25.09.2021
529

ALOUDDIN SAMARQANDIY

Islom dini Movarounnahrga kirib kela boshlagan davrdan boshlab turli diniy ta’limotlar, kalom maktablari o‘lkamizda tarqala boshladi. Ular orasida Abu Hanifa (vaf. 767 y.) asos solgan maktab an’analari nisbatan xalqchilligi, mahalliy xalqlar madaniyati va urf-odatlariga yaqin jihatlari sababli kuchliroq mavqega ega bo‘ldi. Bu mazhab Movarounnahrda mahalliy boy diniy-ma’naviy an’analar asosida takomillashtirildi, boyitildi va tartibga solindi. Mazkur jarayonga vatanimizdan yetishib chiqqan mutakallim olimlarning bir necha avlodi o‘zlarining beqiyos hissalarini qo‘shdilar. Ular orasida, Shamsulislom Alouddin Abu Bakr Muhammad Samarqandiy (vaf. 1145 y.) muhim o‘rin tutadi. Samarqandda tavallud topgan ushbu olim keyinchalik Buxoroga ko‘chib borgan va hayotining ko‘p qismi shu joyda o‘tgan. Bir muncha vaqt Balhda yashab, yana Buxoroga qaytgan. U o‘sha davrining buyuk allomasi sifatida tan olingan va hanafiy huquqshunosligi va moturidiy ta’limoti taraqqiyotiga muhim hissa qo‘shgan. 

Allomaning fiqh, tafsir, hadis, usul, aqoid, kalom ilmlariga oid ko‘plab asarlari, jumladan, islom olamida mashhur “Tuhfatu-l-fuqaho” (“Faqihlar tuhfasi”) asari bo‘lgan. Kitob hanafiy fiqhi bo‘yicha katta e’tiborga ega bo‘lib, unga ko‘plab sharhlar yozilgan. 

Alouddin Samarqandiy fiqh ilmidan tashqari kalom ilmi bo‘yicha ham hanafiy mazhabining yirik vakillaridan biri sifatida Imom Abu Mansur Moturidiyning izdoshi va ta’limotining tarqatuvchisi bo‘lgan. Natijada Abu Mansur Moturiydiyning «Ta’vilot ahli sunna» nomli tafsiriga «Sharh ta’vilot ahli sunna» nomi bilan sharh yozgan. Allomaning ushbu sharhni yozishida Abul Mu’in Nasafiyning xizmati nihoyatda katta bo‘lgan. Chunki Alouddin Samarqandiyning o‘zi Nasafiy bilan Moturidiyning «Ta’vilot» asarini birga mutolaa qilganini va Nasafiy joiz, deb topgan joylarga sharh yozib ilova qilib borganligi va keyinchalik ushbu sharhlarni alohida kitob holiga keltirganligini ta’kidlaydi. 

Allouddin Samarqandiy o‘z davrida mavjud zaruriy ilmlarni imkon qadar egallagan edi. Uning o‘ziga xos maktabi mavjud bo‘lgan. Manbalarda olimning oila a’zolari ham ilmda peshvo bo‘lganligi ta’kidlanadi. Jumladan, qizi Fotima (vaf. 587/1191 yildan oldin) otasi Alouddin Samarqandiydan fiqh sohasida ta’lim olgan va uning “Tuhfat fuqaho” asarini yodlagan hamda otasiga fatvo berishshda yordam bergan.

Foti­ma haqida manbalarda quyidagi ma’lumot berilgan: “U, mazhabni yangicha naql qilar ekan, fatvo birinchi bo‘lib uning ijozati bilan chiqar, keyin otasi tomonidan tasdiqlanar edi”. Xususan, Ramazon oyida faqihlarga fitr sadaqasini berishni birinchi marta Fotima joriy qilgan. 

Shunday qilib, o‘zbek qizi Fotima islom dunyosida o‘z buyuk iste’dodi va fiqh ilmi bo‘yicha yuksak salohiyati bilan yetuk faqih ayol sifatida dong taratgan. Natijada shunday buyuk olima Abu Bakr Ma’sud ibn Ahmad Kosoniydek tengsiz olimga turmushga chiqadi.

 

Olimning ilmiy merosi

Alouddin Samarqandiy yaratgan asarlari orasida quyidagilar sanab o‘tiladi:

Usul fiqh bo‘yicha “Mizan usul fi natoij ucul” (Aqllar  o‘lchamida asoslar tarozusi) hamda “Lubob fi usul fiqh” (“Fiqh asoslarining yuragi”) kabi asarlar.

Furu’ fiqh bo‘yicha “Tuhfat fuqaho” (“Faqihlar uchun Tuhfa”), “Mabsut” (“Kengaytirilgan”) va “az-Ziyodot” (“Qo‘shimchilar”). Alouddin Samarqandiy fiqhiy masalalarni hal etishda o‘ziga xos yo‘l tutib, o‘tmish va zamondosh faqihlarning fatvolarini turkumlarga jamlagan, bu yo‘nalishda birinchilardan bo‘lib ijod qilgan olim edi.

Bulardan tashqari Samarqandiy hanafiy mazhabiga oid e’tiborli sanalgan ayrim fiqhiy asarlarga sharhlar ham yozgan:

1) “Sharh Jomi’ sag‘ir” (“Kichik to‘plam sharhi”).

2) “Sharh Jomi’ kabir”(Katta to‘plash sharhi)

3) “Sharh Muxtasar Tahoviy” (Muxtasar Tahoviy sharhi).

 Tafsir ilmiga oid “Sharh ta’vilot Maturidiya fi bayani usul ahl sunna va usul tavhid” (Moturidiyning tavhid asoslari va ahli sunna asoslari sharhi”) deb nomlanadi. Bu asar «Sharh ta’vilot” (Qur’on ta’villari sharhi) nomi bilan ham mashhur.

Alloma o‘z asarlarida Qur’on oyatlarini sharhlashda manbalarga asoslanishi, aqidaviy masalalarga yondashuvda ehtiyotkorlik, hanafiy mazhabini himoya qilishda naqlga ahamiyat qaratishi, islomiy firqa va oqimlarga raddiya berish kabi jihatlar Movarounnahrda Qur’onni to‘g‘ri tushunish va talqin etish bo‘yicha dastlabki qadamlardan biri bo‘ldi.

Shunday qilib, Alouddin Samarqandiy o‘z davridagi Qur’on sharhi va kalom ilmi bo‘yicha vujudga kelgan muammolarni Imom Moturidiy uslubi asosida hal etishga harakat qilib, Moturidiyning tafsirini yangi sharhlar bilan boyitgan va shu yo‘l bilan hanafiy mazhabini himoya qilishga harakat qilgan. 

Ma’lumki, Moturidiy davriga qadar aqida va kalom masalalariga an’anaviy ruhda yondashilgan, e’tiqod masalalariga keng sharhlar berilmagan. 

Imom Moturidiy va Alouddin Samarqandiy tafsirlarida o‘z davridagi mavjud oqimlarga ilmiy raddiyalar berilgan, aqidaviy masalalarga doir oyatlarga esa, sunniylik yo‘nalishiga mos tarzda yechimlar keltirilgan. Shu jihatdan olib qaraganda ham, Abu Mansur Moturidiyning “Ta’vilot ahl sunna” asari  va Alouddin Samarqandiy asarlari tafsirshunoslikning hanafiylik yo‘nalishi bo‘yicha nodir manbalardan hisoblanadi. 

Xulosa qilib aytganda, ushbu asar yurtimizda tafsir ilmi taraqqiyot bosqichlarining namunasi bo‘lib, X-XII asrlarda va undan keyingi  davrdagi tafsir ilmi xususiyatlarini o‘rganish hamda bu borada yangi ma’lumotlarni taqdim etishda katta hissa qo‘shishi shubhasizdir. 

Qo‘shimcha malumot

ABUL BARAKOT NASAFIY
Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiy o‘z davrida tafsir, aqida, fiqh va usul fiqh ilmlarining yetuk peshvosi sifatida...
YA’QUB CHARXIY
Ya’qub ibn Usmon ibn Muhammad Charxiy tasavvufning atoqli shayxlaridan, Bahouddin Naqshbandning to‘rtinchi xalifasi, Xoja Ahror Valiyning ustozi bo‘lgan. Milodiy 1363...
ABUL LAYS SAMARQANDIY
Samarqandlik mufassir Imom Hudo Abul Lays Nasr ibn Muhammad ibn Ibrohim (vaf. 375/985). Olimning «Tafsir Samarqandiy» nomi bilan mashhur bo‘lgan...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry