25.08.2022
714

VII-VIII ASRLARDA HADISLAR YOZMA JAMLANISHINING O‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI

Sahobiylar va yoshi ulug‘ tobeinlar yashagan VII asrda hadislar hali to‘plam shakliga keltirilmagan edi. Biroq ayrim sahobiylarda shaxsiy foydalanish maqsadida turli ashyolarga yozib olingan hadislar mavjud bo‘lgan. Chunki Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam hayotlik chog‘ida muayyan diniy masala yuzasidan tug‘ilgan savolning javobini bevosita u zotning o‘zidan olish imkoniyati mavjud bo‘lgani sababli hadislarni bir joyga yig‘ib, jamlab borish zarurati bo‘lmagan. Shu bilan bir qatorda, Qur’on oyatlari nozil bo‘lib turgan vaqtda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam oyatlar bilan hadislarning aralashib ketishining oldini olish maq-sadida ularni yozma jamlashdan qaytarganlar. Quyidagi hadisda ushbu amr o‘z aksini topganini ko‘rish mumkin: 

“Mendan yozmanglar. Kim mendan Qur’ondan boshqa narsani yozgan bo‘lsa, o‘chirib tashlasin. Mendan hadis aytinglar, bunda zarar yo‘qdir” (Muslim, 2007:400). 

Qur’oni karim islom dinining asosiy manbai bo‘lib, uning lafzi ham, ma’nosi ham o‘zgartirilmasligi qat’iy shart qilingan. Shu sababli Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam sahobiylarni birinchi navbatda oyatlarni yozishga buyurganlar, hadislar esa keyingi bosqichda yozilishi ko‘zda tutilgan. Ta’kidlash joizki, ayrim sahobiylar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan hadislarni yozishga ruxsat berishni so‘raganlarida, u zot rad etganiga oid ko‘plab rivoyatlar naql qilingan. Jumladan, Abu Said Xudriy (612–693) bu haqda quyidagi ma’lumotni keltiradi: 

“Biz Rasululloh (s.a.v.)dan hadis yozishga ruxsat so‘radik. Biroq u zot ko‘nmadilar” (M. Hamidullah, 2007:54). 

Ilk islom davrida sahobiylar orasida o‘qish va yozishni biladiganlari kam uchragan. Mavjudlari esa Qur’on oyatlarini yozib borish bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Vaqt o‘tishi bilan ularga savod chiqarishga bo‘lgan qiziqish ortib borgan. Natijada Said ibn Os (623–679), Sa’d ibn Rabi’ Xazrajiy (vaf. 625), Bashir ibn Sa’d ibn Sa’laba (vaf. 644), Abon ibn Said ibn Os (vaf. 634) kabilar o‘qish va yozishni o‘rganib olganlar va o‘z navbatida, boshqalarga ham o‘rgata boshlaganlar. Shu tariqa vahiy kotiblarining soni 40 tagacha yetgan (C. G’avriy, 2009:63). Ularning soni ko‘payib borishi hadislarning yozma jamlanish jarayonini tezlashtirgan. Yuqorida bildirilgan fikrlardan kelib chiqqan holda, asosiy e’tibor sahobiylarning Qur’onni mukammal o‘zlashtirib, oyatlarni yodda saqlashlarini ta’minlash maqsadida ularning xotirasini sayqallashtirish, oyatlarning hadislar bilan aralashib ketishining oldini olishga qaratilgani sababli Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dastlab hadislarni yozib borishdan qaytarganlar, degan xulosaga kelish mumkin. Buning misoli Abu Said Xudriydan rivoyat qilingan quyidagi hadisda ham ko‘rinadi: 

“Biz tashahhud va Qur’ondan boshqa narsani yozmas edik” (Abu Dovud, 2008:211). 

Shu bilan bir qatorda, manbalarda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam oyatlar bilan boshqa narsalarning bitta sahifaga yozilishini istamagani sababli sahobiylarni hadislarni yozib borishdan qaytarganlariga oid ma’lumotlar ham uchraydi (S. G’avriy, 2009:66). O’sha davrda yozuv vositalarining kamyobligini ham buning sabablaridan biri sifatida keltirish mumkin. Hadis ilmi bo‘yicha tadqiqotlar olib borgan olim Abdurahmon Itrning “Ma’olim as-sunna an-Nabaviya” nomli asarida qayd etilishicha, hadislarni yozishdan qaytarilishiga ularning oyatlar bilan aralashib ketishi yoki ularga o‘xshab qolishi hamda yozuv vositalarining yetishmasligi sabab bo‘lgan (Abdurahmon Itr, 1986:72–73).

Qur’on oyatlari nozil bo‘layotgan dastlabki vaqtda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam sahobiylarni hadislarni yozishdan qaytargan bo‘lsalar, keyinchalik ular oyatlarni o‘zlashtirish ko‘nikmasiga ega bo‘lganlaridan so‘ng, ularni yozishga ham ruxsat berganlar. Ko‘plab hadislarda bu haqda ma’lumotlarni uchratish mumkin. Jumladan, Abu Hurayradan naql qilingan rivoyatda bunday deyilgan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari orasida hadislarni mendan yaxshiroq biladigani yo‘q edi. Abdulloh ibn Amr ibn Os esa, bundan mustasno bo‘lib, u hadislarni yozib borar, men esa yozmas edim” (Ibn Abdulbar,1994:299). 

Umuman, ayrim rivoyatlarda hadislarni yozishdan qaytarilgani, ayrimlarida esa ularni yozishga buyurilganiga oid ma’lumotlar tadqiqotlar o‘rtasida turli fikrlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. Bunga bag‘ishlangan alohida tadqiqotlar ham amalga oshirilgan (A. Bag‘dodiy, 2008). Vaqt o‘tishi bilan, turli diniy-ijtimoiy hodisalarga bog‘liq ravishda hadislarning adadi ham ortib borgan. Tabiiyki, ularning barchasini yodda saqlash qiyinlashib borgan, natijada unutish holatlari ham kuzatila boshlangan. Bu esa, o‘z navbatida, hadislarni yozishga ruxsat berilishiga sabab bo‘lgan. Jumladan, manbalarda qayd etilishicha, sahobiylardan biri Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning oldilariga xotirasining zaifligidan, hadisning barcha so‘zlarini yodida saqlab qola olmayotganidan shikoyat qilib keladi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam unga “o‘ng qo‘lidan yordam so‘rash”ni tavsiya qiladilar (I.Madani, 2010:19). Ushbu ma’lumotlar hadislarni yozishga ruxsat berila boshlaganini ko‘rsatadi. Abu Muhammad ibn Qutayba Dinovariy (828–889), Abu Sulaymon Xattobiy (931–998) kabi olimlar esa yozishga ruxsat berilgan hadislar yozishdan qaytarish ma’nosida kelgan rivoyatlarni nasx qilganini ta’kidlaganlar. 

Manbalarda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Abdulloh ibn Amr ibn Os (vaf. 683) kabi ayrim sahobiylarga hadislarni yozishga ruxsat berganlariga oid ma’lumotlar uchraydi (Abu Zahv, 1984:54). Ulardan Abdulloh ibn Amr hadislarni yozma jamlagan shaxs sifatida ma’lum bo‘lgan. Umuman, ilk islom davrida hajman kichik, tizimlashtirilmagan hadis to‘plamlari mavjud bo‘lganiga oid ma’lumotlar ham uchraydi. Jumladan, Abdulloh ibn Amr yozma jamlagan hadislar to‘plami “as-Sahifa as-sodiqa” deb nomlangan (M. Xavliy, 1986:30). 

Ushbu to‘plamga sahih hadislar kiritilgan bo‘lib, u keyinchalik Abdulloh ibn Amrning nevarasi Amr ibn Shuayb (vaf. 895) tomonidan rivoyat qilingan. Bundan o‘sha davrda o‘ziga xos hadis to‘plamlari mavjud bo‘lgani, ular umumiy nom bilan “sahifa” yoki “suhuf” deb nomlangani haqidagi xulosaga kelish mumkin. Afsuski, ushbu to‘plam namunalari bizgacha deyarli yetib kelmagan. Bunday hadis to‘plamlaridan biri hindistonlik olim Muhammad Hamidulloh (1908–2002) tomonidan aniqlangan hamda tadqiq etilib, zamonaviy nashri amalga oshirilgan (M.Hamidullah, 2007). Buning natijasida ilk islom davrida yaratilgan hadis to‘plamlarining o‘ziga xos xususiyatlari, shu jumladan, tarkibiy tuzilishini tadqiq qilish imkoniyati paydo bo‘ldi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ushbu davrda hadislar odamlarning shaxsiy foydalanishlari uchun, tizimlashtirilmagan holda jamlangan. 

Shuni ta’kidlash lozimki, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qo‘shni mintaqalarga yuborgan maktublari ham o‘sha davrda hadislarning yozilganiga dalil bo‘ladi. Manbalarda qayd etilishicha, bunday xatlar Yaman, Bahrayn, Yamoma, Xazramavt, Ummon kabi o‘lkalarga yuborilgan (Abu Zahv, 1984:87). Ular islom ta’limotining boshqa hududlarda keng tarqalishiga xizmat qilgan. 

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam vafotidan so‘ng musulmonlar o‘rtasida xalifa tayinlash masalasida ixtilof, ayrim qabilalarning dindan qaytish yoki zakotni to‘lashdan bosh tortish kabi holatlar kuzatildi. Ushbu masalalarga yechim topishga bo‘lgan urinishlar natijasida hadislarga nisbatan qiziqish ortib ketdi. Zotan, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tirikligida o‘zlarini qiziqtirgan har qanday savolning javobini bevosita u zotning o‘zidan olgan sahobiylar, endi buning uchun Qur’on va hadislarga murojaat qilishga majbur bo‘lganlar. Ular orasida barcha hadislarni to‘liq yoddan biladiganlari kam bo‘lgan. Shu sababli hadislarni yozma jamlash zarurati yuzaga kelgan. 

Shu bilan bir qatorda, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan keyin ayrim shaxslar

tomonidan g‘arazli maqsadda hadislarning asl mazmunini o‘zgartirish, to‘qima hadislarni tarqatish kabi holatlar uchray boshlagan. Ushbu salbiy holatning oldini olish maqsadida sahobiylar imkon qadar kamroq hadis rivoyat qilishga harakat qilganlar. Jumladan, musulmon olimi Dinovariyning fikriga ko‘ra, Umar ibn Xattob (634–644) xalifaligi davrida sahobiylardan hadislarni rivoyat qilishda ehtiyot bo‘lish, guvohi yo‘q bo‘lgan rivoyatlarni inkor qilish talab qilingan (M. Xatib, 1981:92). Shu tariqa hadis rivoyat qilinganda uning roviylari haqida so‘rash an’anasi paydo bo‘lgan. Bunga qadar esa sanad haqida so‘ralmas edi. Chunki sahobiylar bir-birlarini yaxshi taniganlari sababli ular orasida hadislarning o‘zgartirilishi yoki to‘qilishi deyarli kuzatilmagan. Muhammad ibn Siyrin (653–729)ning “Dastlab hadisning sanadi haqida so‘ralmas edi. Biroq fitnalar yuzaga kelganidan so‘ng insonlar bir-birlariga “Bizga roviylaringizni aytinglar”, deydigan bo‘ldilar. Shu tariqa ahli sunna val jamoa tomonidan naql qilingan rivoyatlar olinib, fitna ahli keltirgan rivoyatlar esa inkor qilina boshlagan” (Sibo’iy, 2000:108-109). degan fikri ham yuqorida keltirilgan ma’lumotni tasdiqlaydi. Buning natijasida esa hadislarni tekshirish, saralash va qabul qilishning ilmiy qoida va uslublari shakllangan. Jumladan, rivoyatning ishonchlilik darajasini aniqlashda uning sanadi muhim o‘rin tuta boshlagan. Sanadga bo‘lgan e’tibor, ayniqsa, VIII asrga kelib ortib ketdi. 

Sanad ustida hatto g‘arblik tadqiqotchilar tomonidan ham ilmiy izlanishlar olib borilganini ko‘rish mumkin. Nemis olimi Jozef Shaxt (1902–1969) ushbu tizimning ilk islom davrida mavjud bo‘lib, VIII asr o‘rtalari – IX asrda yaratilgan hadis to‘plamlarida o‘z rivojining cho‘qqisiga chiqqanini ta’kidlab o‘tgan (Schacht, 1979:163).

Hadislarni yozma jamlash borasida amalga oshirilgan ishlar haqida shuni aytish mumkinki, ushbu fikrni birinchi bo‘lib ilgari surgan shaxs Umar ibn Xattob hisoblanadi. Urva ibn Zubayr (643–713) bergan ma’lumotga ko‘ra, u sahobiylar bilan bu haqda kengash qilgan. Sahobiylar hadislarni yozma jamlash haqidagi taklifga ijobiy javob berganlar. Biroq keyinchalik Umar ibn Xattob ushbu fikridan qaytib, sahobiylarga:  “Men sunnani yozmoqchi edim. Biroq sizlardan oldin o‘tganlar kitoblar yozib, ushbu kitoblarga berilib ketganlaridan Allohning Kitobini tark etganlari yodimga tushdi. Men Allohning Kitobini boshqa narsaga almashtirmayman”, degan (Bayhaqiy, 1984:80-81).

Umuman, sahobiylar, xususan, Zubayr ibn Avvom, Abu Ubayda Omir ibn Abdulloh (584–639),  Abbos ibn Abdulmuttalib (568–653) kabilar hadis rivoyatida xatoga yo‘l qo‘yish, unga asli yo‘q bo‘lgan narsalarning qo‘shilib ketishining oldini olish maqsadida ko‘p hadis naql qilishdan tiyilganlar. Chunki islom dini ta’limotiga ko‘ra, dinda xatoga yo‘l qo‘yish og‘ir gunohlardan hisoblanib, sahobiylar ushbu mas’uliyatni chuqur his qilganlar. Bugungi kunda ham ayni javobgarlik hissini anglamaslik ayrim shaxslar tomonidan islom diniga yot bo‘lgan g‘oyalarning tarqatilishiga sabab bo‘lmoqda.        Davomi...

 

Aziz Tajiyev 

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy kotibi, 

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

 

Qo‘shimcha malumot

BUYUK HIDOYAT IMOMI ABU MANSUR MOTURUDIY
Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy sohada ham katta oʻzgarishlar va islohotlar boʻlyapti. Buni biz soʻnggi besh yil ichida...
ADIB AHMAD YUGNAKIYNING “HIBATU-L-HAQOYIQ” ASARIDA MA’RIFIY QARASHLAR
Jamiyat a’zolarining maqsadlarini ularning intilishlari, ehtiyojlari, bajarayotgan vazifalari va ijti­moiy qadriyatlar belgilab beradi. Bu qadriyatlarning shakllanishi oiladan boshlab, ta’lim va...
IQLISHIYNING “AN-NAJM MIN KALAM SAYYIDI-L-ARAB VA-L-AJAM” ASARI TASNIFI
“Iqlishiy” nisbasi bilan mashhur bo‘lgan Abu Abbos Ahmad ibn Ma’d ibn Iso ibn Vakilning “an-Najm min kalam sayyidi-l-arab va-l-ajam”nomli asari...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry