03.02.2023
552

XOJA ABDULXOLIQ G‘IJDUVONIY

Buxorodagi yetti pirning birinchisi, musulmon sharqida mashhur tariqat – xojagon-naqshbandiya silsilasi asoschisi Abdulxoliq G‘ijduvoniy taxminan 1103- yili Buxoro yaqinidagi G‘ijduvonda dunyoga kelgan. 

Manbalarning guvohlik berishicha, uning otasi imom Abduljamil imom Molik avlodidan bo‘lib, o‘z davrining zohiriy va botiniy ilmlarida dong taratgan ulug‘ donishmandlaridan biri edi. 

Abdulxoliq G‘ijduvoniyning ota-onasi asli rum (Vizantiya)lik bo‘lib, vaziyat taqozosi bilan Movarounnahrga ko‘chib kelgan. “Matlabut-tolibin” va “Maqomoti Yusuf Hamadoniy” asarlarida zikr etilishicha, Abduljamil 113 yoshida ham farzand ko‘rmaydi, uzoq yillik iltijolaridan so‘ng Alloh taolo unga o‘g‘il farzand ato etadi.

Abdurahmon Jomiyning “Nafaxotul-uns”, “Bahoriston”, Alisher Navoiyning “Nasoyimul-muhabbat” va yana o‘nlab tazkira kitoblarida boshqa ulug‘ mashoyixlar qatori Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy ham yuksak ehtirom ila tilga olingan. Bu asarlarda Xojai Jahonning tutgan yo‘li tariqatda hujjat va namuna hisoblangani, haq bilan nohaqni ajratuvchi, adolatli kishilar nazdida maqbul va mo‘‘tabar ekani, hamisha sadoqat va poklik yo‘lida yurgani, shariat va sunnatga rioya qilib, turli bid’atu xurofotlarga qarshi tinimsiz kurashgani qayd etiladi.

U ilk ta’limni otasidan olgan. Besh yoshga to‘lgach, Buxoro olimlaridan biri imom Sadriddindan Qur’oni karim, tafsir ilmlarini o‘rganadi. To‘qqiz yoshda Qur’onni yod oladi, o‘n yoshidan boshlab esa so‘fiylarning zikr majlislarida ishtirok eta boshlaydi. Yosh Abdulxoliqda so‘fiylikka bo‘lgan qiziqish ustozi imom Sadriddindan ta’lim olgan chog‘lari yanada yorqinroq namoyon bo‘ladi. 

Abdulxoliq 22 yoshga to‘lgach, Buxoroga kelgan o‘sha davrning mashhur shayxi Xoja Yusuf Hamadoniy bilan uchrashib, unga shogird tushadi. Xoja Yusuf Hamadoniyning Abdulxoliq G‘ijduvoniydan tashqari, Xoja Abdulloh Barraqiy, Xoja Hasan Andoqiy, Xoja Ahmad Yassaviy kabi islom olami va tariqat tarixida mashhur shogirdlari ham bo‘lgan.

Abdulxoliq G‘ijduvoniy ustozi Xurosonga qaytib ketguniga qadar uning xizmatida bo‘lib, xojagon tariqati usullarini mukammal egallaydi (xojagon tariqatini garchand Xoja Abdulxoliq asoslagan bo‘lsa-da, uning urug‘larini tasavvufning yirik namoyandasi, buyuk olim Xoja Yusuf qadagan) va ko‘p o‘tmay o‘zi ham yirik tasavvuf olimiga aylanadi.

Yusuf Hamadoniy Movarounnahrdan Xurosonga qaytganidan so‘ng Abdulxoliq G‘ijduvoniy bir muddat riyozatga berilib, nafs tarbiyasi bilan shug‘ullanadi va natijada, karomat sohibi bo‘lgan valiy darajasiga yetishadi. Biroq valiyligi va karomatlarini boshqalardan yashiradi. 

Manbalarda keltirilishicha, Xoja Yusuf Hamadoniy o‘limidan oldin o‘zidan keyin Xoja Abdulloh Barraqiy, undan keyin Xoja Hasan Andaqiy, undan so‘ng Xoja Ahmad Yassaviy xalifa (pirning o‘rinbosari darajasiga yetgan murid) bo‘lishi, Xoja Ahmad Turkistonga ketgach esa uning o‘rnini Abdulxoliq G‘ijduvoniy egallashi lozimligini vasiyat qiladi. Hamadoniy vasiyatiga muvofiq, Xoja Ahmad Yassaviy ma’lum muddat Buxoroda tariqat rahbarligini qo‘lda tutgach, Yassiga qaytarkan, ustozi vasiyatiga binoan, muridlarini Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniyga topshiradi. Shundan so‘ng Buxoroda murshidlik qila boshlagan G‘ijduvoniyning muridlari safiga oddiy xalq qatori, ko‘plab amaldorlar, hatto Buxoro hukmdorlaridan Muhammad Umar Sadr ham qo‘shiladi. Xoja Abdulxoliqning obro‘-martabasi faqatgina O‘rta Osiyo hududi bilan cheklanmaydi, Shom diyorida ham u xonaqoh barpo etib, muridlar tarbiyasiga jiddiy bel bog‘lagani qayd etiladi. 

Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniyning buyuk xizmati – uning yangi bir tariqatga asos solgani bilangina belgilanmaydi. U Xojagon tariqati vositasida tariqatni Muhammad (s.a.v.) sunnatlariga muvofiqlashtirdi, uni turli bid’at va botil qarashlardan tozaladi. Shariatga amal qilish, undan chekinmaslikni asosiy qoidaga aylantirdi, tarkidunyo va xilvatni rad etib, jamoatga qo‘shilishni shart qilib qo‘ydi. Alloh muhabbati deb, dunyodan kechmaslikka da’vat etdi. Halol luqma – har kim o‘z mehnati ortidan kun ko‘rishi zarurligini tariqatning asosiy talabi, deya belgiladi. Bu tariqat taqvoni ro‘kach qilib, haddan oshishni ma’qullamadi. Axloq masalasi qat’iy qilib qo‘yildi. Bularning bari tasavvuf taraqqiyotida muhim o‘rin tutdi.

Bahouddin Naqshbandga nisbat beriluvchi mashhur “Dil ba yoru dast ba kor!” – “Ko‘ngling Allohda, qo‘ling ishda bo‘lsin!” shiori ham g‘oya sifatida dastlab Abdulxoliq G‘ijduvoniy tomonidan ilgari surilgani bejiz emas. Xojagon-naqshbandiya tariqatining hayotiy shart-sharoitlar va insoniy imkoniyatlarni hisobga olishi uning hamma zamonlar va barcha tabaqalar talabiga javob beradigan, zamini mustahkam tariqat ekanidan dalolat beradi. Shariat me’yorlariga solingan, bid’at va nuqsonlardan xoli Abdulxoliq G‘ijduvoniy yo‘lining asrlar osha tariqatda hujjat va maqbul yo‘l, deb e’tirof etilayotgani, shuningdek, Turkiston, Eron, Afg‘oniston, Hindiston, Turkiya, Iroq, hatto Shimoliy Afrikada keng tarqalgani va hozir ham dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida faoliyat ko‘rsatayotgani sababi aynan shunda. 

Abdulxoliq G‘ijduvoniydan bir necha hajman kichik asarlar qolgan. Ularda xojagon-naqshbandiya tariqatining Bahouddin Naqshbandgacha bo‘lgan davridagi – xojagoniya bosqichidagi nazariy asoslar, jumladan, o‘n bir qoidadan sakkiztasi, so‘fiylik maqomlari va hollari hamda tariqatdagi so‘fiylar rioya etishi lozim bo‘lgan shartlar va odob-axloq mezonlari bayon etilgan. Mazkur asarlar quyidagilardan iborat:

1. “Maqomoti Xoja Yusuf Hamadoniy” (“Xoja Yusuf Hamadoniy maqomlari”). “Risolayi Sohibiya” (“Sohibiya risolasi”) deb ham ataluvchi ushbu asar aslida Abdulxoliq G‘ijduvoniyning piri Xoja Yusuf Hamadoniyning hayoti, faoliyati va g‘oyalariga bag‘ishlangan bo‘lsa-da, unda G‘ijduvoniyning nasabi, tavalludi, hayoti va faoliyati, jumladan, so‘fiylik yo‘liga kirib, Hamadoniyga shogird tushishi to‘g‘risida ham ma’lumotlar keltirilgan. 

2. “Odobi tariqat” (“Tariqat odoblari”). “Vasiyatnoma” va “Risolayi vasoyo” (“Vasiyatlar risolasi”) nomlari bilan ham mashhur bo‘lgan bu asar Abdulxoliq G‘ijduvoniyning Xoja Avliyoyi Kabir nomi bilan mashhur bo‘lgan o‘z xalifasiga atab yozgan nasihatnomasi bo‘lib, unda tariqatda bo‘lish odoblari bayon etilgan.

3. “Az guftori Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy” (“Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniyning aytganlaridan”). Noma’lum muallif tomonidan tartib berilgan ushbu asarda Abdulxoliq G‘ijduvoniyning sayru suluk (Xudoga yetishish maqsadida ruhiy kamolot sari yo‘l yurish) bosqichlari va shartlari to‘g‘risida aytgan hikmatli so‘zlari bayon etilgan.

4. Ruboiylar. Abdulxoliq G‘ijduvoniy go‘zal so‘fiyona ruboiylar muallifi sifatida ham mashhur bo‘lsa-da, ularning juda ham oz qismi – 15 ta ruboiy boshqa mualliflarning asarlari, jumladan, “Maqomoti Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy va Xoja Orif Revgariy”, “Tazkirayi naqshbandiya” tazkiralari va boshqa asarlar tarkibida bizgacha yetib kelgan. 

Abdulxoliq G‘ijduvoniy taxminan 1179 yili G‘ijduvonda olamdan o‘tadi va ana shu yerda, onasi qabrining oyoq tomoniga dafn etiladi. Uning qabri yonida Mirzo Ulug‘bek qurdirgan madrasa hozirgi kungacha saqlangan.

Sohibqiron Amir Temur Xitoy urushidan qaytgach, Abdulxoliq G‘ijduvoniy sharafiga madrasa va maqbara qurdirishni ko‘ngliga tugadi, ammo vafoti sabab niyatiga erisha olmaydi. Mirzo Ulug‘bek bobosining ezgu niyatini amalga oshiradi va 1433 yili G‘ijduvon shahrida “Ulug‘bek” nomli madrasa, kutubxona va toshhammom qurdiradi. Buxoro amiri Abdullaxon esa Abdulxoliq G‘ijduvoniy sharafiga masjid, minora va hovuz barpo etadi.

2003 yil Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniyning 900 yillik tavalludi munosabati bilan ziyoratgohda keng ko‘lamli obodonchilik ishlari amalga oshirildi. Jumladan, Abdulxoliq G‘ijduvoniy qabri tepasida o‘n ustunli ayvon yangidan barpo qilindi. Bu hazratning silsilai sharifda o‘ninchi o‘rinda turganining ramziy belgisi edi. Maqbara yonida bir ming besh yuz kishilik jamoani o‘z ichiga oladigan yangi jome’ masjid qurib berildi. Sho‘rolar davrida ko‘mib tashlangan hovuz va quduq qayta ochildi. Masjid va majmua atrofida 4 gektarli ko‘rkam xiyobon barpo qilindi. Bugungi kunda mo‘min-musulmon yurtdoshlarimiz hamda chet ellik sayyohlar uchun barcha qulaylik va shart-sharoitlar hozirlangan. 

 

Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy o‘gitlari

Xoh oshkora, xoh pinhona bo‘lsin, xoh Qur’onga qarab, xoh yoddan bo‘lsin, Qur’on o‘qishni aslo tark etma. Qur’onni fikr bilan, qo‘rquv va yig‘i bilan o‘qi. Barcha ishlarda Qur’onga ruju’ qilgilki, Qur’on xalq uchun Haq taoloning hujjatidir.

* * *

Ilm qidirishdan bir qadam ham uzoqlashma, fiqh va hadis ilmini o‘rgan. Taqlidchi so‘fiylardan uzoq yurginki, ular din yo‘lining o‘g‘rilari va musulmonlarni yo‘ldan uruvchilardir.

* * *

Hamisha sunnatga amal qil, o‘tmishdagi ulug‘ ulamolarning mazhab (yo‘llar)idan yurginki, (dinning asllaridagi) har qanday bid’at makruhdir. 

* * *

Aslida zuhd shundayki, dunyoning tamomi moli uning qo‘lida bo‘lsa ham, dilida molu dunyoga zarracha mehr qo‘ymaydi. Bunday kishi yetukdir. Uning moli dindur.

* * *

Senga ahli sunna val jamoaga ergashishni vasiyat qilaman. Sunnat yo‘liga qadam tashla. Senga ahli sunna val jamoa e’tiqodiga zid g‘oya berishsa, u sunnat va jamoatga xilofdir. U – zalolat (adashish).

* * *

 Insonlardan biron narsa tama qilma! Javonmard, saxiy bo‘l. Alloh taolo senga in’om etgan ne’matlardan xalqqa ehson qil!.

 

Qo‘shimcha malumot

SHAYX NAJMIDDIN KUBRO
Najmiddin Kubro – tasavvufning mashhur shayxlaridan biri, kubraviya tariqatining asoschisi. Uning to‘liq ismi Ahmad ibn Umar ibn Muhammad Xivaqiy Xorazmiydir.Najmiddin...
XOJA MUHAMMAD PORSO
Xoja Muhammad Porso mutasavvif, ulug‘ alloma, valiyulloh bo‘lgan. Uning to‘liq ismi – Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Hofiziddin Buxoriy bo‘lib,...
ALOUDDIN ATTOR
Alouddin Attor naqshbandiya tariqatining “Oltin silsila”sida o‘n yettinchi o‘rindan joy olgan bo‘lib, u Xoja Bahouddin Naqshbandning xalifasi edi. To‘liq ismi...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry