24.09.2021
476

QAFFOL SHOSHIY

Movarounnahrlik yetuk faqih, muhaddis, mufassir, tilshunos olim Imom Abu Bakr Qaffol Muhammad ibn Ali ibn Ismoil Shoshiy 904 yilda tug‘ilgan bo‘lib, 976 yilda vafot etgan. Shofiiy mazhabida bo‘lgan movarounnahrlik ushbu mufassir ilm va fazldagi yuksak martabsi sababli «Hazrati Imom» nomi bilan ulug‘langan.

Olimlar uni hadis talabida ko‘p yurtlarni kezgan muhaddis, o‘z davrining usul ilmi bilimdoni, deya ta’riflashgan. Shoshiy amaliyotda shofiiylik mazhabida, aqidada ash’ariylikda bo‘lgan. Hatto uning Abul Hasan Ash’ariydan aqida ilmini o‘rgangani rivoyat qilinadi. Ushbu fikrlardan kelib chiqib, Movarounnahrda shofiiy mazhabi vakillari ham faoliyat olib borgan, deyish mumkin. Chunki shunday olimning an’anaviy hanafiylar yurtidan yetishib chiqishi va faoliyat yuritishi mazkur mazhabning ma’lum ma’noda o‘z ildiziga ega bo‘lganini ko‘rsatadi. Manbalarda ham Qaffol Shoshiyning Movarounnahrda shofiiylik mazhabini tarqatgan olimlardan deb zikr qilib o‘tiladi.

Qaffol Shoshiyi ilk saboqni Abul haysam Saiddan olgan. «Vafoyot a’yon» kitobi muallifi Ibn Xalikon Qaffol Shoshiy haqida: «Bu zot o‘z davrining buyuk allomasi, fiqhshunos, muhaddis, tilshunos, mufassir va shoiri bo‘lib, ilm bobida yuqori pog‘onada turar, Movarounnahrda shofiiy mazhabini u kabi puxta biladigan kishi yo‘q edi», – deb yozadi.

Qaffol Shoshiyning «Tafsir kabir» («Katta tafsir»), «Daloilun nubuvva» («Payg‘ambarlik dalillari»), «Adab qozi» («Qozi odobi»), «Jadal hasan    », «Javomi’ kalim», «Mahosin shari’a» kabi asarlar yozgan. Shoshiyni ko‘pchilik fiqh, usulul fiqh kabi ilmlardagi asarlarini yaxshi biladi. Biroq uning tafsir asari ham bo‘lganligi bir nechta manbalarda ta’kidlanadi.

Ziyovuddin ibn Eshon Boboxon hazratlari Damashqdagi «az-Zahira» kutubxonasidan Qaffol Shoshiyning «Javomi’ kalim», «Adab qozi», «Ilm jadal» kitoblarining qo‘lyozma nusxalari mikrofilmini keltirgan edi. Hozirda bu mikrofilm O’zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanmoqda.

«Hazrati Imom» yoki xalq tilida «Hastimom» Toshkentning eng qadimiy mahallalaridan biri bo‘lib, u biz so‘z yuritayotgan mashhur alloma nomi bilan ataladi. U zot shu yerning o‘zida yashab, shu yerning o‘zida vafot topgan va shu yerda dafn etilgan.

 

 “Tafsir kabir” asari

Aslida ushbu tafsir bizgacha yetib kelmagan bo‘lsa-da, lekin bir nechta olimlar undan istifoda etganlar. Jumladan, mazkur tafsirdan Imom Sam’oniy, Faxruddin Roziy, Imom Qurtubiy, Abu Hayyon Tavhidiy, Suyutiy o‘zining “Asror Tanzil” kitobida foydalangan. 

Masalan, Sam’oniy (vaf. 489/1096) tafsirida shunday deydi: “Albatta u agar bilsalaringiz ulug‘ qasamdir (Voqea surasi, 76‑oyat)” Allohning qasami buyukdir va har bir qasam ichgan narsasi ham shunday. Aytiladiki, ushbu qasamning buyuk deb xoslanishiga sabab Qur’on bilan Qur’on ustiga qasam ichilayotganidadir. Ushbu fikrni Qaffol Shoshiy aytadi». 

Ibn Arabiy o‘zining «Ahkom Qur’on» kitobida Baqara surasi 222-oyati, ya’ni «Siz ularga (ayollarga) poklanmagunlarigacha yaqinlashmang» sharhida aytadi: «Men Abu Bakr Shoshiyning shunday deganini eshitganman: «Agar la taqrab (yaqinlashmang) fe’lini ro harfini fatha bilan o‘qisangiz, ma’nosi: ishga aralashtirmang, kirishib ketmang, agar roni zamma bilan o‘qisangiz, ma’nosi: unga yaqin bormang bo‘ladi». 

Tabog‘un surasi 16-oyatida: «Allohga imkoniyat qilganingizcha taqvo qiling, quloq tuting va itoat eting» deyiladi. Muammar Qatodadan rivoyat qilib, ushbu oyat Oli Imron surasi 102-oyati – «Allohga taqvo darajasicha taqvo qiling» bilan nasx qilingan deydi. Bu kabi rivoyatlar tobiinlarning bir qismidan ham naql qilingan. Olimlarning yana bir jamoasi esa, ushbu oyat nasx qilingan emas, balki ruxsat bergan deyish avloroqdir, deydi. Qaffol yuqoridagi oyat «Allohga taqvo darajasicha taqvo qiling» oyatini izohlamoqda, chunki Alloh taolo hech bir kishiga o‘z toqatidan ortiqcha narsani yuklamaydi, deb aytadi. 

Qaffol Shoshiy bugungi kunda Hastimomda dafn etilgan. Mana bir necha asrdirkim, Qaffol Shoshiy hazratlarining maqbarasi musulmonlarning mo‘‘tabar ziyoratgohidir. Alloma qabriga ilk bora dahma Amir Temur davrida qurilgan. Toshkent shahridagi hozirgi me’moriy  obida 1542 yilda Amir Baroqxon tomonidan barpo etilgan.

Maqbara oldi tomonining devoriga naqshinkor qilib Qur’on oyatlari yozilgan. Ular orasida jumladan "Va ayt, ey Rabbim! Meni bir muborak manzilga tushurgin! Sen (manzilga) tushiruvchilarning eng yaxshisidursan" (Mo‘minun surasi, 29-oyat) hamda "Albatta, odamlarga muborak va olamga hidoyat bo‘lishi uchun qurilgan birinchi ibodatxona Makkadadir" (Oli Imron surasi, 96-oyat), degan oyati karimalar mavjud.

Qo‘shimcha malumot

ABUL BARAKOT NASAFIY
Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiy o‘z davrida tafsir, aqida, fiqh va usul fiqh ilmlarining yetuk peshvosi sifatida...
YA’QUB CHARXIY
Ya’qub ibn Usmon ibn Muhammad Charxiy tasavvufning atoqli shayxlaridan, Bahouddin Naqshbandning to‘rtinchi xalifasi, Xoja Ahror Valiyning ustozi bo‘lgan. Milodiy 1363...
ALOUDDIN SAMARQANDIY
Islom dini Movarounnahrga kirib kela boshlagan davrdan boshlab turli diniy ta’limotlar, kalom maktablari o‘lkamizda tarqala boshladi. Ular orasida Abu Hanifa...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry