30.07.2022
628

MOTURIDIYLIK TA’LIMOTINING O‘QITILISHI, TARIX VA BUGUNGI KUN

Ahli sunna val-jamoaning ikki aqidaviy ta’limotidan biri bo‘lmish moturidiya yo‘nalishining vujudga kelishi, rivojlanishi va keng yoyilishi hozirgi O‘zbekistonning o‘tmishi bilan bevosita bog‘liq. Ushbu ta’limotni bayon qilib beruvchi asosiy manbalar Shayx Abu Mansur Moturidiy (v. 333 h.) rahimahulloh qalamiga mansub “at-Tavhid” va “Ta’vilotu ahlis-sunna” asarlari hisoblanadi. Keyinchalik bu ta’limotning rivojiga eng ko‘p hissa qo‘shgan olim shubhasiz Abul Muin Nasafiy (418/508 h) rahimahulloh bo‘lib, uning “Tabsiratul-adilla” asari Imom Moturidiyning “at-Tavhid” kitobiga ma’naviy sharh va asarning keng yoritib beruvchi bayoni sanaladi. Shuningdek, Abul Muin Nasafiy rahimahullohning “at-Tamhid fi ilmit-tavhid” va “Bahrul-kalom” asarlari moturidiya ta’limotini ommaga yetkazishda muhim manba bo‘lib kelmoqda. Undan keyingi davrlarda moturidiylik ta’limoti yo‘nalishida yozilgan asarlar yuqoridagi manbalarga tayanadi. 

Movarounnahr madrasalarida moturidiya ta’limoti bosqichma-bosqich o‘qitib kelingan. XVI asrdan boshlab to XX asr boshlarigacha boshlang‘ich maktablarda So‘fi Ollohyorning turkiy tilda nazm qilingan “Sabotul ojizin” kitobi talabalarga yodlatilgan. Bu paytda boshlang‘ich maktab talabasining yoshi ko‘pi bilan 15 yoshgacha bo‘lgan. 

Madrasa ta’limi 15 yoshdan to 45 yoshgacha davom etgan. Fanlar uch xil nom bilan atalgan: shar’iya, arabiya va hikamiya. Mudarrislar har bir fandan uch xil kitobdan dars o‘tganlar: matn, sharh va hoshiya. Matnlar qismi barcha madrasalarda qat’iy ravishda ta’lim berilgan. Sharhlari esa, darslik sifatida mudarrislarning xohishlariga qarab ta’lim dasturiga kiritilgan. Hoshiyalarni talabalar o‘zlari o‘rganish jarayonida mustaqil o‘qib ketishlari shart hisoblangan. 

Shunday qilib, oliy madrasalarning eng zo‘r mudarrislari har bir matn kitobini asosan to‘rt sharh bilan birga dars berganlari uchun ta’limning eng yuqori saviyada o‘tishi “Chor-kitobi” o‘qish deb atalgan. Bu tarzda o‘qib chiqqan talabalar hamma joyda yuksak qadrlangan. Dunyoga dong‘i ketgan mudarrislar esa, sharhlar bilan bir qatorda hoshiyalardan ham dars aytganlar. Agar mudarris matnni sharh bilan birga o‘qitmasdan, faqat matn o‘qitayotgan bo‘lsa, sharh o‘rniga, odatdan tashqari, o‘zi xohlagan matn kitoblarini qo‘shib o‘qitgan. 

Madrasaning birinchi bosqichida Sirojiddin O‘shiy (v. 575 h) rahimahullohning “Bad’ul-amoliy” qasidasi yodlatilgan. Shu bilan birga Nuriddin Ali ibn Sulton Muhammad Qoriy (v. 819 h.1606 m.) rahimahullohning “Zov’ul-maoliy” nomli sharhi o‘qitilgan. 

Ikkinchi bosqichda Imomi A’zam Abu Hanifa rahimahullohning “Al-fiqh al-akbar” matni bilan birga Abul Muntaho Ahmad ibn Muhammad al-Mag‘nisoviy rahimahullohning sharhi qo‘shib o‘qitilgan. 

Keyingi bosqichda Abu Hafs Umar Nasafiy rahimahullohning “Al-Aqoid an-nasafiya” matni yodlatilib, Sa’duddin Taftazoniy rahimahulloh tomonidan bitilgan “Sharhul-aqoid an-nasafiya” asari o‘qitilgan. Mudarris “Sharh al-aqoid an-nasafiya” kitobidan  dars aytish jarayonida Alloma Xayoliy, Mullo Ahmad, Ramazon Afandi va Mullo Ilyos hoshiyalaridan foydalangan. Bundan tashqari quyidagi hoshiyalar talabalarning mustaqil o‘qishlari uchun vazifa sifatida belgilab berilgan: “Mullo Qosim”, “Qori Kamol”, “Qul Ahmad”, “Chalabiy”, “Oxundi Shayx”, “Abdurrahmon” va “Ismatulloh” hoshiyalari. 

Nihoyat, so‘nggi bosqichda Jaloliddin Davvoniy rahimahullohning “Sharh al-aqoid al-azudiya” (Mullo Jalol) asari mudarris tomonidan “Xonaqohiy” hoshiyasi bilan qo‘shib o‘qitilgan. Talabalarga “Tatimmat al-g‘avoshiy”, “Mavlono Sharif”, “Abdulhakim” va “Takmilat al-havoshiy”.

Bir vaqtning o‘zida fanlarning shar’iy, arabiy va hikamiy turlariga oid bitta-bittadan kitob birgalikda o‘qitib borilavergan. 

Madrasalarda moturidiylik ta’limoti aqoid va ilmi kalomga doir kitoblardan tashqari, tafsir fani orqali ham o‘rgatilgan. Bu borada Abul Barakot Nasafiyning  “Madorik at-tanzil va haqoiq at-ta’vil” asari, shuningdek, Nosiruddin ibn Umar al-Bayzoviy  rahimahullohning “Tafsir al-Qoziy” asariga yozilgan “Shayxzoda”, “Husomiddin”, “Abdulhakim” hoshiyalari alohida o‘rin tutgan. 

Hozirgi O‘zbekiston madrasalarida ham o‘tmishdagi ta’lim uslubiga hamohang ravishda o‘rta-maxsus islom bilim yurtlarida aqoid fanidan dastlab Sirojiddin O‘shiy (v. 575h) rahimahullohning “Bad’ul-amoliy” qasidasi yodlatiladi. Shu bilan birga Nuriddin Ali ibn Sulton Muhammad Qoriy (v. 819 h.1606 m.) rahimahullohning “Zov’ul-maoliy” nomli sharhi o‘qitiladi. Mudarris manzumaga yozilgan boshqa ulamolar sharhlaridan keng foydalanadi. 

Keyingi bosqichda “al-Aqida at-Tahoviya” matni yodlatilib, unga qo‘shimcha ravishda Abu Hafs Sirojiddin G’aznaviy sharhi o‘qitiladi. Mudarris Akmaliddin Bobartiyning “al-Aqida at-Tahoviya”ga yozgan sharhi va boshqa manbalardan foydalanadi. 

O‘zbekistondagi Oliy ta’lim islom bilim yurtlari talabalariga aqoid fanidan Imomi A’zam Abu Hanifa rahimahullohning “Al-fiqh al-akbar” asari matni bilan birga Nuriddin Ali ibn Sulton Muhammad Qoriy (v. 819 h. 1606 m.)ning “Minah ar-rovz al-azhar sharh al-Fiqh al-akbar” kitobi o‘qitiladi. Mudarris Nizol Ol Roshshiyning “al-Badr al-anvar sharh al-Fiqh al-akbar” kitobidan foydalanadi.

Keyingi bosqichda Abu Hafs Umar Nasafiyning “al-Aqoid an-nasafiya” matni yodlatilib, Sa’duddin Taftazoniy tomonidan bitilgan “Sharhul-aqoid an-nasafiya” asari o‘qitiladi. Mudarris bu sharhdan dars aytish jarayonida alloma Farhoriyning “an-Nibros” nomli asaridan hamda alloma Xayoliy, Ramazon Afandi va Kastaliy hoshiyalaridan foydalanadi.

Shuningdek, talabalarga tafsir fanidan o‘qitiladigan Abul Barakot Nasafiyning “Madorik at-tanzil va haqoiq at-ta’vil” asari orqali ham moturidiya ta’limoti o‘rgatiladi.

Haydarxon YO’LDOShXO’JAYEV,

tarix fanlari nomzodi

 

Qo‘shimcha malumot

BUYUK HIDOYAT IMOMI ABU MANSUR MOTURUDIY
Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy sohada ham katta oʻzgarishlar va islohotlar boʻlyapti. Buni biz soʻnggi besh yil ichida...
ADIB AHMAD YUGNAKIYNING “HIBATU-L-HAQOYIQ” ASARIDA MA’RIFIY QARASHLAR
Jamiyat a’zolarining maqsadlarini ularning intilishlari, ehtiyojlari, bajarayotgan vazifalari va ijti­moiy qadriyatlar belgilab beradi. Bu qadriyatlarning shakllanishi oiladan boshlab, ta’lim va...
IQLISHIYNING “AN-NAJM MIN KALAM SAYYIDI-L-ARAB VA-L-AJAM” ASARI TASNIFI
“Iqlishiy” nisbasi bilan mashhur bo‘lgan Abu Abbos Ahmad ibn Ma’d ibn Iso ibn Vakilning “an-Najm min kalam sayyidi-l-arab va-l-ajam”nomli asari...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry