24.09.2021
435

NAJMIDDIN KUBRO

Qur’on sharhlari orasida so‘fiy olimlarning kitoblarini ham uchratish mumkin. Bu o‘z navbatida mutasavviflarning ham Qur’on sharhlari borasida kuchli bilimga egaa bo‘lganliklarini ko‘rsatadi.

Shunday mufassirlardan biri Xorazmlik so‘fiy, mufassir, faqih alloma Shayx Najmuddin Kubro Abul Jannob Ahmad ibn Umardir (545-618/1150-1221). Najmuddin Kubro o‘z davrining ko‘plab shaharlarida bo‘lib, olimlardan saboq olgan. Jumladan, Misrda Hofiz Salafiy, Tabrizda Muhammad ibn Asad, Isfahonda Ibn Abul Makorim, Hamadonda Hofiz Abul Alo, Nishopurda Abul Maoliy Furoviydan ilm o‘rgangan.

O’z navbatida Xorazmda hadis va boshqa bir qancha ilmlardan dars ham bergan. Undan Abdulaziz ibn Hilola, Nosiruddin Mansur, Shayx Sayfuddin Boxarziy kabi shogirdlar ta’lim olganlar. Olim Ibn Hilola shunday deydi: “Uning ko‘plab ilmiy suhbatlarida bo‘lganman. U o‘n ikki jildli Qur’on tafsiri va tasavvufga oid risolalar yozgan. Fiqh va algebradan ham boxabar bo‘lgan. Tasavvufning yirik shayxlaridan biriga aylangan hamda uning murid va shogirdlari ko‘p bo‘lgan”.

O’z davrida Faxruddin ar-Roziy ham u bilan uchrashib, uning fazl va kamolini e’tirof etgan. Mo‘g‘ullar bosqini paytida o‘z muxlislari bilan shahar himoyasiga chiqqan va natijada qattiq janglardan keyin 1221 yilda shahid bo‘lgan.

Olimning tafsir kitobi

Najmiddin Kubroning «Ta’vilot an-Najmiya fit tafsir ishoriy sufiy» nomli kitobi bugungi kunda arab tilida chop etilgan. Hozirda u tasavvufiy tafsirlar orasida mo‘‘tabarlaridan biri sanaladi. Biroq muallif uni shahid bo‘lganligi sababli oxiriga yetkaza olmay qoladi va Zariyat surasi 19-oyatida to‘xtab qoladi. Najmiddin Kubroning shogirdlaridan sanalgan Alo Samnoniy uni tugatadi va o‘zi sharhlagan qismini «Aynul hayot» deb nomlaydi. Lekin Samnoniy kitobini barakotli bo‘lishi maqsadida Fotiha surasini ham tafsir qiladi. Keyin Tur surasidan davom ettirib, oxirgi suragacha sharhlaydi. 

Baqara surasi 249­-oyati aytiladi: «Qachonki Tolut askarlari bilan (shahardan) chiqqach, aytdi: «Albatta Alloh sizlarni bir daryo bilan imtihon qiladi. Bas, kim undan suv ichsa mening (askarim)dan emas va kim undan ichmasa, u mendandir. Magar kim qo‘li bilan faqat bir hovuch olsa (joizdir)». Bas, u daryodan ozginalaridan boshqa hammalari ichdilar». 

Najmuddin Kubro ushbu oyatning tasavvufiy ma’nosi ham bor bo‘lib, uning mazmuni quyyidagicha deydi: “Albatta Alloh taolo xalqni dunyo daryosi, uning ziynat suvi va unda xalq uchun nimaniki bezagan bo‘lsa o‘sha narsalar bilan imtihon qildi”. 

Bu yerda daryo dunyoga, Tolutning askarlari esa, dunyo aholisiga o‘xshatilmoqda. O’z navbatida odamlarga dunyo daryosiga g‘arq bo‘lmanglar deyilgani bilan insoniyat unutgan holda zeb-ziynatlarni orqasidan ketib qoladi. Chunki Oli Imron surasi 14-oyatida «Insonlar (ko‘zi)ga ayollar va bolalarga (nisbatan bo‘lgan) istak-xohishlarga ko‘ngil qo‘yish chiroyli qilib qo‘yildi» deb aytilgan. 

Ushbu suraning Bani Isroil qavmi haqida bayon qilingan 247-oyatida shunday deyiladi: «Payg‘ambarlari ularga aytdi: «Albatta Alloh sizlarga Tolutni podshoh qilib tayinladi». (Ular) «U qayoqdan bizga podshohlik qilsin, axir biz podshohlikka undan haqliroqmiz-ku, qolaversa, unga keng-katta mol-davlat ato qilinmagan bo‘lsa», deyishdi. Payg‘ambar aytdi: «Albatta Alloh uni sizlarning ustingizga sayladi hamda ilm va jismda quvvatini ziyoda qildi. Alloh mulkini O’zi istagan kishiga beradi». Alloh (fazlu karami) keng, bilguvchidir». 

«Ta’vilot an-Najmiya»da buning tafsiri tasavvufiy mohiyat bilan o‘ziga xos tarzda sharhlanadi. Jumladan, aslida Ilohiy hikmat bajarib bo‘lingani, noqis aqllar esa buni anglamasligi mumkiniligi aytiladi. Shu ma’noda Bani Isroilning insoniy aqllariga ajablanmasa ham bo‘ladi. Chunki farishtalar ham Odam (a.s.)ning yaratilishidagi ilohiy hikmatni anglamay, hayratlanishgan va yer yuzida fasod qiladigan odamni yaratasanmi, deya e’tiroz bildirishgan. Alloh taolo Odamni (a.s.) farishtalardan afzal qilib, xalifalikni unga bergani kabi Tolutni ham Bani Isroil ichida afzal qilib, podsholikni unga bergan. Lekin ushbu qavm o‘zlarini Tolutdan ustun ko‘rganlar. Tolut esa, Allohga tavozelik qilgan hamda o‘z payg‘ambariga itoat etgan. Alloh esa, uning darajasini ko‘tarib, podsholikni ato etadi. 

Najmiddin Kubro kamtarlik borasida gapirganda, Jabroil farishtaning Yerga kelib, undan tuproq olishi va bu tuproqdan odam yaratilishi haqidagi hikoyani keltiradi. Yer shu zahoti kamtarlik qilib, bunga munosib emasligini aytadi. Kamtarlik natijasida esa, insondek buyuk mavjudot yer jinsidan yaratiladi.

Najmiddin Kubro Qur’ondagi taloq borasida kelgan oyatlarni sharhlar ekan, ayrim ayblar sababli suhbatdosh bilan aloqalarni uzish maqsadga muvofiq emasligini aytadi. (Tariqatdagi) Suhbat egalari bir yoki ikkita ayb bilan tark qilinmaydi, balki ayblari ko‘p bo‘lishi kerak”. Ya’ni ularni bitta yoki ikkita ayblari bilan tasavvufiy suhbatlardan chiqarilib yuborilmaydi, balki bunday ayblar ketma-ket sodir bo‘lgandagina shunday choralar ko‘riladi. “Chunki Hizr ham Muso (a.s.)dan ikki va uchta sodir bo‘lgan kamchiliklardan keyin tark etgan” . Kahf surasida Muso bilan solih banda – Hizr uchrashuvi, ularning yurt kezib, Hizr tomonidan qilingan ishlarga Muso (a.s.)ning aqli yetmagani va natijada unga tanbeh berganligi zikr qilinadi. Bunday holat uch bora takrorlanadi va shundan keyingina Hizr Muso (a.s.)ni tark qiladi.

Baqara surasi 144-oyatida: «Yuzingizni Masjid harom tomonga buring. Sizlar (ham) qaysi yerda bo‘lsangiz yuzlaringizni u tomonga buringlar», – deyiladi. Najmiddin Kubro “Yuzingizni Masjid harom tomonga buring”ni “Yuzingni Masjidi haromga burib, qalbingi Masjidi harom Robbisi tomonga bur” deb sharhlaydi. 

Ushbu tafsirdan mashhur mutasavvif va mufassir olimlardan Ismoil Haqqiy «Ruhul bayon», Muhammad Olusiy «Ruhul maoniy», Shayx an-Naysoburiy «G’aroibul Qur’on»da va boshqalar foydalanganlar. 

Qo‘shimcha malumot

ABUL BARAKOT NASAFIY
Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiy o‘z davrida tafsir, aqida, fiqh va usul fiqh ilmlarining yetuk peshvosi sifatida...
YA’QUB CHARXIY
Ya’qub ibn Usmon ibn Muhammad Charxiy tasavvufning atoqli shayxlaridan, Bahouddin Naqshbandning to‘rtinchi xalifasi, Xoja Ahror Valiyning ustozi bo‘lgan. Milodiy 1363...
ALOUDDIN SAMARQANDIY
Islom dini Movarounnahrga kirib kela boshlagan davrdan boshlab turli diniy ta’limotlar, kalom maktablari o‘lkamizda tarqala boshladi. Ular orasida Abu Hanifa...

Izoh qoldirish

Izohlar

06.10.2022 07:55
Zo'r
Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry