24.09.2021
397

XOJA PORSO

Xoja Porso Muhammad ibn Muhammad Buxoriy Movarounnahrning ulug‘ olimlaridan, Naqshbandiya tariqatining mashhur shayxi va Xoja Bahouddin Naqshbandning yaqin shogirdi. 1355 yilda Buxoroda tug‘ilgan. Porso (dindor) laqabini unga ustozi Bahouddin Naqshband bergan. Fiqh ilmini ulug‘ olimlar silsila vakili bo‘lgan Abu Tohirdan olgan. 

Rivoyat qilinishicha, Bahouddin Naqshband Xoja Porsoni yuksak qadrlagan va Hijozga ketayotganlarida vafot etishidan oldin barcha omonatni unga topshirib, o‘z o‘rniga uni tayin etgan.

Xoja Porso ham 1420 yilda haj qilish niyatida yo‘lga chiqadi va Nasaf, Sag‘oniyon, Termiz, Balx, Hirot, Jom va boshqa shaharlarni ziyorat qiladi. Bu yerda unga katta hurmat ko‘rsatiladi. Hajni ado qilgach, kasallikka chalinadi va Madinaga otlanadi. Shu yerda mazkur yilning 25-zulhijja oyida vafot etadi. Juma kuni Abbos (r.a.)ning qabri yoniga dafn etiladi. Vafotidan so‘ng, uning o‘rniga o‘g‘li Abu Nasr Porso Mahmud ibn Muhammad o‘tiradi. U ham ilm va tasavvufda otasi kabi benazir edi.

Muhammad Porso, Amir Temurning farzandi Muhammad Jahongirning o‘g‘li Xalil Mirzo, shuningdek, Shohrux Mirzo yaxshi aloqada bo‘lganlar. Muhammad Porso Shohrux Mirzo bilan turli masalalar bo‘yicha yozishmalar ham olib borganligi manbalarda qayd etilgan.

Olimning ilmiy merosi

Allomaning umumiy hisobda yigirmaga yaqin asarlari mavjudligi manbalarda aytilgan. Ular orasida “Risolai qudsiya” (“Xoja Bahovuddinning qudsiy kalimalari haqidagi risola”), “Avsofi qudsiyai mashoyixi tariqat” (“Tariqat mashoyixlarining qudsiy kalimalari”), “E’tiqodot” (“E’tiqod haqida risola”), “Risola dar odobi murid” (“Murid odoblari haqida risola”), “Risolai kashfiya” (“Karomatlar haqida risola”), “Risolai mahbubiya” (“Do‘stlik haqida risola”), “Muxtasari tarixi Makka” (“Makka shahrining qisqachatarixi”), “Maqomoti Xoja Alouddin Attor” (“Alouddin Attor maqomoti”), “Maqomati Xoja Bahovuddin Naqshband” (“Xoja Bahovuddin Naqshband maqomati”), “Haftodu do‘ firqa” (“Yetmish ikki firqa”) kabilarni aytib o‘tish mumkin.

Tafsirga oid «Tafsir-i Qur’on» asari bo‘lib, muallif qalamiga mansub bir qo‘lyozma nusxasi O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi. Ayrim qismlarini Abdurahmon Jomiy yozgan.

Forscha-arabcha va nasx xatidagi mazkur tafsirda Qadr surasidan Humaza surasigacha bo‘lgan qismlar qamrab olingan. Xoja Muhammad Porso tasavvuf peshvolaridan bo‘lgani uchun ham boshqa asarlari qatori tafsirida ham unga e’tibor qaratadi. Tafsirda 30-juzning bir nechtagina surasi tafsir qilinganiga guvoh bo‘lamiz. Bular: “Fotiha”, “Qadr”, “Bayyina”, “Zalzala”, “Adiyat”, “Qoria”, “Takasur”, “Asr” va “Humaza” suralaridir.

Bundan tashqari Hofiz tanish Buxoriyning “Abdullanoma”sida Xoja Abu Nasr Porsoning (vaf. 986/1537 y.) o‘g‘li Xoja Abduvali Porso haqida gapirilib, uning Nurotaga borgani zikr qilinadi.

XV asrlarga to‘g‘ri keladigan xatda fors tilida quyidagilar bitilgan (ma’nosi): “Ushbu tafsir haqiqatlar sultoni, mufassirlar va muhaddislar burhoni hazrati Xoja Muhammad Porsonikidir. Xatti sharif ham o‘sha kishinikidir, Alloh sirlarini muqaddas va aziz kilsin. Bu sahifa avvalidan (keyingi) yangi bitilgan uch sahifadagi xatti sharif haqoiq panox maorifi dastgox hazrati mavlono Nuriddin Abdurahmon Jomiynikidir. Alloh uning qabrini nurga to‘ldirsin”. 

Demak, asar kotibi muallifning o‘zi bo‘lgan. Xoja Muhammad Porsoning bundan boshqa dastxatini O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida uchramaydi. Balki dunyoning boshqa kutubxonalarida saqlanyotgan xatda jumladan Texrondagi dastxatda bo‘lishi mumkin.

Xoja Porso moturidiyaga muvofiq ravishda “muqallidning imoni sahih”, deb aytadi: “Imon Allohning yagonaligi va boshqa sifatlarini qat’iy tasdiq etishdir. Qat’iy tasdiq yaxshi martabadir. Albatta orif banda muqalliddan yuqori darajada. Muqallid haq yo‘lda bo‘lsa, u mo‘min hisoblanadi”. 

Moturidiylikda shahodat kalimasini taqlidan aytgan kishi ham mo‘min hisoblanadi. Ularning imoni zohiran e’tiborga olinadi, qalblarining holati Allohga havola qilinadi.

Moturidiylik ta’limoti haqida gapirganda, Xoja Porso “Fasl al-xitob”da alohida faslni Imom Moturidiy va Hakim Samarqandiy mavzusiga bag‘ishlaganini ta’kidlash kerak. Unda, shunday deyiladi: 

“... Shayx Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Moturidiy as-Samarqandiy o‘z davrida hidoyat ilmi shayxi, ahli sunna va jamoa raisi bo‘lgan. Shayx Abu Mansur 335 yil vafot etgan va Chokardiza qabristoniga dafn etilgan. Uning qabri ziyoratchilar ko‘p kelishi bilan mashhur. Xuddi shu davrda shayx Abulqosim Ishoq ibn Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Zayd al-Hakim as-Samarqandiy va boshqa ulamo shayxlar yashaganlar. Shayx Abulqosim va shayx Abu Mansur bir-birlari bilan to o‘lim ajratmaguncha do‘st bo‘lganlar”.

Yuqoridagi matndan Porsoning Imom Moturidiy va Hakim Samarqandiyga ehtiromli munosabatini ilg‘ab olish qiyin emas. Shu bilan birga Porso “Fasl al-xitob”da imon, Allohning sifatlari, bandaga toqati yetmaydigan narsani yuklash, qazo va qadar, payg‘ambarlik va boshqa ilohiyot masalalarida ham moturidiylik yo‘lini tutadi.   

Shu bilan birga Porso aynan e’tiqodiy masalalarga bag‘ishlangan maxsus “E’tiqodot” asarini ham ta’lif etib, unda aqidaviy masalalarni hanafiylik-moturidiylik asosida ko‘rib chiqadi. Asarda shunday satrlar keltirilgan: “Bir jamoa Abu Bakr va Umar (r.a.)ni so‘kib, biz Ali tarafdorlarimiz desa, aldagan bo‘ladi. Ular Iblis tarafdorlari va Ali (r.a.) ulardan bezordirlar”. 

Imon haqida shunday yozilgan: “Mo‘minning imonida shubha bo‘lmasligi kerak. Zero, imondagi shubha kufr bo‘ladi”. Ya’ni moturidiylikda istisno qilib “men inshaalloh mo‘minman” deyilmaydi, ash’ariylikka xilof ravishda. Balki “men haqiqatda mo‘minman. Fe’l bandadan bo‘lib, tavfiq Allohdan. Imon Allohning in’omi, tasdiq qilish va iqror bo‘lish bandaning fe’lidir. Qur’on – Allohning kalomi bo‘lib, maxluq emas. Bandaning o‘qishi maxluq”.

Xoja Muhammad Porso naqshbandiya tariqataning yirik vakili va uni davom ettirgan hamda rivojlantirgan olim bo‘lib, naqshbandiya tariqati tarixida katta mavqega ega bo‘lgan. Diniy, tasavvuf, odob-ahloq va fiqhga oid asarlari bilan Islom madaniyati tarixida o‘chmas iz qoldirgan. Uning ijodini har tomonlama o‘rganish esa madaniy va ma’naviy hayotimiz tarixini o‘rganishda katta qimmatga egadir.

Qo‘shimcha malumot

ABUL BARAKOT NASAFIY
Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiy o‘z davrida tafsir, aqida, fiqh va usul fiqh ilmlarining yetuk peshvosi sifatida...
YA’QUB CHARXIY
Ya’qub ibn Usmon ibn Muhammad Charxiy tasavvufning atoqli shayxlaridan, Bahouddin Naqshbandning to‘rtinchi xalifasi, Xoja Ahror Valiyning ustozi bo‘lgan. Milodiy 1363...
ALOUDDIN SAMARQANDIY
Islom dini Movarounnahrga kirib kela boshlagan davrdan boshlab turli diniy ta’limotlar, kalom maktablari o‘lkamizda tarqala boshladi. Ular orasida Abu Hanifa...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry