03.02.2023
263

ALOUDDIN ATTOR

Alouddin Attor naqshbandiya tariqatining “Oltin silsila”sida o‘n yettinchi o‘rindan joy olgan bo‘lib, u Xoja Bahouddin Naqshbandning xalifasi edi. To‘liq ismi Muhammad ibn Muhammad Xorazmiy. Alouddin o‘rta bo‘yli, bug‘doyrang, yumaloq yuzli va quyuq soqolli edi. U maqsadli va aqlli inson bo‘lib, suhbatida bo‘lgan insonga yaxshi taassurot qoldirgan. Alouddin Attor asli xorazmlik bo‘lgan. Uning Attor deya atalishining sababi, otasi attorlik tijorati bilan shug‘ullangan. Xoja Abdurahim Hisoriyning rivoyatiga ko‘ra, Alouddin Attor doimo xushbo‘y bo‘lib yurgan. U: “Kimdan xush hid anqisa, undaylarning qurboni bo‘l!” degan misrani ko‘p takrorlar edi. 

Manbalarda keltirilishicha, Alouddin Attor Muhammad (s.a.v.) avlodidan – sayyidlar tabaqasiga mansub bo‘lgan.

Alouddin yoshlik chog‘idanoq ilmga tashna inson bo‘lgan. U tafsir, hadis va aqoid ilmlarini puxta egallagan. Rivoyatlarda keltirilishicha, yoshlik chog‘ida onasi uni ustozga topshirganida, safdoshlaridan o‘zib, bir necha oy ichida tafsir va hadis ilmlarini o‘zlashtirgan. “Sahihi Buxoriy” va “Sahihi Muslim” kitoblarini roviylari bilan yod olgan. 

U Qur’oni karim tilovatidan so‘ng hech kim bilan gaplashmas edi. Bahouddin Naqshband uni vasf qilib: “Taqvoda unga teng keladiganini ko‘rmadim”, degan. 

Manbalarda keltirilishicha, Alouddin Attorning ikkita akasi bo‘lgan. Biri Xoja Shahobiddin va ikkinchisi Xoja Muborak. Akalari merosdan ulushlarini olib savdogarlik bilan shug‘ullanadi. Alouddin Attor esa ilm yo‘lini tanlab, Buxorodagi madrasalarning birida tahsil oladi. Alouddin faqirona hayot kechirar, bisotida ikkita bo‘yra va g‘ishtdan boshqa biror narsasi bo‘lmagan. Alouddin yostiq o‘rnida g‘isht, to‘shak o‘rnida esa quruq bo‘yradan foydalanar edi. 

Naql qilinishicha, Xoja Alouddin Attor Buxoroda valiylik da’vosini qiladigan bir darvesh bilan uchrashib, u bilan bahsu munozara qildi. Ushbu bahsda Xoja Alouddin g‘olib bo‘ladi. Bu xabar Bahouddin Naqshbandga yetadi va Alouddinga: “Siz avliyomisiz?”, deya so‘raydi. Alouddin Attor ko‘p tazarrular aytib, inkor etadi. Shunda Hazrat Bahouddin: “Agar avliyo bo‘lmasangiz, avliyolik sifatidan keching!” deydi. Attor sukut qilib, javob qaytarmaydi. Naqshband: “Agar mening suhbatimni istasangiz, avliyolik sifatidan kechishingiz shartdir!” deya qat’iy gapiradi. 

Xoja Alouddin Attor ustozining gapini qabul qiladi. Keyinroq Alouddin Attor: “Alloh taolo lutfu marhamat etib, meni to‘siqlardan, hijoblardan qutqardi. Shundan so‘ng bu hol va kamoldan ham azizroq bo‘lgan narsalarni ko‘rdim va mushohada etdim”, deydi.

Bahouddin Naqshband hayotligida ko‘plab shogirdlar tarbiyasini Alouddin Attorga topshirgan edi. Hatto uni maqtab: “Alouddin yukimizni yengillatdi”, degan. Bahouddin Naqshband vafotiga qadar Buxoroda yashagan. Ustozi vafotidan so‘ng Chag‘oniyonga, hozirgi Denov shahriga kelib, tariqat ta’limini davom ettiradi. 

Mavlono Ya’qub Charxiy Alouddin Attorni vasflab shunday degan: “U janobga Alloh taolo shunday lutf etdiki, Hazrat Xoja Bahouddinning rihlatidan so‘ng, qutbul aqtob[1] bo‘ldi. Bu qanday ulug‘likki, u haqida marhamat qilinibdi, degan fikr qalbimdan o‘tdi. Shu xayol bilan masjidga bordim. U yerda ham bu fikr meni tark etmadi. Masjid imomi namoz so‘ngida ushbu oyatni o‘qidi: “O‘sha payg‘ambarlarning ayrimlarini ayrimlaridan afzal qildik”(Baqara surasi, 253-oyat). 

Namoz o‘qib bo‘lgach, Hazrat Xoja Alouddin uyiga qaytayotganida, “Avliyoulloh jamoasining bir-biridan afzal va ziyodaligi bo‘ladimi?” deb Xoja Alouddindan savol so‘rash ishtiyoqi tug‘ildi. Shundan so‘ng u kishidan, “Valiylarning orasida farq bormi?” deb so‘radim. Ul hazrat: “Ha, Mavlono Ya’qub, bu fazilatni Alloh taolo menga inoyat qildi”, deb javob berdi. Shunda qalbim taskin topdi. U kishining darajalarini ko‘rib, ko‘nglim shod bo‘ldi, xizmatlarini qilib, irshodg‘a ruxsat oldim”. Aytishlaricha, Ya’qub Charxiy dastlab Xoja Naqshbanddan ruxsat olib, ikkinchi marta Xoja Alouddindan ruxsat olgan. 

“Hujjatus-solikin” asarida keltirilishicha, Xoja Alouddin Attor Xoja Bahouddinga murid bo‘lgach, o‘zboshimchalik va dangasalikni yo‘qotish uchun bir bog‘lam o‘tin (ayrim manbalarda olma deyilgan) ko‘tarib, ustozining oldiga keladi. Shunda Bahouddin Naqshband unga: “Bu yukni orqangga ortib, oyoq yalang Buxoroning ko‘chalarida baland ovoz bilan baqirib sotgin”, deydi. Alouddin ustozining buyrug‘iga itoat qilib, o‘tin bilan bozorga boradi va bor ovozi bilan baqirib, o‘tinni sotadi. Xoja Alouddinning akalari Shahobiddin va Xoja Muboraklar uning bu ishidan norozi bo‘lib: “Odamlarning Alouddin devona va majnun bo‘libdi, degan so‘zlaridan nomus qilib, xijolat bo‘ldik”, deydilar. Xoja Bahouddin ularning bu gaplaridan xabar topib, Alouddinga: “Sen o‘tinni akalaring do‘koni yoniga qo‘yib, baland ovoz bilan sotgin”, deydi. Xoja Alouddin shu tariqa bir necha muddat o‘tin sotadi. Bundan murod, Xoja Bahouddin Alouddinning akalariga tariqat yo‘liga kirishni targ‘ib etib, botiniy amal bilan ham shug‘ullanishni ko‘zda tutgan edi. 

Shu tariqa oz fursat ichida Bahouddin Naqshbandning sevimli shogirdiga aylanadi va yuqori darajalarga erishadi. Hatto ustozining hayotlik vaqtidayoq uning muridlari tarbiyasi bilan shug‘ullanadi. Ya’ni Xoja Bahouddin Naqshband vafot etganida, uning o‘rnida muridlar tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘ldi. Bu haqda Xoja Ahror Valiy shunday degan edi: “Ey birodar, agar hushing bor ersa, ul naqlni aqlingning ganjinasida saqlag‘il. Naql bul tururkim: “Chun Hazrat Xoja Bahouddin baqo olamig‘a rihlat qildilar ersa, hamma yoron va ashob ulug‘ va kichiklar maslahatlarkim, hamma foidai ma’naviy hosil qilg‘aylar. Ul fikr bila aytdilarkim: “Xoja Alouddinning hushyorlig‘i va quvvat toqati hammalardin ortuqdur. Va Hazrat Muhammad Porsoning holi o‘zdin g‘oyib bo‘lmoq, mastlik, behudliqdur. Holbukim, hushyorlik shariat va tariqat bobida marg‘ub va mahbubdur. Haqiqatning durust bo‘luri ham shariat va tariqat yo‘llari birla barpo bo‘lg‘usidurkim, ravshanlig‘i oyning, kunning ravshanlig‘i monand bo‘lur”, deb hamma yoronlar Hazrat Xoja Aloudding‘a murid oylandilar. G‘oyati bukim, Hazrat Xoja Muhammad Porso ham ul Hazratg‘a murid bo‘ldi. Oning uchunkim, Xoja Alouddin vaqtning qutbi va zamonning g‘avsi va umuri shar’ va dini hanafiyning nosiri va xaloyiqning sayyidi erdi”. Shunday qilib, Bahouddin Naqshbandning barcha muridlari Xoja Alouddinga bay’at qiladilar. 

Abdurahmon Jomiyning aytishicha, Sayyid Sharif Jurjoniy ham Alouddin Attorning muridi bo‘lgan. 

Sayyid Jurjoniy: “To men Shayx Zayniddin Ali Kulol suhbatiga yetmaguncha, rafzdan, ya’ni e’tiqoddagi illat bo‘lmish inkordan qutulmadim. Va to Xoja Attor majlisiga bog‘lanmaguncha, Allohni tanimadim”, degan gapni qayta-qayta takrorlar edi. 

Ya’qub Charxiy ham Alouddin Attorga murid bo‘lish tarixini hikoya qilar ekan, Naqshbandning vafotidan so‘ng Badaxshonga ketgani, Alouddin Attor unga odam yuborib, ustozining ishoratini izhor qilganini aytadi. So‘ngra Chag‘oniyonga kelib Alouddinning vafotiga qadar unga murid bo‘ladi.

Shuningdek, u Nizomuddin Xomush, Xoja Hasan Attor, Hisomiddin Balxiy, Xoja Abdulloh imom Isfahoniy, Shayx Umar Moturidiy, Mavlono Abu Said kabi ko‘plab muridlarga ham ustozlik qilgan.   

Xoja Bahouddin Naqshband kabi Alouddin Attor ham hanafiy mazhabida bo‘lib, aqida bobida Moturidiy izdoshlaridan sanalgan. Uning mustahkam e’tiqod sohibi, ulamolarning mo‘‘taziliy firqasi bilan bo‘lgan bahslariga barham bergan, shuningdek, adashgan kimsalarning botil aqidalaridan qutqarib, to‘g‘ri yo‘lga solgani haqidagi ma’lumotlar ko‘plab manbalarda tilga olinadi. Masalan, kunlarning birida Buxoro (ayrim manbalarda bu voqea Xorazmda bo‘lgan deyiladi) mo‘‘taziliylar bilan ahli sunnat val jamoat ulamolarining o‘rtasida Alloh taoloni ko‘rish yoki ko‘rmaslik borasida bahs munozara kelib chiqadi. Ular Xoja Alouddinning oldiga kelib: “Siz hakamsiz, bizning oramizda hukm chiqaring”, deyishadi. Shunda Alouddin mo‘‘taziliylarga: “Sizlar uch kun muttasil bizning yonimizga kelinglar va bizning suhbatimizda tahorat bilan o‘tiringlar, sukut saqlanglar, shundan keyin hukm qilamiz”, deydi. Ular uch kun mobaynida Xoja Alouddinning suhbatlarini sukut saqlab eshitadilar. Uchinchi kunning oxirida hollari o‘zgarib, o‘zlarining yo‘llari noto‘g‘ri ekanini anglab, tavba qiladilar. Va: “Alloh taoloni ko‘rishlik haq ekan”, deb imon keltiradilar. Shu kundan boshlab Xojaga murid tushadilar.   

“Rashahot” va “Maqomoti Xoja Bahouddin” nomli asarlarda keltirilishicha, Xoja Bahouddin Xoja Alouddinni suhbat chog‘ida o‘z yonlarida o‘tirg‘izar va har zamonda unga qarar edi. Majlisdagilar bu holning sababini Naqshbanddan so‘raydilar. Bahouddin: “Uni bo‘ri yemasin deb, oldimga o‘tirg‘izaman. Nafsning bo‘risi uning pistirmasida turar, uni ko‘rish uchun har lahza holini tekshirib turaman”, deya javob qaytaradi.   

Naql qilishlaricha, Alouddin Attor 1392-yil sha’bon oyining boshida vafotidan 7 yil avval Xoja Bahouddin Naqshband qabrini ziyorat qilish maqsadida Hisor viloyatidan Buxoroga bormoqchi bo‘ladi. 18 kun deganda Buxoroga yetib, Naqshband qabrini ziyorat qiladi. Shavvol oyining boshida yana uyiga qaytadi. 

Muhammad Tohir ibn Xorazmiyning rivoyatiga ko‘ra, Alouddin Attor  1399 yil rajab oyining ikkinchisida, dushanba kuni kasalga chalinadi. Kasalining sababi bosh va bel og‘rig‘i edi. Mazkur oyning 20-kechasi xufton namozidan so‘ng vafot etadi. Qabri Chag‘oniyon (hozirgi Denov shahri) qishlog‘ida joylashgan. Hozirgi kunda mazkur qabriston “Shayx Attori Valiy” yoki “Ostona buva” deb nomlanadi. Bu qabristonga o‘g‘li Hasan Attor va nevarasi Xoja Yusuf Attorlar ham dafn qilingan. 

Aytilishicha, hozirgi kunda ham Alouddin Attorning avlodlari yashab kelmoqda. Ulardan Muhammad Sodiq va Muhammad Munirlar Hindistonda yashab, muridlar tarbiyasi bilan shug‘ullanadilar.

Surxondaryo viloyatining Denov shahrida “Sayyid Otaliq” madrasasi mavjud. Ushbu madrasa Alouddin Attorga atab qurilgani uchun Sayyid Otaliq deya nomlangan. Madrasa Alouddin Attor avlodlari tomonidan 26 yil mobaynida qurilib, unga usta Ahmad Buxoriy boshchilik qilgan. 

 

Xoja Alouddin Attor o‘gitlari

Bu tariqatga kirmaganlarning yo‘lini to‘sgan to‘siq – ularning o‘zi, o‘z nafslaridagi manmanliklaridir.

***

Insonlarning kulliy ilmga erisha olmasliklari o‘z juz’iy ilmlaridan voz kechmasliklaridandir.

***

“O‘z irodasini Haq taoloning irodasiga, o‘z qudratini Haq qudratida yo‘q qilmagan kishi Haqqa yaramaydi”. Buning uchun yo‘l – shariat sohibining amrlarini bajo keltirib, Haqning murodini nafsning murodidan muqaddam tutmoqdir.  

 


 

[1] Қутбул ақтоб – “қутблар қутби”. Қутб – комил инсон, Аллоҳнинг ер юзидаги “халифаси”, унинг инсоният билан алоқасида воситачи. Сўфийликда қутб ва бошқа юқори мартабаларга эришган шу каби зотлар ҳақидаги қайдлар Тустарий ва Ҳаким Термизий (9-а.) асарларида учрайди. 10–11 асрларга келиб, барча сўфийлар қутбни тан олишган, дейиш мумкин. Улар дунёда бир вақтнинг ўзида фақат бир қутб яшаши мумкин деб ҳисоблашган. Шу боис қутбни “замон қутби”, “замон соҳиби” ва “замон марди” деб тавсифлашган. Сўфийлар фикрича, қутб дунёда Аллоҳга маъқул келадиган тартиботни сақлаб туришга даъват этилган. Қутб оддий инсонлар каби оила қуради, молу дунё тўплайди, пайғамбарларнинг халифалари сифатида халқни тўғри йўлга йўллаб туради. Лекин одамлар уларнинг қутб эканлигани сезмайди. Қутб ҳақидаги таълимот Ибн Арабий ва унинг издошлари томонидан баён қилинган.

Qo‘shimcha malumot

SHAYX NAJMIDDIN KUBRO
Najmiddin Kubro – tasavvufning mashhur shayxlaridan biri, kubraviya tariqatining asoschisi. Uning to‘liq ismi Ahmad ibn Umar ibn Muhammad Xivaqiy Xorazmiydir.Najmiddin...
XOJA MUHAMMAD PORSO
Xoja Muhammad Porso mutasavvif, ulug‘ alloma, valiyulloh bo‘lgan. Uning to‘liq ismi – Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Hofiziddin Buxoriy bo‘lib,...
XOJA BAHOUDDIN NAQSHBAND
Xojagon silsilasining yettinchi piri Xoja Bahouddin Muhammad ibn Muhammad Naqshband Buxoriy 1318-yil Buxoro atrofidagi Qasri Hinduvon (hozirgi Buxoro viloyati Kogon...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry