16.08.2022
343

MOTURIDIYLIK TA’LIMOTIDA HADISLARDAN FOYDALANISH USLUBLARI

Islom tarixidan ma’lumki, “Ahli sunna” deb nomlangan sof islomiy aqida tarafdorlari Xuroson, Iroq, Shom va boshqa davlatlarda asha’riylar va Movarounnahr diyorlarida moturidiylar yashaganlar. Ahli sunna va jamoa e’tiqodining ikki raisi bo‘lib, ular Imom Shofeiy va Abu Hanifalar bo‘lishgan. Bu ikki shayxning e’tiqodiy yo‘nalishini nazariy asoslab bergan ikki buyuk e’tiqod imomlari Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturidiy Samarqandiy va Abu Hasan Asha’riy Basriylar bo‘lgan. (Oqilov S., 2012:11) Mazkur ikki yirik aqidaviy yo‘nalishning ham paydo bo‘lishi mo‘taziliylik g‘oyalariga qarshi raddiya sifatida ahli sunna qarashlarini qo‘llab-quvvatlash uchun vujudga kelgan. Iroq va Xuroson ulamolari o‘rtasidagi har xil aqidaviy va fiqhiy ixtiloflarni bartaraf etish uchun bu aqidaviy maktablarga ehtiyoj katta bo‘lgan. Imom Moturidiy va undan keyingi mutakallimlar Abu Yusr Muhammad ibn Abdulkarim Bazdaviy, Abul Muin Nasafiy, Imom Bayoziy va Ibn Humomlar Abu Hanifaning kalom ilmida qadariylarga qarshi raddiya sifatida tasnif etgan “al-Fiqh al-Akbar” asari va allomaning fiqhiy yo‘nalishini davom ettirishgan (Oqilov S., 2012:03). “Al-Fiqhu al-Akbar” asarining Imom A’zamdan Imom Moturidiygacha bo‘lgan roviylar sanadi quyidagicha silsila orqali yetib kelgan. Imom A’zamdan o‘g‘li Hammod ibn Abu Hanifa rivoyat qilgan, undan I’som ibn Yusuf asarni rivoyat qilgan va Abu Muqotil Hafs ibn Solim undan eshitgan va Abu Muqotildan Imom Moturidiyning ustozi Nasr ibn Yahyo rivoyat qilgan. Shu tariqa Abu Hanifa (r.a.) ta’limoti Imom Moturidiygacha yetib kelgan (Oqilov S., 2012:08).

Imom Moturidiy Samarqanddan yetishib chiqib, Movarounnahr tafsir, fiqh va kalom ilmi taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan. Movarounnahrda moturidiya kalom maktabining vujudga kelishi hamda hanafiylik mazhabining keng tarqalishida Samarqanddagi ilmiy muhitning rivojlanishida shu davrning muhaddislar, faqihlar va mutakallimlarining xizmati katta bo‘lgan. Moturidiya ta’limotining paydo bo‘lishi hanafiy mutakallimlari Abu Muqotil Samarqandiy (vaf. 208/823 y.) va Ahmad ibn Nasr Atakiy (IX asr) nomlari bilan bog‘liq bo‘lib, bu ikki alloma hadis ilmi borasida ham mashhur bo‘lgan. Abu Muqotil Samarqandiy, uning shogirdi Abu Bakr Ahmad ibn Nasr Atakiy, ikki o‘g‘li – Salim ibn Hafs (vaf. 211/826 y.) va Umar ibn Hafs (vaf. 219/834 y.)lar Samarqandda faoliyat olib borgan ulug‘ muhaddislar sifatida ham zikr etiladi (Umarov Sh., 2019:45).

Abu Hafs Umar ibn Hafs ibn Salim Samarqandiy Abu Muqotil Samarqand qozisi bo‘lgan va ko‘plab muhaddislardan hadis o‘rgangan. U hanafiy yo‘nalishida ulug‘ faqih, mutakallim va muhaddislardan sanalgan. Imom A’zamning kalom ilmiga oid mashhur «Fiqh al-akbar» asarining Imom Moturidiyga yetib kelishi Hafs ibn Salim Samarqandiy Abu Muqotilning shogirdlari orqali bo‘lganligi manbalarda ta’kidlanadi. Abu Hafs Umar ibn Hafs ibn Salim Samarqandiy esa o‘z davrida ikki ulug‘ muhaddislar Abdulhamid Keshiy va Abdurahmon Dorimiylardan hadis rivoyat qilgan (Umarov Sh., 2019:125).

Movarounnahr kalom va fiqh ilmi rivojida yetuk alloma Imom Moturidiydek ulug‘ mutakallimning yetishib chiqishida ham yurtimiz muhaddislarining kalom va fiqh ilmidagi yetuk shogirdlari: Abu Muqotil Samarqandiy, Ahmad ibn Nasr Atakiy, Salm ibn Hafs va Umar ibn Hafs Samarqandiyning xizmatlari bor. Muhaddisning hayoti va ilmiy faoliyati Movarounnahrda hadis, fiqh, tafsir va kalom maktablarining paydo bo‘lib, taraqqiy etishida muhim rol uynagan (Umarov Sh., 2019:126).

Buyuk kalomshunos olim, sharq mutakallimlari ustozi, “Hidoyat imomi” deya e’tirof etilgan alloma Imom Moturidiyning hayoti va ilmiy merosini o‘rni islom olamida buyukdir. Imom o‘zining e’tiqodi yo‘nalishi bilan sharq kalom maktabiga asos solgan va uning asarlari ahli sunna va jamoa e’tiqodini o‘rganib, to‘g‘ri yo‘lni tanlab olishda bebaho asarlardan hisoblangan. Imom Moturidiy o‘zining e’tiqodiy qarashlarini ikki yo‘nalish: naqliy va aqliy dalillar bilan asoslagan. Bu haqda allomaning o‘zi shunday deb ta’kidlaydi: “Dinning tanishlikning asli ikki yo‘li mavjud bo‘lib, bu eshitish va aql yuritishdan iborat” degan (Buyuk turk bilgini., 2012:427).

Imom Moturidiy yashagan davrlar kalom ilmi borasida eng munozara va bahslarga boy davr bo‘lib, har xil e’tiqodiy oqimlar faoliyat olib borgan va ulardan mo‘‘taziliy yo‘nalishi keng tarqalgan. Mo‘‘taziliy tarafdorlari tomonidan aqlni dinning asosi deb e’tirof etib, aqlni naqldan ustun qo‘yib unga keng targ‘ib qilish davri bo‘lgan. Ular o‘z aqliy qarashlari naqliy dalillarga qarshi kelsa ham aqliy dalilni ustun quyishgan. Mo‘‘taziliy qarashlarida faqat mutovotir hadislar olingan va boshqa hadislar dalil sifatida olinmagan. Bu davrda hadis ahli va muhaddislar bu kabi e’tiqodiy qarashlarga o‘z munosabatlarini bildirib, ularga qarshi ilmiy bahslar olib borishgan. Mo‘‘taziliylar harakati abbosiy xalifalaridan al-Ma’mun (813-833), al-Mu’tasim (833-842) va alVosiq (842-847) davrlarida avj oldi [4:22-23]. Bu davrda bundan tashqari qadariylar, murjiylar va rofiziylarga xos qarashlar ham jamiyatda mavjud bo‘lgan. Imom Moturidiy islom tarixida keng tarqalib ketgan har xil e’tiqodiy qarashlarni bir xil tizimga solish va ularni naqliy va aqliy dalillarga tayanib isbotlab berish kabi buyuk ishlarni amalga oshirgan. U o‘zining e’tiqodiy qarashlarida keltirgan masalalarning hukmida oyat va hadisga tayanib hukm chiqarishga katta e’tibor qaratgan. E’tiqodiy qarashlarini mustahkamlashda birinchi naqliy dalil oyat va hadisni keltirish bilan aqloniylardan (faqat aqlga tayanadiganlar) katta farq qilgan.

Imom Moturidiy o‘zining “Kitobu-t-tavhid” asarida ko‘plab oyatlarni dalil sifatida keltirish bilan birga hadislardan ham ko‘p o‘rinlarda foydalangan. Imom o‘z qarashlarini naqliy dalillar bilan ilmiy isbotlab bergan. Barcha ilmlarning negizida Qur’on va hadis bo‘lgani kabi kalom ilmi ham bu ikki manbaga asoslangan. Fiqh ilmida “ahli hadis” va “ahli ray” ning bo‘lgani kabi kalom ilmida ham “ahli hadis mutakallim” va “ahli ray mutakallim” bo‘lgan. (Buyuk turk bilgini., 2012:427)

Imom Moturidiy “ahli ray mutakallim” bo‘lib o‘z qarashlari bilan keng tarqalgan oqimlarga qarshi dalil keltirish va ular tomonidan ilgari surilgan qarashlarga raddiya berishda hadislarning o‘rni katta ahamiyatga ega ekanligini asosli ko‘rsatib bergan. Imom Moturidiy “Kitobu-t-tavhid” asarida asosiy masalalarda Qur’ondan dalil keltirib, yigirma olti masalada hadisning o‘zidan dalil keltirib o‘tgan va bundan tashqari o‘z fikr va qarashlarini quvvatlantirish maqsadida boshqa ko‘plab hadislarga murojaat qilgan. Imom hadislardan asosan mutovotir, sahih hadislardan foydalangan va ba’zi o‘rinlarda ohod hadislar ham keltirib o‘tilgan.
Davomi… 

Shukurulloh Umarov, 
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot 
markazi direktori (PhD)

Qo‘shimcha malumot

BUYUK HIDOYAT IMOMI ABU MANSUR MOTURUDIY
Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy sohada ham katta oʻzgarishlar va islohotlar boʻlyapti. Buni biz soʻnggi besh yil ichida...
ADIB AHMAD YUGNAKIYNING “HIBATU-L-HAQOYIQ” ASARIDA MA’RIFIY QARASHLAR
Jamiyat a’zolarining maqsadlarini ularning intilishlari, ehtiyojlari, bajarayotgan vazifalari va ijti­moiy qadriyatlar belgilab beradi. Bu qadriyatlarning shakllanishi oiladan boshlab, ta’lim va...
IQLISHIYNING “AN-NAJM MIN KALAM SAYYIDI-L-ARAB VA-L-AJAM” ASARI TASNIFI
“Iqlishiy” nisbasi bilan mashhur bo‘lgan Abu Abbos Ahmad ibn Ma’d ibn Iso ibn Vakilning “an-Najm min kalam sayyidi-l-arab va-l-ajam”nomli asari...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry