06.02.2023
257

VIII/XIV–XII/XVIII ASRLARDA “AL-KUTUB AS-SITTA” TO‘PLAMINING JAMLANISHI

Islom dinida Qur’oni karimdan keyin turuvchi ikkinchi ishonchli manba hadisi shariflar hisoblanadi. Hijriy uchinchi asrda hadis sohasiga oid ishonchli kitoblar yozildi. Mana shunday ishonchli kitoblarni jamlagan to‘plamlardan biri “al-Kutub as-sitta” edi. 

VIII/XIV asr boshlarida, “Sunani Ibn Moja”ni o‘z ichiga olgan “al-Kutub as-sitta” tushunchasi va uning tarkibidagi boshqa hadis manbalarining nufuzi ortib, keng tarqaldi. Al-Mizziy (741/1341) “al-Kutub as-sitta”ning xususiyatlarini sanab o‘tar ekan, shunday deydi: “Alloh taolo hadis hofizlari, muhaddislar va munaqqid olimlarni sunnatda muvaffaqiyatga erishtirdi. Hadis olimlari sunnatni zolimlar fasodidan, botil bilan shug‘ullanuvchilarning ko‘chirmasidan, johillarning talqinidan saqladilar. Ular hadislarning saqlanishini orzu qilib, yo‘qolishidan qo‘rqib, hadis tasnifini xilma-xil qilib, ko‘p tarmoqlarga ajratdilar. Ular eng chiroyli tasnif, eng yaxshi ta’lif, hatosi kam, foydali va ko‘p ishlatish uchun eng oson, muxoliflar va tarafdorlar nazarida eng maqbul, oddiy va ziyoli qatlam orasida eng yuqori o‘rinni egallagan holda quyidagi asarlarni yozdilar: “Sahihul Buhoriy”, “Sahihul Muslim”, Abu Dovud, Termiziy, Nasoiyning kitobi. Ibn Mojaning “Sunan”i garchi ularning darajasiga yetmagan bo‘lsa ham. “Kutubi sitta” mualliflarining har biri o‘z qavmi uchun ma’lum bir ustunlikka egadir. Bu kitoblar xalq orasida mash­hur bo‘lib, islom yurtlarida tarqaldi”[1]. “Al-Mizziy” “al-Kutubi as-sitta” to‘plamiga Ibn Mojaning “Sunan” asarini “Sahihayn” va “Sunanlar” darajasiga yetmaslik sharti bilan kiritadi, ya’ni uning kamchiliklarini aytib o‘tadi. 

VIII–XIV asr olimlaridan yana biri Ibn Kasir[2] (774/1372) “al-Kutub as-sitta”ning oltinchi kitobi Ibn Mojaning “Sunan”i ekanligini, u Ibn Salohning fikrlariga qo‘shilmaganligini, uning asarini umumlash­tirib o‘rganganligini aniq qilib ta’kidlaydi. Bunga asos qilib Ibn Asokir (vaf. 571/1176)ning ikki sahih (Buxoriy va Muslim/Alijonova G.) va to‘rtta sunan (Termiziy, Ebu Dovud, Nasoiy, Ibn Moja/Alijonova G.) va Hofiz al-Mizziyning muhit va rijol haqidagi asarlarini o‘z ichiga olgan “Atraf” kitobini havola qiladi. Shuningdek, u Ibn Moja kitobini fiqh jihatidan ustun deb biladi[3].

IX–XV asr boshiga kelib Ibn Mojaning “Sunan”ini oltinchi kitob sifatida qabul qilmagan olimlar juda kam uchraydi. Bu olimlar “al-Kutub as-sitta”ning oltinchi kitobi Dorimiyning “Sunan” asari bo‘lishi kerakligini ta’kidlaganlar. Chunki, Dorimiyning “Sunan”ida mursal[4] va mavquf[5] hadislar mavjud bo‘lsa-da, zaif, munkar[6] va shoz[7] hadislar esa kamdan-kam uchraydi[8]. Masalan, Ibn Hajar[9]
(vaf. 852/1449) oltinchi kitob sifatida Ibn Mojaning “Sunan”ini emas, Dorimiyning “Sunan” asarini afzal ko‘rgan. Ibn Hajar bu boradagi fikrini quyidagicha bayon qiladi: “Dorimiyning kitobi sunan darajasida bo‘lib, sunanlardan past emas. Aksincha, bu asar Ibn Moja “Sunan” asarining o‘rniga, “al-Kutub as-sitta” tarkibiga kiritilishi kerak. Chunki u ko‘p jihatdan Ibn Moja asaridan ustundir”[10]. Biroq Ibn Hajarning bu qarashi o‘zidan keyingi olimlarga ta’sir ko‘rsatmagan. Xususan, uning zamondoshi va shogirdi bo‘lgan Sahaviy ham uning fikriga qo‘shilmagan.

X–XVI asrda ham “al-Kutubi as-sitta” haqida bahslar davom etgan. Bu davr hadis olimlaridan Ibn Hajarning shogirdi Sahaviy (vaf.902/1496) yuqorida ismi zikr qilingan Ibn Salohning “Muqad­dima”sini “Alfiya” (ming bayt) shaklida ta’lif etgan va bu baytlarda “al-Kutub al-xamsa” sifatida Buxoriy, Muslim, Termiziy, Abu Dovud va Nasoiylarni keltirgan. Sahaviy Ibn Salohning ilmiy mulohazalariga sodiq qolgan holda oltinchi imom o‘laroq hech kimni keltirmaydi. Biroq, “Alfiya” asari baytlarining sharhida esa, Sahaviy Ibn Kasirning so‘zlaridan iqtibos keltirib, oltinchi kitob deya Ibn Mojaning “Sunan”ini e’tirof etadi. As-Sahaviy Ibn Kasirning so‘zlariga dalil sifatida Ibn Asokir va al-Mizziyning kitoblarini ko‘rsatadi. U Ibn Kasirning: “Ibn Mojaning bob sarlavhalari fiqh nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga egadir” – degan fikridan keyin Salohning: “Koshki Dorimiy Ibn Moja o‘rniga “Musnad” bo‘lsa”[11] – deganlarini keltirgan. Bunga qarshi Sahaviy Dorimiyning “Sunan”ida mursal va maqtu hadislar ko‘pligini ham ta’kidlab o‘tadi. Yuqoridagi fikr-mulohazalardan xulosa qilgan Sahaviy Ibn Mojaning “Sunan”ini Dorimiyga nisbatan ustunroq ko‘rilganini qayd etadi.

Ushbu asrda (X–XVI) yashab o‘tgan allomalardan yana biri Suyutiy[12] (vaf. 911/1505) bo‘lib, ishonchli kitoblar ichida Ibn Mojaning “Sunan”ini afzal ko‘rganlardandir. U Navaviyning “Taqrib” nomli asariga yozgan sharhida ibn Mojaning “Sunan”ini oltinchi kitob deb aytib, Ibn-Salohni Ibn Mojjani vafoti tog‘risida ma’lumot bermaganligi va uni “al-Kutub al-xamsa”ga kiritmaganligini tanqid qiladi. Lekin aslida Navaviy Ibn Moja to‘g‘risida  “Taqrib” kitobida yozmagan bo‘lsada, lekin  uning ismi va asari haqidagi mulohazalarini “Tafsir” kitobiga kiritib, Ibn Mojaning “Sunan”ini “al-Kutib-as-sitta” to‘plamidagi oltinchi kitobligini aytib o‘tgan. Bundan shuni tushunish darkorki, as-Suyutiy ham Ibn Mojani oltinchi kitobning imomi sifatida tan olgan. Shunday qilib, X–XVI asrda ham “al-Kutub 
as-sitta”ning oltinchi manbasi deya Ibn Mojaning “Sunan”i e’tirof etilgan.

XI–XVII asrda yashagan allolamalardan biri Ali Qoriy[13] (vaf. 1014/1605) Abu Solih Tabriziy[14] (502/1109)ning “Masahibus sunniya” asarining sharhi bo‘lmish “Mirqatul Mafatih” nomli kitobida 
“al-Kutub as-sitta” to‘plamidan hadislarni rivoyat qilganimda huddi Payg‘ambar alayhissalomdan rivo­yat qilgandek bo‘laman” – deb kullliyotdagi hadislarning sahihligini, hadisga oid yozilgan kitoblar ichi­da “al-Kutub as-sitta”dan hadis keltirish joiz ekanligini ta’kidlagan. Demak, Ali Qoriy yuqoridagi fikri orqali XI/XVII asrda Buxoriy va Muslimning “Sahih”lari hamda Abu Dovud, Termiziy, Nasoiy va ibn Moja­ning “Sunan”larini nazarda tutib, ularni olti ishonchli kitob sifatida e’tirof  etgan. 

XII–XVIII asrning o‘rtalarida “Sitta” tushunchasi nafaqat muhaddislar, balki ko‘plab mualliflar tomonidan ham keng qo‘llanilganligini ko‘rish mumkin. Jumladan: Ajluniy[15] (1162/1749) “Sitta” atamasini o‘zining “Kashful havo” nomli kitobining bosh qismida shunday izohlaydi: “Ikki shayxdan rivoyat qilingan sahih hadislar deyishimdan maqsad Imom Buxoriy va Imom Muslimdir. Ulardan keltiril­gan hadislarga “sahihayn” deb ataladi. To‘rt kishidan rivoyat qilingan hadislar deyishimdan murod Abu Dovud, Nasoiy, Termiziy va ibn Mojaning “Sunan”laridir. “Sitta” rivoyat qildi deyishimdan maqsad esa yuqorida imomlardan to‘rttasi va “sitta”dagi sahihayndir. Bularning har birini bir-biridan ayirmoqchi bo‘lsamda, ularni “Sunani sitta”dagi kitoblardan ekanligini anglab, bunga jazm etmayman”[16]. Ajluniyni “Sunani sitta” tushunchasini nimaga ishlatganligi haqida biror bir izoh qoldirmagan. Ammo ishonch bilan aytish mumkinki, Ajluniy o‘zining ushbu so‘zlari bilan “al-Kutub as-sitta”ga ishora qilgan. 

Shoh Valiyulloh Dehlaviy[17] (vaf. 1176/1762.) o‘zining “Hujjatullahil-balig‘a” asarining “Hadis kitoblari va darajalari” deb nomlangan to‘rtinchi bobida “Bugungi kunda hadis ilmida tadvin kitoblarini o‘qishdan boshqa yo‘limiz yo‘q. Chunki bugun tadvin qilinmagan, islom ulamolari ishonch hosil qil­magan bir rivoyatni uchratish mumkin emas. Hadis kitoblarining turli tabaqalari mavjud bo‘lib, ular­ning farqli jihatlari ham bordir. Bunday holatda bu tabaqalarni aslini bilishlik shart”[18] – deb o‘z qarashlarini bildirgan. Dehlaviy fikrlarini davom ettirib “Sahih”lik darajasiga ko‘ra hadis kitoblarini besh tabaqaga bo‘lib, dastlabki ikki tabaqada “al-Kutub as-sitta”ni zikr etgan:

“Muvatto”, “Sahihul Buxoriy” va “Sahihul Muslim”.

Abu Dovudning “Sunan”, Termiziyning “Jome”, Nasoiyning “Mujtaba”, Ibn Mojaning “Sunan” asarlari.

Buxoriy va Muslimdan keyin yozilgan “Jome” va “Musnad” kitoblari.

Ushbu tabaqaga bir necha asrlardan keyin yozilgan asarlar o‘rin olgan.

Fuqaholar, so‘fiylar, tarixchilar orasidan mashhur bo‘lgan, to‘rtinchi tabaqaga kiritilmagan asarlar, jumladan: as-Suyutiy va Ibn Hajarning hadis kitoblari kiritilgan.

Dehlaviyning Imom Molik “Al-Muvatto” asariga bo‘lgan munosabatini, olim tomonidan fors tilida yozilgan “Mufassa sharhi Muvatto” va arab tilida ta’lif qilingan Al-Musavva sharhi al-Muvatta nomli kitoblarda keltirilgan fiklardan anglash mumkin. Dehlaviy “Hujjatullahil-balig‘a” kitobida hadis kitoblari mualliflaridan bahs etarkan, eng foydalisi va eng mashhur bo‘lganlari deb Buhoriy, Muslim, Abu Dovud va Termiziy­larning to‘rt asarining nomini keltirgan. Bular ichida ustulik sifatida Buhoriyning “Sahihi”ni alohida aytib, hech bir asar bu kabi shuhrat qozonmaganini ta’kidlagan[19].

XII–XVIII asrda “Olti ishonchli” to‘plam to‘g‘risidagi qarashlarda, “al-Kutub as-sitta” tushunchasi ulamolar tomonida yakdil qabul qilinganligi ko‘zga tashlanadi. Shuningdek, “al-Kutub as-sitta”ga nis­ba­tan Ajluniy tomonidan yangi “Sunani sitta” atamasining qo‘llanilishi ushbu kulliyotga bo‘lgan e’tiborning ortganini anglatadi. Ammo, Dehlaviy “Kutubi sitta”ning tartibiga hilof ravishda hadislarni tabaqalarga ajratish holati orqali Imom Molikning “Muvatto”sini boshqa sahih va sunan kitoblaridan oldinroq zikr etadi. Bu mulohazadan shuni tushunish mumkinki, Dehlaviy, Imom Molikni Imom Buhoriy va Imom Mus­lim­ga nisbatan tarixiylik va ustoz-shogirdlik nuqtai nazaridan oldinroq keltirgan. Dehlaviyning qarash­lari keyingi davr olimlariga ham ta’sir etgan bo‘lib, ulardan biri Rizouddin ibn Faxriddin ham “Kutubi sitta va muallliflar” asarida huddi mana shu tartibni qo‘llagan. 

Xulosa qilib aytganda, VIII/XIV–XII/XVIII asrlarni “al-Kutub as-sitta” to‘plamining turli xil qarash va nazariyalar orqali ishonchli bilim hosil qilish davri deyilsa mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki, bu yuz yilliklar davomida “al-Kutub as-sitta” tushunchasi goh “al-Kutub al-xamsa” sifatida ayrim ulamolar qarashlarida aks etdi. Shuningdek, “al-Kutub as-sitta”ning oltinchi kitobi sifatida Dorimiyning “Musnadi”ni ozchilik bo‘lsa-da islom ulamolari tan oldilar. Ammo ushbu davrni tarixiylik nuqtai nazaridan tahlil qilinganda 
“al-Kutub as-sitta”ning oltinchi kitobi sifatida “Sunani Ibn Moja” mustahkam o‘rin olgani yaqqol namoyon bo‘ladi.

Gulnoza Alijonova,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, 

Islom tarixi va manbashunosligi 

IRCICA kafedrasi tayanch doktoranti

 

 


 

[1] Al-Mizziy. Tahzibul kamol. –Bayrut.: Muassasatur risola. 2010. –B. 147.

 

[2] Abul Fida Imomiddin Ismoil ibn Shahobiddin Umar ibn Kasir ad-Damashqiy. Mufassir, muhaddis, tarixchi va faqih olim.

 

[3] Al-Havli. Tarixi fununil hadisi an-Nabaviy. Darul ibn Kasir. –Bayrut. 1988. –B. 172.

 

[4] Mursal (arab. المرسل yuborilgan, otilgan, tashlangan) – sanadning uzilib qolishi sababli rad etilgani hadis turi.

 

[5] Mavquf (arab. الموقوف to‘xtatilgan) maqbul va mardud xabarlarga berilgan atamaning bir turi. Istilohda – rivoyat qilinayotgan xabar sahobiyga yetganda to‘htab qolib isnod zanjiri oxiriga Payg‘ambar (a.s.)ga yetkazilmagan bo‘ladi.

 

[6] Munkar (arab. المنكر inkor qilingan) roviyni ayblanishi sababli rad etilgan hadislar.

 

[7] Shoz (arab. الشاذ nodir juda kam uchraydigan) ishonchli roviyning o‘zidan kuvhliroq roviyga muholif bo‘lishi.

 

[8] As-Suyutiy. Tadbiri roviy. –Bayrut: Darul ma’rifa, 1988. –B. 18.

 

[9] Abul Fazl Shahobiddin Ahmad ibn Ali ibn Muhammad al-Asqaloniy. Misrlik hadis olimi va hofizi. 

 

[10] As-Suyutiy. Tadbiri roviy. –Bayrut: Darul marifa, 1988. –B. 22.

 

[11] As-Sahaviy. Fathul mug‘is sharhul alfiyatil hadis.–Bayrut. 1978. –B. 260.

 

[12] Abul Fazl Jaloliddin Abdurrahmon ibn Abu Bakr Muhammad al-Hudayri as-Suyutiy as-Safi tafsir, hadis, fiqh, arab tili va adabiyoti olimi.

 

[13] Abul Hasan Nuriddin ali ibn Sulton Muhammad al-Qoriy al-Haravi. Taniqli hanafi mazhabi faqihi, muhaddsi, mufassir va qiroat olimi

 

[14] Abu Zakariyyo Yahyo ibn Ali Muhammad al-Hattob at-Tabriziy. Arab tili va adabiyot olimi. Tabrizda tavallud topgan. O‘zidan o‘n yettidan ortiq asarlar yozib qoldirgan.

 

[15] Abul Fida Ismoil Muhammad ibn Abdulhadi al-Jarrohiy al-Ajluniy. Mashhur shomlik muhaddis bo‘lib, o‘zidan o‘ndan ortiq asar qoldirgan.

 

[16] Ajluniy. Kashiful hafa. Bayrut: Darul kutubi ilmiyya,1997. J.1. –B. 6.

 

[17] Abu Abdulaziz Qutubiddin Valiyulloh Ahmad ibn Abdurrahim ibn Vajihiddun ad-Dehlaviy al-Faruqiy. Dehli shahrida tug‘ilgan. U islom ilmlari bilmdoni, muhaddis, mujaddid, faqih, ilohiyotshunos, faylasuf bo‘lgan. o‘zidan to‘qqizdan ortiq asar qoldirgan.

 

[18] Dehlaviy. Hujjatullohil balig‘a. –Bayrut: Darul ihyaul ulum, 1990. –B. 489.

 

[19] O‘sha manba, –B. 464.

 

Qo‘shimcha malumot

BUYUK HIDOYAT IMOMI ABU MANSUR MOTURUDIY
Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy sohada ham katta oʻzgarishlar va islohotlar boʻlyapti. Buni biz soʻnggi besh yil ichida...
ADIB AHMAD YUGNAKIYNING “HIBATU-L-HAQOYIQ” ASARIDA MA’RIFIY QARASHLAR
Jamiyat a’zolarining maqsadlarini ularning intilishlari, ehtiyojlari, bajarayotgan vazifalari va ijti­moiy qadriyatlar belgilab beradi. Bu qadriyatlarning shakllanishi oiladan boshlab, ta’lim va...
IQLISHIYNING “AN-NAJM MIN KALAM SAYYIDI-L-ARAB VA-L-AJAM” ASARI TASNIFI
“Iqlishiy” nisbasi bilan mashhur bo‘lgan Abu Abbos Ahmad ibn Ma’d ibn Iso ibn Vakilning “an-Najm min kalam sayyidi-l-arab va-l-ajam”nomli asari...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry