18.08.2022
306

MARKAZIY OSIYODA FAROIZ (MEROS ILMI)NING RIVOJLANISHIDA SAYYID SHARIF JURJONIYNING HISSASI

Movarounnahr diyori islomiy ilmlar o‘chog‘i ekani barchaga ma’lum. Bu yerda taraqqiy topgan hadis, fiqh, aqoid, tafsir, kalom kabi ilmlar qatoriga keyinchalik fiqhdan ajralib chiqib, mustaqil ilm sifatida shakllangan faroizni ham qo‘shishimiz mumkin. Bu ilmning rivojlanishiga yurtimizdan yetishib chiqqan imom Burhoniddin Marg‘inoniy, Alouddin Kosoniy, shuningdek, Samarqandiy, Nasafiy allomalar fiqhga oid asarlarida meros masalalariga to‘xtalib o‘tish orqali o‘z hissalarini qo‘shishgan. Alloma Sayyid Sharif Jurjoniy esa, bu borada alohida xizmatlari bilan ulardan ajralib turadi. Tilshunoslik, aqida, kalom, tafsir, tasavvuf, mantiq kabi ilmlarda ijod qilib katta shuhrat qozongan alloma meros ilmiga ham salmoqli hissa qo‘sha oldi.

Dastlab, Jurjoniyning hayoti va ilmiy faoliyati haqida so‘z yuritamiz. Allomaning to‘liq ism-sharifi Ali ibn Muhammad ibn Ali Jurjoniy Husayniy bo‘lib, 740 h. yoki 1340 milodiy yilning fevral oyida Jurjon yaqinidagi Taku degan joyda dunyoga keladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam avlodlari vakili (13-avlod), Zaydiya imomlaridan hisoblangan Muhammad ibn Zayd Do‘iyning farzandlaridan biri ekanligi sababli alloma Sayyid Sharif degan nom bilan mashhur bo‘lganlar[1]. “Abu Hasan” u zotning kunyasidir.

Boshlang‘ich ta’limni o‘z yurtlarida olgach, Hirotga alloma Qutbiddin Roziy huzurlariga allomaning “Sharh shamsiya” va “Sharh al-matoli’” deb nomlangan mantiqqa oid kitoblarini o‘qish uchun boradi. Biroq bir muddat o‘tgach, yoshi ulug‘ bo‘lib qolganligini aytib, “ustoz” unga Misrga, mantiq ilmida nomi chiqqan shogirdi Muborakshoh huzuriga borishni tavsiya qiladi.[2]

Misrga ketaturib, Anatoliya o‘lkasidan o‘tadi va shu yerda odamlar orasida katta shon-shuhratga ega bo‘lgan Jamoliddin Oqsaroiydan dars olishga qiziqib qoladi. Lekin shayx huzuriga yetib borganida, allaqachon vafot etgan bo‘lib chiqadi. Shuning uchun Misr safarini Oqsaroiyning shogirdi Mulla Fanoriy[3] bilan davom ettiradi. Misrda o‘n yilcha yashab, Muborakshohdan aqliy va alloma Bobirtiydan naqliy ilmlarni o‘rganadi. U yerda shayx Badriddin Simaviy, shoir Ahmadiy va mashhur tabib Hoji posholar suhbatida bo‘ladi. Ayni mana shu davrda Jurjoniy Qutbiddin Roziyning “Sharh al-matoli’ al-anvor” kitobiga hoshiya yozadi[4]. Ilm olishni nihoyasiga yetkazganidan so‘ng Usmoniylar davlati poytaxti Bursa orqali o‘z yurtiga kaytib keladi.

Ona yurtida alloma Sa’duddin Taftazoniy yosh Jurjoniyni Sheroz sultoni shoh Shujo’ huzuriga olib kiradi va u allomani “Dorush-shifo” madrasasiga mudarrislikka tayinlaydi. Bu yerda olim o‘n yil davomida dars berish va fatvo aytish bilan bir qatorda, kitob ta’lif qilish bilan ham astoydil shug‘ullanadi. Natijada olimning ovozasi barcha yoqqa ketadi. Ayniqsa, aqliy ilmlar[5]  borasida uning dong‘i chiqqan edi.

Amir Temur hazratlari Sherozni qo‘lga kiritganidan so‘ng 1387 (789h.) yilda allomani Samarqandga olib keladi. Bu yerda alloma 18 yil mudarrislarga rahbarlik qiladi va ko‘plab kitoblar yozishga ulguradi. Movarounnahr ulamolari, xususan, alloma Taftazoniy bilan olim o‘rtasida ko‘plab bahs-munozara va ilmiy tortishuvlar bo‘lib o‘tardi. Bu esa allomani Amir Temur nazdidagi obro‘yi yanada ortishiga sabab bo‘ladi.[6]

Sayyid Sharif Jurjoniy Samarqandda Xoja Alouddin Attor bilan uchrashadi va bu uchrashuv ta’sirida tasavvufga moyillik paydo bo‘lib, sekin-asta so‘fiylikning naqshbandiya tariqatiga kiradi. Bu yo‘lda olim bilan mavlono Nizomiddin Xomush o‘rtasida do‘stlik vujudga keladi va tasavvuf majlislarida ishtirok eta boshlaydi[7].

1405 (807 h) yil Amir Temur vafotidan so‘ng Jurjoniy Sherozga qaytib, qolgan umrini shu yerda ilmga bag‘ishlab o‘tkazadi. 1413 (816h) yil vafot etib, Sherozdagi Atiq jome’ yaqinidagi mozorga dafn etiladi.[8]

Sayyid Sharif Jurjoniy hayotlik davrida yorqin iz qoldirib, vafotidan keyin ham kitoblari zamonlar osha insonlar uchun asosiy manbalardan bo‘lib kelgan kam sonli olimlardan biridir. Kalom, arab tili va adabiyoti, falsafa, mantiq, astronomiya, matematika, tarix, fiqh, hadis, tafsir, tasavvuf kabi diniy va dunyoviy sohalarda ko‘plab kitoblar, sharhlar, hoshiyalar bitib, haqli ravishda alloma degan nomga sazovor bo‘lgan.

Manbalarda keltirilishicha, Sharif Jurjoniy o‘ta kuchli aql va tafakkur sohibi, oldindan ko‘ra oladigan ziyrak, nozik didli, balog‘at va fasohatda tengsiz, munozaralarda yengib bo‘lmas alloma bo‘lgan. Uning asarlari, ayniqsa, tilshunoslik, kalom, meros ilmiga oid kitoblari musulmon o‘lkalaridagi madrasalarda bardavom o‘qitib kelinyotgan asosiy mo‘‘tabar va mo‘‘tamad manbalardan bo‘lib qolmoqda.[9] Buning isboti sifatida Turkiya, Turkiston, Eron va Hindiston kabi yurtlar olimlari ijozalarining bir qismi Jurjoniyga, boshqasi esa Taftazoniyga borib taqalishini keltirishimiz mumkin. Demak, alloma diyorimiz olimlarining ko‘pchiligiga ustoz hisoblanar ekan. 

Jurjoniy islom falsafasi kuchaygan davrda yashaganligi uchun o‘zidan oldingi Roziy, Bayzoviy, Omidiy kabi falsafadan ancha xabardor bo‘lgan. Buni allomaning kalom ilmiga bag‘ishlangan “Sharh al-mavaqif” asari ham ko‘rsatib turibdi. Asar aslida kalom ilmiga bag‘ishlangan bo‘lishiga qaramay, uning deyarli 2/3 qismi falsafa mavzularini qamrab olgan. 

Alloma zullisonayn olimlardan bo‘lib, arab va fors tillarida ijod qilgan. U kishining “Ta’rifot”, “Sharhu tafsiri kashshof”, “Hoshiyatu ala Mishkotil masobih”, “Sharh alal Kofiya”[10] va boshqa yuzlab asarlari mavjud va ular bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, alloma Samarqandda yashab yurgan yillari meros ilmiga oid Sirojiddin Sajovandiyning hanafiy mazhabida bitilgan «Faroiz as-sirojiya» asariga juda go‘zal sharh yozadi. Keyinchalik ilm toliblari orasida «Sharifiya» nomi bilan mashhur bo‘lib ketgan mazkur «Sharh faroiz as-Sirojiya» asari hanafiy mazhabidagi mo‘‘tabar manbalardan biriga aylanib, yurtimiz madrasalarida uzoq davrlar mobaynida o‘qitib kelindi. Faroiz ilmi asosan Qur’onda keng va batafsil yoritib berilgani uchun boshqa ilmlarga qaraganda ixtilof kamligi bilan ajralib turadi. Shuning uchun hatto boshqa mazhab vakillari ham ushbu kitobga ko‘plab murojaat qilishadi.

Saidjamol Masayitov, 

O‘zbekiston islom akademiyasi tadqiqotchisi

 


 

[1] Зириклий “Ал-аълом”, 5-жилд, 7-б.

[2] Саховий “Ад-довъ ал-ламиъ”, 5, 328-б.

[3] Лакнавий А. “Алфавоид ал-баҳия”, 125-б.

[4] Тош Кубризода “Мифтаҳ ас-саода”, 1-жилд, 167-б.

[5] Ҳожи халифа “Кашф аз-зунун”, 12-жилд, 139-б.

[6] Суютий Ж. “Буғятул вуъот”, 351-б.

[7]Лакнавий А. “Алфавоид ал-баҳия”, 126-б.

[8] Шавконий М.А. “ал бадр ат-толиъ”, 1, 488-б.

[9] Лакнавий А. “Алфавоид ал-баҳия”, 130-б.

[10] Брокельман, 2, 216, 306

Qo‘shimcha malumot

BUYUK HIDOYAT IMOMI ABU MANSUR MOTURUDIY
Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy sohada ham katta oʻzgarishlar va islohotlar boʻlyapti. Buni biz soʻnggi besh yil ichida...
ADIB AHMAD YUGNAKIYNING “HIBATU-L-HAQOYIQ” ASARIDA MA’RIFIY QARASHLAR
Jamiyat a’zolarining maqsadlarini ularning intilishlari, ehtiyojlari, bajarayotgan vazifalari va ijti­moiy qadriyatlar belgilab beradi. Bu qadriyatlarning shakllanishi oiladan boshlab, ta’lim va...
IQLISHIYNING “AN-NAJM MIN KALAM SAYYIDI-L-ARAB VA-L-AJAM” ASARI TASNIFI
“Iqlishiy” nisbasi bilan mashhur bo‘lgan Abu Abbos Ahmad ibn Ma’d ibn Iso ibn Vakilning “an-Najm min kalam sayyidi-l-arab va-l-ajam”nomli asari...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry