va ilmiy tafakkurning yo‘qolishi barobarida odamlarni birlashtiradigan yagona g‘oya hamda mafkura ham yo‘q bo‘lib borgan. Bu holatdan turli oqim va toifa vakillari o‘z aqidalarini yoyish uchun ustalik bilan foydalanmoqchi bo‘lganlar. Bunday paytda islom ta’limoti keng yoyilgan o‘lkalarda Qur’onning asl ma’nosini talqin etuvchi mukammal tafsirlarga ham ehtiyoj sezilgani tabiiy holdir. 

Tafsirning yozilishi haqidagi ushbu mulohazalarni Imom Nasafiyning o‘zi aytgan quyidagi so‘zlari ham isbotlaydilar: «Mendan yaqinlarim Qur’onni ta’vil qiluvchi, turli qiroatlar va harakat uslublari ko‘rsatilgan, ahli sunna va-l-jamoa aqidasiga muvofiq keladigan, adashganlar va bid’at ahli so‘zlaridan xoli bo‘lgan, malollik tug‘dirmaydigan hamda tushunarsiz darajada qisqa bo‘lmagan tafsir yozishimni so‘rar edilar. Men dastlab ikkilandim. Nihoyat, Allohning tavfiq va inoyati ila tafsir yozishga kirishdim hamda uni oz muddat ichida yozib tamomladim. Kitobimni «Madorik tanzil va haqoiq ta’vil» deb nomladim. Alloh barcha ishlarni yengillashtiruvchi, xohlagan narsasini qilishga qodir va duoni tez ijobat qilguvchi zotdir».

Zamonaviy arab olimlaridan Abu Adib Muhyiddin shunday deydi: «Bu kitob oldin ham hozirda ham katta e’tibor bilan ilm davralarida va diniy oliygohlarda darslik sifatida o‘qitiladi. Mening o‘zim uning katta bir qismini ustozim shayx Abd ar-Rohman az-Zabiydan Damashqdagi «G’arro’» jamiyatiga qarashli Shariat ilmlari institutida 1956-yillarda tahsil olib yurgan kezlarimda o‘qiganman».

Tafsirdan namunalar

 Oli Imron surasi: «Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizgacha sira yaxshilikka (jannatga) yeta olmaysizlar», 92-oyati tafsirida Nasafiy quyidagi fikrlarni beradi: «Faqat suygan narsalarni beribgina maqsadga yetiladi». Davomida ushbu rivoyatni keltiradi: Umar ibn Abdulaziz shakar sotib olar va uni sadaqa qilar edi. Shunda undan so‘raldi: «Nima uchun uning pulini sadaqa qila qolmaysiz?». U: «Shakar menga suyukliroqdir. Shu sabab suygan narsamdan ehson qilishni xohladim», – deb javob beradi».

Mazkur tafsirda ilm va yaxshilik kabi fazilatlarning ko‘kka ko‘tarilishini kuzatish mumkin. Jumladan, Nasafiy ilm haqida shunday deydi: «Ilm, agar u ruhoniylar yoki rohibning oxirat haqida egallagan ilmi bo‘lsa ham insonni to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi vositalardan biridir. Chunki, Moida surasi 82-oyatida: «Odamlar ichidan «Biz nasroniylarmiz», deb aytuvchilarni musulmonlarga yaqinroq do‘st ekanini ko‘rasiz. Bunga sabab ular orasida ruhoniy va rohiblarning borligi hamda ularning kibrga berilmasligidir», – deyilgan. Bu bilan Nasafiy ilm kim tomonidan egallangan bo‘lishiga qaramay, uning ulug‘ligi va afzalligini hamda ilm ruhoniylarning Qur’onda ijobiy zikr qilinishiga sabab bo‘lganini isbotlamoqchi bo‘ladi.

Abul Barakot Nasafiy o‘z davrining talab va ehtiyojidan kelib chiqib, o‘ziga qadar shakllangan ilmiy an’anani davom ettirdi va shu asosda ilmiy asarlar yaratdi. U zot qoldirgan ilmiy meros asrlar osha bugun ham o‘z qiymatini yo‘qotmaganligi, musulmon olamida o‘ziga xos obro‘-e’tibor, maqomga ega ekani ushbu taqdim etilgan risoladan anglashilgan bo‘lsa ajab emas. 

Shu sabab Abul Barakot Nasafiy haqida Abdulhay Laknaviy o‘zining “Favoidul bahiya fi tarojumil hanafiya” kitobida shunday deydi: “U zamonasining tengi yo‘q komil imomi, fiqh va usulda yetakchi, hadis va uning ma’nolarini juda yaxshi biluvchi olim edi”.

Hoji Xalifa: “Shayx, ulug‘ imom, peshqadam alloma, Yer ahlining ustozi, sunnat va farzning jonlantiruvchisi, Qur’on ma’nolarini kashf qiluvchi, muhaqqiq olimlarning mashhuri” – deb ta’rif beradi.

Ibn Hajar Asqaloniy (1372-1449) esa Abul Barakot Nasafiyni “Allomai dunyo”, deb ta’riflaganlar.

Qo‘shimcha malumot

YA’QUB CHARXIY
Ya’qub ibn Usmon ibn Muhammad Charxiy tasavvufning atoqli shayxlaridan, Bahouddin Naqshbandning to‘rtinchi xalifasi, Xoja Ahror Valiyning ustozi bo‘lgan. Milodiy 1363...
ALOUDDIN SAMARQANDIY
Islom dini Movarounnahrga kirib kela boshlagan davrdan boshlab turli diniy ta’limotlar, kalom maktablari o‘lkamizda tarqala boshladi. Ular orasida Abu Hanifa...
ABUL LAYS SAMARQANDIY
Samarqandlik mufassir Imom Hudo Abul Lays Nasr ibn Muhammad ibn Ibrohim (vaf. 375/985). Olimning «Tafsir Samarqandiy» nomi bilan mashhur bo‘lgan...

Izoh qoldirish

Izohlar

20.02.2024 18:17
Olloh rozi boʻlsin
Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry