03.08.2022
433

IMOM MOTURIDIY QARASHLARIDA GUNOHI KABIRA QILGAN MO‘MINLAR MASALASI

    Payg‘ambar alayhissalom vafotlaridan ko‘p o‘tmasdan u zotning o‘zlari xabar berib ketganlaridek, musulmonlar orasida firqalanish holatlari kuzatila boshladi. Abu Bakr roziyallohu anhuning halifalik davrida zakot bermay, musulmonlik qilishni da’vo qilgan kimsalar o‘rtaga chiqdi. Usmon roziyallohu anhu davrida esa, u olib borayotgan siyosatni qoralab, buzuq qarashlari bilan musulmonlarni unga qarshi qayraydigan kimsalar paydo bo‘ldi. Ayniqsa, Ali roziyallohu anhu davriga kelib, hozirgi firqa va oqimlardan ko‘piga asos vazifasini o‘tab bergan va berayotgan xavorijlar paydo bo‘lib, o‘zlaridan oldin hech kim da’vo qilib chiqmagan o‘ta buzuq qarashlarni musulmonlar orasida targ‘ib qilishni boshlab yubordilar. O‘zlari tutgan yo‘ldan boshqasida bo‘lgan musulmonlarni kofirga chiqardilar. Ularning mollari, or-nomuslari va qonlarini o‘zlariga halol qilib oldilar. Haq va to‘g‘ri yo‘ldagi ahli sunna val jamoaga mansub barcha ulamolar o‘z asarlari, bizga qoldirgan boy ilmiy meroslarida ularning botil qarashlarini keskin qoralab chiqdilar. Ham naqliy va ham aqliy dalillar bilan ularga kuchli raddiyalar berdilar. Xavorijlar ilgari surgan qarashlar ichida eng xatarlisi – bu gunohi kabira qilgan musulmonni kofirga chiqarishi bo‘ldi, desak xato qilmagan bo‘lamiz. Bu borada mo‘taziliylar ham xavorijlar tutgan yo‘lni tutdilar. Faqat gunohi kabira qilgan musulmon ikki manzil – imon va kufr o‘rtasida bo‘ladi, degan mantiqsiz fikr bilan ulardan farq qildilar. 

         Bu xususda eng to‘g‘ri va mo‘tadil qarashni, shubhasiz, ahli sunna val jamoa ulamolari taqdim etdilar. Ular Qur’oni karim, hadisi sharif va aqliy dalillar asosida gunohi kabira qilgan musulmonga taalluqli to‘g‘ri hukmni bayon qilib berdilar. Imom Moturidiyning “Tavhid” va “Ta’vilot al-Qur’on” asariga murojaat qilar ekanmiz, ularda xavorijlar va mo‘taziliylarning bu boradagi qarashlari keskin tanqid ostiga olinganini ko‘ramiz. Ularning dalil-hujjatlaridan har biriga kuchli raddiyalar taqdim qilinganining shohidi bo‘lamiz. Jumladan, Imom Moturidiy Baqara surasi, 62-oyatini sharhlash asnosida quyidagilarni yozadi: “Mo‘taziliylar Alloh taoloning “Ularga xavf yo‘q va ular xafa ham bo‘lmaslar”, degan so‘zini ushlab olib, gunohi kabira qilgan musulmonda xavf va xafalik bo‘ladi. Agar mo‘min bo‘lganida, unda xavf bo‘lmas edi. Chunki Alloh taolo mo‘minga xavf va xafalik bo‘lmasligini xabar qilgan. Binobarin, bu oyat gunohi kabira qilgan vaqtda uning imondan chiqishiga dalolat qiladi, dedilar. Ularga bunday deyiladi: (Alloh taolo bu oyatda) hamma vaqt ularda xavf va xafalik bo‘lmaydi, demagan. Shunday ekan, ba’zan xavf bo‘lishi, ba’zan bo‘lmasligi ehtimoli bor. Chunki har bir mo‘min, hatto payg‘ambarlar ham qayta tirilish (qiyomat kuni) va uning dahshatidan qo‘rqib yashaydi... Qachonki, jannatga kirib, o‘z joylarini egallab bo‘lsalar, ulardagi xavf va xafalik ketadi. Shunga ko‘ra, mo‘minda ayrim vaqtlarda xavf bo‘lsa, ayrimlarida u bo‘lmaydi. Vallohu a’lam!”.

         Imom Moturidiyning ta’kidlamoqdaki, mo‘taziliylar da’vo qilgandek, kishida xavf va xafalik bo‘lishi uning mo‘min emasligiga hujjat bo‘lolmaydi. 

Imom Moturidiy o‘zining “Ta’vilot al-Qur’on” asarida “Axir, mo‘min kishi bilan fosiq (itoatsiz) kimsa teng bo‘lurmi?! ... “O‘zlaringiz (dunyoda ishonish o‘rniga) inkor etgan do‘zax azobini totingiz!” – deyilur” (Sajda surasi:18,20) oyatlarini tafsir qilish asnosida quyidagilarni yozgan: “So‘ngra xavorijlar va mo‘taziliylar bunday deydilar: “Agar fosiq kimsa sizlar aytgandek mo‘min bo‘lganida, bu oyatning hech bir ma’nosi bo‘lmas edi. Alloh taolo mo‘min bilan fosiq kimsa barobar emas, deb zikr qilgan ekan, u mo‘min emas. Mo‘minning oxir oqibati jannat va u yerda mangu qolish, fosiqning joyi do‘zax bo‘lib, (diniy matnlarda) zikr qilinganiga ko‘ra, u yerda abadiy qoluvchidir. Agar gap sizlar aytgandek bo‘lganida, ikkisi barobar bo‘lar edi”, dedilar yoki shunga o‘xshash gapni aytdilar. 

Ularga bunday javob beriladi: Biz ham, sizlar ham bu oyatda zikr qilingan fosiqdan murod mo‘min emasligida, mo‘min kishi bilan fosiq kimsa teng bo‘lmasligida hamfikrmiz. Chunki oyatda fosiqlik imonning muqobilida zikr qilingan. Buning dalili o‘sha oyatning oxiridir. Zero, unda: “O‘zlaringiz (dunyoda ishonish o‘rniga) inkor etgan do‘zax azobini totingiz!” [Sajda surasi, 20] – deb, inkor etish iborasi zikr qilingan. Inkor etish – bu imon va tasdiqning muqobilidir. Uning muqobilida zikr qilingan har qanday fosiqlik kufr va inkordir. Demak, oyatdagi fosiq mo‘min emasdir. Ammo siz imonning muqobilida zikr qilinmagan birorta fosiqlikni keltiring-chi?! Lekin imondan boshqa narsalar – ma’siyat va yomonliklar muqobilida zikr qilingani bordir...”. 

Imom Moturidiyning yuqoridagi gaplaridan ayon bo‘ladiki, fosiq bilan mo‘min barobar bo‘lmasligi haqidagi oyatlarda kelgan fosiqlikdan murod kufrdir. Bunga u imonning muqobilida zikr qilingani dalildir. Imonning muqobilida kelgan har qanday fisq so‘zi – bu kufrdir. Bundan boshqacha bo‘lishi mumkinligini da’vo qilgan kishi o‘z dalilini keltirishi lozim. 

Mo‘taziliylar: “Alloh taolo mo‘min jonni nohaqdan ataylab o‘ldirishga o‘xshagan ayrim katta gunohlar haqida xabar berib, ular o‘z sohibining do‘zaxda abadiy qolishiga sabab bo‘lishini ta’kidlagan. Masalan, U: “Kimda-kim qasddan bir mo‘minni o‘ldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir. Yana unga Alloh g‘azab qilgay, la’natlagay va unga ulkan azobni tayyorlab qo‘ygay” (Niso surasi, 93), degan”, deydilar. Qozi Abdul Jabbor quyidagilarni yozadi: “Alloh taolo: “Kim Alloh va (Uning) payg‘ambariga itoatsizlik qilsa va hududlaridan tajovuz qilsa, uni do‘zaxga abadiy (qolishi uchun) kiritur” (Niso surasi, 14) deb, gunohkorlar do‘zaxda azoblanishlari va u yerda abadiy qolishlarini xabar bergan”. Imom Moturidiyga ko‘ra: “(Qur’oni karimda bir mo‘minni) qasddan o‘ldirgan kishi do‘zaxda abadiy qolishi zikr qilingan oyatlar ikki xil tushuniladi. Birinchisi, o‘ldirishni halol deb hisoblagani, ikkinchisi, diya (xun haqi)ni qasd qilgani sababli (do‘zaxda abadiy qoladi) ...”. 

Bu borada alloma Bobartiy ham Imom Moturidiy bilan hamfikrligini uning quyidagi so‘zlaridan bilib olamiz: “Ular (mo‘taziliylar) ushlab olgan dalilga javob quyidagichadir: bizning fikrimizcha, qoida shuki, Qur’onda abadiy qolish qaydi bilan zikr qilingan tahdid oyatlari o‘sha ishni halol hisoblab qiluvchilarga tegishlidir. Ular o‘sha ishni halol deb bilganlari uchun kofir bo‘lganlar va shu boisdan ularga haqiqatdan ham kofirliklari sababli ularni do‘zaxda abadiy qoldirish bilan tahdid qilingan”.

Imom Moturidiy zikr qilishicha, Alloh taolo Qur’oni karimda gunohi kabira qilgan mo‘minlarga nisbatan imon ismini ishlatgan. Bu narsa shunga dalolat qiladki, gunohi kabira qilish bilan kishi mo‘minlikdan chiqmaydi. Ikkinchidan, Alloh taolo oz bo‘lsa-da, yaxshilik qilgan kishi uning ajrini, albatta, oladi deb xabar qilgan. Agar gunohi kabira qilgan kishi do‘zaxda abadiy qoladigan bo‘lsa, yaxshi amallar qilganiga qaramay, uning ajrini umuman olmagan bo‘lib chiqadi. Alloh taolo esa va’dasiga aslo xilof qilmaydi. 

Qolaversa, gunohi kabira qilgan mo‘min do‘zaxda abadiy qoladi, deb hukm qiladigan bo‘lsak, bu ish uning yomon amaliga ortiqcha jazo bo‘ladi. Bu gap Alloh taoloning bandani u qilgan yomon amaliga qarab jazolashi haqidagi va’dasiga to‘g‘ri kelmaydi. 

Imom Moturidiy bunday deydi: “Alloh O‘zining payg‘ambari (Muhammad alayhissalom)ni o‘zlari uchun, mo‘minlar va mo‘minalar uchun istig‘for aytishga amr etgan. So‘ngra istig‘for aytishga bo‘lgan amr kufr yoki shirkni sobit qilish uchun deb tushunilmaydi. “Na payg‘ambar va na mo‘minlar mushriklar uchun istig‘for (gunohlarini kechirishini) so‘rashlari joiz emas” (Tavba surasi, 113) oyati, shuningdek, mo‘minlar uchun istig‘for aytishga amr etgani buning dalilidir”. 

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, gunohi kabira masalasi kecha yoki bugun o‘rtaga chiqqan emas, balki uning ildizi islomning qarib ilk asrlariga borib taqaladi. Imom Moturidiy asos solgan moturidiylik va Abul Hasan Ash’ariy asos solgan ash’ariylikdan tarkib topgan ahli sunna val jamoa ulamolari har doim musulmonlarning haq yo‘ldan adashib ketishlarining oldini olganlar. Chunki gunohi kabira qilgan mo‘minni shu amali tufayli kofirga chiqarish birgina insonning musulmon bo‘lishini dunyo va dunyodagi barcha narsadan ko‘ra qiymatliroq deb baholagan Islom dinining maqsadlariga to‘g‘ri kelmaydi. Bu kabi nozik masalalarda musulmonlarga haq yo‘lni ko‘rsatib berish uchun Imom Moturidiyning boy ilmiy merosi ustida yanada samaraliroq mehnat qilish bugunning dolzarb masalalaridan biridir. 

Alouddin Hofiy, 
Imom Buxoriy xalqaro
ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Qo‘shimcha malumot

BUYUK HIDOYAT IMOMI ABU MANSUR MOTURUDIY
Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy sohada ham katta oʻzgarishlar va islohotlar boʻlyapti. Buni biz soʻnggi besh yil ichida...
ADIB AHMAD YUGNAKIYNING “HIBATU-L-HAQOYIQ” ASARIDA MA’RIFIY QARASHLAR
Jamiyat a’zolarining maqsadlarini ularning intilishlari, ehtiyojlari, bajarayotgan vazifalari va ijti­moiy qadriyatlar belgilab beradi. Bu qadriyatlarning shakllanishi oiladan boshlab, ta’lim va...
IQLISHIYNING “AN-NAJM MIN KALAM SAYYIDI-L-ARAB VA-L-AJAM” ASARI TASNIFI
“Iqlishiy” nisbasi bilan mashhur bo‘lgan Abu Abbos Ahmad ibn Ma’d ibn Iso ibn Vakilning “an-Najm min kalam sayyidi-l-arab va-l-ajam”nomli asari...

Izoh qoldirish

Izohlar

28.10.2022 09:16
Alhamdulillah
Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry