📞 +998 (71) 244-35-36 📍 Toshkent sh., Abdulla Qodiriy k-si, 11-uy

Fransiya Milliy kutubxonasida o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

9-oktyabr kuni Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Islom sivilizatsiyasi markazi vakillari Fransiya Milliy kutubxonasida uchrashuv o‘tkazdi.

XV asrda tashkil etilgan dunyodagi eng qadimgi kutubxona jahon yozma merosining yirik xazinalaridan biri bo‘lib, unda bugungi kunda 16 million kitob va to‘plam hamda 380 ming qo‘lyozma saqlanmoqda. Uning fondlarida Movarounnahr allomalarining ko‘plab asarlari ham mavjud.

Kutubxonaning Sharq qo‘lyozmalari bo‘limi boshlig‘i Loran Erishe, bo‘lim bosh muhofizi Xolid Chakor hamda Osiyo bilan aloqalar bo‘yicha loyiha menejeri Alis Shevriye bilan muloqotda allomalarimizning Fransiyada saqlanayotgan ilmiy merosini o‘rganish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Xususan, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlikda Parij Milliy kutubxonasida saqlanayotgan movarounnahrlik allomalar qalamiga mansub qo‘lyozmalarni aniqlash hamda ularning katalogini yaratish bo‘yicha qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ikki tomonlama o‘zaro Anglashuv memorandumi imzolash taklif etildi.

Tashrif davomida delegatsiya a’zolari Qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan nodir manbalar bilan bevosita tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.

Uchrashuv yakunida kutubxona fondiga Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom sivilizatsiyasi markazining nashrlari taqdim etildi.