15.03.2023
180

Hastimom Abu Bakr Qaffol Shoshiy – mehr-saxovat sohibi

Ko‘hna Toshkentning Sebzor dahasidagi Hazrati Imom (Hastimom) ziyoratgohi poytaxtning bosh yodgorlik majmualaridan biri sanaladi. Mazkur joy atamasi shu yerdagi asosiy ziyoratgoh –Toshkent (Shosh)da tug‘ilgan, musulmon olamining imomlaridan biri Abu Bakr Muhammad Qaffol Shoshiy maqbarasi nomidan olingan.

Islom olamida Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi “imom” darajasiga erishgan ko‘plab buyuk allomalar orasida Imom Abu Bakr Qaffol Shoshiy (904-976) ham alohida o‘rin egallaydi. Zamondoshlari uni “Hazrati Imom” deb ulug‘lagan. 

“Hastimom” so‘zi “Hazrati Imom” iborasining qisqartirilgan shaklidir. Mahalliy xalq Imom Qaffol Shoshiy hurmatidan bu joyni shunday atagan. U Toshkentning  ilmiy-madaniy, diniy-ma’rifiy markazlaridan biri bo‘lgan. 

Ma’lumki, Toshkent – o‘rta asr arab manbalarida Shosh deb nomlanib, tafsir, hadis, fiqh, tilshunoslik ilmlarida ko‘plab taniqli olimlarni yetishtirib bergan. Bu maskanda tug‘ilib faoliyat ko‘rsatgan buyuk zotlar, olimlar  “Shoshiy”, “Toshkandiy” nisbasi bilan dunyoga tanilganlar.

Ana shunday allomalardan biri Abu Bakr Muhammad ibn Ali ibn Ismoil Qaffol Shoshiy bo‘lib, ko‘plab arab manbalarida unga alohida hurmat bajo keltirish uchun nomiga “katta”, “ulug‘” ma’nosini ifodalaydigan “Kabir” so‘zini qo‘shib yozadilar. 

Qaffol Shoshiy va uning ilmiy faoliyati nafaqat Sharq olimlari, balki Gʻarb tadqiqotchilarining ham e’tiborini jalb etgan. Mashhur nemis sharqshunosi K.Brokkelman, buyuk rus olimi V.Bartoldlar allomaning ilmiy merosiga yuksak baho berishgan.

Alloma mohir hunarmand bo‘lib, qulfsozlikda shuhrat qozonganligi bois, “Qaffol” ya’ni, qulfchi, qulfsoz degan nom bilan e’zozlangan. Qaffol Shoshiyning islom olamidagi obro‘­e’tibori va mavqei, ilmiy salohiyati haqida o‘rta asr arab mualliflari o‘z asarlarida alohida ta’kidlab o‘tishgan.

Jumladan, marvlik mashhur tarixchi Abu Sa’d Abdulkarim ibn Muhammad Sam’oniy o‘zining “Ansob” (“Nasabnoma”) asarida shunday yozadi: “Qaffol – qulfsozlik kasbiga nisbat berilgan. Abu Bakr Muhammad ibn Ali ibn Ismoil Qaffol Shoshiy Shosh ahlidan bo‘lib, qulfsozlikda shuhrat qozongan. U o‘z zamonasining imomi (peshvosi) bo‘lib, fiqh, hadis, usul, tilshunoslik ilmlari bo‘yicha tengi yo‘q olim edi. Qaffol Shoshiyning nomi Mag‘rib-u Mashriqqa yoyilgan”.

Shuningdek, Qaffol Shoshiy hayot yo‘li va faoliyati haqida xalqimiz o‘rtasida ko‘plab turli naql, rivoyatlar mavjud.

Xalq orasida alloma qo‘li ochiq, saxiy inson sifatida ham tanilgan. Bu borada misrlik tarixchi Tojuddin Subkiyning “Tabaqot shofi’iya kubro” asarida Qaffol Shoshiyning she’rlaridan ham parchalar keltirilgan: “Kimki uyimga mehmon bo‘lib keladigan bo‘lsa, dasturxonim doimo uning uchun yozilgan bo‘ladi. Kimki mening dasturxonimdan biror narsa yesa, (bilsinki) undagi barcha noz-u ne’mat peshona terim bilan topilgan, (ya’ni) halol bo‘ladi.

Biz bor­budimizni mehmon oldiga qo‘yamiz. Bordi­yu (qo‘yishga) narsa topolmasak, u holda sabzavot bilan sirka qo‘yamiz. Shunda beg‘araz, ko‘ngli ochiq odam bo‘lsa, u bunga rozi bo‘lib ko‘nadi; bordi­yu baxil bo‘lsa, u holda uni men tuzata olmayman”

Qaffol Shoshiy ilmiy merosida “Javomi’ al­kalim” (“Qisqa iborali hadislar to‘plami”) asari yetakchi o‘rinni egallaydi. “Javomi’ al­kalim” kitobi Imom Qaffol Shoshiy qalamiga mansub bo‘lib, unda Imom Buxoriy sharhi majmualaridagi Rasululloh (s.a.v) kalimalaridan to‘plangan”. 

Marhum muftiy Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hazratlari 1970-yili Damashq shahridagi “Zohiriya” kutubxonasida saqlanadigan “Javomi’ al­kalim” asari qo‘lyozmasi (32 sahifa)ning foto nusxasini olib kelgan. Hozirgi kunda bu asar qo‘lyozmasining foto nusxasi O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida  V-977 raqam ostida saqlanadi.

“Javomi’ al­kalim”ning bu nusxasi hijriy 1116 (mil. 1704-1705) yilda As’ad ibn Yahyo al-Hilvoniy tomonidan qo‘lda ko‘chirilgan. Demak, bundan uch asr oldin ham bu asarga nisbatan keng xalq ommasi orasida ehtiyoj katta bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Qaffol Shoshiy to‘plagan hadislar qisqa, lo‘nda hamda ma’nolarga boydir. “Javomi’ al­kalim” ma’rifiy va didaktik ahamiyatga egaligi bilan boshqa hadis to‘plamlari ichida ajralib turadi. Ushbu asardagi hadislarda islom dini ahkomlaridan tashqari, odob­axloq, ilm­ma’rifat, ta’lim­tarbiyaga doir hikmatli iboralar o‘rin olgan. 

Quyida ushbu asarda xayr-saxovat va ko‘mak berishga doir hadislar, hikmatli kalimalardan  keltiramiz:

– Saxovatpeshalik taqvodir.

Ushbu kalimadan saxovatli, qo‘li ochiq va kishilarga ko‘mak berish taqvo qilish bilan barobar ekanini ko‘rishimiz mumkin.

– Har bir ezgulik (yaxshilik, ehson, ko‘mak, mehr-saxovat) sadaqadir.

– Pinhona (sir tutib) qilingan sadaqa, ehson, saxovat va ko‘mak Parvardigorning g‘azabini so‘ndiradi.

– Sadaqa (ehson, saxovat, ko‘mak, yaxshilik) suv olovni o‘chirganidek xatoni (gunohni) o‘chirib yuboradi.

Har bir inson hayotida davomida odamlarga yaxshilik qilish, mehr-muruvvat va xayr-saxovat, ko‘mak ko‘rsatish orqali gunohlaridan forig‘ bo‘lishi zikr etilgan.

– Jannat saxiylarning uyidir.

– Insonning karami uning dinidir. Mehr-muruvvati uning aqlidir. Nasl-nasabi esa uning xulqidir.

– Odamlarga mehr-saxovat ko‘rsatish imondan keyingi eng maqbul ishdir.

– Zakot – islomning ko‘prigi.

– Bu dunyoda xayrli ishlarni qilib yurganlar oxiratda yaxshiliklarga erishuvchilardir.

Ko‘rinib turibdiki, ushbu hikmatli kalimalar va hadislar har qanday insonni odamlarga yaxshilik qilish, saxovatli bo‘lish, ularga ko‘mak ko‘rsatish kabi fazilatlarga undaydi.

– Qalblar yaxshilik qilgan odamni sevish va yomonlik qilgan kimsani yomon ko‘rish tuyg‘usida yaratilgan.

– Bir-biringizga hadya ulashinglar, mehr-oqibatingiz ziyoda bo‘ladi.

– O‘zaro hadyalar ulashinglar. Zero, sovg‘a yurakdagi hasad va ginalarni so‘ndiradi.

– O‘zaro hadya ulashinglar. Chunki u yurakdagi qahr-g‘azabni yo‘q qiladi va qalblardagi fisq-u fasodni daf qiladi.

Yuqoridagi hikmatlardan ma’lum bo‘lishicha, mehr, muruvvat, saxovat, ko‘mak kabi fazilatlar inson qalbini yumshatib, uni poklashda muhim o‘rin tutar ekan. Zero, imon gavhari bo‘lmish – Qalb (dil) pok va sofligi inson odobining asosiy mezonlaridan beri desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

– Kimga bir yaxshilik eshigi ochilsa, bas, u fursatdan foydalanib qolsin. Chunki bu eshik uning yuziga qachon yopilishini bilmaydi.

– Alloh bandalaridan faqat rahmdillariga rahm qiladi.

– Alloh sadaqa bilan yetmishta halokatni daf qiladi (qaytaradi).

– Ezgu ishlar halokatlardan asraydi.

Umuman olganda, Qaffol Shoshiy asarida islom dini ahkomlaridan tashqari odob­axloq, ilm­ma’rifat, ta’lim­tarbiyaga doir hikmatli iboralar qayd etilgan. Undan xalqimiz orasida keng tarqalgan matal, maqollar, nodir va qimmatli aforizmlar ham o‘rin olgan. Bu esa hadislarning keng xalq ommasi uchun ravon va tushunarli bo‘lishi, tarqalishida muhim ahamiyat kasb etgan.

Ne’matullo MUHAMEDOV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

“Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi mudiri, 

tarix fanlari doktori

Qo‘shimcha malumot

Ortga surmang
Keyinga qoldirish shayton qo‘llagan yo‘l hisoblanib, u bu bilan musulmonni yo‘ldan ozdirishni maqsad qiladi. Chunki shayton mo‘minni dindan voz kechtirolmasligini,...
Sof e’tiqod dushmanlari
Tinchlik, millatlar va dinlararo bag‘rikenglik, Vatanni ardoqlash, oilani muqaddas sanash kabi g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi dinimiz nomiga dog‘ tushirgan, butun dunyo...
Johillikning davosi
JAHOLATGA QARSHI MA’RIFATJaholat va johillikning eng asosiy davosi kitob o‘qishdir. Zero, kitob insonning eng yaqin do‘sti va maslahatchisi, aql qayrog‘i...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry