19.01.2022
694

ALOUDDIN USMANDIY – MOTURIDIYLIK MAKTABI DAVOMCHISI

Moturidiylik Imom Abu Hanifa qarash­larining Abu Mansur Moturidiy (vaf. 333/944 y.) tomonidan rivojlantirilib, tizimlashtirilgan va asos solingan aqidaviy mazhabdir. Bunga ko‘ra, moturidiylik va hanafiylik o‘rtasida juda yaqin aloqa mavjud. Shu bilan birga moturidiylikning asosi hanafiylik ekani borasida ulamolar yakdil fikrdalar. VIII asr boshidan e’tiboran hanafiylik Xuroson, ayniqsa, Samarqanddan tortib Movarounnahrning barcha shaharlarida keng tarqalgan [1: 124-125). Darhaqiqat, Abu Muin Nasafiy (vaf. 508/1114 y.) o‘zining “Tabsiratul adilla fi usulid din ala tariqatil Imom Moturidiy” asarida butun Movarounnahr, Xurosonning Marv va Balx kabi shaharlarida mu’taziliylarning g‘oyalarini yoqlaganlardan tashqari barcha Abu Hanifa tarafdorlarining usul va furu’ masalalarida ilk davrdan beri hanafiylik (Hanafiy-Moturidiylik)ni qabul qilganliklarini keltiradi [30: 356].

Nasafiyning yuqorida zikr etilgan “Butun Movarounnahr hududi bo‘ylab mu’taziliylar fikrini qabul qilmagan hanafiylar” degan so‘zlaridan bu hududdagi hanafiylarning ikki guruhga bo‘linganliklarini tushunishimiz mumkin. Bu ikki guruh quyidagilardir:

Hanafiy-mu’taziliylar: Abul Qosim Ka’biy (vaf. 319/931 y.) kabi amalda hanafiy bo‘lib, e’tiqodda mu’taziliylarni yoqlab, himoya qilgan hanafiylardir.

Mu’taziliy bo‘lmagan hanafiylar: Samarqandda Dorul Juzjoniya va Dorul Iyodiya maktablariga mansublari hamda Buxoroda Abu Hafs Kabir (vaf. 217/832 y.), Balxda Nusayr ibn Yahyo (vaf. 268/882 y.) atrofida birlashgan, mu’taziliylarni rad qilgan hanafiylardir. Bu guruhni haqli ravishda Hanafiy Samarqand/Movarounnahr maktabi shaklida nomlashimiz mumkin.

Moturidiylikning asoschisi sifatida tanilgan Abu Mansur Moturidiy yuqorida zikr etilgan Samarqand maktabiga qarashli Dorul Juzjoniyda tahsil olib, kamolotga yetishgan va Abu Hanifaning qarashlarini umrining oxiriga qadar rivojlantirib, tizimlashtirgan, keng yoyishga bor kuchini sarflagan.

Dorul Juzjoniya Abu Hanifaning g‘oya va qarashlariga muvofiq ish olib boradigan eng muhim ilm markazi bo‘lgan. Bu yer Abu Mansur Moturidiy va minglab talabalarni yetishtirgan bir maktabdir. Abu Muqotil Samarqandiy (vaf. 208/823 y.) tomonidan IX asrda asos solingan deb taxmin qilinayotgan bu maktab keyinchalik Abu Sulaymon Juzjoniy (vaf. 200/816 y.) va Abu Bakr Ahmad ibn Ishoq ibn Subayh Juzjoniy (vaf. 268/882 y.) tomonidan rivojlantirilgan [3: 268-269).

Abu Hanifa (vaf. 150/767 y.)ning taniqli shogirdlari Muhammad Shayboniy (vaf. 189/804 y.) va Abu Yusuf (vaf. 182/798 y.)ning shogirdi Abu Sulaymon Muso ibn Sulaymon Juzjoniy (vaf. 200/816 y.) tomonidan asos solingan Dorul Juzjoniya maktabi Abu Mansur Moturidiyni tarbiyalab, voyaga yetkazgan va keyinchalik uning o‘zi ham bu yerda ta’lim bergan muhim bir ilmiy markaz bo‘lgan. Ibn Yahyo keltirgan ma’lumotga ko‘ra [5: 160-162), Dorul Juzjoniyada ustozlik faoliyatini olib borgan olimlarning silsilasi quyidagichadir:

Imom Abu Hanifa (vaf. 150/767 y.)

 

Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Hasan Shayboniy (vaf. 189/805 y.)

 

Abu Sulaymon Muso ibn Sulaymon Juzjoniy (vaf. 200/816 y.)

 

 Abu Abdulloh ibn Abu Bakr Juzjoniy (vaf. 285/898 y.)

 

Abu Bakr Ahmad ibn Ishoq Juzjoniy (vaf. 250/864 y.)

 

Abu Nasr Ahmad ibn Abbos Iyodiy (vaf. taxm. 275/889 y.)

 

Abu Mansur Moturidiy (vaf. 333/944 y.)

 

Yuqoridagi ustozlar silsilasi Abu Hanifa va imom Moturidiy orasidagi bog‘liqlikni namoyon etmoqda. Ayniqsa, bu silsilada keltirilgan ilk uch olimning Juzjoniy laqabli bo‘lishi ushbu ilmiy markazning “Dorul Juzjoniya” nomi bilan atalishiga asosiy sabab bo‘lganligiga ishonamiz. Bu joyda ustozlik qilgan olimlar Abu Hanifaning qarashlari bo‘yicha dars berganlar va ba’zi asarlarni yozganlar [30: 356].

Abu Nasr Iyodiydan so‘ngra Dorul Juzjoniyaning rahbarligiga uning eng yaxshi ko‘rgan va eng muvaffaqiyatli shogirdi Abu Mansur Moturidiy tayinlangan [5:162b]. Garchi u joyda Abu Ahmad Iyodiy ham bosh ustoz vazifasida ishlagan bo‘lsa-da, Abu Ahmadning rahbarligi davrida ham maktabning asl ustozi doim Moturidiy bo‘ldi. Zero, Abu Nasr shahid bo‘lganida Abu Ahmad hali yosh bola va tahsilini tugatmagan edi [5: 161a-161b]. Moturidiy esa tahsilini tugatib, umrining oxiriga qadar u yerda dars bergan edi [5: 161b]. Ustozining muhabbati va e’tiborini qozongan shogirdi – Moturidiy kelmaguncha ustozi Abu Nasr darsni boshlamas, uzoqdan uning kelayotganini ko‘rib, uni maqtay boshlardi [30: 359].

Abu Mansur Moturidiy bu markazda umrining oxirigacha ko‘plab talabalarga dars berdi [5: 162a]. Darhaqiqat, Moturidiy Abul Hasan Ali ibn Said Rustufag‘niy (vaf. 350/961 y.) kabi shogirdlariga Imom Muhammad Shayboniyning “al-Mabsut”ini o‘qitarkan, yuz yoshga yaqin umr ko‘rib, vafot etdi [5: 162b].

Imom Moturidiyning fikrlari Abul Hasan Ali ibn Said Rustufag‘niy, Abu Salama Samarqandiy (vaf. taxm. 340/952 y.) va Ibn Yahyo kabi olimlar tomonidan davom ettirildi [5: 162a]. Bu uch kishidan biri Rustufag‘niy Moturidiyning shogirdidir. Qolgan ikki kishi esa undan ta’lim olgan ikki mashhur olimning shogirdlaridir. Abu Salama Abu Ahmadning, Ibn Yahyo esa Rustufag‘niyning shogirdlaridir. Bu shaxslar Moturidiy kabi xalq orasida oddiy hayot kechirishib, fikrlashda esa ta’vil va aqldan foydalanish kerakligini yoqlaydilar. Shu sababli Rustufag‘niy, Abu Salama va Ibn Yahyo Moturidiyning ilk vakillari (izdoshlari) hisoblanishadi [6: 266].

Abu Mansur Moturidiy vafotidan so‘ng Rustufag‘niy va Abdulkarim ibn Muso ibn Iso Pazdaviy (vaf. 390/1000 y.) kabi shogirdlari hamda Abu Salama va Ibn Yahyo kabi shogirdlarining shogirdlari Moturidiyning asarlarini o‘qidilar, o‘qitdilar va ustozlari kabi xalq orasida oddiy hayot kechirib, ta’vilni zarur hisoblab, aql yuritish/ra’yni yoqladilar va himoya qildilar. Ibn Yahyoning “Sharhu jumali usulid din” (Usulid din jumlalari sharhi) asarida keltirgan ma’lumotga ko‘ra, Moturidiydan so‘ng Juzjoniya maktabi faoliyati Rustufag‘niy tomonidan davom ettirilgan [5: 162a].

Moturidiyning shogirdlari faqatgina uning fikrlarini o‘rgatibgina qolmasdan, balki uning asarlari va karomatlarini ham boshqalarga yetkazishgan. Abul Yusr Pazdaviy (vaf. 493/1100 y.)ning “Usulud din” nomli asarida keltirilgan quyidagi ma’lumot ham buni tasdiqlaydi:

“Zohid imom Abu Mansur Moturidiy (vaf. 333/944 y.)ning Ahli sunna val jamoa mazhabi asosida yozilgan tavhid ilmiga doir bir kitobini ko‘rib chiqdim. Abu Mansur Moturidiy Ahli sunna val jamoaning raislaridan biri bo‘lgan. Shayx va imom otam hamda zohid bobom menga shayx va imom Abdulkarim ibn Musodan naql qilib, uning karomatlari haqida so‘zlab bergan edi. Zero, bizning bobomiz va mazhabdoshlarimizning kitoblarini hamda shayx imom Abu Mansur Moturidiyning “Kitobut Tavhid” va “Kitobut Ta’vilot” asarlarining ma’nolarini yaxshi o‘zlashtirgan edilar” [7: 3].

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Juzjoniya maktabi vakillari Abu Hanifaning qarashlari va uslublarini o‘z holicha qabul qilib, davom ettirgan  hanafiy mazhabiga mansub kishilardir. Bu maktabning eng muhim va eng mashhur vakili Abu Hanifaning qarashlarini tizimlashtirgan Abu Mansur Moturidiydir.

Dorul Iyodiya X asrning boshlarida Abu Ahmad Iyodiy tomonidan Dorul Juzjoniyaning muqobili sifatida Samarqandda tashkil etilgani taxmin qilinadi. Fikrimizcha, bu maktabga mansub kishilar mutashobih oyatlarning ta’vil qilinishi va aqlning dalil sifatida qo‘llanilishiga qarshi chiqishgan. Bu ikki masalada Ahli Ra’ydan ajralib, Ahli Hadisga moyil bo‘lishgan. Abu Ahmad Iyodiy va Hakim Samarqandiyga nisbat berilgan “as-Savodul a’zam” nomli asarga sharh yozgan kishi yoki kishilar ana shu maktabning vakillari bo‘lishgan deb taxmin qilamiz. Bundan kelib chiqadiki, Samarqandda Dorul Iyodiyaga mansub ulamolar Somoniylar davlatining qulashiga qadar o‘rtaga chiqqanlar. Bu guruhga Somoniylarning amirlari bilan yaxshi aloqada bo‘lgan Hakim Samarqandiy va Abu Bakr Iyodiy kabi olimlarni kiritish mumkin.

Bu maktab vakillari sifatida Abu Bakr Iyodiy (vaf. 361/971 y.) va ukasi Abu Ahmad Iyodiylarni ko‘rishimiz mumkin. Moturidiyning zamondoshi va Samarqandning eng ko‘zga ko‘ringan olimlaridan biri Abu Bakr Iyodiy xalq tomonidan sevilib, uning hurmat-e’tiborini qozongan kishi edi. “Sharhu jumali usulid din”da keltirilgan rivoyatga ko‘ra, Abu Bakr Iyodiy vafotidan so‘ng u haqida faqih Abdussamad ibn Ahmad Arbinjoniy Moturidiyning quyidagi so‘zini naql qilgan: “Diniy ilmlar va hukmlarni o‘rgatish borasida bu ummatning olimlari Alloh tomonidan yuborilgan payg‘ambarlar kabidirlar. O’tmishda bir payg‘ambarning davri tugab, yechilishi lozim bo‘lgan masalalar yuzaga chiqqanida uni yechadigan bir olim qolmaganida yangi bir payg‘ambar yuborilgani kabi, bu ummatning ichida ham har bir asrda vafot etgan faqihlarning o‘rniga yo yangi bir olim keladi yoki qiyomat qoim bo‘lishi kerak bo‘ladi; chunki Alloh insonlarni yo‘lboshchi (hidoyat)dan mahrum qoldirishi mumkin emas” [5: 18b-19a).

Abu Bakr Iyodiyning ta’ziyasida Moturidiy nomining zikr etilishi va yuqorida keltirilgan so‘zining naql qilinishi Moturidiyning Samarqand maktabida juda muhim bir mavqega ega ekanligini ko‘rsatadi. Shuningdek, bu yozuv IV/X asrning 2-yarmida sodir bo‘lgan ba’zi bir siyosiy to‘siqlarga qaramay, uning nomi va g‘oyalari keng jamoatchilik tomonidan qabul qilingani va jamiyatda o‘z aksini topganligini ham ko‘rsatadi.

Kafaviyning ta’kidlashicha, Nasaf viloyatidan taniqli faqihlar guruhining Samarqanddagi muvaf­faqiyatli ijtimoiy-siyosiy va ilmiy faoliyati roviy (etkazuvchi)larning joriy silsi­lasining shakllanishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Sadrul islom Abul Yusr Muhammad ibn Muhammad Pazdaviy Nasafiy (vaf. 493/1100 y. Buxoro), ukasi shayx, imom zohid Faxrul islom Abul Hasan Ali ibn Muhammad ibn Husayn ibn Abdul Karim Pazdaviy Nasafiy (vaf. 482/1089 y. Kesh) hamda Abu Muin Maymun ibn Muhammad Makhuliy Nasafiy (vaf. 508/1115 y.)lar Janubiy Sug‘d ulamolari an’analarini o‘zlariga meros qilib olib, uni Samarqand muhitiga olib keldilar.

Abul Yusr Abu Mansur Moturidiy silsilasini xatib Abu Ibrohim Ismoil ibn Abdussodiq ibn Abdulloh Niyazaviy (vaf. 494/1101 y.) (Nasafiy, 702) va o‘z otasi Abul Hasan Muhammad ibn Husayn ibn Abdul Karim Pazdaviy orqali davom ettirdi (Hans Peter Linss, 1991: 155). Bu silsila aslida ichki oilaviy bir silsila hisoblanadi: Abul Yusr va Faxrul islom Pazdaviylarning bobosi – Abu Muhammad Abdul Karim ibn Muso ibn Iso Pazdaviy (vaf. 390/1000 y.)ning Abu Mansur Moturidiydan fiqh va kalom sohalari bo‘yicha tahsil olgan edi [30: 444-445]. Bu an’ana saqlanib qolgan va davom etgan edi. Bundan tashqari, Abul Yusr qozi Ali ibn Husayn ibn Muhammad Sug‘diy (vaf. 461/1068-69 y.) orqali Hakim Abdulloh ibn Muhammad Kufiniydan hadis rivoyat qilgan [30: 551].

Abu Muin Nasafiy haqida Kafaviy juda mubham fikr bildiradi. Moturidiylikning qayta jonlanishi silsilada uning nomi zikr qilinmasa-da, yaqin Sharq mamlakatlarida Abul Hasan Muhammad ibn Ja’far Balxiy (vaf. 548/1153 y.), Burhoniddin Ali ibn Husayn Balxiy (vaf. 547/1152 y.) va boshqalar kabi Abu Muin Nasafiy nomidan mo‘‘tabar manbalarni rivoyat qilgan shogirdlari bo‘lganligi bizga ma’lum. Uning moturidiylik asoslariga doir uchta kitobi ma’lum – “Tabsiratul adilla fi usulid din” (Din asoslari dalillarning bayoni) (500/1106 yilda Buxoroda yozilgan), “at-Tavhid li qovaid at-tavhid” (Tavhid qoidalariga muqaddima) va “Bahrul kalom” (Kalom ilmi dengizi). Bu ixtilofning sabablarini Abu Muin Nasafiyning Abul Yusr Pazdaviy shogirdi bo‘lib, bu silsilani davom ettirganligida ko‘rish mumkin. Ikkinchidan, uni Abu Mansur Moturidiy bilan bog‘lovchi silsila buning oilaviy bir an’ana ekanligiga dalolat qiladi. Uning ajdodi Abu Muti’ Makhul ibn Fazl Nasafiy (vaf. 318/930 y.) Moturidiy ta’limotini oilaviy meros o‘laroq qabul qilib olgandi. Bundan tashqari, Abu Muin Nasafiy boshqa silsilaga ham ega edi [10: 52]. Misol uchun, u faqih Nusayr ibn Yahyo Balxiy (vaf. 268/881-82 y.) orqali Abu Hanifa nomidan “ar-Risola ila Usmon Battiy” matnini quyidagi silsila orqali rivoyat qilgandi: Nusayr – Abul Hasan Ali ibn Ahmad Farisiy (vaf. 335/947 y.) – Abu Sa’d Muhammad ibn Abu Bakr Bustiy – Abu Solih Muhammad ibn Husayn Samarqandiy – Abu Zakariyo Yahyo ibn Mutarrif Balxiy – Abu Muin Nasafiy [11: 24-25].

Faxrul islom (islom dinining faxri) nomi bilan mashhur Abul Hasan Pazdaviy Samarqandda ta’lim berib, hanafiy fiqhiga doir muhim kitoblar yozgan [30: 554-555]. Ular orasida usulul fiqhga doir “Kanz al-vusul ila ma’rifat al-usul” (Usulni tushunish uchun vasllar xazinasi yoki Usuli Pazdaviy) asarini alohida qayd etish joiz. Biroq uning isnodi Kafaviyga noma’lum bo‘lib qolgani bois, natijada uning tarjimai holi “Mutafarriqot” (turli masalalar) bo‘limiga kiritildi.

Bu uch olimning Nasafdan poytaxt Samarqandga ko‘chib kelishi hanafiy ta’limotining rivojlanish yo‘nalishini sezilarli darajada o‘zgartirdi. Ular shofi’iy-ash’ariylarning Hanafiy ta’limotiga qarshi ta’na (hujum)larini qaytarishda katta rol o‘ynashdi. Ularning kalomga doir asarlarida asosiy hujum ash’ariylarga qarshi qaratilgan [12: 2]. Ular faoliyatining asosiy natijasi Abu Mansur Moturidiyning “Kitob at-tavhid” va “Kitob at-ta’vilot” [12: 3] nomli asarlarida aks etgan ta’limotni tartibga solish hamda moturidiylikning butun hanafiylik mazhabining aqidaviy ta’limotiga aylantirishdan iborat bo‘ldi. 

Aynan shu davrga kelib Abu Mansur Moturidiy shaxsi ideallashtirila boshlandi. Unga “Haq yo‘l imomi” (Imom al-huda) va “Ikki oqim (hanafiylar va ash’ariylar) yo‘lboshchisi” (Qudvat al-fariqayn) kabi faxrli nomlar beriladi. Chokardiza qabristonidagi qabri ustiga maqbara qurilib, qabr toshi qo‘yiladi. Xuddi shuningdek, bu ish Abul Qosim Hakim Samarqandiy, Abul Hasan Rustufag‘niy va Abu Salama Samarqandiy (vaf. taxm. 340/952 y.) kabi ilk asrning boshqa yetakchi ilohiyotchilari uchun ham amalga oshiriladi. Qabristonning o‘zi esa shaharda hurmatli zotlar dafn etiladigan “Muqaddas joy” ga aylanadi.

Ulamolar orasida katta obro‘ e’tibor qozongan Abul Yusr Pazdaviy Samarqandning qozi al-quzot lavozimiga tayinlanadi [30: 703-704]. Ammo 481/1088-89 yilda Malikshohning Movarounnahr ishlariga aralashuvi Samarqandda ushbu olimlar guruhining muvaffaqiyatiga chek qo‘yadi. Natijada Faxrul islom Pazdaviy Keshga surgun qilinib, o‘sha yili o‘sha yerda vafot etdi. Abul Yusr esa Jumadul ula 481/1088 avgust-sentyabrda (Malikshohning saljuqiy kuchlari Samarqand qal’asida hoqon Ahmad ibn Hizrni qamal qilganida) hali poytaxtda qolgandi [12: 259].

Keyinchalik Abul Yusr va Abu Muin oila va shogirdlari bilan Buxoroga ko‘chib o‘tishdi. Bir guruh ulamolar, ayniqsa, mazkur ikki ilohiyotchi olimning shogirdi Alouddin Muhammad ibn Ahmad Samarqandiyning ko‘chib o‘tishi moturidiyya ta’limotining buxorolik ilohiyotchilar orasida tarqalishi va keyingi muvaffaqiyatlarida katta rol o‘ynagan edi. Misol uchun, Abu Hanifaning “ar-Risola ila Usman Battiy” (Usmon Battiyga xat) asarining rivoyat qilinishida keyingi avlod Buxoro ilohiyotchilari quyidagi isnodga tayanishadi: Abu Muin Nasafiy (vaf. 508/1114 y.) – Alouddin Samarqandiy – Ziyouddin Muhammad ibn Husayn ibn Nasir Nausuxiy – Burhonidin Marg‘inoniy – Shamsulaimma Muhammad ibn Abdussattor Kardariy (vaf. 642/1244 y.) – Hofiziddin Muhammad ibn Muhammad ibn Nasr Buxoriy (vaf. 693/1294 y.) – Husomiddin Sig‘nakiy (vaf. 711/1311 y.dan keyin) [11: 24]. Aynan ularning nomlari orqali Buxoro ilohiyotchilari hanafiy mazhabining muhim aqidaviy matnlarini keyingi avlodga yetkazishgan (uzatishgan) va keyinchalik o‘zlari ham moturiylik kalomiga oid asarlar tuza boshlashgan. Bunda birinchi navbatda, Nuriddin Sobuniy va Ibrohim Saffor kabi va boshqa olimlarni zikr qilish joiz.

Mumtoz davrda Samarqand hanafiylari ilohiyot ta’limoti (Juzjoniya)ning jonlanishi Abu Muin Nasafiy, Abul Yusr Pazdaviy, Abu Shakur Solimiy, Alouddin Samarqandiy kabi olimlarning sa’y-harakatlari bilan yangicha – Moturidiylik ko‘rinishida ko‘zga tashlanadi. XII asrga kelib, Abu Hafs Nasafiy tomonidan “al-Aqoid” asarining yaratilishi moturidiylik ta’limoti tarixida muhim voqea bo‘ldi. Unda bu ta’limotning qoidalari yangi tartibda yo‘lga qo‘yilgandi. Oxirgi paytlarda Nasafiyning ash’ariy Abu Homid G’azzoliy asarlari bilan yaqindan tanish bo‘lganligi haqidagi ma’lumotlar ma’lum bo‘lmoqda (№3907). Ash’ariy ilohiyotchi olimi Sa’duddin Taftazoniyning “Aqoid an-Nasafiy”ga yozgan sharhi moturidiylik va ash’ariylik ta’limotining yaqinlashishi va ilohiyotdagi “maktabdorlik”ning boshlanishini ifodalaydi. Aqidaviy asarlarning ko‘p yaratilganiga qaramay, Movarounnahrda ilohiyot sohasida sustlik kuzatiladi. Bu holat Samarqand va Buxoroga tashrif buyurgan Faxriddin Roziy (vaf. 606/1209 y.) tomonidan ham ta’kidlangan. Buning sabablaridan biri diniy masalalarning muhokamalari fuqarolarning ijtimoiy hayot haqiqatlaridan tobora ko‘proq uzoqlashtirilganligida ko‘rinadi. Bu davrda yaratilgan “al-Muxtasar fi bayon al-e’tiqod” asarda bid’at va dunyoviy xurofotlar masalalarini muhokama qilishga qaratilgan harakatlar kuzatiladi [14: 2].

Somoniylar hokimiyatining inqirozi iqtisod va siyosat sohasidan ixtilof va gumon ta’qibi shaklida  ilohiyot sohasiga ko‘chdi. Fikrimizcha, aynan ana shu voqea-hodisalar ilohiyotning zaiflashuvi va ko‘pchilik maktablar an’analarining tugatilishiga olib keldi.

Qoraxoniylar davrida Movarounnahr hanafiylarining Xuroson Ahli hadis va shofi’iylariga qarshi raqobati XI-XII asrlarda hanafiylar ijodiy ishlarining asossiy yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Ash’ariy ilohiyotchi olimi Sa’duddin Taftazoniyning “Aqoid an-Nasafiy”ga yozgan sharhi moturidiylik va ash’ariylik ta’limotining yaqinlashishini ifodalaydi.

Moturidiylik ta’limotining shakllanishiga hissa qo‘shgan keyingi avlod vakillaridan o‘z davrining yetuk mutakallim va faqih olimi – Muhammad ibn Abdulhamid Usmandiy Samarqandiyni zikr etishimiz mumkin.

Olimning to‘liq ismi – Abul Fath Alouddin Muhammad ibn Abdulhamid ibn Umar ibn Hasan ibn Husayn Usmandiy Samarqandiy bo‘lib, tug‘ilgan va vafot etgan yili haqida manbalarda turli ma’lumotlar keltirilgan. Ba’zi manbalarda “Alloma 408/1017 yilda Samarqandda tug‘ilib, 502/1109 yilda shu yerda vafot etgan” [15: 642] – deb keltirilsa, ko‘pchilik manbalarda “U 488/1095 yili Samarqand qishloqlaridan biri “Usmand”da tavallud topib, 552/1157 yilda 64 yoshida vafot etgan” [16: 74] – deyiladi. 

Tabaqot asarlarida Abul Fath Muhammad ibn Abdulhamid ibn al-Husayn ibn Hasan ibn Hamza Usmandiy, Samarqand ahlidan bo‘lib “Olamning ustuni” (“al-Alo al-olam”) sifati bilan mashhurdir [17: 156], 
deb keltiriladi.

Yozma manbalarda alloma tug‘ilib o‘sgan joyning “Asmand” (Hamaviy Yo.) yoki “Usmand” [17: 156] deb nomlanishi bilan bog‘liq ko‘pgina ixtiloflar mavjudligi keltirilgan. Ba’zi olimlar bu joy “Asmand” deb nomlangan va allomaning nisbati Asmandiy bo‘lgan , deb keltirishsa, boshqalari qishloqning nomini “Usmand”, yana ba’zilari esa “Samand” shaklida bayon etganlar.

Allomaning otasi – Abdulhamid ibn Umar Usmandiy Samarqandning yetuk olimlaridan sanalib, so‘zga chechanligi va mohir va’zxonligi bilan ham xalq orasida tanilgan. To‘liq ismi – Abu Muhammad Abdulhamid ibn Umar ibn Husayn ibn Hasan ibn Hamza ibn Tohir Usmandiy bo‘lib, manbalarda uning faqat ismi va u rivoyat qilgan hadisgina yozib qo‘yilgan. Uning biror mansab egasi yoki o‘z davrida mavqei qanday bo‘lgani, hattoki tug‘ilgan yoki vafot etgan yillari haqida ham birorta ma’lumot keltirilmagan [19: 74].

Alouddin Usmandiyning hayoti va ilmiy merosi asosan xorijlik olimlar, jumladan, nemis olimi – Karl Brokkelman [15: 642], turk olimi – doktor Muhammad Said Uzervarli [20], arab olimlari – Muhammad Zakiy Abdulbarr, Shayx Ahmad Farid Mazidiy [22], Doktor Navzat Sodiq Sulaymon [23], Doktor Abdurrahmon ibn Muborak Faraj, Shayx Ali Muhammad Mu’avvaz va Shayx Odil Ahmad Abdulmavjud tomonlaridan o‘rganilgan [25].

Yozma manbalarda Alouddinning hayoti haqida juda kam ma’lumotlar keltirilgan. Faqat uning 64 yil umr ko‘rib, 552/1157 yilda (ba’zi manbalarda Buxoroda) vafot etganligi qayd etiladi [20: 19], xolos.

Aksar tarixchi olimlarning asarlarida allomaning ilm talabida ko‘plab mamlakatlarga safar qilganligi haqida ham qayd etiladi. Abu Sa’d Abdulkarim Sam’oniyning ta’kidlashicha, Muhammad ibn Abdulkarim Shahristoniy alloma bilan Marvda bir necha bor uchrashgan. Bundan tashqari, Usmandiyning Abu Hafs Najmiddin Umar Nasafiy, Abu Muin Nasafiy, Alouddin Samarqandiy va Nuriddin Ahmad ibn Mahmud Sobuniy kabi moturidiya mazhabining yirik namoyandalari bilan hamasr bo‘lib yashaganligi haqida keltiriladi.

Taniqli arab olimi Abulvafo Qurashiy o‘zining “al-Javohir al-muziya fi tabaqot al-hanafiya” asarida keltirishicha, alloma 552/1157 yilda Bag‘dodga Shams ibn Hisom ibn Burhon bilan birgalikda muborak haj ibodatini ado etib qaytgan [17: 114].

Shubhasiz, Alouddin Usmandiy o‘z davrining kuchli faqihi, mutakallimi va munozarachi olimi bo‘lgan. Buni o‘sha davrning olimlari ham yuksak e’tirof etishgan. Jumladan:

Safadiy: “Alloma kuchli faqih, yetuk munozarachi olim bo‘lib, ilmu-l-xilof bo‘yicha asarlar yozgan” deb ta’kidlagan.

Suyutiy esa: “Kuchli munozarachi faqih bo‘lib, jadal ilmida o‘ta qobiliyatli edi. Ko‘zga ko‘ringan munozarachilardan bo‘lib yetishdi, tafsir imlo qilayotgandi” – deb yozgan.

Ibn Qutlubug‘o: “Fazilatli faqih, munozarachi olim bo‘lib, bir necha jildlik “Ta’liqa” asari muallifi edi” – deb ta’kidlagan.

Sam’oniyning o‘g‘li: “Alloma so‘z ustasi bo‘lib, ilmu-l-xilof bo‘yicha asar yozgandi. Abul Hasan Ali ibn Umar Xarrotdan hadis eshitgandi. Uni bir necha bor Samarqandda uchratgandim, bir martasida: “Marvga Qozi Arsubandiyning ko‘rishni ixtiyor qilib kelgandim, joyida yo‘qligi uchun otang Abul Muzaffar darsiga qatnashdim va qo‘yni go‘shtga hisoblab sotish masalasini so‘rab oldim va Marvdan jo‘nab ketdim” – degandi. 

Otam Abul Muzaffar undan hadislar eshitgandi, Hijoz va haj ziyoratidan qaytayotib Marvga yetganida unga hadislar o‘qib berdim” – deb zikr qilgan.

Manbalarda keltirilishicha, alloma fiqh ilmini ustozi Ashraf ibn Muhammad Alaviydan olgan. Imom Ashraf Alaviy esa fiqh bo‘yicha ta’limni otasi Abul Vazzoh Muhammad Alaviydan, u esa otasi Abu Shujo’ Alaviydan olgan hamda undan hadis rivoyat qilgan. 

Sam’oniy “az-Zayl” asarida zikr qilishicha, u haqda Marv qozisi Qozi Muhammad ibn Utba Soyig‘iy rivoyat qilgan [17: 177]. Imom Ashraf Alaviyning otasi Samarqanddagi Qusam ibn Abbos roziyallohu anhu madrasasida tahsil olgan. Hijozga safar qilib, Bag‘dodga hoji bo‘lib kelgan va Samarqandga qaytib umrining oxirigacha dars berish va ilmni yoyish bilan shug‘ullangan. 491/1098 yilning shavvol oyida 54 yoshida vafot qilgan va Samarqanddagi mashhur “Chokardiza” qabristonida dafn etilgan.

Alloma Usmandiy hadis borasidagi ilmlarini “Sadr ash-shahid” laqabi bilan mashhur bo‘lgan Husomiddin Umar ibn Abdul Aziz ibn Moza Buxoriy [26: 29] dan o‘rgangan. Alloma ustozining “Shahid” deb nomlanishiga sabab, 536/1141 yil Sulton Sanjar va qoraxitoy Gurxon orasida ro‘y bergan “Qatavon” jangida qatnashib, unda Sulton Sanjar mag‘lubiyati tufayli dushman qoraxitoy Gurxon qo‘lidan vafot topadi [27: 534]. Shu sababli, u shahidlik martabasiga erishadi. Ushbu jangda ulamolardan bir jamoasi o‘ldirilgan bo‘lib, aksar olimlar tomonidan ularga “shahid” darajasi berilgan. Hisom ash-shahid, Sadr ash-shahid, Saffor ash-shahid [16: 375] kabilar shular jumlasidandir.

Shuningdek, manbalarda allomaning Ali ibn Umar Xarrotdan hadis tinglaganligi haqida keltiriladi.

Alouddin Usmandiy qator islomiy ilmlarda, ayniqsa, fiqh, hadis va kalom ilmi, shuningdek, turli mazhablar o‘rtasidagi ixtiloflarni o‘rganadigan maxsus soha hisoblangan ilmu-l-xilof bo‘yicha yetuk olim hisoblangan. U mazkur sohalardagi ilm ahllari orasida bo‘ladigan bahs va munozaralarda o‘zining chuqur bilimi, benazir iqtidori va favqulodda salohiyati bilan ajralib turgan. Shuning uchun ham u ilm ahli orasida “al-Alo al-olam” [17], (“Olamning ustuni”), “al-Alo” (“Ustun”), “al-Alo as-Samarqandiy”, “Alouddin” (Kafaviy, №91) (“Dinning ustuni”) kabi yuksak nomlar bilan mashhur bo‘lgan.

Manbalarga tayanib komil ishonch bilan aytish mumkinki, alloma tarbiyalab voyaga yetkazgan shogirdlarining eng mashhuri – Abul Muzaffar Jamol Islom As’ad Karobisiydir. Tabaqot asarlarida, jumladan, Qurashiy o‘zining “al-Javohir al-muziya fi tabaqot al-hanafiya” (“Hanafiylar tabaqasiga mansub olimlar haqida yorqin javohirlar”), shuningdek, Ibn Qutlubug‘o o‘zining “Toj at-tarojim” (“Tarjimai hollarning toji”) asarida keltirishicha, allomaning to‘liq ismi − As’ad ibn Muhammad ibn Husayn Karobisiy, laqabi − “Jamol al-islom”bo‘lib,“al-Furuq fi al-masoil al-firaqiya” (“Firqalar haqidagi masalalar o‘rtasidagi farqlar”) asari muallifidir. U fiqh ilmini Alouddin Usmandiy Samarqandiydan, Sayyid Ashraf va uning otasi Abul Vazzoh hamda uning otasi Sayyid Abu Shujo’dan olgan. 

Boshqa manbalarda uning to‘liq ismi – Shayx imom Jamoliddin Abul Muzaffar As’ad ibn Muhammad ibn Husayn Karobisiy[1] Nishopuriy[2] shaklida keltiriladi.

Manbalarda mashhur “Hidoya”asarining muallifi, buyuk faqih Burhoniddin Marg‘inoniyning (1123-1197) o‘g‘li Shayxu-l-Islom Nizomuddin Umar ibn Shayxu-l-Islom Burhonuddin Ali ibn Abu Bakr [28], al-Marg‘inoniy [29: 58] allomadan fiqh ilmidan tahsil olganligi haqida keltiriladi.

Mashhur tarixchi Abdulkarim as-Sam’oniy (1113-1167) o‘zining “al-Ansob” (“Nasabnoma”) asarida “O’g‘lim Abul Muzaffar (vaf. 1217 y.) undan (Muhammad ibn Abdulhamid Usmandiydan hadis eshitgan” [17], deb keltiradi. Bundan allomaning hadis ilmini ham chuqur egallagan va hadis roviysi ham bo‘lganligini anglasak bo‘ladi.

Manbalarda Sirojiddin O’shiyning Alouddin Usmandiydan buyuk vatandoshimiz – Abu Iso Muhammad Termiziyning “Jomi’ at-Termiziy” asaridan tahsil olganligi haqida ma’lumotlar keltirilgan.

Manbalarda Asyut (Misr)da o‘z davrining mashhur qozisi bo‘lgan bu olim ham allomadan fiqh ilmi bo‘yicha tahsil olganligi keltirilgan.

Bundan tashqari, manbalarda keltirilishicha, Abu Muqotil Hafs ibn Sahl G’oziy, Nasr ibn Abu Abdulmalik Atkiy, Samarqandda qozilik qilgan – Ishoq ibn Ibrohim Hantaliy, Sharik ibn Abu Muqotil, Ma’ruf ibn Hasson, Yunus ibn Sabih Samarqandiylar ham alloma Alouddin Usmandiy Samarqandiyning shogirdlari bo‘lishgan [25: 30].

Alouddin Muhammad Usmandiy biz avlodlarga ulkan ilmiy-ma’naviy meros qoldirgan bo‘lib, ularning hammasi arab tilida yozilgan. 

Quyida allomadan bizgacha yetib kelgan boy ilmiy-ma’naviy meros namunalari haqida qisqacha to‘xtalamiz:

1. “Hasr al-masoil va qasr ad-daloil” (“Muayyan masalalar va qisqa dalillar”). Bu asar Najmuddin Umar Nasafiyning “al-Manzuma fi ilm al-xilof” nomli kitobiga yozilgan sharh bo‘lib, uning uchta qo‘lyozma nusxasi Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasida saqlanadi. Allomaning ushbu asariga ko‘plab sharhlar yozilgan. Imom as-Sug‘diy, Abu-l-Mafoxir Muhammad ibn Mahmud as-Sudaysiy tomonidan yozilgan sharhlar shular jumlasidandir 
(Nasafiy U., 4).

2. “Tariqat al-xilof fi al-fiqh bayn al-a’immat al-aslof” (“O’tgan allomalar o‘rtasida fiqh ilmidagi ixtilof yo‘llari”) asarida fiqh ilmida faoliyat ko‘rsatgan ko‘plab olimlarning qarashlari va fikr-mulohazalaridagi ixtiloflarni bayon qilgan. Ushbu qimmatli asar misrlik tadqiqotchi olim Muhammad Zakiy Abdulbarr tomonidan tadqiq etilib, 1990 yilda Qohiradagi “Dor at-turos” matbaasida nashr etilgan. 1992 yilda esa Shayx Ali Muhammad Mu’avvaz va Shayx Odil Ahmad Abdulmavjud kabi olimlar tomonidan tahqiq qilinib, Livan (Bayrut)da “Dor al-kutub al-ilmiyya” matbaasida nashr etilgan.

3. “Bazl an-nazar fi al-usul” (“Fiqh asoslariga chuqur nazar”). Bu asar ham misrlik tadqiqotchi olim Muhammad Zakiy Abdulbarr tomonidan ilmiy tadqiq etilib, 1992 yilda, avvalgi asar singari, Qohira shahridagi “Dor at-turos” matbaasida 
chop etilgan.

4. “Olamiy” nomi bilan mashhur “at-Ta’liqa fi al-fiqh” (“Fiqh ilmida izoh”) nomli asari fiqh ilmining furu’ (tarmoqlari) masalalariga bag‘ishlangan bo‘lib, qator mualliflarning yozishicha, u bir necha jilddan iborat yirik asardir.

5. “al-Amoliy fi at-tafsir” (“Tafsir ilmida imlo qilingan masalalar”) yozma manbalarning dalolat qilishicha, allomaning bu asari Qur’oni karimga bag‘ishlangan tafsir hisoblanadi [17].

6. “Muxtalaf ar-rivoya” (“Rivoyatlarning turliligi”) bu asar fiqh ilmiga oid asardir. Misrning “Dor al-kutub al-Misriyya” kutub­xonasidagi Hanafiy fiqhi bo‘limida 1815-raqamli qo‘lyozmaning 41789-raqam ostida saqlanayotgan mikrofilm nusxasida: “Muxtalaf ar-rivoya” Muhammad ibn Abdulhamid ibn Husayn ibn Hasanga tegishli” deb yozilgan. Asarning dastlabki betlari yo‘q. Yana bir boshqa nusxasi esa Misrning “Mustafo Fozil” kutubxonasidagi Hanafiy fiqhi bo‘limida 119-raqamli qo‘lyozmaning 8356-raqamli mikrofilm nusxasi saqlanmoqda.

7. Hanafiy mazhabiga oid “al-Mu’tariz va al-muxtalif” (Atobikiy, 1972) asari.

8. Abu-l-Lays Nasr ibn Muhammad Samarqandiy­ning hanafiy furu’ul fiqhi (fiqh ilmi tarmoqlari)ga doir “Uyun al-masoil” kitobiga sharh.

9. “al-Favoid al-Aloiyya” asari.

10. Shayx Nuruddin Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad as-Sobuniy al-Hanafiyning “Hidoya min usul al-e’tiqod va ilm al-kalom” asariga sharh [25: 30].

11. “Lubob al-kalom” (“Kalom ilmining javhari”) asari.

12. “Sharh Jomi’ al-kabir” – Muhammad Shayboniyning “Jomi’ al-kabir”iga shaph hanafiy fiqhiga oid asar bo‘lib, hozirgacha to‘rtta nusxasi yetib kelgan. Bir nusxasi Toshkentda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida 5558 raqami ostida, qolgan uchta nusxasi Saudiya Arabistonidagi Podshoh Faysal ilmiy tadqiqotlar markazida 1956-ف, 1962-ف, 2254-ف inventar raqamlari ostida saqlanmoqda;

13. “Miyzon fi usul al-fiqh” (“Usul al-fiqhda mezon”) asari. Asar ummonlik tadqiqotchi olim Doktor Navzat Sodiq Sulaymon tomonidan o‘rganilib, 2009 yilda “Dor Dajla” nashriyoti tomonidan nashr etilgan.

14. “Ta’liq ‘ala al-mutavval fi al-xilof” asari qiyosiy huquqshunoslikka oid asar bo‘lib, Misrdagi Arab qo‘lyozmalari instituti kutubxonasida 1024 raqam ostida saqlanmoqda.

Manbalarda allomaning turli sohalar bo‘yicha yigirmaga yaqin asarlar yozgani qayd etiladi. Hozirda ularning qo‘lyozma va mikrofilm nusxalari dunyoning qator kutubxonalari asosan, Turkiya, Misr va Saudiya Arabistoni qo‘lyozma fondlarida saqlanmoqda. 

Allomaning “Lubob al-kalom”, “Tariqat al-xilof bayna al-aslaf”, “Miyzon al-usul fi al-fiqh” va “Bazl an-nazari fi al-fiqh” kabi asarlari bizgacha yetib kelgan va asosan Turkiya, Misr va Ummon tadqiqotchi olimlari tomonidan batafsil o‘rganilib, nashr etilgan.

Allomaning kalom ilmiga doir shoh asari – “Lubobul kalom” deb nomlangan bo‘lib, yuqorida zikr etilganidek, tadqiqotimiz jarayonida mazkur asarning ikki qo‘lyozma nusxasini topishga muvaffaq bo‘ldik [32: 228].

A. Bu ikki nusxadan biri Sulaymoniya kutubxonasida, Qora Chalabiy zoda bo‘limida 347 raqami bilan qayd qilib qo‘yilgan majmua tarkibida mavjud. Mazkur majmua ichida biz quyidagi asarlarni ham uchratdik:

1. Nuriddin Sobuniy qalamiga mansub “al-Kifoya minal hidaaya” (1a-81a)

2. “Lubobul kalom” (82a-152a) – Usmandiyning kalom ilmiga doir shoh asaridir.

3. O’shiyning “Qasidatul amoliy”si (153a-156b)

4. Bor yo‘g‘i ikki varoqqa yozilgan boshqa bir qasida.

5. Abu Muin Nasafiyning “Kitabut tamhid” asari. (159b-203a)

6. Muallifi noma’lum bo‘lgan “Burhonul haqoiq” nomli risola. 

7. Abul Husayn Ali ibn Abu Bakr Nayso­buriyning “Tahzibu masoilul fiqh” nomli asari. 

“Lubobul kalom”ning bu nusxasi juda qadimiy qo‘lyozma bo‘lib, uning ko‘p harflariga nuqtalari qo‘yilmagan. Nusxa ko‘chiruvchisi Ali ibn Najmiddindir. Kitobning ko‘chirilgan sanasi 702/1303 yilga borib taqaladi. Biz buni kitobning eng so‘nggi sahifasida kelgan qayddan bilib olishimiz mumkin. Kitob muallifining ismi matnning avvalida, hamdala va salavotdan so‘ng zikr qilingan.

B. “Lubobul kalom”ning ikkinchi nusxasi haqida gapiradigan bo‘lsak, u Sulaymoniya kutubxonasida Shahid Ali Posho bo‘limida 1704 raqami bilan qaydlangan majmua tarkibidagi uchinchi risoladir. Mazkur majmua tarkibida:

1. Nuriddin Sobuniyning “Kitabul bidaya fi usulid din” (1b-30b),

2. “Vasiyyatu Abi Hanifa” (30a-32a),

3. “Kitabu tashihul e’tiqod fi usulid din” nomi bilan “Lubobul kalom” asari (33b-84a), 

4. “Kitabul muxammasot” (85b-89a),

5. Abu Mansur Moturidiyga mansub deb aytiladigan “Kitabu usulid din” (90b-102a), 

5. Ali Buxoriy qalamiga mansub “Sharhul qasidatul lomiya”(103a-121a)lar mavjud.

Bu nusxaning ko‘chiruvchisi Yusuf ibn Bayrambek ibn Ismoil ibn Iso bo‘lib, kitob 814/1412 yili ko‘chirilgan.

Asar muqaddimasida muallifning “Hidoyatan li-l-mubtadiy fi tashihi-l-e’tiqod” deb yozishidan ayon bo‘ladiki, u bu asarini e’tiqodni sog‘lomlashtirish, tuzatish yo‘lida dastlabki qadam tashlaydiganlarni hidoyat yo‘liga bosh­lash maqsadida yozgan. Shu boisdan ham, u bu asarini yozishda hanafiya mazhabi olimlari, ayniqsa, moturidiya e’tiqodiga qat’iy ravishda 
amal qilgan.

“Lubob al-kalom”ning mazmuni haqida aytish kerakki, ko‘plab bo‘limlardan tashkil topgan bu asarda, eng avvalo, ilm va uning turlari, ilmning inson hayoti va jamiyatdagi o‘rni, undan to‘g‘ri foydalanilsa, u yaxshilik, ezgulik va taraqqiyotga olib kelishi haqida o‘z fikrlarini bildiradi. Aqidaviy masalalarni o‘rganadigan kalom ilmi haqida yozib muallif uni barcha ilmlar ichida eng afzali deb ko‘rsatadi. Haqiqiy ilm va to‘g‘ri ma’lumotlarga ega bo‘lish, olamni bilish uchun insonning beshta sezgi a’zolari, ishonchli xabarlar beruvchi manbalar (Qur’oni karim va hadisi shariflar) hamda insonning aql-idroki va salohiyati muhim rol o‘ynashini alohida ta’kidlaydi.

Asarda aqida masalasida zalolatga ketgan guruhlar jumladan, qadariylar, mo‘‘taziliylar, jabariylar va boshqa ba’zi guruhlarning asossiz, botil fikrlarini tanqid ostiga oladi. 

Allohning sifatlari, nubuvvat, Qur’onning mo‘‘jizaligi, bandalarning amallari va imonga oid boshqa masalalar ham asarda o‘z aksini topgan. Muallif yozishicha, ahli sunna val jamoa nuqtai nazaridan islom va imon bir narsa, imon ziyoda ham bo‘lmaydi, kamaymaydi ham, lekin kamoliga yetishda uning ma’lum chegarasi bo‘ladi. 

Shuningdek, asarda oxiratga oid qabr azobi, Sirot ko‘prigi, qabr savol-javobi, shafoat, shuningdek, kalom ilmida hozirgi kunda o‘z aktualligini yo‘qotmagan imomat masalalari ham ahli sunna nuqtai nazaridan talqin qilingan.

Usmandiy o‘zining “Lubob al-kalom” asarida kalom ilmiga oid muhim masalalarning tahlilida, ko‘rinib turganidek, moturidiya aqidaviy mazhabi amal qilgan tamoyillarga tayangan. Bu esa, hozirgi g‘oyalar kurashi avj olgan bir davrda ajdodlarimiz qoldirgan boy ilmiy-ma’naviy meros xalqimiz, xususan, yoshlarimizga muqaddas dinimizning asl mazmun-mohiyatini tushuntirish, ularda mafkuraviy immunitet hosil qilish, ayniqsa, aqidaviy masalalar haqida bahs yurituvchi kalom ilmining moturidiya yo‘nalishi qarashlarini bayon qilish, botil da’volarni ilgari surayotgan ayrim oqim va firqalarga g‘oyaviy zarba berishda dasturulamal sifatida foydalanish uchun muhim omillardan hisoblanadi.

Muxtasar qilib aytilsa, muallif o‘z g‘oyalari va fikrlarini asarlarida bayon qilishda Qur’oni karim va hadisi shariflarga alohida e’tibor qaratish bilan bir qatorda, mutaqaddim o‘tgan ulug‘ olimlar, xususan, buyuk vatandoshimiz Imom Abu Mansur Moturidiy va Abu Muin Nasafiy kabi ajdodlarmiz asarlaridan keng va unumli foydalangan.

 

ADABIYOTLAR RO’YHATI:

Kutlu S. Ebu Mensur al-Maturıdı mezhebinin arka plani. Anqara: 2003.

Abu Muin Maymun ibn Muhammad Nasafiy. Tabsiratul adilla fi usulid din. Claude Salame tahqiqi. Shom: 1992. J. 

Kutlu S. Türklerin İslâmlaşma Sürecinde Mürcie ve Tesirleri. Ankara: 2018.

Abul Vafo Qurashiy. Javohirul muziyya fi tabaqotil hanafiyya. (keyingi o‘rinlarda – Qurashiy. Javohirul muziyya). – Qohira: Hijr, 1993. J. I.

Ibn Zakariyo Yahyo ibn Ishoq. Sharhu jumali usulid din li Abu Salama Samarqandiy. Sulaymoniya kutubxonasi, Shahid Ali Posho bo‘limi, №1648/II.

Ashirbek Mo‘minov-Anke Von Kuegelgen, Moturidiy davrida Samarqand ilohiyotchilari. Imom al-Buxopiy saboqlapi. –Toshkent: 2003 №1.

Pazdaviy. Usulid din.

Muhammad ibn Ibrohim ibn Anush ibn Ibrohim ibn Muhammad Hosiriy Buxoriy. al-Hoviy fil fatovo.  Sulaymoniya kutubxonasi, Hakimo‘g‘li Ali Posho bo‘limi, № 402.

Nasafiy. Qand.

Oqilov S. Abu-l-Muin an-Nasafiy ilmiy merosi va Moturidiya ta’limoti. – Toshkent: Toshkent islom universiteti, 2008.

Van Ess Josef. Theologie und Gesellsshaft im 2. Und 3. Jahrhundert Hidsshra. Eine Gesshishte des religiösen Denkens im frühen Islam. I-VI. Berlin, New York, 1991-1996. T. V.

Hans Peter Linss. Probleme der islamisshen Dogmatik. 1991.

Abu Rayxon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazi qo‘lyozmasi №3907.

Bernand, Marie. Le Muḫtaṣar fi bayān al-i‘tiqād // Annales Islamologiques, Tome XVIII, Institut Français d’Arshéologie orientale du Saire, 1982.

Carl Brockelmann. GAL. (History of the Arabic Written Tradition Supplement). Vol. 1. – Leiden-Boston, 1902.

Qurashiy. al-Javohir al-muziya. – Bayrut: Muassasatu-r-risola, 1993. T.2.

Abu Sa’d Abdu-l-Karim as-Sam’oniy. Nasabnoma. (Arabchadan Abdulg‘affor Razzoq tarjimasi). J.1. – Buxoro: Buxoro, 1999.

Abdulloh Abd al-Hamid Saad. O’rta Osiyo olimlari qomusi. − T.: Imom Buxoriy Respublika ilmiy-ma’rifiy markazi, 2007.

Atayev M. Jizzax allomalari. – Tjirtyn Adib, 2014.

Uzervarli Dr. Muhammad Said. Alouddin Usmandiy va uning Lubob al-kalom asari. – Istanbul: ISAM yayinlari, 2005.

Muhammad ibn Abd al-Hamid Usmandiy. Tariqat al-xilof fi al-fiqh bayn al-aimmat al-aslaf. Dr. Muhammad Zakiy Abdulbarr tahqiqi va tadqiqi. – Qohira: Doru-t-turos, 2-nashr, 2007.

Alou-l-olam Muhammad ibn Abd al-Hamid al-Usmandiy as-Samarqandiy al-Hanafiy. Bazl an-nazari fi usul al-fiqh. Shayx Ahmad Farid Mazidiy tahqiqi. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiyya, 2015.

Shayx Muhammad ibn Abd al-Hamid as-Samarqandiy. al-Miyzon fi usul al-fiqh. Dr. Navzat Sodiq Sulaymon tahqiqi. – Ummon: Dor Dajla, 2009.

Abu Lays as-Samarqandiy. Muxtalaf ar-rivoya. Alou-l-Olam as-Samarqandiy rivoyati va tartibi. Dr. Abdurrahmon ibn Muborak al-Faraj tahqiqi. – Bayrut: Maktaba ar-rushd, 2005.

Alouddin Muhammad ibn Abd al-Hamid Abu al-Fath Al-Usmandiy as-Samarqandiy. Tariqat al-xilof bayn al-aslof. Shayx Ali Muhammad Mu’avvaz va Shayx Odil Ahmad Abdulmavjud tahqiqi. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiyya, 1992.

Shayx A. Mansur. Hidoyat. 2013/1.

Dehxudo. Lug‘atnoma. «ح» harfi tomi. – Tehron: 1338/1970.

Kafaviy. Kitob u-a’lomi-l-axyor. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazi. №91-ashyoviy raqamli qo‘lyozma/ Laknaviy. Al-Favoid al-bahiyya. – Qozon: Matbaat al-xizona, 1903.

Qoriyev O.A. Farg‘ona fiqh maktabi va Burhoniddin al-Marg‘inoniy. –T.: Fan, 2009.

Nasafiy Abu Hafs Umar. Tilbat at-talaba fi istilohot al-fiqhiyya. J. 1.

Qurashiy. al-Javohir al-muziyya. – Bayrut: Muassasatu-r-risola, 1993. 

Ramazan Şeşen. Mukhtarat min al-Makhtutal al-Arabiyyat al-Nadira fi Maktabat Türkiye. J.2. – Istanbul: IRCICA, 1997.

1. Nishopurga nisbat berilgan bo‘lib, u Xurosondagi yirik shaharlardan biri bo‘lgan.

2.  Umar ibn Ali ibn Abu Bakr ibn Abduljalil Shayxu-l-Islom Nizomuddin Farg‘oniy Marg‘inoniy – “al-Hidoya” asari muallifi Burhoniddin al-Marg‘inoniyning o‘g‘li bo‘lib, dastlabki ilmni o‘z otasidan olgan. Ilmiy merosini “al-Javohir al-fiqh” (“Fiqh ilmi javohirlari”), “al-Favoid” (“Foydali narsalar”) kabi asarlari tashkil etadi. O’z davrining mashhur muftiylaridan biri bo‘lgan.

Otabek Muhammadiyev

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot  markazi direktor o‘rinbosari

 

Qo‘shimcha malumot

Ortga surmang
Keyinga qoldirish shayton qo‘llagan yo‘l hisoblanib, u bu bilan musulmonni yo‘ldan ozdirishni maqsad qiladi. Chunki shayton mo‘minni dindan voz kechtirolmasligini,...
Hastimom Abu Bakr Qaffol Shoshiy – mehr-saxovat sohibi
Ko‘hna Toshkentning Sebzor dahasidagi Hazrati Imom (Hastimom) ziyoratgohi poytaxtning bosh yodgorlik majmualaridan biri sanaladi. Mazkur joy atamasi shu yerdagi asosiy...
Sof e’tiqod dushmanlari
Tinchlik, millatlar va dinlararo bag‘rikenglik, Vatanni ardoqlash, oilani muqaddas sanash kabi g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi dinimiz nomiga dog‘ tushirgan, butun dunyo...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry