Saljuq universiteti Ilohiyot fakultetiga tashrif

Ayni vaqtda Turkiya safarida boʻlib turgan Markaz xodimlari Saljuq universitetining Ilohiyot fakultetida boʻldilar.
Tashrif davomida fakultet dekani professor, doktor Yusuf Ajar bilan ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish hamda kelgusida amalga oshiriladigan ishlarning yoʻnalishlarini belgilab olish yuzasidan uchrashuv oʻtkazildi.
Uchrashuvda Turkiya tomonidan Saljuq universiteti huzuridagi Imom Moturidiy tadqiqotlar markazi direktori professor, doktor Muhammad Rashid Akpinar, fakultet professor-oʻqituvchilari, jumladan, dotsent, doktor Husayn Aydin, dotsent, doktor Umar Faruq Akpinar, doktor Eset Sabirli ishtirok etdi.
Ilohiyot fakulteti professori, doktor Yusuf Ajar Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, hamkorlikda muntazam ravishda oʻtkazib kelinayotgan silsilaviy xalqaro simpoziumlar Imom Moturidiy va moturidiylik taʼlimotini oʻrganish va uni keng targʻib qilishda muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidlab oʻtdi.
Oʻzbekistonda allomalar, xususan, Imom Moturidiy hayoti va ilmiy merosini oʻrganishga ulkan eʼtibor qaratilayotganiga urgʻu berildi.
Oʻz navbatida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktor oʻrinbosari Aziz Tajiyev hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish, qoʻshma ilmiy loyihalar miqdori va koʻlamini yanada kengaytirish, Markaz faoliyatini Turkiyada keng targʻib qilish zaruratini taʼkidlab oʻtdi. Shuningdek, Markaz tomonidan nashr qilingan “Kitob at-tavhid” va “Risola fi-t-tavhid” asarlarining zamonaviy nashrlari taqdim qilindi.
Uchrashuvda tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirish, xodimlarning doimiy almashinuvini yoʻlga qoʻyish, bir qator qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar.
Uchrashuv yakunida oʻzaro esdalik sovgʻalari almashildi.