01.08.2022
940

MOTURIDIYLIK TA’LIMOTIDA ALLOH TAOLONING SIFATLARI TALQINI

Islom dini ta’limotida Allohning sifatlari mavzusi muhim ahamiyatga ega. Alloh taoloning sifatlari Qur’oni karim oyatlari, hadisi shariflarda zikr etilgan. Ularning barchasi qadimiy, azaliy sifatlardir. U mukammal sifatlar bilan sifatlangan va ulardan birortasi maxluqotlarning sifatiga o‘xshamaydi. Salafi solihlar “Asmoul husna” (go‘zal ismlar) mavzusini katta e’tibor bilan o‘rganganlar. Ayni bu yo‘lni xalaf ulamolari ham davom ettirganlar. Salaf va xalaf ulamolari Alloh taoloning sifatlarini “Uni O‘ziga munosib bo‘lmagan narsalardan poklash” degan maqsadda o‘rganganlar. 

Salaf ulamolari deb birinchi uch hijriy asrda yashab o‘tgan musulmon olimlar tushuniladi. Ular zamonasida hali falsafiy qarashlar dinga aralashmagan, aqidaviy ixtiloflar, oqimlar urchimagan davr edi. Shu bois ular boshqa ilmlar qatori “Aqoid” ilmini falsafiy qarashlar bilan qorishtirmay, sodda va ixcham tarzda o‘rganishib, shogirdalriga bayon qilib berganlar. Jumladan, Abu Hanifa rahmatullohi alayh “al-Fiqhu al-Akbar” asarida: “U maxluqotlaridan hech biriga o‘xshamaydi. Unga maxluqotlaridan hech biri o‘xshamaydi. Uning barcha sifatlari maxluqlarning sifatlariga ziddir. U ilmimizga o‘xshamaydigan ilm bilan biladi. U qudratimizga o‘xshamaydigan qudrat ila qodir bo‘ladi. U ko‘rishimizga o‘xshamaydigan ko‘rish bilan ko‘radi. Alloh taolo Qur’onda yuz, qo‘l va jonni zikr qilgan bo‘lib, ular U zotning kayfiyatsiz sifatlaridir”, deb yozadi. 

Imom Buxoriyning shayxi Nu’aym ibn Hammod sifatlar borasida bunday degan: “Kim Allohni Uning maxluqotlariga o‘xshatsa, kofir bo‘libdi. Kim Alloh O‘zini-o‘zi vasf qilgan narsani inkor qilsa, kofir bo‘libdi. Alloh va Uning rasuli vasflagan narsada o‘xshatish yo‘q. Kim ochiq-oydin oyatlar va sahih xabarlarda kelgan narsalarni Allohning jaloliga loyiq ravishda isbot qilsa va Undan nuqsonlarni rad etsa, hidoyat uzra bo‘ladi”.

Salafi solihlar sifat masalasida tafviz (topshirish), ya’ni aslam (tinch) yo‘lni tutganlar. Chunki u davrda sifatlarni ta’vilsiz, qanday bo‘lsa, shundayligicha tushunish salaflarning yo‘li edi. Ularda sifatlarni ta’vil qilishga ehtiyoj ham, zarurat ham bo‘lmagan. Bu xuddi aksariyat oyat va hadislarni izohsiz, sharhsiz tushunishlariga o‘xshaydi. Salafi solihlar davri soddalikka asoslangani bilan o‘ziga xos ahamiyatga molikdir. Jumladan, buning misolini “istava ala-l-Arsh” masalasida ko‘rishimiz mumkin. O‘tgan avlodlar bu oyatning ma’nosini Allohga havola qilishib, bu haqda so‘z ochishmagan. Chunki u vaqtda hamma yaxshi tushunchaga ega bo‘lgan, sodda hayot kechirishgan va turli fitnalarga duchor bo‘lishmagan. Shu bilan birga, ushbu masalani ko‘tarib turadigan ba’zi shaxslar ham topilgan. Lekin ko‘pchilik ularni fitnachi, deb nomlab o‘z fikrlarini tarqatishlariga yo‘l qo‘ymagan. 

Imom Molik rahmatullohi alayhning tutgan mavqiflari hammaning tahsiniga sazovor bo‘lgan. Rivoyatlarda kelishicha, bir kishi Imom Molikning huzuriga kirib, istivo haqida so‘ragan ekan. Shunda Imom Molik: “Istivo ma’lum. Uning qandoqligi noma’lum. Unga imon keltirish vojib. U haqda savol berish bid’at. Sen bid’atchi ekansan! Chiqaringlar buni mening oldimdan!” deganlar. Salafi solihlarimiz shu yo‘l bilan Alloh subhonahu va taoloning pokligi, o‘xshashi yo‘qligi va boshqa barcha kamolot sifatlariga bo‘lgan to‘g‘ri e’tiqodni saqlab turishgan. Vaqt o‘tishi bilan Islom davlati hududlari kengayib, turli xalq, din, falsafa va mafkuraga ega odamlar ham Islomni qabul qilishdi yoki musulmonlar bilan aralashib yashay boshlashdi. Tabiiyki, ular o‘zlarining eski fikr va tasavvurlaridan birdan va to‘la uzilib chiqa olmas edilar. Shu bilan bir vaqtda, Islom dushmanlari ham doimiy ravishda turli ig‘volar qilib turishar edi. Ular musulmonlarning aqidalariga putur yetkazish maqsadida turli shubhali masalalarni g‘oyat ustalik bilan o‘rtaga tashlar edilar. Ana shunday masalalarning eng kattalaridan biri Alloh taoloning sifatlariga oid oyat va hadislarning zohiriy ma’nolarini olishib, musulmonlarning aqidasiga zarar yetkazishga urinish bo‘lgan. 

Allohning qo‘li, ko‘zi yoki boshqa U pok zotga nisbat berilgan sifatlar ta’rifida fitna qo‘zg‘ab, kishilarni zalolatga ketkazish boshlandi. Anchagina toifalar bu masalada kufrga ketdilar. Endi salafi solihlarga va Imom Molikka o‘xshab, bu masalada savol berish bid’atdir, deb fatvo chiqarish ish bermaydigan holga keldi. Balki shunga o‘xshash masalada savol so‘ramaydigan odamning o‘zi qolmadi. Ana shunday nozik bir paytda Abu Mansur Moturudiy kabi buyuk allomalar aqidaning sofligini saqlab qolish uchun katta xizmat qildilar. 

Buzg‘unchilar: Allohning Arshga istivo qilishi, unga barobarlashishidir, degan bo‘lsalar, xalaflar, ya’ni keyingi ulamolarimiz: Yo‘q, unda Allohga nuqson nisbati berilgan bo‘ladi, shuning uchun istivoni Alloh taoloning boshqa barkamol sifatlariga mos ravishda tushunmoq kerak, dedilar. Shu tariqa istivo–quvvati va sultonligi ila ega bo‘lmoqdir, deb ta’vil qilindi. Bunda ham xuddi salafi solihlarga o‘xshab Alloh taoloni turli nuqsonlardan poklash qasd qilingandir. Ham salaf, ham xalaf ulamolarimizning maqsadlari bir bo‘lgan. Faqat maqsadga yetish uchun o‘z zamonlariga va sharoitlariga mos yechim yo‘lini tutganlar.

Xalaf ulamolar Allohning turli talqinini ko‘taradigan sifatlarini Uning sha’niga mos ta’vil qilishga harakat qilganlar. Ularning tutgan ushbu yo‘llari ulamolar orasida “ahkam” (puxta) yo‘l deb e’tirof etilgan. Ular “mushabbiha”, “mu’attila” va “mujassima” kabi oqimlarning fitnalaridan jamiyatni asrab qolish uchun ham sifatlarni Allohning sha’niga munosib tarzda bayon qilishga majbur bo‘lganlar. 

“Mushabbiha” toifasi Alloh taoloning sifatlarini maxluqotlarning sifatlariga o‘xshatish g‘oyasini o‘rtaga tashlagan bo‘lsa, “mu’attila” tarafdorlari Alloh taoloning sifatlarini inkor qilishni ko‘tarib chiqishgan. “Mujassima”lar esa, Alloh taologa jism nisbatini berishadi. Xalaflar yashagan asr o‘ta darajada tahlikali bo‘lganki, hatto oddiy xalq ham Alloh taoloning “yuz, yad” kabi sifatlarining kayfiyatini bilishga urinishgan. Ular Alloh taoloning “yadi”, “yuzi” borasida salaflar kabi sodda qarashga ega bo‘lmaganlar. Ularning qarashlariga falsafiy mushohada daxl qilishi natijasida, Allohning zoti, sifati va ismi borasida falsafiy mushohada yuritishga o‘tganlar. Shu bois ham Abu Mansur Moturidiy “Aqida” ilmining usuli va far’ini yanada takomillashtirishga harakat qildi. Shu o‘rinda xalaf ulamolari Alloh taoloning sifatlari haqida kelgan oyat va hadislarni ta’vil qilishda havoyi nafsga qarab emas, arab tili qoidalariga va eng muhimi, diniy ta’limotlar asosiga qarab, ish olib borganlar. Yana bir bor ta’kidlaymizki, salaflarning mazhabi o‘z vaqtida to‘g‘ri va afzal bo‘lgan. Xalaflarni esa sifatlar mavzusida “ahkam” yo‘lni tutishlariga sharoit majbur qilgan. Aslida, mazkur ikki yo‘nalishning ham maqsadi Alloh taoloni buzg‘unchi va adashgan toifalar nisbat beradigan aybu nuqsonlardan poklash edi. 

Abdullatif Alloqulov,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

“Moturidiylik ta’limoti tadqiqotlari” bo‘limi boshlig‘i, PhD

Qo‘shimcha malumot

BUYUK HIDOYAT IMOMI ABU MANSUR MOTURUDIY
Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy sohada ham katta oʻzgarishlar va islohotlar boʻlyapti. Buni biz soʻnggi besh yil ichida...
ADIB AHMAD YUGNAKIYNING “HIBATU-L-HAQOYIQ” ASARIDA MA’RIFIY QARASHLAR
Jamiyat a’zolarining maqsadlarini ularning intilishlari, ehtiyojlari, bajarayotgan vazifalari va ijti­moiy qadriyatlar belgilab beradi. Bu qadriyatlarning shakllanishi oiladan boshlab, ta’lim va...
IQLISHIYNING “AN-NAJM MIN KALAM SAYYIDI-L-ARAB VA-L-AJAM” ASARI TASNIFI
“Iqlishiy” nisbasi bilan mashhur bo‘lgan Abu Abbos Ahmad ibn Ma’d ibn Iso ibn Vakilning “an-Najm min kalam sayyidi-l-arab va-l-ajam”nomli asari...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry