Kuala-Lumpur shahrida diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar taqdimot qilindi

Oʻzbekiston delegatsiyasining Malayziyaga tashrifi davomida Kuala-Lumpur shahrida joylashgan Strategik va xalqaro tadqiqotlar institutida “Muloqotdan – harakat sari: Oʻzbekiston va Malayziya strategik hamkorlik yoʻlida” mavzusidagi davra suhbati oʻtkazildi.
Davra suhbatida Malayziya Tashqi ishlar vazirligi, Davlat boshqaruvi milliy instituti, Diplomatiya va xalqaro munosabatlar instituti, Osiyo strategiyasi va yetakchilik instituti, Malayziya islom madaniyati institutining ekspetlari qatnashdi.

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi vakili tomonidan Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, fan-taʼlim, madaniyat, turizm va diniy-maʼrifiy yoʻnalishdagi ijobiy oʻzgarishlar haqida maʼruza qilindi.
Taʼkidlash kerakki, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasida madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik aloqalari kengayib bormoqda. Buning natijasida ikki mamlakat manfaatlariga xizmat qiluvchi yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning 2024-yil may oyida Oʻzbekistonga amalga oshirgan tashrifi, ikki mamlakat rahbarlarining Toshkentda oʻtkazilgan yuqori darajadagi uchrashuvlardagi kelishuvlari taʼlim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.
Tadbirda mamlakatimizning ziyorat turizmi yoʻnalishidagi imkoniyatlari Malayziya turizm xizmatlari bozorida katta qiziqishga sabab boʻlayotgani taʼkidlandi. Malayziya Tashqi ishlar vazirligining Janubiy va Markaziy Osiy departamenti kotibi oʻrinbosari Kenedi Mayong Onon Oʻzbekistonning turistik manzillari malayziyaliklar uchun yangi sayyohlik yoʻnalishi boʻlishini qayd etdi.

Davra suhbatida ikki mamlakatning savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, innovatsiyalar va texnologiyalar sohalaridagi hamkorligining bugungi holati va istiqbol rejalari muhokama qilindi.