
Ortga surmang
Keyinga qoldirish shayton qo‘llagan yo‘l hisoblanib, u bu bilan musulmonni yo‘ldan ozdirishni maqsad qiladi. Chunki shayton mo‘minni dindan voz kechtirolmasligini, unga namoz va ro‘za kabi amallarni tark ettirolmasligini yaxshi bilib, o‘zining keyinga qoldirishdek yengil, lekin xatarli uslubini ishlatadi. Endi mo‘minning qalbiga biror amalni bajarish kelganda shayton o‘sha uslubi bo‘yicha o‘ynab, uni amaldan to‘xtatadi. Aytadiki, bugun falon va falon amallarni qilib ulgurishing kerak, bunisini ertaga qilaqol. Ertasiga esa yana boshqa bahonalar o‘ylab topadi. Shu yo‘sinda o‘sha amalni hali kelmas ertagacha qoldiraveradi.
Inson hisob-kitob kuni tarozusining yaxshi amallar pallasi og‘ir kelishini xohlaydi. Buning uchun u nafl namoz yoki sadaqalarni ko‘paytirib, Allohga mahbub bo‘lish kerakligini o‘ylaydi. Chunki kishi farzlar mukammal bo‘lishi uchun nafllarni ham bajarish keraklini juda yaxshi biladi. U shu haqida fikr yuritib, nafl ibodatlar va zikr kabi amallar qilishga o‘zida turtki topadi. Ayni paytda shayton keladi-da, har xil hiyla nayranglar ishlatib, unga o‘sha amallarni keyinga qo‘yishga ko‘ndiradi. Hatto, uning shu ishini oqlaydi. Natijada vaqtlari behuda narsalar bilan o‘tib, bora-bora sog‘ligi ham ketadi. Endi esa xohlasa ham, ming urinsa ham, o‘sha amallarni bajarishga kuchi yetmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik odamlar undan bebahra qoladilar. Ular sog‘lik va bo‘sh vaqtdir”, (Imom Buxoriy rivoyati) degan hadislari esa biror amal xayolimizga kelsa, uni bajarishga fursat topishimiz bilanoq kechiktirmasdan darrov amalga oshirish kerakligini uqtiradi. Chunki Alloh taolo yaxshi amalga shoshilishga buyuradi: “Va Parvardigoringiz tomonidan bo‘lg‘usi mag‘firatga hamda eni osmonlar va Yer barobarida bo‘lgan jannatga shoshilingiz! U (jannat) taqvodor zotlar uchun tayyorlab qo‘yilgandir” (Oli Imron surasi 133-oyat).
Demak, yaxshi amallarga shoshilish kerak, ularni keyinga qo‘ymaslik lozim. Balki bunday ishlar uchun dunyo ishlarida bo‘lgani kabi musobaqalashish yaxshidir.
Voridni ikrom qilsang, u yana keladi
Shayxim rahmatli aytardilar: “Xayolga kelgan biror yaxshi amalga vorid (keluvchi) deyiladi. Agar qalbingiz eshigini biror vorid qoqsa va siz uni yaxshi kutib olib, hurmat izhor qilsangiz, xohishiga mos amal bilan iltifot ko‘rsatsangiz, u yana qayta kelaveradi. Kelib, sizni boshqa yaxshi amallarga ham da’vat etadi. Ammo aksi bo‘lsa-chi? U juda oriyatli mehmon. Ortiga qaytib ketadi-da, hargiz qaytmaydi. Keyin esa qalbingizga yaxshi va solih amallar xayoli hozir bo‘lmaydigan bo‘lib qoladi.
Shayx Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahullohning
asar va maqolalari asosida
Toshkent Islom instituti katta o‘qituvchisi
Abdulhodiy G’iyos tayyorladi
Qo‘shimcha malumot


