18.07.2022
433

BURHONIDDIN MAHMUD BUXORIY

(1156–1219) 

Burhoniddin Mahmud Buxoriyning ma’naviy merosi haqida ko‘plab manbalarda xabar berilsa-da, uning shaxsiyati va Sharqda Oli Moza nomi bilan shuhrat qozongan oilasiga doir ma’lumotlar deyarli kam o‘rganilgan. Burhoniddin Mahmud Buxoriy garchi hayoti davomida Buxoro va Samarqandda yashab ijod etgan bo‘lsa-da, allomaning shoh asari bo‘lmish «al-Muhit» (Ummon yoki Qo‘rg‘on) asarida keltirilgan ma’lumotlarga tayanib aytish mumkinki, u 1156-yili hozirgi Marg‘ilon shahrida tavallud topgan. Burhoniddin Mahmud Buxoriy hanafiylik mazhabiga doir fiqhiy asarlarda Burhoniddin, burhonul-islom, sadrul-islom, sadruddin, burhon ash-sharia kabi nom va unvonlar bilan zikr qilinadi. Bu unvonlar albatta asar muallifining yuqori ilmiy salohiyat sohibi bo‘lganligini ko‘rsatadi. 

BurhoniddinMahmud Buxoriyning bobosi Burhonul Kabir Saraxsda, so‘ngra O‘zgandda shamsul-aimma Bakr ibn Muhammad ibn Ali ibn Fazl ibn Hasan Zaranjariydan (vaf.XII) fiqh ilmini o‘rgangan. 

Shuningdek, Burhoniddin Mahmud Buxoriyning voyaga yetishi, fiqh ilmi sohasida mashhur bo‘lishida uning Buxoro va Samarqandda Oli Moza yoki Sadrlar nomi bilan mashhur bo‘lgan oilasi ham muhim rol o‘ynadi.

Burhoniddin Mahmud Buxoriyning oilasi Buxoroga ko‘chib kelguniga qadar «Oli Moza», «Bani Umar ibn Marvon» nomlari bilan tanilgan. Bundan ko‘rinadiki, sulola nasl tarafidan beshinchi xalifa deb e’tirof etilgan umaviy Umar ibn Abdulaziz ibn Marvonga (vaf. 719 y.) borib taqalishi haqidagi farazlar ham mavjud. 

Burhoniddin Mahmud Buxoriyning faqih sifatida tanilishida uning Samarqanddagi faoliyati muhimdir. Buxoroda Oli Moza oilasi bilan mahalliy olimlar va so‘nggi Qoraxoniylarning xoni hisoblangan Qilich Arslonxon Usmon (1202-1212 yy.) o‘rtasidagi ziddiyatlarning keskinlashuvi oilaning Samarqandga kelib o‘rnashishiga sabab bo‘lgan. 

Manbalar uning asarlari asosan, Samarqandda bitilgani, uning shoh asari bo‘lmish «al-Muhit» asarining ilk nusxalari ham aynan shu shahar xattotlari tomonidan ko‘chirilganligini tasdiqlaydi. Masalan, xattot Abulfath Abdulqohir ibn Abu Bakr ibn Ali Marg‘inoniy 1262-65 yillarda Samarqanddagi Amiriya madrasasida «al-Muhit»ni kitob shakliga keltirgan.

Burhoniddin Mahmud Buxoriyning ustozlari, asosan, o‘z oilasidan chiqqan faqihlardir. Alloma asosiy bilimni o‘z otasi Sadr Saiddan olgan. Tarixchi Tamimiy allomaning otasi Sadr Saidning ko‘zga ko‘ringan shogirdlaridan o‘z o‘g‘li Mahmud va mashhur «al-Hidoya» asarining muallifi Burhoniddin Marg‘inoniy ismini keltiradi. 

Burhoniddin Mahmud Buxoriy «al-Muhit» asarida o‘ziga zamondosh bo‘lgan quyidagi movarounnahrlik hanafiy olimlarni sanab o‘tadi. Ular amakivachchasi Muhammad ibn Husomuddin Sadr Shahid («Sadrul jahon» nomi bilan mashhur bo‘lgan; vaf. 1170 y.), «Fatovo al-Qozixon» asari muallifi Hasan ibn Mansur O‘zgandiy Farg‘oniy («Faxruddin Qozixon» nomi bilan mashhur, vaf. 1196 y.), Abu Hafs Aqiliy (vaf. 1200 y.), Imom Burhoniddin Marg‘inoniy (vaf. 1197 y.), Yusuf ibn Ahmad Najmuddin Xorazmiy (vaf. 1237 y.), Abu Bakr ibn Alouddin Kosoniy (vaf. 1191 y.), Ahmad ibn Said Hasiyriy (vaf. 1298 y.), «Fatovo az-zahiriya» asari muallifi Zahiruddin Kabir Ali ibn Abdulaziz Marg‘inoniy (vaf. 1222 y.)dir. 

Burhoniddin Mahmud Buxoriy 1219-yili 63 yoshida Buxoro himoyasi uchun mo‘g‘ullar bilan bo‘lgan jangda shahid bo‘ladi. Uning shogirdlari ko‘p bo‘lishiga qaramay, tabaqotlarda faqatgina o‘z o‘g‘li Tohir ibn Mahmudning nomi zikr etiladi, xolos. 

Oli Burhon yoxud Oli Moza oilasining asoschisi va Buxoroning ilk sadri, Sadrul Kabir ibn Moza (vaf. 1123 y.)dir. Undan so‘ng uning o‘g‘li Husomuddin Sadr Shahid (1090–1141) sadrlik mansabiga o‘tirdi va Qatavon urushida shahid bo‘ldi. 

Tabaqot manbalarda Burhoniddin Mahmud Buxoriyning (vaf. 1124 y.) bobosi «Abu-s-Sudur», «sadrul-kabir», «burhonul-kabir», «burhonul-aimma», «sadrul-moza» kabi nomlar bilan zikr etiladi. Kafaviy: «U forslardan edi, shuning uchun forscha gapirar edi. Fatvolarni ham fors va arab tillarida chiqarar edi», deb yozadi. Biroq manbalarda Burhonul Kabir yaratgan ilmiy meros va uning shaxsiyatiga oid ma’lumotlar kam uchraydi. Uning Muhammad Shayboniy yaratgan «al-Jome’ as-sag‘ir» asariga yozgan sharhi haqida ma’lumot bor bo‘lsa-da, bu sharh bizgacha yetib kelmagan. Burhonul Kabir Sulton Sanjarning opasiga uylangani manbalarda qayd qilingan. 

Buxoroda «Sadr» va «Qozi al-quzot» mansabiga 1101-yilda ilk bor Burhoniddin Mahmud Buxoriyning bobosi Burhonul Kabir tayinlangan. Oli Moza oilasining Buxorodagi madaniyat, fan va ta’lim hamda fiqh ilmi rivojidagi xizmatini ularning «Sikkat ad-dexqon» mahallasida «Xizonat al-kutub» kutubxonasini tashkil etishlari misolida ham ko‘rish mumkin. Ushbu kutubxonani boyitishda Burhonul Kabir, Sadr Shahid va uning ukasi Sadr Saidning xizmati katta bo‘lgan. Ko‘plab buxorolik faqihlar o‘z asarlarini ushbu kutubxonadagi manbalardan foydalangan holda yozganlar.

Tarixchilar tomonidan Oli Moza oilasining Buxorodagi hukmronlik faoliyati turlicha baholanadi. Mazkur oila Buxoroga kirib kelgunga qadar shaharda Abu Ishoq Ibrohim ibn Ismoil Saffor (vaf. 1139 y.) asos solgan oila hukmron edi. Boshqaruvning Marvdan kelgan boshqa sulola qo‘liga o‘tishi Buxoroda mahalliy ulamolarning yetakchi jamoasi sifatida tanilgan Safforiylarning uzoq muddatga qadar Oli Moza oilasiga muxolif bo‘lishlariga olib keldi. 

Mahmud Torobiy 1238-yilda «Sadr» unvonini Oli Moza oilasidan olib, Ahmad ibn Ubaydulloh ibn Ibrohim Mahbubiyning o‘g‘li Shamsuddin Mahmud ibn Ahmad Mahbubiyga (vaf. 1232 y.) berdi. Shu tariqa Oli Moza oilasining Buxoroda diniy-siyosiy hukmron tabaqa sifatidagi faoliyati yakun topdi. 

Burhoniddin Mahmud Buxoriyning shoh asari bo‘lmish «al-Muhit» bir necha marta nashrga tayyorlangan. «Al-Muhit» asarining ilk yirik nashrini Ahmad Izzu Inoya (Qohira, 2003) har biri o‘rtacha 500-550 betdan iborat bo‘lgan o‘n jildlik kitob holida amalga oshirgan. «Al-Muhit»ning ikkinchi yirik nashri muallifi Abdulkarim Sami Jundiy bo‘lib, u asarni to‘qqiz jildda (har bir jildi o‘rtacha 500–550 betni tashkil qiladi) nashrga tayyorlagan. 

Ma’lumki, mo‘g‘ullar istilosidan so‘ng islom ilmlarining rivoji Usmoniylar davlatida kuzatildi va Istanbul shahri islom ilmlari markaziga aylantirildi. Mazkur hududda hanafiylik mazhabining izchil rivojlanib borishida movarounnahrlik faqihlar tomonidan ta’lif etilgan qator asarlarning ahamiyati katta bo‘ldi. Jumladan, bugungi kunga kelib «al-Muhit» asarining birgina Turkiyadagi Boyazid, Sulaymoniya, Ko‘prulu kutubxonalarining o‘zida 66 ta qo‘lyozma nusxalari borligi fikrimizga dalil bo‘ladi. Ushbu qo‘lyozmalar turli hajmda bo‘lib, turli davrlarda xattotlar tomonidan ko‘chirib borilgan. 

Qohiradagi «al-Azhar», «Dor al-kutub al-Misriya» va Iskandariya milliy kutubxonalarida asarning turli hajmdagi 27 ta nusxasi saqlanayotganligi aniqlangan. 

«Al-Muhit» asarining Toshkentdagi Sharq qo‘lyozmalari markazida saqlanayotgan 10 ta qo‘lyozma nusxasi mavjud: 

1. 2861 raqam ostida saqlanayotgan nastaliq yozuvida ko‘chirilgan nusxa (jami 1241 varaq);

2. 5982 raqam ostida saqlanayotgan, Buxoroda nastaliq yozuvida ko‘chirilgan nusxa (jami 955 varaq);

3. 9532 raqam ostida saqlanayotgan, 985/1578-yili Buxoroda nastaliq yozuvida ko‘chirilgan nusxa (jami 727 varaq);

4. 3161 raqam ostida saqlanayotgan, yozilgan joyi noma’lum bo‘lgan nastaliq yozuvida ko‘chirilgan nusxa (jami 543 varaq);

5. 7814 raqam ostida saqlanayotgan, suls yozuvida ko‘chirilgan nusxa (jami 180 varaq);

6. 8781 raqam ostida saqlanayotgan, nasx yozuvida ko‘chirilgan nusxa (jami 340 varaq bo‘lib, u asarning uchinchi jildi hisoblanadi);

7. 5835 raqam ostida saqlanayotgan, 1221/1807-yilda Buxoroda Mirzo Muhammad tomonidan nastaliq yozuvida ko‘chirilgan nusxa (jami 675 varaq);

8. 3167 raqam ostida saqlanayotgan, suls yozuvida ko‘chirilgan nusxa, (jami 314 varaq);

9. 3102 raqam ostida saqlanayotgan, 663/1265-yilda Abul Fath Abdulqodir ibn Kabir ibn Ali Marg‘inoniy tomonidan suls yozuvida ko‘chirilgan nusxa (jami 196 varaq);

10. 5945 raqam ostida saqlanayotgan, 989/1582-yilda Muhammad Ali Naqlibek tomonidan Buxoroda nimnasx yozuvida ko‘chirilgan nusxa (jami 924 varaq).

Oli Moza sulolasining Movarounnahr hanafiylik ilmi rivojida tutgan yuksak o‘rnini birgina Burhoniddin Mahmud Buxoriyning qoldirgan ilmiy merosi bilan ham isbot etish mumkin. Shuni alohida ta’kidlash joizki, XX asr boshlarigacha yozilgan hanafiy mazhabidagi fiqhiy asarlarning barchasida Oli Moza faqihlari asarlari va fatvolaridan keng foydalanilgan. Mustaqillik yillarida allomaning ilmiy merosi tadqiqotlarga jalb etildi.

 

Dsc Ilhom Bekmirzayev

 

Qo‘shimcha malumot

BUYUK HIDOYAT IMOMI ABU MANSUR MOTURUDIY
Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy sohada ham katta oʻzgarishlar va islohotlar boʻlyapti. Buni biz soʻnggi besh yil ichida...
ADIB AHMAD YUGNAKIYNING “HIBATU-L-HAQOYIQ” ASARIDA MA’RIFIY QARASHLAR
Jamiyat a’zolarining maqsadlarini ularning intilishlari, ehtiyojlari, bajarayotgan vazifalari va ijti­moiy qadriyatlar belgilab beradi. Bu qadriyatlarning shakllanishi oiladan boshlab, ta’lim va...
IQLISHIYNING “AN-NAJM MIN KALAM SAYYIDI-L-ARAB VA-L-AJAM” ASARI TASNIFI
“Iqlishiy” nisbasi bilan mashhur bo‘lgan Abu Abbos Ahmad ibn Ma’d ibn Iso ibn Vakilning “an-Najm min kalam sayyidi-l-arab va-l-ajam”nomli asari...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry