15.02.2023
249

Johillikning davosi

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

Jaholat va johillikning eng asosiy davosi kitob o‘qishdir. Zero, kitob insonning eng yaqin do‘sti va maslahatchisi, aql qayrog‘i va bilim manbaidir. Unga oshno kishi dunyo va oxirat sharifi bo‘lgan ilmni egallaydi.

Alhamdulillah, yurtimizda barcha sohalarga oid bo‘lgan kitoblar va adabiyotlar kun sayin ortib bormoqda. Birgina diniy yo‘nalishda tafsir, Qur’oni karim ma’nolar tarjimasi, hadis, aqida va boshqa fanlarga oid ko‘plab kitoblar ona tilimizda nashr etilmoqda. Ularni mutolaa qilish kerak, xolos.

O‘tmishda ota-bobolarimiz Qur’on, hadislar bilan birgalikda “Xamsa”, “Boburnoma”, “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” singari badiiy adabiyotlar va xalq og‘zaki ijodi namunalarini o‘qib-aytib ulg‘ayishgan. Bugun oramizda bu bebaho ma’naviy boylikni qadriga yetmayotganlar ham talaygina. Aksariyat yoshlar ham, kattalar ham ijtimoiy tarmoqqa bog‘lanib, kitob mutolaasiga bee’tibor bo‘lmoqda. Natijada ularning ma’naviyati, tafakkur quvvati zaiflashdi. Hayotda ro‘y berayotgan ayrim noxushliklarning ildizi esa o‘sha ilmsizlik va kitob o‘qimaslikning achchiq mevasidir. Bunday noxush holatlardan saqlanish uchun aqlni ilm va kitob mutolaasi bilan charxlab turish lozim.

Har qanday yangilik ham bir kun kelib eskiradi, biroq insoniyatning ming yillar davomida qo‘lga kiritgan durdonalarini o‘zida jamlagan kitoblar aslo eskirmaydi. Buni ulug‘ zotlardan bizgacha yetib kelayotgan bebaho asarlardan anglash mumkin.

Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy kitob o‘qish asnosida murakkab bir masalaga yechim topganlaridan xursand bo‘lib: “Bunday lazzatni podshohlarning bolalari ham ko‘rmagan”, deganlar.

Buyuk muhaddis Imom Abu Dovud Sijistoniy o‘ziga kiyim tiktirganida, uning yengini keng qilib tiktirar, qayerga borsa, o‘sha yenglarida kitob bo‘lar ekan. Bo‘sh vaqt topildi deguncha, kitob mutolaasiga kirishar ekan.

Mashhur ulamolardan Abul Faraj ibn Javziy bunday deydi: “Men kitob mutolaasidan hech to‘ymaganman. Agar o‘zim o‘qib ko‘rmagan birorta kitobni ko‘rib qolsam, go‘yoki xazinaning ichiga tushib qolgandek bo‘lardim. Agar, “yigirma ming mujallad kitob o‘qib chiqqanman”, desam ham, mubolag‘a qilmagan bo‘laman, lekin kitob o‘qishda davom etaman”, degan ekan.

Hasan ibn Sahl aytadi: “Ma’mun uxlaganda atrofida kitoblar turar edi. Uxlashdan oldin ham kitob o‘qir edi. Uyqudan uyg‘onib ketganda ham kitob o‘qir edi. U inson shunday vasiyat qilar edi: “Yolg‘izlik vahshatini kitob o‘qish bilan yenggin. Albatta, kitoblar so‘zlovchi tillar va tikilib turuvchi ko‘zlardir”.

Husayn Voiz Koshifiy: “Axloqi Muhsinin” asarida bunday deydi: “Eng yaxshi suhbatdosh va eng maqbul do‘sti ulfat ulug‘larning kitobidir”. Jaloliddin Rumiy masnaviylarida keladiki: 

Izlama kitobdan yaxshiroq hamdam,

Chunki suhbatdoshdir har qachon, har dam.

U dilga rohatu jonga orodir,

Sen neki istasang, unda paydodur.

Bundoq latif hamdam kim ko‘rmish, ey yor,

Undan ranj ham yetmas, ranjitmas zinhor.

Kitob ilm-u donish va ma’naviy ozuqa hosil qilishning asosiy manbaidir. Shunday ekan, kitobni do‘st bilmoq va unga ehtirom ko‘rsatmoq har birimizning vazifamizdir.

Otabek YULDOSHEV,

Arnasoy tumani bosh imom-xatibi
Manba: muslim.uz

Qo‘shimcha malumot

Ortga surmang
Keyinga qoldirish shayton qo‘llagan yo‘l hisoblanib, u bu bilan musulmonni yo‘ldan ozdirishni maqsad qiladi. Chunki shayton mo‘minni dindan voz kechtirolmasligini,...
Hastimom Abu Bakr Qaffol Shoshiy – mehr-saxovat sohibi
Ko‘hna Toshkentning Sebzor dahasidagi Hazrati Imom (Hastimom) ziyoratgohi poytaxtning bosh yodgorlik majmualaridan biri sanaladi. Mazkur joy atamasi shu yerdagi asosiy...
Sof e’tiqod dushmanlari
Tinchlik, millatlar va dinlararo bag‘rikenglik, Vatanni ardoqlash, oilani muqaddas sanash kabi g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi dinimiz nomiga dog‘ tushirgan, butun dunyo...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry