28.08.2022
673

VII-VIII ASRLARDA HADISLAR YOZMA JAMLANISHINING O‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI (davomi)

Hadislarning yozma jamlanish tarixi borasida tadqiqotchilar tomonidan turli fikrlar bildirilgan. Jumladan, hadislarni o‘rgangan olim Abison Mutayriy o‘zining “Tarix tadvin as-sunna va shubuhat al-mustashriqin” nomli asarida hadislarning yozma jamlanish tarixini kitobat (تصنيف) tasnif), تأليف) ta’lif), تدوين) tadvin), كتابة) bosqichlariga ajratgan holda tadqiq qilgan (Mutayriy, 2002). Mazkur bosqichlar ma’lum muddat davom etgan tarixiy davr bo‘lib, ularning har birida hadislarning yozilishi va jamlanishi o‘ziga xos ko‘rinishda kechgan. Mazkur atamalarning har biri o‘ziga xos mazmun-mohiyatga ega bo‘lib, jumladan, “kitobat” biror narsaga yozilgan so‘z yoki raqamni, “tadvin” yozuvlarni bir joyga jamlashni, “ta’lif” turli mavzularga oid yozuvlarni bir joyga jamlashni, “tasnif” esa yozuvlarni bob va fasllarga ajratilgan holda, ya’ni muayyan tartibga solingan hamda tizimlashtirilgan shaklda jamlashni ifodalaydi (G’avriy, 2009:57–58).

Mutayriyning keltirishicha, hadislar yozma jamlanish tarixining kitobat bosqichi hijriy birinchi yilda boshlanib, so‘nggi sahobiy xalifa Abdulloh ibn Zubayrning vafotiga qadar, ya’ni hijriy 83 yilgacha davom etgan (Mutayriy, 2002:35). Ushbu davrda sahobiylar tomonidan shartnomalar, vasiqalar, maktublar va fiqhiy masalalarning yechimlari yozib borilgan. Jumladan, sahih to‘plamlarda Abu Bakr (632–634) zakot masalasiga oid hadisdan nusxa ko‘chirtirib, zarur bo‘lganda undan foydalanganiga oid ma’lumotlar berilgan (Buxoriy, 1997:309). Umar ibn Abdulaziz (681–720) Madina shahri voliysi sifatida faoliyat ko‘rsatganida Solim ibn Abdulloh (vaf. 724)dan ushbu nusxani so‘rattirib olgani ma’lum. Shu bilan bir qatorda, umaviy hukmdor Hishom ibn Abdulmalik (724–743) undan bir nechta nusxa ko‘chirtirib, xalifalik tarkibidagi o‘lkalarga amaliy qo‘llanma sifatida tarqattirgan. Ali ibn Abi Tolib (656–661)da ham ayrim fiqhiy masalalarga oid hadislar yozilgan sahifa bo‘lgan (Sibo’iy, 2000:41).

Sahobiylar orasida Abdulloh ibn Amr, Abdulloh ibn Mas’ud (vaf. 652), Abdulloh ibn Abbos (619–687), Anas ibn Molik (613–711) kabilar hadislarni yozma jamlashda qolganlarga nisbatan faolroq bo‘lganlar. Qibtiy (vaf. 660), Sa’d ibn Uboda Ansoriy (vaf. 635), Abu Muso Ash’ariy (vaf. 664), Samura ibn Jundub (vaf. 677), Abu Rofe’, Abu Hurayra (603–678), Jobir ibn Abdulloh (606–697), Abdulloh ibn Abu Avfa (vaf. 705), Hammom ibn Munabbih (660–750), Abdulloh ibn Amr, Abu Salama Nubayt ibn Sharit Ashjaiy kabilarda esa o‘zlarining shaxsiy sahifalari mavjud bo‘lgan (G’avriy, 2009:76–77). Ular orasidan Abdulloh ibn Amr, Anas ibn Molik, Sa’d ibn Uboda, Samura ibn Jundub kabilar hadislarni yozib borish uchun shaxsan Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan ruxsat so‘raganlar (Mutayriy, 2002:41–45). 

Yuqorida keltirilgan ma’lumotlar hadis-larning Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tirikligidayoq sahobiylar tomonidan yozila boshlanganini ko‘rsatadi. Jumladan, Abu Bakr Anas ibn Molikka zakot masalalariga oid, Umar ibn Xattob Utba ibn Furqad va Abu Ubayda ibn Jarroh (584–639)ga, Ali ibn Abi Tolib Usmon ibn Affon (576–656)ga, Oisha bint Abu Bakr (vaf. 678) Muoviya ibn Abu Sufyon (608–680) ga, Abdulloh ibn Zubayr (623–693) Utba ibn Mas’udga hadislar yozilgan xatlarni yuborganlari manbalarda qayd etilgan (Mutayriy, 2002:46-47). Biroq VII asrning birinchi yarmida hadislar kitob shaklida jamlanmagan holatda bo‘lganini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. 

Shuni ta’kidlash kerakki, ilk hadis to‘plam-lari muayyan fiqhiy masalaga oid hadislarni o‘zida jamlagan “juz” (جزء – (ko‘plik shakli “ajzo’” (أجزاء (ko‘rinishida bo‘lib, “qism”, “bo‘lak” degan ma’nolarni anglatadi – kitoblaridan iborat bo‘lgan. Ushbu to‘plamlarning o‘ziga xos xususiyati sifatida shuni aytish mumkinki, ularda faqat bitta mavzuga oid hadislar qamrab olingan edi. Jumladan, Zayd ibn Sobit (611–665)da faroiz, Jobir ibn Abdullohda haj masalalariga oid hadislar jamlangan mana shunday to‘plamlar bo‘lgani ma’lum (Mutayriy, 2002:39–40).

VII asrning o‘rtalariga kelib, musulmon jamiyatlarida sodir bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy hodisalar, shu jumladan, hadislarni yoddan bilgan sahobiylarning vafot eta boshlashi, yangi yuzaga kelgan masalalarning yechimlarini topishga bo‘lgan urinish, sunnani turli salbiy tashqi omillardan himoya qilish zarurati natijasida hadislarni tadvin qilish ehtiyoji paydo bo‘ldi.

Shu tariqa, VII asrning oxirlariga kelib, hadislarni tadvin qilish jarayoni boshlandi (Madani, 2010:18–19).

Manbalarda hadislarni yozma jamlashga rasmiy buyruq bergan ilk shaxs sifatida Umar ibn Abdulazizning nomi zikr etilgan (J.Hamroqulov,  2014). Biroq aslida bunga qadar ham rasmiy  doirada ushbu ishni amalga oshirishga bo‘lgan harakatlar kuzatilgan. Jumladan, Umar ibn Abdulazizning otasi Abdulaziz ibn Marvon (vaf. 705) hamda bobosi Marvon ibn Hakam (623–685)lar hadislarni yozma jamlash bo‘yicha rasmiy topshiriq berganlar.

Ma’lumki, Abdulaziz ibn Marvon Misrda voliy bo‘lib faoliyat ko‘rsatayotganida tobein-lardan bo‘lgan Kasir ibn Murraga xat yozib, undan Abu Hurayradan boshqa roviylar naql qilgan hadislarni yozib yuborishini so‘raydi. Chunki Abu Hurayra tomonidan rivoyat qilingan hadislar bunga qadar Marvon ibn Hakam tomonidan yozdirib olingan edi. Bunga o‘xshash misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Umuman, hadislarni tadvin qilish jarayoni sahobiylar davrining oxirlarida boshlanib, tobeiylar tomonidan davom ettirilgan. Jumladan, sahobiylarning shogirdlaridan bo‘lgan Makhul (vaf. 730), Zuhayriy, Robia ibn Abdurahmon (vaf. 759) kabilar hadislarni tadvin qilganlar. Ushbu jarayon o‘sha vaqtda sahobiylar mavjud bo‘lgan barcha shahar va qishloqlarni qamrab olgan bo‘lib, asosan, tahorat, namoz, zakot va boshqa ibodat  masalalariga oid hadislarni jamlash qiziqish kuzatilgan.

Shuni alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, ushbu davrda hadislarni tadvin qilish rasmiy va ilmiy yo‘nalishlarda kechgan. Xalifa va voliylar tomonidan chiqarilgan buyruqlar ham hadislarning yozilish jarayonini tezlashtirgan. Bu haqda sunnani birinchilardan bo‘lib yozgan shaxslardan biri Abu Bakr Muhammad ibn Muslim  Zuhriy (671–741) quyidagi ma’lumotni keltiradi: “Umar ibn Abdulaziz bizga sunnani yozma jamlash vazifasini topshirdi. Biz ularni daftarlarga jamladik. So‘ngra har bir voliyga bittadan daftar yuborildi” (ibn Abdulbar, 1994:331). 

Umar ibn Abdulaziz bunday vazifagi yuqoridagi misoldan tashqari Madina qozisi Abu Bakr Muhammad ibn Amr ibn Hazm (616–674) ham topshirgani ma’lum. U Madina ahli orasida tarqalgan hadislarni jamlagan bo‘lsa, Ibn Shihob Zuhriy hadislar bilan bir qatorda, sahobiylarning fiqhiy qarashlarini ham to‘plab borgan. 

Birinchilardan bo‘lib Ibn Shihob Zuhriy, Abu Zinod, Solih ibn Kayson (660–757) kabi shaxslar hadislarni tadvin qilish bilan  shug‘ullanganlar. Ulardan keyin ushbu vazifani Makkada Abdulmalik ibn Abdulaziz ibn Jurayj (699–767), Muhammad ibn Ishoq (703–768), Madinada Said ibn Abu Aruba (689–773), Robi’ ibn Subayh, Molik ibn Anas (711–795), Basrada Hammod ibn Salama (vaf. 783), Kufada Abu Abdulloh Sufyon ibn Said ibn Masruq Savriy (716–777), Shomda Abu Amr Avzoiy, Xurosonda Abdulloh ibn Muborak (736–798), Yamanda Ma’mar ibn Roshid (714–770), Rayda Jarir ibn Abdulhamid (728–804), San’oda Abdurazzoq ibn Humom San’oniy (744–826)lar davom ettirganlar (Abu Zahv, 1984:244).

Ilmiy yo‘nalishda tobeinlar orasidan yetishib chiqqan olimlar sahobiylar yodda saqlagan yoki yozib qo‘ygan hadislarni yodlash, o‘rganish hamda tadvin  qilish bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Ayni vaqtda ular sahobiylarning fiqhiy qarashlarini ham jamlab borganlar. Natijada hadis to‘plamlariga sahobiylarning fikrlarini ham kiritish odat tusiga aylangan. Buning tasdig‘ini quyidagi  ma’lumotda ham ko‘rish mumkin. Solih ibn Kayson:  “Men Zuhriyning oldiga bordim. Biz ilm talabida hadislarni yozishga qaror qildik. Shu tariqa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan naql qilingan rivoyatlarni yozib oldik. So‘ngra Zuhriy:  “Sahobiylardan naql qilinganlarini ham yozamiz, ular ham sunna hisoblanadi”, – dedi. Men: “Ular sunna emas, ularni yozmaymiz”, deb javob berdim. Zuhriy sahobiylarning so‘zlarini ham yozdi, men esa yozmadim”, degan (Ibn Abdulbar, 1994:332). 

VII asrning ikkinchi yarmidan boshlab hadislarni ilmiy yo‘nalishda tadvin qilish jarayoniga sahobiylarning shogirdlaridan bo‘lgan  Abdulloh ibn Zayd (591–652), Abdulloh ibn Umar ibn Xattob (610–693), Muhammad ibn Hanafiya (636–700), Omir Sha’biy (641–723), Hasan ibn Abulhasan Basriy (642–728), Urva ibn Zubayr (644–713), Ato ibn Abu Raboh (647–732), Muhammad ibn Siyrin (653–729), Muoviya ibn Qurra (656– 731), Said ibn Jubayr (665–714), Muhammad ibn Ali ibn Husayn ibn Abu Tolib (676–732), Kurayb ibn Abbos (vaf. 712), Solim ibn Abulja’d (vaf. 718), Makhul Shomiy (vaf. 730), Qatoda ibn Dioma (vaf. 736), Sulaymon ibn Muso (vaf. 737), Abdulloh ibn Muhammad ibn Uqayl ibn Abu Tolib (vaf. 762), Amr ibn Shuayb ibn Muhammad ibn Abdulloh ibn Amr ibn Os (vaf. 895), Sulaymon  ibn Qays, Xulos ibn Amr, Bashir ibn Nuhayk kabi olimlar salmoqli hissa qo‘shganlar. 

Umuman olganda, tobeinlar davrida hadislarni ilmiy o‘rganish sahobiylar davriga qaraganda keng tarqalgan. Bunga rivoyatlarning turli hududlarga yoyilishi, sanad yo‘llarining kengayishi, roviylar ism va kunyalarining xilma-xilligi, hadislarni yoddan bilgan shaxslarning vafot etishlari, arablarga xos bo‘lgan yodda saqlash malakasining zaiflashishi, turli bid’atlarning ko‘payishi kabi bir qator omillar sabab bo‘lgan.

Tobeinlar orasida Mujohid ibn Jabr (645–722), Said ibn Jarir (665–714), Abu Qiloba (vaf. 723), Zayd ibn Abu Unisa (vaf. 742), Abu Zubayr Muhammad ibn Muslim (vaf. 746), Ayyub  ibn Abu Tamima (687–749), Hishom ibn Urva ibn Zubayr (680–763) kabilarda hadislar jamlangan sahifalar mavjud bo‘lgan (Zahravoniy, 2005:75).

VIII asrda kichik tobeinlar hamda ulardan keyingilar hadislarni tadvin qilishni davom ettirganlar. Ushbu davrda rivoyatlarni tizim-lashtirilgan, shu jumladan, alohida boblarga ajratilgan holda jamlash an’anasi shakllangan. Shu bilan bir qatorda, bu davrda ilk musannaf to‘plamlari ham yaratila boshlangan. Sahobiy va tobeinlar davrining oxirlariga kelib hadislar alohida boblarga ajratilgan holda tadvin qilingan bo‘lsada, biroq ularni tasnif qilish jarayoni keyingi davrlarda amalga oshirilgan (Zahravoniy, 2005:80). Umuman, hadislarni tadvin qilish taxminan hijriy 70 yilda boshlanib, 120 yilga qadar davom etgan (Mutayriy, 2002:50).

Hadislarni tasnif qilish esa hijriy 120 yildan boshlanib, taxminan 150 yilga qadar davom etgan (Mutayriy, 2002:83). Ushbu bosqichda ilk  sunan to‘plamlari vujudga kela boshlagan, Makka, Madina, Shom, Iroq va Misr kabi hududlarda tasnif jarayoni keng tus olgan. Abdulmalik ibn  Jurayj, Said ibn Abu Aruba, Abdurahmon ibn Amr Avzoiy, Ma’mar ibn Rashid, Sho‘‘ba ibn Hajjoj (702–777), Sufyon Savriy, Zoida ibn Qudoma (vaf. 778), Hammod ibn Salma (vaf. 783), Lays ibn Sa’d (713–791), Abu Avona Vazzoh ibn  Xolid, Molik ibn Anas kabi olimlar hadislarni tasnif qilinishiga ulkan hissa qo‘shganlar. 

Etnik xilma-xillik, turli din va madaniyatlar qorishuvi, islom tarqalgan hududlarning geografik jihatdan tezlik bilan kengayib borishi natijasida musulmon jamiyatida yuzaga kelayotgan turli masalalarga javob topish, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan so‘ng paydo bo‘la boshlagan turli adashgan diniy oqimlarning destruktiv faoliyatiga qarshi kurashish, jamiyatdagi ayrim g‘oyaviy va fikriy bo‘linishlarga barham berib, e’tiqodiy birlikni asrab qolish zarurati hadislarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishning keskin o‘sishiga sabab bo‘ldi. Zero, turli oqimlar, ko‘p hollarda hatto ayrim shaxslar tomonidan hadislardan turli maqsadlarda foydalanish, asli mavjud bo‘lmagan hadislarning to‘qilishi, mavjudlariga esa islom ta’limotiga to‘g‘ri kelmaydigan yot sharh va ta’villarning berilishi jarayoni ayrim  musulmonlarning to‘g‘ri yo‘ldan adashishlariga olib keldi. Bularning natijasida olimlar oldida hadislarni ilmiy-tanqidiy o‘rganish, saralash, jumladan, ishonchlisini ishonchsizidan ajratib berish, qabul qilishdek muhim va kechiktirib bo‘lmas vazifa tug‘ildi. Ular tomonidan ishlab chiqilgan hadislarni saralash va qabul qilishning ilmiy tamoyillari, qonun-qoidalari mutaassib oqimlar botil aqidaviy qarashlarining to‘qima hadislar yoki rivoyatlarga berilgan noto‘g‘ri sharh va ta’vil ko‘rinishida keng tarqalib ketishining oldini olishga xizmat qildi.

Shu sababli ilk islom davrida sahobiylar orasida Abu Bakr Siddiq, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon, Ali ibn Abu Tolib kabilar ushbu zaruratni anglab yetgan holda, hadislarga turli to‘qima rivoyatlar aralashib ketishining oldini olishga, sahih rivoyatlarni yozma yoki og‘zaki shaklda uzatish orqali jamlash va saqlab qolishga alohida e’tibor qaratdilar. Sahobiylar davrida hadislarning yozma jamlanish jarayoni kitobat – mavjud yozuv vositalariga ularni yozib borish orqali kechdi. Keyinchalik, hukmdorlar va qozilarning turli masalalar yuzasidan hukm chiqarish faoliyatini osonlashtirish maqsadida sahobiylar davrida turli ashyolarga yozilgan hadislarni devonlarga to‘plash vazifasi amalga oshirildi. Bu hadis ilmi tarixida rivoyatlar yozma jamlanishining tadvin bosqichi sifatida namoyon bo‘ldi.

Muhaddis olimlar tomonidan hadislarni yozma jamlash metodologiyasi va uslublari yanada rivojlantirilgach, hadislar jamlangan alohida kitoblarni yaratish – ta’lif, so‘ngra yaratilgan ushbu kitoblarni muayyan tartib va tizimga solgan holda boblarga ajratilgan holda qayta ishlash – tasnif jarayoni sodir bo‘ldi. Shu tariqa II/VIII asrning ikkinchi yarmi – III/IX asr boshlarida bugungi kunda bizga qadar yetib kelgan hadis to‘plamlarida qo‘llanilgan deyarli barcha yondashuv va uslublar shakllantirilib, takomillashtirildi. Keyingi davrda yaratilgan barcha to‘plamlar asosan ushbu uslublar atrofida tasnif etildi.

MANBA VA ADABIYoTLAR RO’YXATI

1. Abdurahmon Itr. Ma’olimu-s-sunnati-n-nabaviya. – Iordaniya: Maktabatu-l-manor, 1986.

2. Abison Mutayriy. Tarix tadvini-s-sunna va shubuhatu-l-mustashriqin. – Quvayt: Jomi’atu-l-Quvayt, 2002. 

3. Abu Bakr Ahmad ibn Ali ibn Sobit Xatib Bag‘dodiy. Taqyidu-l-ilm. – Qohira: Doru-l-istiqoma, 2008.

4. Abu Bakr Bayhaqiy. al-Madxal ila-s-sunani-l-kubro. – Quvayt: Doru-l-xulafa li-l-kitobi-l-islomiy, 1984.

5. Abu Dovud Sulaymon ibn Ash’as. Sunan. – ar-Riyoz: Maktaba dori-s-salom, 2008. J. 4.

6. Abu Bakr Bayhaqiy. al-Madxal ila-s-sunani-l-kubro. – Kuvayt: Doru-l-xulafa li-l-kitobi-l-islomiy, 1984.

7. Abu-l-Husayn Muslim ibn Hajjoj. Sahihu-l-Muslim – ar-Riyod: Maktaba dori-s-salom, 2007. J. 7.

8. Abu Umar Yusuf ibn Abdulbar. Jomi’ bayoni-l-ilm va fazlihi. – Ar-Riyod: Dor ibn Javziy, 1994.

9. Girgas V.F. Arabsko-russkiy slovar k Koranu i xadisam. – Moskva: Dilya, 2006.

10. Djon Byorton. Musulmanskoye predaniye: Vvedeniye v xadisovedeniye. – Moskva: Dilya, 2006.

11. J. Hamroqulov. Hadis ilmi istilohlari. – Toshkent: Movarounnahr, 2014.

12. Joseph Schacht. The Origins of Muhammadan Jurisprudence. – London: Clarendon Press, 1979.

13. Ibrahim Madani. The Preservation of Hadith / a Brief Introduction to the Science of Hadith. – New York: Madania Publications, 2010.

14. Muhammad Abdulaziz Xavliy. Tarix fununi-l-hadisi-n-nabaviy. – Bayrut: Dor ibn Kasir, 1986.

15. Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Sahihu-l-Buxoriy. – ar-Riyoz: Maktaba dori-s-salom, 1997. J. 2.

16. Muhammad ibn Mator Zahravoniy. Tadvinu-s-sunnati-n-nabaviya nash’atuhu va tatavvuruhu mina-l-qarni-l-avval ila nihoyati-l-qarni-t-tasi’i-l-hijriy. – Madina: Maktaba dori-l-minhaj, 2005.

17. Muhammad Ijoj Xatib. as-Sunna qabla-t-tadvin. – Bayrut: Doru-l-fikr, 1981.

18. Muhammad Hamidullah. The Emergence of Islam. – India: Adam Publishers & Distributors, 2007.

19. Muhammad Muhammad Abu Zahv. al-Hadis va-l-muhaddisun av inoyatu-l-ummati-l-islomiya bi-s-sunnati-n-nabaviya. – Bayrut: Doru-l-kitobi-l-arabiy, 1984.

20. Mustafo Sibo’iy. as-Sunna va makanatuha fi-t-tashri’i-l-islomiy. – Bayrut: Doru-l-varroq, 2000.

21. Sayyid Abdulmajid G’avriy. as-Sunnatu-n-nabaviya hujjiyyatuha va tadvinuha. – Bayrut: Dor ibn Kasir, 2009.

 

Aziz Tajiyev 
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy kotibi, 

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

Qo‘shimcha malumot

BUYUK HIDOYAT IMOMI ABU MANSUR MOTURUDIY
Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy sohada ham katta oʻzgarishlar va islohotlar boʻlyapti. Buni biz soʻnggi besh yil ichida...
ADIB AHMAD YUGNAKIYNING “HIBATU-L-HAQOYIQ” ASARIDA MA’RIFIY QARASHLAR
Jamiyat a’zolarining maqsadlarini ularning intilishlari, ehtiyojlari, bajarayotgan vazifalari va ijti­moiy qadriyatlar belgilab beradi. Bu qadriyatlarning shakllanishi oiladan boshlab, ta’lim va...
IQLISHIYNING “AN-NAJM MIN KALAM SAYYIDI-L-ARAB VA-L-AJAM” ASARI TASNIFI
“Iqlishiy” nisbasi bilan mashhur bo‘lgan Abu Abbos Ahmad ibn Ma’d ibn Iso ibn Vakilning “an-Najm min kalam sayyidi-l-arab va-l-ajam”nomli asari...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry