08.12.2021
344

Konstitutsiya – milliy va diniy qadriyatlarning huquqiy kafolati

Istiqlolga erishgan har bir davlat o‘z taraqqiyot yo‘lini belgilar ekan, jamiyat tinchligi va xalq farovonligini ta’minlashga xizmat qiladigan muhim maqsad va vazifalarni o‘zining Asosiy qonunida mustahkamlab oladi. Xalqning xohish-irodasi, qalbidagi ezgu maqsadlariga hamohang Konstitutsiyaga ega bo‘lgan mamlakat o‘zi belgilagan yuksak marralardan hech qachon og‘ishmasdan, doimo oldinga qarab boradi.
Mamlakatimiz ham mustaqillikka erishgandan keyin o‘zining tom ma’nodagi Konstitutsiyasini qabul qildi. Har tomonlama mukammal va xalqaro standartlarga muvofiq bo‘lgan Asosiy qonunimizning ishlab chiqilishi xalqimiz hayotida ulkan tarixiy voqea bo‘lishi bilan birga, ulug‘ maqsadlar sari sobit qadam tashlashida mustahkam huquqiy zamin bo‘ldi.

Shuningdek, Konstitutsiyamiz umuminsoniy g‘oyalar – tenglik, erkinlik, o‘zaro birodarlik, xalqlar va millatlararo hamjihatlik muhitini mustahkamlash, diyorimizdagi tinchlik va osoyishtalikni barqaror bo‘lishi hamda yurtimizning rivojlangan davlatlar qatoriga kirishi, xalqimiz farovonligini yanada oshirishning huquqiy kafolati bo‘lib kelmoqda.

Konstitutsiyamizda mustahkamlangan normalarga nazar tashlasak, unda insoniylik, ijtimoiy tenglik, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik an’analari ustuvor ekani namoyon bo‘ladi. Xususan, Asosiy qonunimizning 4-moddasida: “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”, degan norma asosida respublikada davlat va ish yuritish tili o‘zbek tili ekanini e’tirof etgan. Shu bilan birga, mamlakatda yashovchi boshqa millat va elatlarning ham tillari va urf-odatini hurmat qilinishi va turli millatlarning ham o‘zligini saqalab qolishga sharoit yaratilishini kafolatlagan.

Konstitutsiyada turli millat vakillari uchun kafolatgan huquq va erkinliklar asosida bugun mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda. Ular ham O‘zbekiston ravnaqi yo‘lida birlashib, barcha soha va tarmoqlarda fidokorona mehnat qilmoqda, o‘lkamizda kuchli fuqarolik jamiyatiga asoslangan huquqiy demokratik davlat qurishga munosib hissa qo‘shmoqda.
Konstitutsiyaviy kafolat sababli mamlakatimizdagi davlat ta’lim muassasalarida 7 tilda ta’lim jarayoni olib borilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi o‘z ko‘rsatuvlarini 12 tilda namoyish etmoqda, o‘ndan ortiq tilda gazeta va jurnallar nashr etilmoqda.

Bundan tashqari, Konstitutsiyamizning 8-moddasida O‘zbekiston xalqini millatidan qat’i nazar respublika fuqarolari tashkil etishi haqida xabar berib, mamlakatimizda yashayotgan turli millat vakillarining e’tiqodi, irqi, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar birgalikda o‘zbek xalqi ekani e’tirof etilgan. Bu esa, diyorimizda yashayotgan turli millat va elat vakillarining ham jamiyat va davlat ishlarida birdek ishtirok etishiga imkon yaratadi. Bularning barchasi Asosiy qonunimizda kafolatlangan huquq va erkinliklarning samarasi sanaladi.

Ma’lumki, o‘zbek xalqi qadimdan har bir ishni o‘zaro maslahat asosida kengashib, hal qilgan. Bu haqida sohibqiron Amir Temur ham kelgusi avlodaga o‘z o‘gitlarini qoldirib ketgan. Xususan, Amir Temur “Temur tuzuklari”da saltanat ishlarida eng birinchi galda to‘rt narsaga amal qilinishi lozimligini, kengash va mashvaratu maslahatni davlat qudratining asoslaridan biri sifatida qaraganini ta’kidlagan. Bundan ayon bo‘ladiki, Sohibqiron bobomiz ham har qanday masalani xalq va ulamolar bilan kengashib, maslahat va mashvarat asosida ish ko‘rgan.

Konstitutsiyamizda ham xalqimizning azaliy qadriyatlaridan bo‘lgan har bir ishni o‘zaro maslahat va kengashib bajarish haqida alohida norma kelgan bo‘lib, unda “Jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari xalq muhokamasiga taqdim etiladi, umumiy ovozga (referendumga) qo‘yiladi. Referendum o‘tkazish tartibi qonun bilan belgilanadi” (9-modda) deya xalq muhokamasi davlat va jamiyat boshqaruvida muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlanadi. Bu qoidadan kelib chiqib, mamlakatizmizda bir qator muhim masalalar xalqning muhokamasi taqdim etilgan hamda umumiy ovozga – referendumga qo‘yilgan. Ajdodlarimizdan bizgacha yetib kelgan bu an’ana kelgusida ham davlat boshqaruvining asosiy usullaridan bo‘lib qoladi.

Ma’lumki, hozirgi vaqtda dunyoning turli mintaqalarida millatlararo va dinlararo keskinlik kuchayib bormoqda, millatchilik, diniy murosasizlik bosh ko‘tarmoqda. Har qanday oqil inson bu illatlar davlatchilikni yemirib, jamiyatni parchalab, diniy ruhdagi nizolarga zamin hozirlashiga shubha qilmaydi.
Ana shunday murakkab vaziyatda mamlakatimizda ham turli dinga mansub insonlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlash dolzarb ahamiyat kasb etadi. Konstitutsiya va u asosda qabul qilingan qonun-hujjatlari yurtimizda yashayotgan turli din vakillar o‘rtasida hamjihatlikni ta’minlash, jamiyatda o‘rnatilgan tinchlik va osoyishtalikning mustahkam kafolati, xalqimiz bunyodkorlik salohiyatini, uning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini oshirishning asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Xalqimizning o‘ziga xos fazilatlaridan sanalgan bag‘rikenglik an’anasi asrlar davomida shaklangan qadriyatlardandir. Bu o‘lkada yashagan ajdodlarimiz ming yillar davomida millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni musatahkam qaror topishida jonbozlik ko‘rsatganlar. Xususan, sohibqiron Amir Temur ham islom diniga cheksiz hurmat ko‘rsatishi bilan bilan birga o‘zga din vakillarini hurmatlab, ularga ehtirom ko‘rsatgani tarix kitoblarida muhrlangan. Shuningdek, dunyoda eng uzoq hukmronlik qilgan imperiyalardan sanalgan boburiylar imperiyasi Hindistonni zabt etgan bo‘lsada, hindlarga nisbatan diniy bosim o‘tkazmadi hamda diniy bag‘rikenglikning yuksak namunalarini ko‘rsatishdi. Shu bois, Hindiston xalqi bugungi kungacha Zahiriddin Muhammad Bobur va uning avlodlarini hurmat bilan yodga oladi.

Asrlar osha davom etib kelayotgan bag‘rikenglik an’anasi mustaqillik yillarida ham rivojlantirilib borilmoqda. Xusuan, bugungi kunda mamlakatimizda 16 ta konfessiyaga mansub diniy tashkilotlar emin-erkin faoliyat yuritmoqda. Ularning har qanday tazyiqlardan xoli tarzda ish yuritishiga ham Konstitutsiyada mustahkamlangan e’tiqod erkinligi bilan bog‘liq qoidalar asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Xususan, Asosiy qonunimizning 31-moddasida “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi”, deya barcha din vakillariga o‘z e’tiqodlariga ko‘ra, ibodat qilish va diniy rasm-rusmlarini ado etishlariga keng imkoniyatlar yaratib berildi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, Asosiy qonunimizda mustahkamlangan bu kabi normalar yurtimizdagi tinchlik, barqarorlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, yoshlarimizda diniy bag‘rikenglik an’analarini rivojlantirishda o‘ziga xos ahamiyat kab etadi. Zero, Konstitutsiyamizda mustahkamlangan davlat boshqaruvining bosh maqsadi ham jamiyatda hamjihatlik va barqarorlikni mustahkamlash, inson huquq va erkinliklarining samarali himoya qilinishini ta’minlashdan iborat.

 

Shukrillo Jo'rayev

 Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

 nashrlar bo'limi boshlig'i

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry