Yangiliklar

Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori Buyuk vatandoshimiz, islomiy ilmlar rivojiga ulkan hissa qoʻshgan benazir alloma, kalom ilmining sultoni Imom Abu Mansur Moturidiyning (keyingi…

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Buyuk vatandoshimiz, islomiy ilmlar rivojiga ulkan hissa qoʻshgan benazir alloma, kalom ilmining sultoni Imom Abu Mansur  Moturidiyning (keyingi oʻrinlarda – Imom Moturidiy) ibratli hayot yoʻli va boy ilmiy-maʼnaviy merosini har tomonlama chuqur oʻrganishni ragʻbatlantirish, moturidiylik taʼlimotiga xos bagʻrikenglik va moʻtadillik tamoyillarini xalqimiz va jahon jamoatchiligi oʻrtasida keng targʻib etish, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida qaror qilaman:

1. Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Samarqand viloyati hokimligi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2025-yilda Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligiga bagʻishlangan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda – Tashkiliy qoʻmita) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Tashkiliy qoʻmita (A.Aripov) ikki hafta muddatda Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligini allomaning islom olamidagi obroʻ-eʼtibori va nufuziga munosib tarzda yuqori saviyada nishonlash boʻyicha quyidagilarni nazarda tutadigan chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin:

(a) 2025-yil aprel oyida Samarqand shahrida “Moturidiylik – bagʻrikenglik, moʻtadillik va maʼrifat taʼlimoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazish;

(b) xorijlik tadqiqotchilar oʻrtasida moturidiylik taʼlimoti boʻyicha ilmiy tanlov oʻtkazish, gʻoliblar ishtirokida Oʻzbekistonda madaniy-maʼrifiy uchrashuv va seminar-treninglar tashkil etish;

(v) Imom Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” va “Kitob at-tavhid” asarlari va moturidiylik taʼlimotiga oid manbalarning oʻzbek va xorijiy tillardagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini nashr etish;

(g) Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligiga bagʻishlangan esdalik suvenirlarini muomalaga chiqarish hamda pochta markalari, taqvimlar, buyuk mutafakkirning hayoti va ilmiy merosini yoritib beradigan boshqa koʻrgazmali axborot vositalari turkumini yaratish;

(d) Imom Moturidiyning serqirra hayot yoʻli va ilmiy merosining bugungi kundagi ahamiyatini ochib beradigan badiiy-publitsistik film yaratish;

(e) Samarqand viloyatida Imom Moturidiy va moturidiylik taʼlimoti yoʻnalishida faoliyat olib borgan allomalarning hayoti, ilmiy va ijodiy merosiga bagʻishlangan asarlarning nodir qoʻlyozma va nashr nusxalari hamda kitoblari koʻrgazmasini tashkil etish;

(j) Samarqand shahridagi Abu Mansur Moturidiy majmuasini qayta taʼmirlash va obodonlashtirish.

4. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:

(a) Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan birgalikda 2025-yil may va oktyabr oylarida Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “Moturidiylik taʼlimoti va hozirgi zamon” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasini hamda ilmiy maqolalar tanlovini oʻtkazsin;

(b) moturidiylik taʼlimotiga mansub allomalarning ilmiy merosi va noyob qoʻlyozma asarlarni oʻrganish boʻyicha Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasini belgilangan tartibda shakllantirib borsin.

5. Oʻzbekiston musulmonlari idorasiga imom-xatiblar hamda diniy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida “Moturidiylik taʼlimoti bilimdoni” tanlovini oʻtkazish va gʻoliblarni munosib taqdirlash tavsiya etilsin.

6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda 2025-yil davomida joylarda Imom Moturidiyning ilmiy merosiga bagʻishlangan davra suhbatlarini tashkil etsin.

7. Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Madaniy meros agentligi bilan birgalikda:

(a) xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan Imom Moturidiy va  moturidiylik taʼlimotiga mansub allomalarning hayoti va ilmiy merosiga oid noyob qoʻlyozma asarlar va boshqa madaniy boyliklarni aniqlash, ularning nusxalarini Oʻzbekistonga olib kelish va tadqiq qilishni tizimli ravishda tashkil etsin;

(b) Imom Moturidiyning hayoti va ilmiy faoliyatiga bagʻishlangan yuqori sifatli mediamahsulotlar hamda audiovizual asarlar yaratish, ularni mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish, internet tarmogʻi va ijtimoiy tarmoqlarda keng targʻib qilish choralarini koʻrsin.

8. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va Oʻzbekiston milliy media assotsiatsiyasiga Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritib borish tavsiya etilsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.Q. Davletov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh. Mirziyoyev

Yangiliklar

Yana oʻqing

Barcha yangiliklar
Yangiliklar

Parij Bosh masjidiga tashrif

9-oktyabr kuni Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom sivilizatsiyasi markazi vakillari Parij Bosh masjidiga tashrif buyurib, uning…