13.12.2021
362

Xabboziy

 

Abu Muhammad Jaloliddin Umar ibn Muhammad al-Xo‘jandiy al-Xabboziy

(vaf. 691/1292)

Xabboziy 629/1232 yilda Movarounnahr shaharlaridan biri bo‘lgan Xo‘jandda tug‘ilgan. O‘z yurtida ta’lim olgandan so‘ng Xorazmda ham ilm talab qilgan, keyin esa Bag‘dodga yo‘l olgan.  Ma’lum vaqtdan so‘ng Shomga kelib, Izziya Barroniya madrasasida mudarrislik qilgan. Haj ziyorati uchun Makkaga borib, u yerda bir yil yashagan Xabboziy Shomga qaytib, Hotuniya Barroniya madrasasida dars bera boshlaydi va umrining oxirigacha shu yerda yashab qoladi. O‘sha vaqtda mazkur madrasada dars bera olish uchun o‘z zamonasining eng kuchli hanafiy olimi bo‘lish talab qilinar edi. Xabboziyning hayoti haqida so‘z yurituvchi manbalar uning chindan ham ushbu vasfga ega olim, fiqhning ham furu’, ham usulini juda yaxshi bilgan faqih, ayni paytda ibodat va zuhd ahli bo‘lganiga guvohlik beradi.

Uning shogirdari ichida Abul Abbos Ahmad ibn Mas’ud Ko‘nyaviy, Badrut-tavil nomi bilan tanilgan Dovud ibn Ag‘labek ibn Ali Rumiy va Hibatulloh ibn Ahmad Turkistoniy kabi mashhur olimlar bor edi.

Xabboziy 691/1292 yilda Shomda vafot etgan va Sufiyya qabristoniga dafn etilgan. Ba’zi manbalarda uning 671/1272 yilda vafot etgani ham qayd etiladi.

Asarlari. 1. «al-Mug‘niy fi usulil fiqh». Muallifning eng muhim asaridir. Asar 1983 yil Muhammad Mazhar Baqo tarafidan Makkada nashr etilgan. “Mug‘niy”ga 10 dan ortiq sharhlar yozilgan. Ulardan biri muallifning o‘ziga tegishli. Qolgan shorihlar esa Alovuddin Ali ibn Mansur Maqdisiy, Muhammad ibn Ahmad Turkmaniy, Shihobuddin Ahmad ibn Ibrohim Oyintobiy, Jamoluddin Mahmud ibn Ahmad Ko‘nyaviy, Sirojuddin Umar ibn Ishoq G‘aznaviy, Mansur ibn Ahmad Xorazmiy, Ibn Soig‘ Zumurrudiy, Alovuddin Ali Asvad, Muhammad ibn Yusuf Isbiriy va Ayyubiyzoda Mustafolardir. 2. «Sharhul Hidoya». Burhonuddin Marg‘inoniy “Hidoya” asarining sharhi. Turli nomlar ostida ko‘plab qo‘lyozma nusxalari mavjud asarning ba’zi nusxalari shu nomlarda uchraydi: “Mushkilotul Hidoya” (Sulaymoniya kutubxonasi. Jorulloh Afandi, nr. 780); “Xoshiya ‘alal Hidoya” (Sulaymoniya kutubxonasi. Domad Ibrohim Posho. Nr. 616; Asad Afandi, nr. 89; Yangi Jome’, nr. 406); “Sharhul Hidoya” (Sulaymoniya kutubxonasi. Giresun, nr. 33; Turhon Volida Sulton, nr. 141); “al-Kifoya fi sharhil Hidoya” (Sulaymoniya kutubxonasi. Mahmud Posho, nr. 212). 3. «al-Hodiy fi usulid-din». Kalomga doir ushbu asarning ayni nomdagi (Sulaymoniya kutubxonasi. Lolali, nr. 2483) hamda “Kitobul Hodiy” nomi (Sulaymoniya kutubxonasi. Fotih. 3169) bilan qayd qilingan nusxalari mavjud.

(Turkiya Diyonat Vaqfi ensiklopediyasi asosida tayyorlandi)

Qo‘shimcha malumot

Sirojiddin G‘aznaviy
Abu Hafs Sirojuddin Umar ibn Ishoq ibn Ahmad al-G‘aznaviy ash-Shibliyvaf.773/1372Tahminan 704/1304 yillarda G‘aznada tug‘ilgan. Sirojul Hindiy laqabi bilan tanilgan. Ilk...
Jamoliddin G‘aznaviy
Jamoliddin Ahmad ibn Muhammad ibn Mahmud G‘aznaviyVaf. 593/1197Jamoliddin G‘aznaviyning hayoti haqida ko‘p ma’lumot saqlanib qolmagan. Mashhur hanafiy faqihi Alovuddin Kosoniy...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry