Новости

Dunyo moturidiyshunoslari Samarqand ziyoratida

Samarqandda “Moturidiylik – bagʻrikenglik, moʻtadillik va maʼrifat taʼlimoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazilmoqda. Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Imom…

Эта страница пока доступна только на узбекском языке.

Samarqandda “Moturidiylik – bagʻrikenglik, moʻtadillik va maʼrifat taʼlimoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazilmoqda.

Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etilgan anjumanda dunyoning oʻttizga yaqin davlatidan muftiylar, islomshunos va dinshunos olimlar, diniy-maʼrifiy soha vakillari ishtirok etmoqda.

Konferensiyaning ilk kunida ishtirokchilar Samarqandning diqqatga sazovor joylari, muqaddas qadamjolarini ziyorat qilib, ulugʻ allomalarga beshik boʻlgan qadim shahar tarixi bilan tanishdilar.

– Samarqand ziyorati davomida Imom Moturidiy maqbarasi, Shohi Zinda majmuasi va Registon maydonida boʻldik, – deydi Malayziya Islomni anglash instituti direktori oʻrinbosari, professor Mohd Yusuf Usmon. – Ushbu qadamjolarda boʻlib shuni angladimki, Samarqandga sayohat qilgan kishi uchta taassurotga ega boʻladi. Birinchisi – bu jismoniy taassurot, yaʼni koʻzi bilan koʻrgan tarixiy obidalar mahobatini his qiladi. Ulardan zavq oladi. Ikkinchisi – maʼnaviy taassurot. Bunda azaldan oʻzbek xalqining maʼnaviy dunyosi boy boʻlganligi, ilm-maʼrifat nechogʻlik ulugʻlanganligini anglaydi. Betakror sanʼat namunalaridan bahra olib, maʼnaviy dunyosi boyiydi. Uchinchi taassurot – ilmiy taassurot. Buni anglash biroz mushkul boʻlsa-da, lekin tarixning oʻchmas ildiziga aylangan muqaddas qadamjolarga muhrlangan bebaho maʼlumotlar moziyni koʻz oldingizda gavdalantiradi. Shunday ekan, nima uchun bu manzil- makon sayyohlik markaziga aylanmasligi kerak?! Oʻylaymanki, Samarqandning turistik salohiyati yil sayin ortib, bundan-da rivojlanadi. 

Moturidiyshunos olim, Anqara universiteti professori, doktor Soʻnmez Kutlu ham oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashib, ulugʻ allomani oʻrganishning bugungi kundagi ahamiyatiga alohida toʻxtaldi.

– Imom Moturidiy hazratlari qadamjosini ziyorat qilganimiz bizga oʻzgacha ruhiy kuch bagʻishladi, – deydi doktor Soʻnmez Kutlu. – Bu zaminning nechogʻlik buyukligi tarixdan barchaga maʼlum. Bugun diqqatga sazovor joylarda boʻlib, butun dunyo ahli bu yerga talpinayotganligi guvohi boʻldik. Nega? Chunki, bu yerda shunday ulugʻ zotlar tugʻilib, dunyo ilm-fani rivojiga ulkan hissa qoʻshganki, buni dunyo eʼtirof etadi. Shunday zotlardan biri alloma Imom Moturidiydir. Moturidiy Islom dunyosining eng ulugʻ zotlaridan biri. U uzoq umr koʻrib, bizga Islomni toʻgʻri anglashimiz uchun koʻplab asarlar qoldirdiki, bugun ham ushbu asarlar oʻz qimmatini yoʻqotmagan va ular hamon asosiy oʻquv qoʻllanmalar hisoblanadi. Xususan, Abu Mansur Moturidiyning "Taʼvilot al-Qurʼon" asarini alohida qayd etib oʻtishim lozim. Ushbu asar Qurʼonning boshdan oxirigacha toʻliq tafsiri hisoblanib, horzirgacha bu darajada batafsil, toʻliq sharhlangan undan boshqa asar yozilmagan. 

Moturidiyning taʼlimotini oʻrganish islom olami uchun juda zarur deb hisoblayman. Chunki, dunyoni anglash, unda tinchlik va osoyishtalikni saqlashning yagona yoʻli ilm-maʼrifat ekanligi ul zotning asarlari mazmun-mohiyatini tashkil qiladi. Alloma shunday yozadi, “Agar mahalladan bir tolibi ilm chiqsa, uni butun mahalla qoʻllab-quvvatlasin, chunki u ertaga butun mahallani oʻqimishli qilishi mumkin”. Haqiqatda ham shunday.Jamiyatda oʻqimishli avlod koʻpaysa, uni boshqarish ham, mamlakatni rivojlantirish ham oson kechadi. Islom dunyosida shunday ibora bor: Qurʼon Makkada nozil boʻldi, Qohirada oʻqildi, Istanbulda yozildi, Samarqandda uning mohiyati anglab yetildi. Buni Moturidiy amalga oshirdi. Yaʼni Islom dinining asl mohiyati nimaligini ulugʻ allomamiz oʻz asarlari orqali ommaga tushuntirib, asl talqin mohiyatini anglab yetishimizga zamin yaratdi. Shu bois, bugun butun dunyo islomshunoslari allomaning shaxsiyati, taʼlimotini oʻrganib, tadqiqotlar davomida toʻplangan yangiliklarni keng targʻib qilish bilan Moturidiyning ommalashishiga hissa qoʻshishni maqsad qilganmiz. Bu yoʻlda bizni qoʻllab-quvvatlayotgan, sharoit yaratayotgan Oʻzbekiston hukumatiga ham minnatdorlik bildiraman.

 

Manba: UzA

Новости

Читайте также

Все новости
Новости

Parij Bosh masjidiga tashrif

9-oktyabr kuni Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom sivilizatsiyasi markazi vakillari Parij Bosh masjidiga tashrif buyurib, uning…