03.02.2023
343

SHAYX NAJMIDDIN KUBRO

Najmiddin Kubro – tasavvufning mashhur shayxlaridan biri, kubraviya tariqatining asoschisi. Uning to‘liq ismi Ahmad ibn Umar ibn Muhammad Xivaqiy Xorazmiydir.

Najmiddin Kubro 1145-yilda Xiva shahrida dunyoga kelgan. Uning “Najmiddin”, “Kubro”, “Abul Jannob”, “Valiytarosh” kabi laqab, unvon va kunyalari bor. Farididdin Attor avliyolar haqida gapirar ekan, ularning bir necha toifaga bo‘linishini zikr etgan. Jumladan, ma’rifat ahli, muomalot ahli, muhabbat ahli, tavhid ahli, miskin faqirlar ahli va boshqalar. Ammo shunday shayxlar borki, ularda sanab o‘tilgan toifalarning bir qanchasining sifatlari jamlangan bo‘ladi. Shayx Najmiddin Kubro ham shunday insonlar sirasiga kiradigan murshid hisoblanadi.

Ahmad yoshligidan ilmga qiziqqan qobiliyatli inson bo‘lgan. U shariat ilmlarini puxta egallab, yigitlik pallasida tengqurlari bilan bo‘lgan barcha bahslarda hamisha g‘olib chiqqani uchun uni “Tammatul-Kubro” deya atashgan. Keyinchalik “Kubro” so‘zi laqab bo‘lib qolgan. Buning yoniga “Najmiddin” – “dinning yulduzi” degan martaba-unvon qo‘shilib, Ahmad ibn Umar shundan keyin Najmiddin Kubro nomi bilan mashhur bo‘lib ketadi. “Abul Jannob” so‘zi esa Najmiddin Kubroning kunyasi bo‘lib, mazkur so‘zning ma’nosi dunyodan parhez qilgan taqvodorning otasi degan ma’noni anglatadi. Boshqacha aytganda, shayxning taqvo va tavba posboni ekanligiga ishora. Abdurahmon Jomiyning yozishicha, Najmiddin Kubro Iskandariya shahrida muhaddis ulamolardan hadis ilmini o‘rganib qaytayotganida, yo‘lda bir kecha hazrati Payg‘ambar (s.a.v.)ni tushida ko‘radi va ul zotga murojaat qilib: “Menga kunya bag‘ishlang”, deydi. Rasululloh (s.a.v.) Najmiddinga: “Sening kunyang Abul Jannob – dunyodan ijtinob qilib (chetlanib), parhez etuvchi bo‘ladi”, deya marhamat qiladilar.

Aytishlaricha, Najmiddin shu bashoratdan keyin tasavvufga yuz burib, o‘ziga munosib piri murshid qidirishga kirishadi. “Valiytarosh” laqabini olishining sababi, u tarbiyalagan ko‘plab muridlarning valiylik darajasiga yetganidandir. Ya’ni bu so‘zning ma’nosi “valiylarni tarbiyalovchi” deganidir.

Najmiddin Kubro o‘z yurtida dastlabki ilmlarni olib bo‘lgach, taxminan o‘n olti, o‘n yetti yoshligida Xorazmni tark etib, bilimini oshirish maqsadida Eron, Misr, Shom va Iroq mamlakatlarida bo‘lib, hadis hamda fiqh ilmi bilimdonlari suhbatida bo‘ladi. Bilimga chanqoqligidan, qayerda nomdor olimning ovozasini eshitsa, darhol yo‘lga tushar, qidirgan kishisini topib, undan sidqidildan saboq olardi. Ustozidan ko‘ngli to‘lmagan hollarda, ijozat olib, yana yo‘lga tushgan. “Nasoimul-muhabbat”da keltirilishicha, Najmiddin Kubro Hamadon shahrida mashhur muhaddisdan hadis ilmini o‘rganayotgan paytida Iskandariya shahrida oliy sanadlar bilan hadis biladigan muhaddis borligini eshitib, Hamadondagi ustozidan ruxsat oladi va zudlik bilan Iskandariyaga jo‘naydi. Bir oy davomida ilmini oshirib, ustoz allomadan “ijoza” xati oladi va orqasiga qaytadi.

Najmiddin Kubro Bag‘dod, Tabriz, Nishopur, Tus, Dizful shaharlarida o‘z davrining mashhur olimlaridan fiqh, hadis va tafsir ilmlarini chuqur o‘zlashtirib, donishmand inson bo‘lib yetishadi. Lekin egallagan bilimlaridan qoniqmasdan, o‘z qalbida kechayotgan ruhiy iztirob va g‘alayonni anglashga harakat qilgan. Shariat ilmlarini egallash barobarida, Najmiddin Kubro tariqatdan xabardor bo‘lishga intilib, qator shayxlar suhbatidan bahramand bo‘ladi.

Uning tasavvufdan ustozlari Shayx Ro‘zbehon Misriy, Shayx Ammor Yosir va Shayx Ismoil Qasriylar ham uning tasavvufga ishtiyoqi balandligini anglaganlar va buni qo‘llab-quvvatlaganlar. Biroq tasavvufda riyozat chekmay, vajdiy holatlar sirini kashf etmasdan, maqsadga erishib bo‘lmasligini inobatga olib, ular zohiriy bilimlarga mahliyolik kayfiyati va shu kabi fikrlarini bartaraf etib, uni xilvatda o‘tirish, muroqabaga berilish, yangicha ruhiy-hissiy holatlar bilan yashashga, yangicha hayot tarzini qabul qilishga o‘rgatadilar. Najmiddin Kubroning mazkur ustozlarining barchasi Shayx Abulnajib Suhravardiyning muridlari hisoblanadi. Ularning har birining o‘ziga xos jihatlari bo‘lib, jumladan, Shayx Ammor Yosir solikning “noqislarni takmil etish va muridlarni tarbiyalashda, ularning tushlari va fikrlarini ta’bir etishda, ikkilanishlarini bartaraf etishda shuhrat qozongan” bo‘lsa, Shayx Ro‘zbehon Misriy “aksar vaqt istig‘roq (chuqur tafakkur) maqomida bo‘lib”, vajd va ilhom ichida yurar, ilohiy ma’rifatdan zavqi toshib, bu holatni muridlarga yuqtirardi. Shayx Ismoil Qasriy imo-ishoralar yo‘li bilan murid qalbini rom etib, botinini poklash va shu orqali ilohiyotga muhabbatni singdirishda mashhur bo‘lgan. Har uchala shayx ham tariqatni shariatdan tashqari deb tasavvur qilmaganlar.

“Najmiddin Kubro” nomli risolada Najmiddin Kubroning mazkur shayxlardan tahsil olish tartibi biroz boshqacha bayon qilingan. Najmiddin dastlab Misrga borib, Shayx Ro‘zbehon Misriydan, undan so‘ng Hamadonda Shayx Ammor Yosirdan, oxirida Ismoil Qasriydan tahsil oladi. Tahsili tugagach, Shayx Ismoil uni Xorazmga qaytib borib, u yerda tariqatni joriy etishni tavsiya qiladi. Shundan so‘ng, Najmiddin qaytib Misrga boradi va Ro‘zbehonga imtihon topshirib, “ijozat” xatini olgach, yurtiga qaytadi. Bu o‘rinda Najmiddin Kubro dastlab qaysi shayxning tarbiyasini olgan, degan masala muhim emas. Muhimi shuki, Najmiddinning yetuk shayx bo‘lib yetishgani va bunda mazkur uch insonning xizmati katta.

1185 yilda Najmiddin Kubro Xorazmga qaytar ekan, u olamga boshqacha nazar bilan qaraydigan, kamolot martabasi, donish darajasiga ko‘tarilgan, faqat kitoblardagi bilimlarni takrorlaydigan olimlar toifasidan qutulib, erkin-ozod mushohada etadigan va hikmat ayta oladigan shayx martabasida kirib boradi.

Najmiddin Kubro yuksak obro‘ga ega bo‘lsa ham, kamtarona hayot kechirgan. Uning muridlari Eron, O‘rta Osiyo, Arabiston, Kavkaz, Shom, Iroqning turli joylaridan kelib tahsil olganlar. Islomshunos olim Najmiddin Komilovning ta’kidlashicha, mo‘g‘ullar istilosi arafasida shayxning muridlari to‘rt yuzdan ortiq bo‘lgan. Ular orasida nomlari tarixda qolgan, o‘zlari ham katta shayx darajasiga ko‘tarilgan bir necha kishilar bor. Ular: Shayx Majididdin Bag‘dodiy, Shayx Sa’diddin Hamaviy, Shayx Sayfiddin Boxarziy, Bobo Kamol Jandiy, Shayx Rizouddin Ali Lolo, Shayx Najmiddin Roziy, Shayx Jamoliddin va boshqalar. Bundan tashqari, Nuriddin Abdurahmon Isfaroiniy, Abulmakorim Rukniddin Alouddavla, Ahmad ibn Muhammad Biyoboniy ham bevosita bo‘lmasa-da, biroq nisba bo‘yicha Najmiddin Kubro muridlaridandir. Alisher Navoiyning yozishicha, Mavlono Jaloliddin Rumiyning otasi Bahouddin Valad ham uning muridi bo‘lgan.

Nomlari tilga olingan shayxlarning har biri tasavvuf tarixida o‘z mavqeiga ega, ko‘plari yangi silsilani asoslaganlar.

Najmiddin Kubroning Xorazmdagi so‘nggi hayoti o‘ta og‘ir, shiddatli va murakkab sharoitda kechadi. Bu davrda mo‘g‘ullarning Movarounnahrga qilayotgan hamlalari kuchayib, yirik shaharlarni birin-ketin beayov bosib olayotgan edi. 1221 yilda mo‘g‘ullar Xorazmga bostirib kiradi. Najmiddin Kubro vatan himoyasi vaqtida shahid bo‘ladi. Uning maqbarasi Ko‘hna Urganch (Turkmaniston)da joylashgan bo‘lib, arab sayyohi Ibn Battuta Xorazmga safar qilganda, Urganch shahridan chiqaverishdagi zoviyada Kubroning maqbarasi va boshqa ulug‘larning mozorlarini ko‘rganini yozadi.

 

Najmiddin Kubro o‘gitlari

Vaqtni “essiz”, “qaniydi”, “koshkiydi”lar bilan o‘tkazgan kishining umri eng qisqa umr ekan.

***

Yo Vatan, yo sharafli o‘lim!

***

Ko‘rdimki, umr va dunyodan ko‘ra tez shoshilib, yo‘q bo‘lib ketadiganroq, o‘lim va oxiratdan ko‘ra yaqinroq, orzudan ko‘ra uzoqroq, xotirjamlikdan ko‘ra go‘zalroq narsa yo‘q ekan.

 

Qo‘shimcha malumot

XOJA MUHAMMAD PORSO
Xoja Muhammad Porso mutasavvif, ulug‘ alloma, valiyulloh bo‘lgan. Uning to‘liq ismi – Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Hofiziddin Buxoriy bo‘lib,...
ALOUDDIN ATTOR
Alouddin Attor naqshbandiya tariqatining “Oltin silsila”sida o‘n yettinchi o‘rindan joy olgan bo‘lib, u Xoja Bahouddin Naqshbandning xalifasi edi. To‘liq ismi...
XOJA BAHOUDDIN NAQSHBAND
Xojagon silsilasining yettinchi piri Xoja Bahouddin Muhammad ibn Muhammad Naqshband Buxoriy 1318-yil Buxoro atrofidagi Qasri Hinduvon (hozirgi Buxoro viloyati Kogon...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry