Xalqaro hamkorlik

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi delegatsiyasi Saljuq universitetida boʻlib oʻtayotgan “Usmoniylar davrida hanafiylik-moturidiylik” mavzusidagi VI xalqaro moturidiylik simpoziumi doirasida hamkor tashkilot vakillari bilan bir qator uchrashuvlar oʻtkazdi.
Jumladan, turkiyalik taniqli moturidiyshunos olim, Anqara universiteti professori, doktor Soʻnmez Qutlu bilan uchrashilib, doktor Soʻnmez Qutluga Markaz faoliyati, jumladan, moturidiylik taʼlimotini oʻrganish boʻyicha qoʻlga kiritilgan natijalar, yangi kitoblar haqida maʼlumot berildi.
Oʻz navbatida doktor Soʻnmez Qutlu Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasidagi faoliyati haqida iliq xotiralar, jumladan, oʻzbek xalqiga xos boʻlgan mehmondoʻstlik hamda goʻzal qadriyatlar haqida zikr qilib oʻtdi.
Shuningdek, soʻnggi yillarda yurtimizda islomshunoslik sohasiga katta eʼtibor qaratilayotgani, xalqaro miqyosda konferensiya va anjumanlar oʻtkazilayotgani tahsinga loyiq ekanini taʼkidladi.
Uchrashuv davomida turkiyalik olimga Markaz tomonidan tayyorlangan “Kitob at-tavhid” va “Risola fi-t-tavhid” asarlarining zamonaviy nashrlari hamda uning Markazda oʻzbek tiliga tarjima qilingan “Biz bilgan va bilmagan Moturidiy” kitobi taqdim qilindi.
Doktor Soʻnmez Qutlu “Kitob at-tavhid” asarining zamonaviy nashri haqida toʻxtalib, ushbu tadqiqot Imom Moturidiy va moturidiylik taʼlimotini oʻrganishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlab oʻtdi.
Shuningdek, Saljuq universiteti huzuridagi Saljuqiylar tadqiqot institutiga tashrif buyurib, institut direktori professor, doktor Mustafo Demirji bilan uchrashildi.
Uchrashuv davomida institut xodimlariga Markaz faoliyati, nashr qilinayotgan kitoblar, jumladan, “Kitob at-tavhid” asarining zamonaviy nashri, “Taʼvilot al-Qurʼon” asarining oʻzbek tilidagi ilmiy-izohli tarjimasi haqida maʼlumot berildi.
Oʻz navbatida, doktor Mustafo Demirji Oʻzbekistonda allomalar merosini oʻrganishga qaratilayotgan eʼtibordan mamnun ekanini, hozirda Oʻzbekiston zaminidan yetishib chiqqan allomalarning hayoti va ilmiy merosiga oid maʼlumotlarni innovatsion uslublarda taqdim etishga moʻljallangan onlayn elektron platforma yaratish ustida ish olib borayotganini maʼlum qildi.