03.02.2023
238

XOJA MUHAMMAD PORSO

Xoja Muhammad Porso mutasavvif, ulug‘ alloma, valiyulloh bo‘lgan. Uning to‘liq ismi – Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Hofiziddin Buxoriy bo‘lib, 1348-yili Buxoroda tug‘ilgan.

Abdurrahmon Jomiyning “Nafohatul-uns”, Alisher Navoiyning “Nasoimul-muhabbat”, Faxruddin Ali Safiyning “Rashahot aynil-hayot” va boshqa ko‘plab tabaqot kitoblarda Xoja Porso haqida ma’lumotlar berilgan.

“Rashahot”da keltirilishicha, Xoja birinchi bor Bahouddin Naqshband huzuriga kelib, darvozani taqillatganida, uydan bir kanizak chiqib, xoja bilan savol-javob qiladi va uyga kirib: “Huzuringizga kirishni istab bir porso kishi kelibdi!” deydi. Hazrat Bahouddin uni ko‘riboq: “Ismingiz Porso bo‘ladi”, deydi. Birinchi uchrashuvdagi shu so‘zning sharofatidan u Xoja Porso nomi bilan mashhur bo‘ladi. «Porso» – forscha so‘z bo‘lib, xudojo‘y, o‘zini gunohlardan saqlovchi, pokiza, taqvodor degan ma’nolarni anglatadi.

Uning bobosi olim Shamsul Aimma Halvoiyning shogirdi bo‘lgan. Xoja Porso dastlabki ilmlarni Buxoro madrasalaridan olgan. U Qur’oni karim, hadis, fiqh va boshqa ilmlarni puxta egallagach, Xoja Bahouddin Naqshbanddan tahsil ola boshlaydi. U tariqat ustoziga sidqidildan xizmat qilgan.

Muhammad Boqirning “Maqomoti Shohi Naqshband” kitobida keltirilishicha, Muhammad Porso ustozining u haqda bergan ta’rifini quyidagicha bayon etgan: “Hazrat Xojamiz Bahouddin Naqshband birinchi marta haj safaridan qaytib keldilar va muxlislar Hazratni birma-bir ziyorat etdilar. Ayni majlis avjida men davraga kirdim. Hazrat men tomonga yuzlarini o‘girib dedilarki: “Do‘stlarimizdan qay biri bizning yonimizga kelsa, avval botinlarini bizning botinga rost aylab, so‘ng huzurimizga kiradi. Lekin xoh g‘aybda, xoh yonimizda va xoh bizdan yiroqda bo‘lsin, botini mening botinimga rost bo‘lgan yagona do‘stim – sensan!” Alhamdulillahi Robbil olaminki, shu kundan e’tiboran bu faqirga Hazratning nazarlari, mehr-muhabbatlari ziyoda bo‘ldi va dedilarki: “Bizda ne bo‘lsa, barchasini o‘zingga singdirib olding”.

Xoja Porso sohibkaromat avliyo bo‘lgan, lekin u karomatlarini oshkor qilmas, odamlardan pinhon tutar edi. Faqat noiloj qolganda, zarurat bo‘lganda oshkor etardi.

“Rashahot”da naql etilishicha, Mirzo Ulug‘bek zamonida Samarqandga shayx Shamsiddin Muhammad ibn Muhammad keladi. U muhaddislar peshvosi edi. O‘sha vaqtlarda Xoja Porsoga nisbatan g‘arazgo‘ylik qilib yurgan hasadgo‘ylar bo‘lgan. Ular shayxga: “Xoja Porso Buxoroda hadis rivoyat qiladilar, lekin uning isnodini (ya’ni kimlar orqali kelgani) to‘g‘ri yohud noto‘g‘riligini hech kim bilmaydi. Xoja Porsoni bir imtihon qilsangiz. Agar isnodlari noto‘g‘ri bo‘lsa, ul kishi hadisgo‘ylikni bas qilsin. Agar to‘g‘ri bo‘lsa, davom ettirsin. Har ikki holda ham sizga savob bo‘lur!” deydilar. Ular Mirzo Ulug‘bekni ham ko‘ndiradilar. Shundan so‘ng Xoja Porsoga kishi yuborib, ul zotni Samarqandga taklif qildilar. Samarqand shayxulislomi Xoja Isomiddin, shuningdek, bir qator olimu fuzalolar yig‘ilgan katta bir majlisda Xoja Porsoga hadis aytishni buyurdilar. Xoja Porso bir necha hadislarni isnodlari bilan bayon qildi. Hazrat Shayx Shamsiddin: “Aytgan hadislaringizning sahihligiga shak-shubha yo‘q, lekin isnodlari mening nazarimda sobit emas”, deydi. Bu gapni eshitib, hasadgo‘ylar bir-biriga qarab ko‘z qisib, xushnudliklarini izhor qildi. Xoja Porso o‘zi bayon qilgan hadislarining boshqa isnodlarini aytdi. Lekin Shayx xuddi avvalgi gaplarni takrorladi. Muhammad Porso ushbu davrada qancha hadis aytsa ham, baribir uning isnodlariga e’tiroz bildirishlarini sezadi. Shundan  so‘ng: “Ahli hadis kitobi hisoblanmish imom Muslimning isnodlari e’tiborlimi?” deya so‘raydi. Shayx: “Ha! Ushbu kitob mo‘‘tabardur. Unga hech kim shak-shubha bildirmagay. Agar siz misol keltirgan hadislar isnodi shul kitobda bo‘lsa, biz barchasini qabul qilurmiz”, deydi.

Xoja Porso shayxulislom Isomiddinga qarab: “Kutubxonangizdagi falon tokning ustidagi falon kitobning tagida ushbu asar bor. Shu asarning falon betida biz aytgan hadislarning isnodi keltirilgan. Biror kishini yuborib o‘shal kitobni olib keling!” deya javob beradi. Bu gaplarni eshitib majlis ahli hayratlanib, qiziqishi ortadi. Xoja Isomiddin ham mazkur kitobning joyini aniq bilmas edi. Hozir bo‘lganlar Xoja Porso umrida Xoja Isomiddinning uyida bo‘lmaganini va uning kutubxonasini ham ko‘rmaganini bilar edilar. Shu bois, hamma taajjublanar va ishning oxiri qanday tugashini sabrsizlik bilan kutardi. Xoja Isomiddin davradagilardan birini kutubxonaga yubordi. Haligi odam Xoja Porso aytgan joydan o‘sha asarni topib olib keldi. Shayx uni ochib qaraganda, darhaqiqat, Xoja Porso bayon qilgan isnodlar bor ekan. Butun majlis ahli tahsin aytadi. Xususan, Xoja Isomiddin hammadan ortiq xursand bo‘ladi. Hasadgo‘ylar esa ushbu karomatdan mulzam bo‘lib qolishadi. 

Xoja Porso birinchi marta ustozi Bahouddin Naqshband bilan, ikkinchi marta esa o‘g‘li Abu Nasr bilan haj safariga borgan.

“Nasoimul-muhabbat”da yozilishicha, 1419-yilning muharram oyida Xoja Porso Buxorodan ikkinchi bor Baytulloh ziyorati uchun yo‘lga chiqqan. Nasaf yo‘li bilan borib, Chag‘oniyon, Termiz, Balx, Hirotga yetadi. Qayerga borsa, u yerdagi olimlar, valiylar qabrini ziyorat qilar edi. Shuningdek, o‘sha shahardagi shayx, ulamolar esa Xoja Porsoga peshvoz chiqib, undan duo olishar edi.

Abdurahmon Jomiyning keltirishi “Jom shahridan o‘tib ketayotganlarida otam va u kishining barcha ashoblari, shuningdek, ko‘plab muxlislar, muhiblar Xoja Porsoga peshvoz chiqdilar. Mening yoshim beshga yaqinlashayotgan edi. Otamning ishoratlari bilan meni Xoja Porsoga ro‘para qildilar. Alar iltifot qilib bir bosh kirmoniy nabot (novvot) ilgim (qo‘lim)ga berdilar. Bu kun ul tarixdan oltmish yildirki, hanuz xil’atlari (kiyimlari)ning safosi mening ko‘zimdadir va muborak diydorlarining lazzati mening ko‘nglimdadir va hamonki ixlos, e’tiqod, irodat hamda muhabbat robitasi bu faqirgaki, xojalar xonadoniga voqe’dur, ul nazarning barakotidin erkin va umidim uldurki, ushbu robita yumnidin alarning muhiblari va muxlislari zumrasi (safi)da mahshur bo‘lgaymen (“Nasoimul-muhabbat”).

“Rashahot”da ta’kidlanishicha, Xoja Porso 1420-yil Madinada 72 yoshida vafot etgan va “Baqe’” qabristoniga dafn etilgan. Naql qilinishicha, Muhammad Porso haj safariga ketayotganida: “Raftem va raftem!”, ya’ni “Bordik va bordik!” degan. Bu jumla uning o‘sha yerda vafot etishiga ishorat edi.

Xoja Porsoning 18 dan ziyod asari bo‘lib, eng mashhurlari quyidagilar: “Risolai qudsiya”, “Tafsiri Qur’on”, “Faslu-l-xitob”, “Risola dar odobi murid”, “Risolai kashfiya”, “Maqomoti Xoja Bahouddin Naqshband”, “Maqomoti Alouddin Attor”, “Xaftodi du firqa” va boshqalar.

Bahouddin Naqshband, Alouddin Attor kabi hakimlarning hikmatlari, o‘gitlari, tarjimai hollariga doir qimmatli ma’lumotlar, shuningdek, shariatu tariqat, ma’rifatu haqiqatga doir nodir fikrlarning bizning kunimizgacha saqlanib qolishida Xoja Porsoning xizmati katta.

 

Qo‘shimcha malumot

SHAYX NAJMIDDIN KUBRO
Najmiddin Kubro – tasavvufning mashhur shayxlaridan biri, kubraviya tariqatining asoschisi. Uning to‘liq ismi Ahmad ibn Umar ibn Muhammad Xivaqiy Xorazmiydir.Najmiddin...
ALOUDDIN ATTOR
Alouddin Attor naqshbandiya tariqatining “Oltin silsila”sida o‘n yettinchi o‘rindan joy olgan bo‘lib, u Xoja Bahouddin Naqshbandning xalifasi edi. To‘liq ismi...
XOJA BAHOUDDIN NAQSHBAND
Xojagon silsilasining yettinchi piri Xoja Bahouddin Muhammad ibn Muhammad Naqshband Buxoriy 1318-yil Buxoro atrofidagi Qasri Hinduvon (hozirgi Buxoro viloyati Kogon...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry