06.02.2023
540

ADIB AHMAD YUGNAKIYNING “HIBATU-L-HAQOYIQ” ASARIDA MA’RIFIY QARASHLAR

Jamiyat a’zolarining maqsadlarini ularning intilishlari, ehtiyojlari, bajarayotgan vazifalari va ijti­moiy qadriyatlar belgilab beradi. Bu qadriyatlarning shakllanishi oiladan boshlab, ta’lim va inson faoliyat yuritadigan jamoada davom etadi. Inson hayotiga mazmun bergan, uning yashashi va prinsiplarini belgi­lab bergan eng muhim unsur insoniy qadriyatlardir. Jamiyat a’zolarining hayotida muhim o‘rin egalla­gan qadriyatlar, ta’lim-tarbiya jarayonida ham muhim kategoriya holiga kelgan. Bugungi kunda dunyo ta’lim tizimida har bir jamiyatni bir orada tutgan va tarixan shakllangan qadriyatlarini yosh avlodga yetkazish ustuvor vazifalardan biriga aylanganini ko‘rishimiz mumkin.

O‘zbek jamiyatida oiladan boshlangan qadriyatlar tarbiyasini, tizimli ravishda o‘rta va oliy ta’lim tizimida davom ettirilishi sog’lom va ma’nan yuksak naslning shakllanishi uchun zarur bo‘lib bormoqda. Ta’limda yoshlarning faqatgina bilim olish va ko‘nikmalarni shakllantirishga e’tibor qaratilishi jamiyat ma’naviy-ijtimoiy qadriyatlarini saqlanib qolishiga, milliy o‘zlikka xavf tug’diradi. Natijada jamiyat xudbin, axloqsiz, ma’nan qashshoq a’zolar sonining ortishi bilan tanazzulga yuz tutib boradi. Shu jihatdan olib qaraganda ta’limda bilim va ko‘nikma naqadar zarur bo‘lsa, milliy-ma’naviy, diniy, axloqiy, insoniy va ijtimoiy qadriyatlar tarbiyasi ham shu qadar zarurdir.

O‘zbekiton ta’lim-tarbiya tizimining eng muhim vazifalaridan biri ham milliy, ma’naviy, mada­niy, insoniy va axloqiy qadriyatlarni yosh avlodga yetkazish va ularda bu qadriyatlarni shakllantirishdir. Shu nuqtai nazardan qaraganda, axborot almashunuvi jadal kechayotgan, kundan kunga yoshlar ongi uchun kurash avj olayotgan davrda bu qadriyatlarni yoshlarga yetkazish va ularda milliy-ijtimoiy qadriyatlarni shakllantirishning ahamiyati yanada ortmoqda. Jamiyatning mavjudligi ana shu qadriyatlarning barqaror va bardavomligiga bog’liqligi shubhasizdir.  Prezidentimiz tomonidan maʼrifatparvar olim Mahmudxoʼja Behbudiyning “Dunyo imoratlari ichida eng ulugʼi maktabdir” degan fikriga alohida urgʼu berganligi va umumiy oʼrta taʼlim tizimida “Tarbiya” fanini joriy qilish zarurligini taʼkidlagani bejiz emas[1].

O‘zbekona tafakkur va qadriyatlarning shakllanishida va davomiyligida milliy va ma’naviy qadriyatlarning yaxlit ko‘rinish olishida mutafakkirlar qarashlari va ular tomonidan yozilgan asarlar muhim ahamiyat kasb etadi. Turkiy adabiyot tarixida yaratilgan bu asarlar nafaqat o‘zbek, balki boshqa xalqlar adabiyoti va dunyoqarashiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmagan.

Tezisning asosiy mavzusi ham ana shunday asarlardan biri bo‘lgan “adiblar adibi, fozillar boshi” deya ulug’langan adib Ahmad Yugnakiy tomonidan uzoq yillik ta’lim-tarbiya natijasida qalamga olingan va pandnoma ruhidagi “Hibatu-l-haqoyiq” asarida aks etgan qadriyatlardan ayrimlarini tahlil etish va ta’lim-tarbiya jarayonida qo‘llanilishini baholashdan iboratdir. Bunda biz asosiy e’tiborimizni har qanday qadriyatning o‘zagi bo‘lgan bilim va uning qiymatini, bilimlilik targ’ibi va foydalarini o‘zida ifodalagan to‘rtliklarga qaratamiz. Zero, axloq va odob, ijtimoiy qadriyatlarning avloddan avlodga ko‘chishi bilimga e’tibor berilgan jamiyatdagina bardavom bo‘ladi.

O‘zida xalqimizning uzoq yillik ma’naviy-ijtimoiy qadriyatlarini, inson kamoloti borasidagi qarashlarini ifodalagan to‘rtliklarning bugungi kun ta’lim-tarbiya jarayonida qo‘llanilishi va kelajak nasllarning ham ulardan foydlanishi jamiyatimiz taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi.

Bunday asarlardan biri XII asrda Adib Ahmad Yugnakiy pandnoma uslibida yozgan “Hibatu-l-haqoyiq” asaridir. Ushbu asar o‘zida turkiy badiiy tafakkur va ma’naviy yetuk dunyoqarashning jamlaganligi va ma’naviyatimiz rivojida muhim o‘rin tutishi bilan ma’naviy-ijtimoiy qadriyatlar boy aks etgan asar hisoblanadi.

Ushbu tadqiqotning obyekti sifatida Adib Ahmad Yugnakiyning “Hibatu-l-haqoyiq” asari bo‘lib, asarda o‘rin olgan bilim, bilimlilik va ma’rifatga chorlovchi to‘rtliklar va ularning ijtimoiy qadriyatlar shakllanishidagi o‘rni tahlilga tortiladi.

Asar muallifi haqida bizga yetarli ma’lumotlar yetib kelmagan bo‘lsa-da, asarning oxirgi bobida o‘zini Adib Ahmad deya zikr etadi. “Hibatu-l-haqoyiq”ga keyinchalik qo‘shilgan deya tahmin etiladigan so‘nggi uch bobda esa shoir ismi zikr etilmay, balki zarur o‘rinlarda Adib deya keltiriladi. Uning shaxsiyati haqida asarga keyinchalik qo‘shilgan ushbu bo‘limlardan tasavvur hosil qilish mumkin, ammo hali javobi topilmagan savolar ham yo‘q emas. Muallifi noma’lum bir to‘rtlikda uning ko‘zi ojiz bo‘lganligi haqida ma’lumot berilsa, Amir Sayfiddinga oid bo‘lgan bir to‘rtlikda uni Adiblar adibi, fozillar boshi deya ulug’langan. Arslon Hoja Tarxonga oid bo‘lgan 10 baytlik ilovada esa uning yurti go‘zal Yugnak ekanligi, otasi esa Mahmud Yugnakiy ekanligi qayd etiladi. Shuningdek, asar qoshg’archa tilda, ya’ni qoraxoniylar davri adabiy tilida yozilgani ma’lum. 

Adib Ahmad Yugnakiy haqida bugungi kunga qadar bir qancha manqaba yetib kelgan. Ulardan biriga ko‘ra Ahmad Yugnakiy arab va fors tillarini mukammal bilgan, tafsir, kalom, hadis ilmlaridan chuqur boxabar, taqvodor olim bo‘lgan. Navoiy o‘zining “Nasoyimu-l-muhabbat” asarida Yugnakiyning asli turkiy qavmlardan ekanligi va ko‘zi tug’ma ojizligi, taqvodor va zehnli inson ekanligini, Adibning Bag’dod tashqarisidagi bir manzilda yashaganligi va Imomi A’zam darslarida ishtirok etish uchun Bag’dodga qadar piyoda yo‘l bosgani, ustozining tahsiniga sazovor bo‘lganini qayd etadi. 

“Hibatu-l-haqoyiq” XII asrda doston shaklida yozilgan bir axloq va odob kitobidir. Asar Muhammad Dod Sipohsolarbekka taqdim etilgan bo‘lib, ushbu shaxs qachon va qayerda yashaganligi, uning faoliyati va hukmronligi haqida aniq bir ma’lumot yetib kelmagan.

“Hibatu-l-haqoyiq” asari diniy va axloqiy tamoyillarning turkiy milliy qadriyatlar bilan uyg’un holda ifodalangani bilan diqqatga sazovordir. Bir tarafda turkiy xalqlarning falsafiy qarashlarni o‘zida jamlangan hikmatli so‘zlar, boshqa tarafda esa islom ma’rifatni ifodalagan oyat va hadislar uyg’un holda keltiriladi. Natijada, asar mazmuniga ko‘ra ham hikmatli so‘zlar yig’indisi, pandnoma asar, ham diniy-ma’rifiy, axloqiy-didaktik qarashlar ifodalangan asar bo‘ladi. 

Olim “Bilimning foydasi va johillikning zararlari haqida” deb nomlangan bobda bilim, bilimlilik, bilimlilikning qiymati, ilmiy fikrlash, ilmning qadri va donolik, bilimsizlikning zararlari haqida o‘z fikrlarini bayon etadi. Va zarur o‘rinlarda fikrlarini Qur’on oyatlari va hadislar bilan dalillab, insonlarni bilim olishga tashviq etadi. 

Yugnakiy asarini shakllantirish jarayonida o‘zi yashagan jamiyatning an’ana va dunyoqarashi bilan bir qatorda e’tiqodidan ham ta’sirlangan holda dinda ham bilimga intilishning inson uchun muhim vazifa ekanligini bir hadisga asoslanib quyidagicha ifodalaydi:

Bilig birlä ’ālim yuqar yuqladï,

Biligsizlik erni čökärdi quδï.

Bilig bil usanma, bil o‘l haq rasūl,

Bilig Čindä ersä, siz arqaŋ”, tedi

Ma’nosi: Bilim bilan olim yuqoriga ko‘tarildi,

Bilimsizlik kishini quyi cho‘ktirdi. 

Bilim bil, erinma, bilki, ul haq rasul

“Bilim Chinda bo‘lsa ham, siz axtaring” dedi. 

Muallif bu yerda jaholatning insonni tubanlashtirishini va ilm esa, uni yuksaklarga ko‘tarishini anglatar ekan, bilimning inson hayotidagi ahamiyatini ochiqlaydi.  Demakki, inson yuksalishni istasa, bilim olishi lozimligini uqtiradi. Shuningdek, to‘rtlikning davomida inson o‘zini yuksaklarga olib chiqqan bilimni egallashga harakat qilishi lozimligini va buning dinda ham muhim vazifalardan biri ekanligini alohida qayd etadi. Adib Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning “Ilm Chinda (Xitoyda) bo‘lsa ham, uni izlang!” degan hadislarini keltirish bilan inson hayotida nafaqat diniy bilimlar, balki dunyoviy ilmlar ham alohida o‘rin egallashini, kishi hayotida zarur bo‘lgan boshqa ilmlarni Chinda bo‘lsa ham ,axtarib o‘rganishi lozim ekanligini alohida qayd etib o‘tadi. 

Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki, Ahmad Yugnakiy o‘z davri muhitini, dunyoqarashini va e’tiqodining hayot va milliy an’analarga uyg’un ekanligini, inson hayotida mo‘tadillik sari intilishi zarur ekanligini va kishining yuksalishi, sevilishi, hurmati bilimga bog’liq ekanligini, bilimsizlik natijasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan zararli odatlarni alohida ta’kidlab o‘tadi. Bundan bugungi kun insonlari, ayniqsa, yoshlarimiz tegishli xulosalar chiqargan holda, dunyoviy va diniy bilimlarni, milliy qadriyatlarimizni egallashga, jamiyatga, xalqiga, vataniga manfaat keltirishga intilishlari zarurligi anglashiladi. Ahmad Yugnakiyning boshqa ma’naviy-ma’rifiy qarashlarini yoritish keyingi tadqiqot ishlarimizda ham davom etadi va bu ish yoshlarimiz, xalqimiz dunyoqarashini yuksaltirishga xizmat qiladi degan umiddamiz. 

Foydalanilgan adabiyotlar

A.Ertürk, Edib Ahmet B. Mahmud Yükneki’nin Atabetü’l Hakayık adlı eserinin sosyal bilgiler öğretim programında yer alan değerler açısından incelenmesi (Master’s thesis, Adnan Menderes Üniversitesi Sosyal Bilimler Enstitüsü), 2017.

R.R.Arat. Atabetü-l Hakayık (Edib Ahmed b. Mahmud Yükneki),  Baskı, –Ankara: Türk Tarih Kurumu Basımevi, 1992.

Шавкат Миромонович Мирзиёев. Ўзбекистон Республикаси Президенти Шавкат Мирзиёев раислигида 2019 йил 23 август куни халқ таълими тизимини ривожлантириш, педагогларнинг малакаси ва жамиятдаги нуфузини ошириш, ёш авлод маънавиятини юксалтириш масалаларига бағишланган видеоселектор йиғилиши.

 

Аbdulazizxon Nig‘monov,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

o‘qituvchisi 

 


 

[1] Шавкат Миромонович Мирзиёев. Ўзбекистон Республикаси Президенти Шавкат Мирзиёев раислигида 2019 йил 23 август куни халқ таълими тизимини ривожлантириш, педагогларнинг малакаси ва жамиятдаги нуфузини ошириш, ёш авлод маънавиятини юксалтириш масалаларига бағишланган видеоселектор йиғилиши. 2010.

 

Qo‘shimcha malumot

BUYUK HIDOYAT IMOMI ABU MANSUR MOTURUDIY
Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy sohada ham katta oʻzgarishlar va islohotlar boʻlyapti. Buni biz soʻnggi besh yil ichida...
IQLISHIYNING “AN-NAJM MIN KALAM SAYYIDI-L-ARAB VA-L-AJAM” ASARI TASNIFI
“Iqlishiy” nisbasi bilan mashhur bo‘lgan Abu Abbos Ahmad ibn Ma’d ibn Iso ibn Vakilning “an-Najm min kalam sayyidi-l-arab va-l-ajam”nomli asari...
VIII/XIV–XII/XVIII ASRLARDA “AL-KUTUB AS-SITTA” TO‘PLAMINING JAMLANISHI
Islom dinida Qur’oni karimdan keyin turuvchi ikkinchi ishonchli manba hadisi shariflar hisoblanadi. Hijriy uchinchi asrda hadis sohasiga oid ishonchli kitoblar...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry