18.08.2022
275

MOTURIDIYLIK TA’LIMOTIDA HADISLARDAN FOYDALANISH USLUBLARI

(davomi)

Imom Moturidiyning aqida yo‘nalishida tasnif etilgan asari “Kitobu-t-Tavhid” va tafsir yo‘nalishidagi mashhur asari “Ta’vilotu-l-Qur’on” asarlari fiqhiy va aqidaviy masalalarda hanafiylikka oid muhim manba hisoblanadi. Moturidiy asarlarini uch guruhda o‘rganish mumkin, bizgacha yetib kelgan asarlari, alloma tomonidan tasnif etilgan va bizgacha yetib kelmagan hamda boshqalar tomonidan yozilgan bo‘lib, Moturidiyga nisbat berilgan asarlar. (Bekir To‘pol o‘g‘li., 2015:12-17)

Allomaning bizgacha yetib kelib, keng o‘rganilgan asarlari “Ta’vilotu-l-Qur’on” va “Kitobu-t-tavhid” asarlaridir. 

Quyida ana shunday o‘rinlarda foydalanilgan hadislardan keltirib o‘tamiz. Qadariylarga nisbatan ushbu hadisni raddiya sifatida keltirgan. Rasululloh (sav): “Qadariylar ushbu ummatning majusiylaridar.....” dedilar. (Moturidiy., 2003:139) Imom Moturidiy mazkur hadisni mo‘taziylilarning: “Alloh taoloning irodasi keyin paydo bo‘lgan (ya’ni muhdis)” degan fikriga qarshi dalil sifatida keltirib, bunga o‘xshash fikr majusiylar tomonidan: “nur oldin paydo bo‘lib, keyin qorong‘ulik undan hosil bo‘lgan” deb aytilgan fikriga o‘xshatadi va bu hadis orqali mo‘taziliylarning fikri botil ekanligini isbotlab beradi.

Mo‘taziliylarning g‘oyasiga raddiya sifatida paydo bo‘lgan moturidiylik ta’limoti keyinchalik ham har xil botil aqidalarga qarshi raddiya sifatida faol rivojlanib borgan. Imom Bazdaviyning “Usul ad-Diyn” asarida keltirilgan g‘oyalar ham o‘z davrida avj olgan bida’t, zalolat, kalom borasidagi tortishuvlarga qarshi tasnif etilgan muhim asar hisoblangan (Bazdaviy, 2002:8).

Imom Moturidiy qadariylar haqida yana bir hadisni “Kitobu-t-tavhid” kitobida ikki o‘rinda keltirib o‘tadi. Nabiy (s.a.v.)dan: “Mening ummatlarim ichida ikki toifa kishilar bor ularga mening shafoatim bo‘lmaydi: ular qadariy va murjiylardir” deb aytganlar (Moturidiy., 2003:508- 618). Taqdirni inkor qiladigan qadariylar va imonga amalsiz suyanadigan murjiylar uchun mazkur hadis asosida shafoatning yo‘qligi ta’kidlangan. Imom Moturidiy hayotda qilinadigan ishlarni ikki qismga taqsimlab, dunyo va din ishidan iborat ekanligini ta’kidlaydi va bu masalaga quyidagi hadisni dalil qilib keltirib o‘tadi.

Nabiy (s.a.v.)dan: “Kim yangilik kirituvchiga joy bersa, unga la’nat bo‘lsin”, - deganlar (Moturidiy., 2003:556). Yangilik kiritish din ishida bo‘lsa bu hukmga kiritiladi agar dunyoviy ishlarda yangilik kiritilsa u bid’at ahlidan bo‘lmaydi. Shu bilan islom dini dunyo ishlaridagi taraqqiyot va yangiliklarga qarshi emas, aksincha dinda qiyinchilikka yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlangan.

Imom Moturidiy yashagan davr kalom ilmida ko‘plab ixtiloflar vujudga kelgan davrga to‘g‘ri keladi bu davrda ko‘plab botil e’tiqodga amal qiluvchilar avj olgan. Moturidiy “Kitobu-t-tavhid” asarida ko‘plab firqalarni sanab ularga raddiya berib, asosan mo‘taziliylarning qarashlariga muntazam ravishda birma-bir raddiyalar bergan (Moturidiy., 2003:180). Kalom ilmida eng ko‘p ixtilof va munozaraga sabab bo‘lgan qarash “imon” mavzusi hisoblanib, Imom Moturidiy va Imom Ash’ariylar bu masala borasida o‘z qarashlariga ega bo‘lgan. Ash’ariy va mo‘‘taziliylar: “Imon – til bilan iqror, dil bilan tasdiq va arkonlarga amal qilish” deb ta’rif bergan. Imom Moturidiy va hanafiylar imonga “Imon – til bilan iqror bo‘lib, qalb bilan tasdig‘lash” deb e’tirof etishgan va bu bilan ikki mashhur imomning qarashlari imon bobida bir-biridan farq qilgan (Abu Muin Nasafiy., 2017:140).

Abu Hanifa islom va imon kalimalari bir ma’noni anglatishi imonsiz islom va islomsiz imon bo‘lishi mumkin emasligini ta’kidlaydi. Bu qarashni Imom Moturidiy “imon” va “islom” so‘zlari lug‘atda boshqa-boshqa ma’noni anglatishi bilan, e’tiqodiy qarashlarda ikki so‘zning ham ma’nosi bir ma’noni bildirishini ilmiy asoslab: “Islom imonsiz, imon esa islomsiz bo‘lmaydi” dedi (Moturidiy., 2003:736). Imom Moturidiy o‘z qarashlariga Umar ibn Xattob (r.a.) tomonidan rivoyat ilingan Jabroil (a.s.)ning Payg‘ambar (s.a.v.) bilan qilgan savol-javoblari haqidagi mashhur hadis bilan asoslab, bu hadisni ma’nosini quvvatlovchi boshqa muslim va mo‘minning jannatga kirishi haqida kelgan hadislar bilan ilmiy asoslab beradi.

Umar ibn Xattob (r.a.)dan: “Bir kishi Ey Muhammad! “Menga islomdan xabar bering” dedi. Rasululloh (s.a.v.): “Islom – Allohdan boshqa iloh yo‘q, Muhammad Allohning Rasuli deb guvohlik bermoqliging, namozni o‘qimoqliging, zakotni bermoqliging, ro‘za tutmoqliging va yo‘lga qodir bo‘lsang haj qilmog‘ing” dedilar. U yana: “Menga imondan xabar bering” dedi. Rasululloh (s.a.v.): “Imon – Allohga, uning farishtalariga, kitoblariga rasullariga, oxirat kuniga va yaxshilik hamda yomonlik taqdirdan ekanligiga imon keltirishing” dedilar” (Moturidiy., 2003:631). Mazkur hadisda ta’kidlanganidek, islom insonning tili va a’zolari bilan amalga oshiradigan amallar va imon faqat qalbi bilan ishonib bajaradigan amallardan iborat ekanligi bayon qilinmoqda. Islom zohiriy va imon botiniy amallar bo‘lib, bu ikkisi birisiz mukammal bo‘lmaydi. Islom va imon so‘zlari odam, inson, kishi, bani odam so‘zlarining aytilishi boshqa-boshqa bo‘lsada, undan anglanadigan ma’no bir xil bo‘lganidek, bu ikki so‘z ham bir xil ma’noni anglatadi.

Imom Moturidiy o‘z qarashlarini quyidagi ikki sahih hadis bilan mustahkamlaydi.

Rasululloh (s.a.v.): “Jannatga mo‘min kishi kiradi” dedilar ( Buxoriy., 1987:4/1540) Boshqa bir hadisda Rasululloh (s.a.v.): “Jannatga muslim kishi kiradi” dedilar (Muslim., 2004:372). Mazkur hadislarning har ikkisida ham mo‘min va muslimning jannatga kirishi alohida ta’kidlangan. Bu ikki sahih hadisni Imom Moturidiy o‘z qarashlariga asos qilib keltirgan (Moturidiy., 2003:637). Bu fikrni Abul Muin Nasafiy qarashida ham ko‘rish mumkin: “Imon bilan islom bir narsa bo‘lib, har bir mo‘min muslim va har bir muslim mo‘mindir”, -deydi (Abu Muin Nasafiy., 2017:20). Bu kabi masalalar hozirgi davrda ham dolzarb sanalib, imon va islomning talqin etishda har xil qarashlar mavjudligi bois bu mavzuning har tomonlama o‘rganilishi dolzarb hisoblanadi. 

Moturidiylik ta’limoti bevosita Imom A’zamning shogirdlari silsilasiga borib yetadi. Imom Zubaydiy aytadi: “Imom Moturidiyning ustozlari Abu Nasr I’yoziy va Abu Bakr Ahmad ibn Is’hoq Juzjoniylar Abu Sulaymon Muso ibn Sulaymon Juzjoniyning shogirdi bo‘lgan. Abu Sulaymon Muso ibn Sulaymon Juzjoniy Imom A’zamning ikki mashhur shogirdlari Abu Yusuf va Muhammad ibn Hasan Shayboniylarning shogirdi bo‘lgan. Imom Moturidiyning kichik (fiqh) va katta (aqida) fiqhda Imom A’zamga shogirdligi ikki yoki uch silsila bilan bog‘lanadi. Hanafiy fiqhi va e’tiqodiga ergashib, mazkur yo‘nalishning nazariyasini yaratgan Imom Moturidiy va yurtimiz faqih va mutakallimlari islom dinida asosiy yo‘nalish hisoblangan hanafiylik rivoji va taraqqiyotiga katta xizmat qilishgan (Pazdaviy., 2003:20).

Abu Mansur Moturidiy kalom ilmi bilan birga tafsir borasida ham, shoh asar yaratgan buyuk mufassirdir. Allomaning tafsiri ta’vil usulida bo‘lib, oyatlarning aqidaga oid jihatlarni keng yoritib, ta’vil qilib berilgan. Alloma ta’vil haqida shunday dedi: “Ta’vil bilan tafsirning o‘rtasidagi farq, ba’zi ulamolar aytganidek, tafsirning sahobalarga, ta’vilning esa fuqaholarga oidligidadir” (Bekir To‘pol o‘g‘li., 2015:24). Buning ma’nosi shuki, sahobalar (vahiy tushishi bilan bog‘liq barcha) voqea-hodisalarning bevosita shohidi bo‘lganlar, Qur’on va u haqida nozil bo‘lgan ishlarni bilganlar. Binobarin, sahobalar (vahiy nozil bo‘lishini) o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, uning guvohi bo‘lganliklaridan ham ularning Qur’on oyatlariga bergan tafsirlari o‘ta ahamiyatlidir. Chunki tafsir – bu, oyatdan nazarda tutilgan ma’noning haqiqatidir va u go‘yo ko‘z bilan ko‘rgan kabi bo‘ladi.Uni bilgan kishilardan boshqalarga tafsir qilishga ruxsat berilmaydi. Ana shu ma’nodan kelib chiqib, “Kim Qur’onni o‘z ra’yi bilan tafsir qilsa, o‘zining do‘zaxdagi joyiga hozirlik qilib qo‘yaversin” (Imom Termiziy. 2010:2956), deb aytilgan. Chunki u o‘zi tafsir qilayotgan oyatida shu tafsir qilishi bilan Alloh taologa nisbatan shohidlik bergan bo‘ladi.

Imom Moturidiy asos solgan maktabning nazariyasini, uning e’tiqodiy qarashlarida asosiy ahamiyatga ega bo‘lgan oyat va hadislarni o‘rganish va hayotga keng tadbiq etish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Buyuk mutakallim nomi bilan tashkil etilgan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi tomonidan alloma yaratgan maktab va bu yo‘nalishda tasnif etilgan asarlarni mukammal o‘rganish, ularni o‘zbek tilida akademik izohli tarjimalarini amalga oshirilishi sof islomiy e’tiqod birligini ta’minlashda manbaviy zaruratini taqoza etmoqda. Shuningdek, mazkur e’tiqod durdonalaridan bugungi kunda har xil oqim va firqalar tomonidan oldinga surilayotgan g‘oyaviy da’volarga qarshi raddiya berishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Shukurulloh Umarov, 
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot 
markazi direktori (PhD)

Foydalangan adabiyotlar

1. Abu Mansur Moturidiy. Ta’vilotu Qur’on. Istanbul, Dor al-Mezon, 2005. 

2. Abu Maoz Toriq ibn Avz. Aqidatu ahli sunna va jamoa li Abi Iso at-Termiziy. Riyoz, Dor  al-Vatan. 2000. 

3. Abu Muin Nasafiy. Tabsiratu-l-adilla. (tarjimasi) T.: 2017 

4. Abu Hanifa. Al-fiqhu-l-akbar. 

5. Abu Yusr Muhammad ibn Pazdaviy. Usul ad-diyn. Qohira. Maktabat al-azhariya, 2003. 

6. Bekir To‘pol O’g‘li. Abu Mansur Moturidiy. Tevelatul Kuran. Istanbul. Ensar nashriyoti, 2015. 

7. Buyuk turk bilgini. Imam Maturidi ve Maturidilik. Milletlerarasi tartijmali ilmi toplami. – B. 426-427. Istanbul, 2012. 

8. Ziyodov Sh. Abu Mansur al-Moturidiy va uning “Kitobu-t-ta’vilot” asari. – B. 22-23. T.: 2009. 

9. Imom Buxoriy. Sahih Buxoriy. Riyoz, Dor at-Ta’sil, 2017. 

10. Imom Buxoriy. Sahihu Buxoriy. Bayrut, Doru ibn Kasir 1987. – B. 4/1540. 

11. Imom Keshiy. Muntaxab min Musnad Abd ibn Humayd. Qohira. Maktab as-sunna, 1998. 

12. Imom Muslim. Sahihu Muslim. Misr, Maktabatu-l-imon 2004. – B. 1/372. 

13. Imom Termiziy. Sunani Termiziy. Bayrut. Kutub al-Ilmiya. 2000. 

14. Moturidiy. Kitobu-t-tavhid. – B. 139. Anqara, vaqf va diyonat. 2003. 

15. Moturidiy. Kitobu-t-tavhid. – B. 139. Tahqiq: Fathullo Xalif, Dor al-jomiyat-lmisriya. 2010. 

16. Muhammadiyev O. Alouddin al-Usmandiy. Toshkent. G’afur-G’ulom, 2019. 

17. Oqilov S. Movarounnahrda Moturidiya ta’limotining shakllanish tarixi. T.: Movarounnahr, 2012, 140-141. 

18. Rudolf U. Al-Moturidiy va Samarqand sunniylik ilohiyoti. T.:, 2001. – B. 180. 

19. Umarov Sh. Keshlik allomalar. Toshkent, G’.G’ulom nashriyoti. 2019. 

20. Evadullayev T. Ibrohim Saffor Buxoriy. Toshkent. G’afur-G‘ulom, 2019.

 

Qo‘shimcha malumot

BUYUK HIDOYAT IMOMI ABU MANSUR MOTURUDIY
Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy sohada ham katta oʻzgarishlar va islohotlar boʻlyapti. Buni biz soʻnggi besh yil ichida...
ADIB AHMAD YUGNAKIYNING “HIBATU-L-HAQOYIQ” ASARIDA MA’RIFIY QARASHLAR
Jamiyat a’zolarining maqsadlarini ularning intilishlari, ehtiyojlari, bajarayotgan vazifalari va ijti­moiy qadriyatlar belgilab beradi. Bu qadriyatlarning shakllanishi oiladan boshlab, ta’lim va...
IQLISHIYNING “AN-NAJM MIN KALAM SAYYIDI-L-ARAB VA-L-AJAM” ASARI TASNIFI
“Iqlishiy” nisbasi bilan mashhur bo‘lgan Abu Abbos Ahmad ibn Ma’d ibn Iso ibn Vakilning “an-Najm min kalam sayyidi-l-arab va-l-ajam”nomli asari...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry