03.02.2023
627

XOJA BAHOUDDIN NAQSHBAND

Xojagon silsilasining yettinchi piri Xoja Bahouddin Muhammad ibn Muhammad Naqshband Buxoriy 1318-yil Buxoro atrofidagi Qasri Hinduvon (hozirgi Buxoro viloyati Kogon tumani Qasri Orifon qishlog‘i) qishlog‘ida, hunarmand oilasida dunyoga kelgan. U “Xojayi Buzurg” (“Buyuk Xoja”), “Bahouddini Balogardon” (“Baloni qaytaruvchi Bahouddin”), “Shoh Naqshband” nomlari bilan shuhrat qozongan.

U baland bo‘yli, bug‘doy rangli va nuroniy yuzli bo‘lgan. Nihoyatda xushmuomala, so‘zlashi jozibador edi. 

Otasi to‘quvchi hamda o‘yma naqsh soluvchi (naqshband)lik bilan shug‘ullangan va qarigan chog‘i tariqatga kirib, o‘g‘liga ergashgan. Ayrim manbalarda Xoja Bahouddin yoshligidan otasi bilan birga naqshbandlik (matoga gul bosish) hunarini o‘rgangani sababli “Naqshband” laqabini olgani ta’kidlanadi. Biroq keyingi davrlarda yaratilgan manbalarda yozilishicha, Bahouddin ko‘ngil zikri bilan uzluksiz shug‘ullanishi natijasida uning qalbiga Alloh ismi naqshlanib qolgani unga shu laqab berilishiga sabab bo‘lgan. Bundan tashqari, u din yo‘lidagi xizmatlari tufayli “Bahouddin” (“Dinning nuri”) unvonini olgan.

Bahouddin Naqshband hayotida bobosining alohida xizmati bor. U so‘fiylar bilan yaqin aloqa bog‘lagan bo‘lib, bu omil nabirasida din ilmlariga katta qiziqish uyg‘otdi. Bahouddin bobosining sa’y-harakatlari bilan boshlang‘ich ta’limni o‘zi tug‘ilib-o‘sgan joyda olib, yetti yoshidayoq Qur’oni karimni to‘liq yodlaydi. Uning tariqatda birinchi piri – ustozi Xoja Muhammad Bobo Samosiy hisoblanadi. Xoja Muhammad Bobo Samosiy hali Bahouddin dunyoga kelmasidan burun bir necha bor Qasri Hinduvon qishlog‘iga kelganida quyidagi gapni aytar edi: “Bu tuproqdan (yaqin kelajakda dunyoga keladigan) bir erning hidi kelmoqda, tez orada Qasri Hinduvon Qasri Orifonga aylanadi”. Bahouddin tug‘ilganidan keyin – hali uch kunlik chaqaloqligida – bobosi uni Qasri Hinduvonga kelgan Xoja Muhammad Bobo Samosiy huzuriga olib borganida xojagon tariqati piri bolani (ma’naviy) farzandlikka qabul qilib, uning kelajakda “zamona peshvosi” bo‘lib yetishishini bashorat qiladi. Bobo Samosiy o‘shanda Bahouddinning tarbiyasini xalifasi Sayyid Amir Kulolga topshiradi. 

Bahouddin Amir Kuloldan tariqat odoblari va zikr qoidalarini o‘rganishi barobarida ulamolar huzurida hadis ilmini o‘rganishga kirishadi. “Maqomoti Xoja Bahouddin Naqshband”da uning hadis ilmi ustozlaridan biri – Mavlono Deggaroniy ekani ta’kidlanadi. “Tazkiratul-atqiyo” asari muallifi yozishicha, Bahouddin Naqshband va xojagon tariqatidagi aksar soliklar hanafiy mazhabida bo‘lganlar.   

U hayotining turli davrlarida turk mashoyixlari, yassaviya tariqati shayxlari – Xalil Ota va Qusam Shayxdan ham so‘fiylik ta’limini olgani manbalarda zikr etiladi. Masalan, Bahouddin yassaviya tariqati shayxlarining mashhur vakillaridan bo‘lgan Qusam shayx oldiga, Naxshab, ya’ni hozirgi Qarshi shahriga ham borib, undan uch oy ta’lim oladi. Bahouddin Naqshbandning pirga ixlosi baland bo‘lgan, ayni chog‘da Qusam shayx ham uni o‘z o‘g‘lidek bilib, muridiga cheksiz hurmati tufayli umrining oxirigacha Buxoroda yashab, shu yerda vafot etadi.

“Beshikdan qabrgacha ilm izla”, degan hadisga tayangan Bahouddin Naqshband turli o‘lkalarga safarlari davomida boshqa so‘fiylik tariqatlari ta’limotlari va tajribalarini o‘rganishga intilgan. U 1370 va 1388 yillari amalga oshirgan haj safarlari davomida Marv, Hirot, Saraxs, Mayxon, Mozandaron, Bag‘dod kabi shahar va o‘lkalarda bo‘lib, Xoja Muayyad, Sayfiddin Abhariy, Zayniddin Abu Bakr Toybodiy kabi shayxlar bilan uchrashib, qodiriya tariqati asoschisi Shayx Abdulqodir Giloniyning Bag‘doddagi qabrini ziyorat qiladi. Bundan tashqari, Bahouddin Naqshband haj safarlarining birida Hirotda Kurtlar davlati hukmdori Malik Muiziddin Husayn ibn G‘iyosiddin bilan uchrashadi va Hirot ulamolarining ushbu hukmdor ishtirokidagi yig‘inida qatnashadi.

Bahouddin Naqshband o‘z mehnatiga tayanib yashagan, mol-dunyoga mehr qo‘ymagan inson sifatida ham xalq mehrini qozongan. Xoja Alouddinning aytishicha, Bahouddin faqirlikni xush ko‘rar va: “Biz nimaga erishsak, shu sifat sababli erishdik”, der edi. Qishda xashak, yozda esa bo‘yrada o‘tirgan. Doim halol luqma yer, shubhali narsalardan qochgan. Kim unga hadya keltirsa, Payg‘ambar (s.a.v.)ning sunnatlariga amal qilib, unga ham hadya ulashar edi. 

Agar biror do‘sti yoki mehmon eshik qoqsa, topganini dasturxonga qo‘yar, tunda mehmon ovqatlanib olguncha unga chiroq tutar edi. Havo sovuq kunlari o‘zining bitta to‘nini ham mehmonga kiydirar edi.

Bahouddin Naqshband pirlari kabi mehnati bilan kun ko‘rishni afzal bilgan. U dastlab otasidan kimxob to‘qish va matoga gul bosish hunarini o‘rgangan, keyinchalik esa har yili arpa va mosh yetishtirgan. U ekin ekishdan tortib, uni yig‘ib olguncha bo‘lgan barcha ishlarni o‘zi bajarar edi.

Olim va ulug‘ insonlar bilan suhbatlashganda, ular yegan taomlardan tabarruk deya tanovul qilgan. U aksar vaqtlarda o‘zi taom pishirar, ovqatlanish vaqtida muridlariga g‘aflat bilan ovqatlanmaslikni uqtirar edi. Agar taom g‘azab, karohat bilan pishirilgan bo‘lsa, o‘zi ham, shogirdlariga ham yedirmas edi. Bir safar mehmonga borganda, taom keltirilgach, bu g‘azab bilan pishirilgan taom deb, undan yemaydi. 

Bahouddin Naqshband qozonga cho‘michni qattiq urib kovlangan taomdan ham yemagan. “Qaysi ish g‘azab, g‘aflat va karohat bilan qilinsa, u ishda xayr va baraka bo‘lmaydi. Unga nafs va shayton yo‘l topgan”, der edi.

Agar biror kishining uyiga mehmonga borsa, uy egasining farzandlari, xizmatkorlari, uyda kim bo‘lsa, barchasining holini so‘rar edi.        

Manoqib kitoblarida Bahouddin Naqshbandning valiyligi va karomatlari to‘g‘risida ko‘plab rivoyatlar keltirilgan. Jumladan, aytishlaricha, Hazrat Bahouddinning yaqin kishilaridan birining 25 dinor puli yo‘qoladi. Buni Xojaga aytganlarida, u: “Pulni shu uyning kanizagi olgan”, deya undan pulni qaytarib berishni so‘raydilar. Kanizak: “Falon joyga ko‘mib qo‘yganman”, deb javob beradi. Xoja: “U yerda 3 dinor ko‘milgan”, deganida barcha bu gapdan taajjublanadi. Haqiqatdan ham, aytilgan joyni kovlaganlarida 3 dinordan ortiq pul chiqmaydi.

Manbalarda Xoja Bahouddin Naqshbandning biror bir asar yozganligi qayd etilmagan. Uning muridlari va izdoshlari uning turli o‘rinlarda tasavvuf, tariqat odoblari borasida aytganlarini yozib borib, keyinchalik “Qudsiya”, “Avrod”, “Avrodi sag‘ir”, “Voridot”, “Dalil ul-oshiqin”, “Hayotnoma” nomli bir necha to‘plamlarda aks ettirishgan.

Bahouddin Naqshband tasavvufda ilgari amalda bo‘lgan qattiq talablarni bir qadar yumshatdi, mo‘‘tadillashtirdi, kundalik turmushga mosladi. Uning-cha, Allohga intilish ko‘ngildan amalga oshishi kerak. Qo‘l esa mehnat bilan band bo‘laversin. Bahouddin Naqshbandning tarkidunyochilik qilmay, bu dunyo ishlaridan ochiq-oshkor qo‘l silkimay ham Allohga yetishish mumkinligi haqidagi g‘oyasi musulmon olamida tasavvufning juda keng tarqalishini ta’minladi.

Naqshbandiylik tariqati bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari, Hindiston, Pokiston, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi kabi dunyoning bir qator mamlakatlarida tarqalgan.

Uning vafotidan so‘ng naqshbandiya tariqati keng yoyildi. Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab kabi shoirlar ham naqshbandiya tariqatida edilar. Ularning asarlarida naqshbandiya g‘oyalari keng va atroflicha targ‘ib etilgan.

Bahouddin Naqshband haqida, uning ta’limoti, naqshbandiy shayxlar to‘g‘risida talay asarlar yaratilgan. Birgina O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasining o‘zida naqshbandiya tariqatiga oid 200 ga yaqin kitob mavjud.

Bahouddin Naqshbanddan Bibicha Xotun Kalon, Bibicha Robia Xotun va Bibicha Sarvar Xotun nomli uch qiz qolgan bo‘lib, ularning barchasi Bahouddin Naqshband izdoshlariga turmushga chiqqanlar.

Xoja Bahouddin Naqshband ko‘pgina shogirdlar yetishtirgan. Xoja Alouddin Attor, Xoja Muhammad Porso, Xoja Ya’qub Charxiy va Xoja Alouddin G‘ijduvoniy uning eng mashhur xalifalari jumlasidandir. “Rashahot aynil-hayot” asarida keltirilishicha, Xoja Bahouddin Naqshband vafotidan oldin Xoja Muhammad Porsoga tariqat rahbarligini topshirib, boshqa izdoshlarini unga bo‘ysunishga va ergashishga chaqiradi.

Xoja Alouddin Attorning aytishicha: “Hazrati Xojaning vafoti chog‘i Yosin surasini o‘qishni boshladim. Suraning yarmiga kelganda, osmondan nurlar zohir bo‘la boshladi. Darhol kalimai shahodatga mashg‘ul bo‘ldim. Shundan so‘ng Hazrat vafot etdilar”. 

Xoja Bahouddin 1389-yili yetmish to‘rt yoshida olamdan ko‘z yumadi va Qasri Orifon qishlog‘ida dafn etiladi.

Buxorodan 10 kilometr shimoli-sharqda, Xoja Bahouddin dafn etilgan Qasri Orifon qishlog‘idagi ziyoratgohda turli me’moriy inshootlar qurilib, majmua besh asr mobaynida shakllanib borgan. O‘rta asr tarixchilarining yozib qoldirishlaricha, memorial kompleks bir necha bor qayta qurilgan.

Istiqlol yillarida tarixiy-me’moriy majmua tamomila obod maskanga aylantirildi. Qayta tiklash ishlarida yurtimizning barcha hududlaridan mahoratli ta’mirchi-ustalar ishtirok etdi. Bahouddin dahmasi atrofida qariyb 90 metrlik yangi ayvon qayta qurildi. Naqshbandiyning hayoti va ta’limotiga bag‘ishlangan “Naqshbandiya tariqati” muzeyi barpo etildi. Ziyoratchilar uchun barcha sharoit yaratildi.

Ayni paytda ushbu qutlug‘ qadamjoga yiliga 2 milliondan ortiq mehmonlar va sayohatchilar tashrif buyurmoqda. 

 

Xoja Bahouddin Naqshband o‘gitlari

          Bizning tariqatimiz urvan vusqodir (mustahkam tutqichlar), ya’ni hazrati Rasul (s.a.v.) mutoibati etagidan tutmoq va sahobai kirom merosiga ergashishdir.

* * *

Dil ba yoru dast ba kor – Diling Allohda, qo‘ling mehnatda bo‘lsin. 

* * *

Shamga o‘xshagin, toki hammaga ravshanlik bag‘ishla, o‘zing esa qorong‘ida bo‘l, hoyu havas va nafs ahllari tutgan ishlar barchasi zalolat (adashuv)dan iboratdir. Ishlarda niyatning to‘g‘riligi eng muhim narsadir.

* * *

Bizning yo‘limiz suhbatdir. Xilvatda shuhrat, shuhratda esa ofat bordir. Xayr jamoat bilandir.

* * *

Qalblarning buyukligi aslida bir. Lekin ulardagi ma’rifatning buyukligi farqli. 

                                                              * * *

Agar do‘st aybiga boqsak, do‘stsiz qolamiz, hech kim dunyoda beayb emas.

* * *

Ilm yo‘lida agar meni bosib o‘tish lozim bo‘lsa-yu, buni qilmasangiz, sizdan rozi emasman. 

 

Qo‘shimcha malumot

SHAYX NAJMIDDIN KUBRO
Najmiddin Kubro – tasavvufning mashhur shayxlaridan biri, kubraviya tariqatining asoschisi. Uning to‘liq ismi Ahmad ibn Umar ibn Muhammad Xivaqiy Xorazmiydir.Najmiddin...
XOJA MUHAMMAD PORSO
Xoja Muhammad Porso mutasavvif, ulug‘ alloma, valiyulloh bo‘lgan. Uning to‘liq ismi – Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Hofiziddin Buxoriy bo‘lib,...
ALOUDDIN ATTOR
Alouddin Attor naqshbandiya tariqatining “Oltin silsila”sida o‘n yettinchi o‘rindan joy olgan bo‘lib, u Xoja Bahouddin Naqshbandning xalifasi edi. To‘liq ismi...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry