03.02.2023
555

XOJA ALI ROMITANIY

Xojagon silsilasining to‘rtinchi piri, Xoja Ali Romitaniy Romitanning Qo‘rg‘on qishlog‘ida tavallud topgan. “Hazrat Azizon” va “Xojayi Azizon” laqablari bilan mashhur bo‘lgan shayx baland bo‘yli,  nurli, xushsurat kishi bo‘lgan. Ali Romitaniy mato to‘qir, shuning ortidan kun kechirardi. U zohirda xalq bilan, botinda esa Haq (Alloh) bilan birga bo‘lgan. Ali Romitaniy yuksak ma’naviy xulq sohibi bo‘lib, karomatlari ko‘p edi. 

Xoja Ali Romitaniy o‘z davrida insonlarni ilmu ma’rifat, saxiylik, odamiylik, adolat va mehr-muhabbatga chaqirgan, pok luqma topish, birovga yuk bo‘lmaslik, yetim-esirlar boshini silashga tashviq etgan. Mutasavvif olimlar ta’biricha, oriflarning asli suvdan, ular ma’rifat ahlidandirlar. Suvning o‘zi toza va pok, ham poklovchi bo‘lganidek, oriflar ham suv kabi pokiza va poklovchidirlar. Ular ham o‘zlarini, ham boshqalarni poklaydilar. Mana shunday fazilat sohibi Xoja Ali Romitaniyning hayoti, hikmatlari va ezgu amallari bugun biz uchun saboq va ibratdir.

Romitaniy ustozi Mahmud Anjir Fag‘naviyning xizmatini ixlos bilan ado etgan eng sadoqatli, ulug‘ shogirdlaridan biri bo‘lib yetishdi. Shu sababli uning vafotidan so‘ng xojagonlik silsilasini boshqargan. “Silsilai sharif”da o‘n uchinchi halqa piri hisoblanadi. 

Uning to‘rt xalifasi – Xoja Muhammad Kulohdo‘z, Xoja Muhammad Halloj Balxiy, Xoja Muhammad Bovardiy va Xoja Muhammad Bobo Samosiy bo‘lgan. U o‘limi oldidan Xoja Muhammad Bobo Samosiyni o‘z o‘rniga qoldirib, barcha murid va xalifalarni uning tobeligiga topshiradi.

Xoja Ali Romitaniydan “Xojayi Xurd” (“Kichkina Xoja”) laqabi bilan mashhur Xoja Muhammad hamda Xoja Ibrohim ismli ikki o‘g‘il qolib, ularning har ikkisi diniy ilmlarda olimlik, tasavvufda esa oriflik va valiylik darajalariga yetgan. Romitaniy vafoti oldidan kichkina o‘g‘li Xoja Ibrohimga irshod ruxsatini beradi. Uning ayrim izdoshlari Xoja nega xalifalikni Ibrohimga topshirdilar, deb o‘ylashadi. Buni sezgan Azizon: “Irshod ruxsati to‘ng‘ich farzandim, ya’ni Xoja Muhammadning haqi edi. Bu farzandim mendan keyin bu dunyoda ko‘p qolmaydi”, deya javob beradi. “Xazinatul-asfiyo” muallifining yozishicha, Ali Romitaniy vafotlaridan 40 kun o‘tgach, Kafaviyning naqliga ko‘ra esa, Azizon ushbu so‘zlarni aytganlaridan so‘ng 17 kun o‘tib, Xoja Muhammad vafot etadi. 

Xoja Azizon Romitanda bir necha yil ilm tarqatgach, so‘ng Bovardga (Bovard, Abivard – O’rta asrlarda bugungi Turkmaniston hududining Janubi-sharqiy qismida joylashgan qadimiy shahar) ko‘chadi, u yerda ham muridlar tarbiyalaydi. Nihoyat Xorazmga borib, o‘sha yerda muqim yashaydi. Bu haqda Xoja Azizonning o‘g‘li Xoja Ibrohim tasniflagan kitobida otasining Bovardda yashagan kezlari xonaqoh va uy qurgani, shu sababli uni “Xoja Ali Bovardiy”, xorazmliklar “Xoja Ali Xorazmiy”, buxoroliklar esa “Xoja Ali Buxoriy Romitaniy” deb atashganini eslatib o‘tadi. Muhammad ibn Nizom Xorazmiy Arzangiy ham Azizon yashagan manzillar, ya’ni Romitan, Bovard va Xorazmdagi uylarini borib ko‘rganini yozadi. 

Romitaniyning Xorazmda xojagon-naqshbandiya tariqatini keng yoyish borasidagi faoliyati muvaffaqiyatli kechadi. Faxriddin Ali Safiyning yozishicha, Romitaniy bir go‘shada o‘tirganicha, o‘ziga muridlar chorlash orqali xojagon ta’limoti targ‘ibini boshlaydi. 

Xoja Ali har bir kishini “azizon” (“ulug‘lar”, “ulug‘larim”, “ulug‘im”) deb ulug‘lagani sabab unga shunday laqab berishgan. Manoqib kitoblari mualliflari Xoja Ali Romitaniyning tom ma’noda ulug‘ so‘fiylardan bo‘lganligini isbotlash maqsadida Jaloliddin Rumiy qalamiga mansub quyidagi baytning aynan unga bag‘ishlab yozilganini ta’kidlashadi:

Gar na ilmi hol favqi qol budiy, kay shudiy

Banda a’yoni Buxoro Xojayi Nassojro?

Mazmuni: Hol ilmi qol ilmidan ustun bo‘lmaganida edi, Buxoro a’yonlari to‘quvchi Xojaga qullik qilgan bo‘larmidilar?!

Ali Romitaniyning “Risolayi Hazrat Azizon” (“Hazrat Azizon risolasi”) asarida uning tasavvuf borasidagi qarashlari joy olgan. Pirning qit’alari va ruboiylari ayrim manoqib kitoblarida keltirilgan.

Muhammad ibn Nizom Xorazmiy Arzangiy Azizon vafotidan so‘ng o‘g‘li Xoja Ibrohim otasi o‘rniga uning vazifa va virdlarini davom ettirayotgani, muridlaridan biri undan Mavlono Jamoliddin sarrof otasi to‘g‘risida aytilgan so‘zlarni yozishni iltimos qilgani va u pir haqidagi naqllarning barchasini tazkira sifatida jamlaganini eslatib o‘tadi. Shuningdek, Muhammad ibn Nizom Balx shahriga borganida Xoja Azizonning so‘zlarini topib o‘qigani va ularni o‘zining asarida yozganini bayon etgan. Asar ikki bobdan iborat: birinchi bob Xoja Ibrohimning risolasidan, ikkinchi bob Ibrohim risolasiga kiritilmagan so‘zlar va voqealardan tashkil topgan.   

Manbalarda Ali Romitaniy 130 yil umr ko‘rgani aytilgan. “Rashahot”da yozilishicha, Romitaniy 1310-yil, “Hujjatus-solikin” va “Matlabut-tolibin”da 1315- yil, “Maqomoti Shohi Naqshband”da ta’kidlanishicha, 1321-yili Xorazmdagi Toshhovuz (hozirgi Turkmaniston hududi)ning Ko‘hna Urganchida olamdan o‘tgan va o‘sha yerda dafn etilgan. 

Istiqlol yillarida Xoja Ali Romitaniy maqbarasi obod ziyoratgohga aylantirildi. U yerda darvozaxona, jome masjidi, maqbara, milliy uslubda qurilgan ayvon, hovuz va toshquduq, mehmonxona hamda oshxona bunyod etildi. Yaqin yillarda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qayta obodonlashtirildi. Uch gumbazlik yangi kirish darvozasi, hovuz, balandligi 16 metrli minora, Hazrat Ali Romitaniy qabrlari ustiga maqbara, erkak va ayollar uchun tahoratxona, kutubxona qurib bitkazildi. Ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida yo‘llar ta’mirlanib, mehmonlar uchun avtoturargoh ham tashkil qilindi. Ziyoratgoh hududidagi masjid qayta ta’mirlanib, namozxonlar ixtiyoriga topshirildi.

 

Xoja Azizon Romitaniy o‘gitlari

“Agar yer yuzida Abdulxoliq G‘ijduvoniy farzandlaridan biri bo‘lganda edi, Mansur Xalloj aslo dorga osilmas edi”.

***

Shayx Hasan Bulg‘oriyning muridi Shayx Badriddin Hazrat Azizondan: “Ey mo‘minlar, Allohni ko‘p zikr qilinglar”(Ahzob surasi, 41-oyat) oyatidagi zikrni tilda aytgan afzalmi yoxud dilda aytgan afzalmi?” deb so‘radilar. Hazrat Azizon: “Boshlovchilar uchun til, muntahiy (oxirga yetganlar) uchun dil zikri hisoblanadi. Muntahiylar dil zikriga yetganidan so‘ng zikr dil orqali butun a’zolarga tarqaladi va har bir uzv (band), vujudning har bir a’zosi zikrga g‘arq bo‘ladi. Zikrning ko‘payishi shundan bo‘lur. Bul maqomda zikr o‘zgalarning bir oylik zikriga barobardir”, dedilar. 

* * *

Xoja Alidan so‘radilar: “Imon nadur?” Ali Romitaniy: “Uzmoq va ulamoqdir!”

(“Uzmoq va ulamoq”dan maqsad shuki, solik dunyodagi o‘tkinchi orzu-havaslardan, behuda xayollardan ko‘nglini uzsin va ko‘nglini Haq taologa bog‘lasin).

* * *

Inson doimo xayrli ishlar qilishi, lekin “qilmadim” deb hisoblashi kerak.

* * *

“Tavba qiling!” oyatini quyidagicha sharhlaganlar: “Ushbu oyati karimada ham ishorat bor, ham bashorat bordir. Ishorat tavba etmoqqa, bashorat esa tavbaning qabul bo‘lishigadir. Agar Alloh tavbani qabul etmasaydi, tavba qilmoqqa hargiz buyurmasdi”. 

* * *

Amal etmak kerak va etmagandek xayol etmak lozim hamda o‘zini muqassir (noqis) ko‘rmak va amalni yangi boshdin etmak zarur.

* * *

Ikki narsaga ehtiyot bo‘ling: ovqatlanayotganda va so‘zlashayotganda.

* * *

Mag‘iz po‘stning himoyatidadir. Agar po‘stga nuqson yetsa, mag‘izga ham ta’sir qiladi. Agar shariatda nuqson bo‘lsa, tariqatga nuqson yuzlanadi.

* * *

O‘z nuqsonlarini ko‘rib, Allohdan mag‘firat so‘ragan (kishi) eng yaxshi bandadir.

 

Qo‘shimcha malumot

SHAYX NAJMIDDIN KUBRO
Najmiddin Kubro – tasavvufning mashhur shayxlaridan biri, kubraviya tariqatining asoschisi. Uning to‘liq ismi Ahmad ibn Umar ibn Muhammad Xivaqiy Xorazmiydir.Najmiddin...
XOJA MUHAMMAD PORSO
Xoja Muhammad Porso mutasavvif, ulug‘ alloma, valiyulloh bo‘lgan. Uning to‘liq ismi – Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Hofiziddin Buxoriy bo‘lib,...
ALOUDDIN ATTOR
Alouddin Attor naqshbandiya tariqatining “Oltin silsila”sida o‘n yettinchi o‘rindan joy olgan bo‘lib, u Xoja Bahouddin Naqshbandning xalifasi edi. To‘liq ismi...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry