02.08.2022
347

MOTURIDIYLIK TA’LIMOTINING BOLQON YARIM OROLIDA TARQALISHI XUSUSIDA

Pir Muhammad Uskubiy (vaf. 1020/1611 y.) usmoniylar davlati o‘z cho‘qqisiga chiqqan davrda yashagan hanafiy faqihlaridan biri bo‘lib, uning hayoti va ilmiy merosiga qiziqish oxirgi o‘n yilliklarda kuchaymoqda . Turkiyalik tadqiqotchilar tomonidan bugungacha olib borilgan ilmiy ishlarda olim hayoti va ijodi deyarli to‘la yoritilgan bo‘lsa-da, ularning barchasida tadqiqotchilar nazaridan chetda qolib kelayotgan bir jihat bor, u ham bo‘lsa Uskubiy ijodiga O’rta Osiyo faqihlarining ta’siridir. O’rta Osiyo faqihlari merosining Bolqon yarim orolida tarqalishiga Uskubiy shaxsiyati yaqqol misol bo‘ladi. 

Olimning shaxsiy hayoti haqida bizgacha kam ma’lumot yetib kelgan. Uning otasi manbalarda Hasan yoki Abdulloh deb nomlangan. Pir Muhammad o‘spirinlik chog‘ida sufiylikdagi bektoshiylik tariqatiga qiziqish bildirgani ma’lum. 

Pir Muhammad keyinchalik tasavvufdan ko‘ra, ko‘proq fiqh ilmiga qiziqa boshlaydi va Istanbulda o‘z davrining eng mashhur faqihlaridan Muhammad-afandiChivizodaga (vaf. 995/1587 y.) shogird tushadi. 

Pir Muhammad Istanbulda mashhur faqih darajasiga erishgach, Anatoliya tashqarisida joylashgan madrasalarda dars bera boshladi. Avvaliga Yenipazar shahridagi (bugungi Serbiya, Jeni Pazar) madrasada dars bergan paytida ko‘cha bezorilari hujumiga duchor bo‘ladi. Buning oqibatida bir ko‘zidan ajralgan olim keyinchalik “Yak-chashm”, “Ko‘r-muftiy” deb atala boshladi. 990/1582 yillarda Bolgariyaning Hezargrad shahridagi “Maqtul-Ibrohim posho madrasasi”da mudarrislik qilarkan, biroz o‘tib, Skope (bugungi Shimoliy Makedoniya poytaxti, usmonli turkchada Üsküp) muftiysi lavozimiga ta’yin qilinadi. Uzoq yillar shahar muftiysi lavozimida ishlagan olim 1020/1611 yilda shu yerda vafot etdi.

Uskubiyning ikki asar yozgani ma’lum va ular bizgacha yetib ketgan. Ulardan birinchisi fatvolar jamlanmasi bo‘lib, manbalarda “Muin al-muftiy” (Fatvo beruvchilarga yordam beruvchi), “Fatovoyi Ko‘rmuftiy” yoki “Fatovoyi Uskubiy” deb atalgan. Asarning eng qadimiy uchta nusxasi Bolqon yarim oroli davlatlari kutubxonalarida saqlanishi ma’lum: 

1) Sarayevo shahridagi Sharqshunoslik instituti (Sarajevo Oriental Institute Library) kutubxonasi No 55. Ushbu qo‘lyozma asar 1036/1626 yilda Serbiyaning Krushevats (Kruševac, usmonli turkcha “Alacahisar”) shahrida Bakr ibn Ibrohim Cajozade Travnicanin tomonidan ko‘chirilgan.

2) Travnik shahridagi Arhiv Srednje Bosne arxivida № 59 raqamli nusxa 1037/1627 yilda Muhammad ibn Yusuf Amirzoda Busnaviy tomonidan ko‘chirilgan.

3) Sarayevo Sharqshunoslik Instituti kutubxonasi № 4709. Ushbu nusxa 1044/1634 yilda Umar ibn Hasan Busnaviy Sarojiy tomonidan ko‘chirilgan. 

“Muin al-muftiy”ning O’zbekistonda saqlanuvchi nusxalari haqida ma’lumot uchramadi. Uskubiyning ikkinchi asari “Zahir al-quzot” ham Turkiya kutubxonalarida saqlanadi. “Muin al-mufti”dagi fatvolarni o‘z mazmuniga ko‘ra quyidagi uch qismga bo‘lish mumkin:

a) ilohiyot ilmiga doir masalalar;

b) mahalliy urf-odat, madaniyat, diniy xususiyatga xos fiqhiy masalalar;

v) sufiylik tariqatlari, ularning amaliyoti bilan bog‘liq savollar.

Uskubiy asaridagi har bir fatvo odatda ikki qismdan tuzilgan – usmonli turkcha savol hamda javob qismi. Javob qismi odatda qisqa usmonlicha matndan iborat. Undan so‘ng muallifning javobiga asos bo‘lgan asl arabcha manbadan iqtibos keltiriladi. Asardagi fatvolarning umumiy soni mingtadan ortiq. “Muin al-muftiy”dagi fatvolarni uslubiga ko‘ra ham uch turga ajratish mumkin:

a) arabcha manbadagi fatvo usmonli turkchaga aynan tarjima qilish bilan cheklangan;

b) arabcha fatvoga Uskubiyning usmonli turkcha fikri qo‘shimcha qilib izohlanadi;

v) arabcha manbadan qisqa javob keltirish bilan cheklanilgan. Bu xil fatvolar asarda juda kam. 

Ma’lum bo‘ldiki, “Muin al-mufti” iqtiboslardan tarkib topgan jamlanma fatvolar to‘plamidir. Shu bilan birga mazkur to‘plam hanafiy mazhabining 16-asrgacha tarixi bo‘yicha nafaqat Usmonli turk imperiyasi, balki O’rta Osiyo hududi bo‘yicha ham qimmatli manba vazifasini bajarishi mumkin. Quyida keltiriladigan ikkita iqtibos bunga asos bo‘ladi: 

“Muin al-muftiy”dagi iqtiboslar tahlil qilinganida, ularning asosiy qismi O’rta Osiyolik faqihlarga taalluqli ekani aniqlandi: “Fatovo Qozixon” (183 marta), “Muhit Saraxsiy” (98), “Xulosat al-fatovo” (86), “Hidoya” (64), “Fusul al-imodiyya” (34), “Tatimmat al-fatovo” (36), Abul Lays as-Samarqandiy (22), “Mabsut” as-Saraxsiy (21), Shams al-aimma as-Saraxsiy (17), “Zaxirat al-fatovo” (15), Halvoniy (14), “al-Voqi’ot al-husomiyya” (22), “Qunya” (13), “Majma’ al-fatovo” (10), Sadr ash-sharia as-soniy (9), “Navozil” (9). 

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Usmonli Turkiya madrasalarida O’rta Osiyoda yozilgan barcha fiqhiy asarlarning nusxalari mavjud bo‘lgan. Bu asarlar keyinchalik Bolqon yarim orolidagi musulmon hududlarga ham olib ketilgan.

Zafar Najmiddinov,
Tarix fanlari nomzodi, dotsent
O’zbekiston xalqaro islom akademiyasi doktoranti

 

Qo‘shimcha malumot

BUYUK HIDOYAT IMOMI ABU MANSUR MOTURUDIY
Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy sohada ham katta oʻzgarishlar va islohotlar boʻlyapti. Buni biz soʻnggi besh yil ichida...
ADIB AHMAD YUGNAKIYNING “HIBATU-L-HAQOYIQ” ASARIDA MA’RIFIY QARASHLAR
Jamiyat a’zolarining maqsadlarini ularning intilishlari, ehtiyojlari, bajarayotgan vazifalari va ijti­moiy qadriyatlar belgilab beradi. Bu qadriyatlarning shakllanishi oiladan boshlab, ta’lim va...
IQLISHIYNING “AN-NAJM MIN KALAM SAYYIDI-L-ARAB VA-L-AJAM” ASARI TASNIFI
“Iqlishiy” nisbasi bilan mashhur bo‘lgan Abu Abbos Ahmad ibn Ma’d ibn Iso ibn Vakilning “an-Najm min kalam sayyidi-l-arab va-l-ajam”nomli asari...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry