Anglashuv memorandumlari imzolandi
Avval xabar berilganidek, 21-22-noyabr kunlari Turkiyaning Konya shahrida boʻlib oʻtgan VII Xalqaro Moturidiylik simpoziumida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi vakillari ham ishtirok etdi.
Simpozium doirasida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Saljuq universiteti Ilohiyot fakulteti, Saljuq universitetining Imom Moturidiy amaliyot va tadqiqot markazi oʻrtasida uch tomonlama Anglashuv Memorandumi imzolandi.
Memorandum doirasida oʻzaro hamkorlikning istiqboldagi yoʻnalishlari belgilab olindi. Xususan, tomonlar oʻrtasida Imom Moturidiy va moturidiylik boʻyicha mavjud qoʻlyozmalarni oʻrganish va qoʻshma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, konferensiya va ilmiy seminarlar oʻtkazish, ilmiy axborot va tajriba almashinuvi kabi bir qator yoʻnalishlarda hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Shuningdek, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Saljuq universitetining Imom Moturidiy amaliyot va tadqiqot markazi oʻrtasida avval imzolangan Anglashuv Memorandumi keyingi muddatga uzaytirildi.
