21.12.2023
76

ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI

Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p mamlakatlarida Bahouddin Naqshband va naqshbandiya tariqati katta nufuzga ega. Chunki, mazkur tariqatda islom shariati mezonlari buzilishiga yo‘l qo‘yilmay, chin insoniy fazilatlarni ilgari surgan.

Hozirgi kunda esa, tasavvuf deganda tor ma’nodagi turli marosimbozlik, tariqatga ruju qo‘yish, «pirparastlik», xudoyima-xudoyi va ehsonma-ehson yurish, boshqalardan ajratib turadigan liboslar kiyish, boshqalardan ajralib turadigan turfa rasm-rusumlarga berilib yashash tushuniladigan bo‘lib, odamlarga tariqatni shunday tushuntiradigan ayrim toifalar ham ko‘payib bormoqda. Shuningdek, bu toifalar haqiqiy mumtoz tasavvuf vakillarining tasavvufni komil musulmon yetishtirishdagi bir vosita xolos ekani haqidagi o‘gitlarini unutib, musulmon kishilarning asosiy maqsadi tariqatga kirish, pirga qo‘l berib, uning xizmatini qilish ekani haqidagi noto‘g‘ri talqin va da’volarni ilgari surmoqdalar. Shu sababli, soha mutaxassislari tomonidan bunday toifalarni mumtoz tasavvuf namoyandalari va vakillaridan farqlay bilish hamda ularni boshqa turli oqimlardan ajratib ko‘rsatish maqsadida ularga nisbatan «tariqatchilar» atamasi iste’molga kiritildi.

Tariqatchilar deganda tasavvufning faqat tashqi jihatlariga, marosimchilik, turli zikr majlislariga asosiy e’tiborni qaratib, uning falsafiy-irfoniy xususiyatlaridan bexabar faoliyat yuritayotgan, muayyan bir kishini pir deb sanab, uning etagidan tutuvchi, jamiyatning boshqa a’zolaridan chetlashib, pir xizmatini hayotdagi eng asosiy maqsad deb biluvchi kishilar yoki jamoalar, guruhlar tushuniladi. Mazkur guruh va jamoalar orasida qabrlarga sig‘inish, pirlarni haddan ziyod ulug‘lash, pirlarning tahoratidan ortgan suvlarni ichish, dunyoviy ilmlardan, taraqqiyot yutuqlaridan chetlanish kabi turli zararli hamda islomiy nuqtai nazardan bid’at-xurofot deb baholanuvchi holatlar keng tarqalgan.

Ba’zi kishilar tariqatga kirganlarini pesh qilib, tashqi qiyofa va marosimlarga katta ahamiyat beradilar, ammo oilalari, farzandlari oldidagi majburiyatlarini unutib qo‘yadilar. Ular oilasini o‘zlaricha «Allohga tavakkal qilib» majburiy ta’minotini tark etib, pir xizmatini oila oldidagi vojib mas’uliyatdan ustun qo‘ymoqdalar. Shu yo‘l bilan, tasavvufning asl mohiyatini anglamagan va haqiqatidan bexabar johillik otiga minganlar tariqat ahliga ham, tasavvuf nomiga ham dog‘ tushurmoqdalar. Tariqatchilar faoliyati tufayli ijtimoiy nizolarga sabab bo‘layotgan holatlar haqida fikr yuritar ekanmiz quyidagi holatlarni ham nazardan chetda qoldirmaslik kerak bo‘ladi. Tariqatchilar orasida:

- tariqatda bo‘lmaganlarga nisbatan past nazar bilan qarash kuzatiladi;

- ilm olishga bo‘lgan rag‘batning susayishi – go‘yoki «ko‘pgina avliyolar o‘qimasalar ham katta maqomlarga yetishganlar» qabilida ish tutish;

- oilali tariqatchilar oilalarining ta’minotini «Allohga tavakkal» qilib, pirdan vazifa olganlik bahonasida oila moddiy ta’minotidan bosh tortish holatlari;

- zamonaviy taraqqiyot yutuqlariga salbiy munosabatda bo‘lish, zamonaviy kiyim kiyib yurganlarga nisbatan yaxshi fikrda bo‘lmaslik va h.k.

Bugungi kunda yurtimiz hududida faoliyat olib borayotgan tariqatchilar umumiy xavfsizlikka tahdid solmayaptilar, deyish mumkindir. Biroq, bu – masalaga doir bir necha muammolar mavjud. Shuningdek, tariqatchilar tarafdorlarining ko‘payishi, moddiy bazasining mustahkamlanishi, tariqatlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarning chuqurlashuvi jiddiy ijtimoiy muammolarni keltirib chiqarishi ehtimoldan xoli emas. Tariqatchilar tomonidan shariat talablarining noto‘g‘ri talqin qilinishi, an’anaviy islom tamoyillariga zid bo‘lgan qoidalar ishlab chiqilishi tariqat tarafdori bo‘lmaganlar va rasmiy din xodimlari o‘rtasida noroziliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.

Bundan tashqari ayrim tariqatchilar xalqona tabobat usullari orqali davolash, turli o‘t damlamalar tayyorlab sotish, sufiy tabobati, sufiy gimnastikasi, sufiy jang san’ati kabi markazlarni ochib, shu orqali odamlarning e’tiborini jalb qilish usullaridan ham foydalanishmoqda. Bunday tariqatchilar islom asoslarini buzib talqin qilish, turli boshqa dinlarning ta’limotlarini va amaliyotlarini tasavvufga oid, deb targ‘ib etish, islom diniga aloqasi bo‘lmagan turli buddaviylik g‘oyalarini musulmonlar orasida tarqalishiga, ularning e’tiqodlari buzilishi, sog‘lom aqidaga putur yetishiga sabab bo‘lmoqdalar. O‘zlarining noqonuniy faoliyatlarini xalq tabobati bilan xaspo‘shlashga urinmoqdalar. 

Tariqatchilar orasida uchrab turadigan o‘z guruh a’zolarini piriga qo‘l bermagan boshqa oddiy musulmonlardan ustun qo‘yish, «piri yo‘qning – dini yo‘q» qabilidagi gaplarni gapirib, o‘zlaricha ibodat deb bilayotgan marosimbozliklar tufayli kibrga berilib ketishlarini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Tasavvuf odamlarni turli tabaqalarga bo‘lish, birovni boshqasidan ustun qo‘yish, odob-axloqni qo‘yib marosimbozlikka berilish, kimningdir xizmatiga zo‘r berib o‘z tashvishlarini hal etishdan chetlashib ketish, o‘ziga o‘xshash bir insonni bandaga xos bo‘lmagan sifatlar bilan ulug‘lab, uni muqqadaslashtirib olishga chaqirmagan. Tasavvuf kishilar orasida tenglik, birodarlik, ijtimoiy adolat, jamiyatga manfaatli mehnat faoliyati bilan mashg‘ul bo‘lishni targ‘ib etgan. Bahouddin Naqshbandning «dil ba Yoru dast ba kor» shiori buning yorqin isbotidir.

Markaziy Osiyo tasavvufi va tariqatchilik o‘rtasidagi nomutanosiblik aynan o‘sha ulkan ilmiy meros va an’anaviylikdan uzoqlashishning natijasidir. Mumtoz tasavvufga xos go‘zal axloq, yuksak ma’naviy fazilatlarni shakllantirish, komil inson, nafs tarbiyasi, vatanparvarlik kabi g‘oyalar xalqimizning asrlar davomida takomiliga yetib borgan ma’naviy boyligini tashkil etadi. Hozirgi sharoitda ham tasavvufning ana shunday xususiyatlarini ko‘rsatib berish, kishilarni turli asossiz g‘oyalar va maslaklarga adashib kirib qolishining oldini olishda muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasining 3311 sonli xulosasi asosida tayyorlangan "Tasavvufga kirish" kitobidan.

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...
MILLIY TARIXNI QAYTA TIKLASH OSON KECHMAGAN… Oqlanganlarning aksariyati Turkistondagi jadidchilik namoyandalaridir
31-avgust – Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuniO‘zbekiston mustaqillikka erishishi bilan uning ma’naviy hayotida yangi – uyg‘onish, o‘zlikni anglash davri boshlandi....

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry