21.12.2023
76

ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA

Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat chekkan buyuk shayxlarning islom dunyosidagi adadi cheksiz bo‘lib, shulardan bir qanchasi Turonzaminda tug‘ilib, voyaga yetgan. Ular yaratgan ta’limot va ilgari surgan axloqiy-irfoniy, ma’naviy-ma’rifiy g‘oyalar hozirda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas. Shu bilan birga, barcha zamonlarga tasavvufni va uning ichki tarmoqlari o‘laroq taraqqiy etgan turfa tariqatlarni tirikchilik manfaatlari vositasiga aylantirgan soxta «tassavufchi»lar ham topilib turgan. Bugungi kunda ham soxta tariqatlar va o‘z atrofida shogirdlar to‘playotgan noloyiq pir-shayxlik da’vosidagi shaxslar ko‘zga tashlanmoqda. Ko‘r-ko‘rona taqlid yoki johillik sabab duch kelgan odamning etagini tutib, «komil shayx» bilib, ularga qo‘l berayotganlar ham bor. Bu esa o‘zini haqiqiy ma’noda tasavvuf vakili sanagan va uning talablariga bo‘ysunishni burch bilgan kishilar va tasavvufni shaxsiy manfaatlar vositasiga aylantirgan kimsalar o‘rtasidagi g‘oyaviy ixtiloflarning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan.

Mashhur mutasavvif Abdulqodir Jiloniy (1077-1166) «Sirru-l-asror va mazharu-l-anvor fimo yahtoju ilayhi-l-abror» asarida tasavvuf ahlini o‘n ikki toifaga bo‘lib, ulardan faqat bir toifa «sunniylar», qolgan o‘n bir toifa «bid’atchilar» ekanini ta’kidlaydi. Sunniylar – gap-so‘z va hatti harakatlari shariat va tariqatga uyg‘un bo‘lganlar, deb keltiradi. 

Ahmad Yassaviy (vaf.1166) o‘z hikmatlarida soxta sufiyni haqiqiy sufiydan ajratib turuvchi xususiyatlarni bayon qilgan:

So‘fi bo‘lub nafs uchun har dam eshikka boqasen, Nazr olib keldimu deb har dam kishiga boqasen, Allohning la’natin bo‘ynungga har dam toqasen, So‘finaqsh bo‘lding vale hargiz musulmon bo‘lmading. So‘fi bo‘lib moli kas olmoq uchun qilding jadal, Zohiring so‘finamodur, botining dunu dag‘al, Ey bexabar, ey bexabar, sharmandasen ro‘zi azal, So‘finaqsh bo‘lding vale hargiz musulmon bo‘lmading.

Ayni kunimizda turli tortishuv va bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan masalalardan biri «shayx» masalasidir. Bir tomondan, tariqatni daromad manbaiga aylantirgan, savodsiz, johil «pirlar» ko‘payib ketayotgani, ikkinchi tomondan murid-shogirdlar tomonidan pirni ulug‘lashda haddan oshib, mubolag‘aga yo‘l qo‘yish, pirning so‘zini shariat hukmidan ham ustun qo‘yish masalasidir. Tariqatchilar orasida piridan boshqaning so‘zini, haqiqat bo‘lsa ham, qabul qilmaslik, mo‘tabar kitoblar, ulamolarning so‘zlarini tan olmay, bepisand qarash holatlari ham kuzatilmoqda. 

Ulug‘ mutasavvuf shoir Xoja Ahmad Yassaviy tasavvufni shon-shuhrat va manfaat vositasiga aylantirgan savodsiz «shayx»larni hayvondan ham pastkash deya tilga oladi:

Omi shayxlar quloq, dumsiz himor bo‘lg‘oy, Himmatlari dunyo molin yig‘or bo‘lg‘oy, Xaloyiqni yo‘l ozg‘urub ketor bo‘lg‘oy, Ondog‘ shayxlar bahoyimdin batar ermish.

Abu Yazid Bistomiy: «Agar bir kishi hatto osmonga ko‘tarilayotganini ko‘rsangiz ham, to Allohning buyrug‘i va qaytarig‘ini mahkam tutganini, shariat hukmini bajarayotganini ko‘rmaguningizcha unga aldanib qolmang», deganlar.

Bahouddin Naqshband: «Tariqatimizni sizga tushuntiraylik, agar shariatga va sunnatga to‘g‘ri kelsa yo‘limizda davom etaveramiz, agar to‘g‘ri kelmasa voz kechamiz», – deb aytganlar.

Mavlono Rumiyda, duch kelgan odamga «qo‘l» berib ketavermay, ogoh bo‘lishga undaydigan baytlar ko‘p, quyidagi misralar ham shu haqda:

Ey, baso iblis odam ro‘yi hast, Bas, ba har dasti nashoyad dod dast. Dasti noqis dasti shayton ast-u dev, Z-on ki, andar bandi taklif ast-u rev. 

Mazmuni: Odam yuzli qancha-qancha iblislar bor. Bas, (to‘g‘ri kelgan) har qo‘lga (shayx, pir deb) qo‘l beravermaslik lozim. Noqis shayxning qo‘li shayton va devning qo‘lidir. Chunki bu qul qilib olish taklifi va xiyladir. 

Yuqoridagilardan xulosa qilib, shuni aytish mumkinki, tasavvuf o‘z tarixiy taraqqiyoti davomida sof nomiga dog‘ bo‘lib tushadigan ko‘plab nodon va johil, tekinxo‘r va tama’gir, soxta va riyokor sufiylarni, puch da’volarni olg‘a surgan buzg‘unchi guruhlar va tariqatlarni guvohi bo‘lib kelgan. Tarix charxpalagi qayta aylanib kelib, bugungi globallashuv davrida ham ular yangicha qiyofa va shakllarda namoyon bo‘lmoqda. Savodsiz, gumroh soxta pir-shayxlar faqat hozirgi kunimizda emas, balki, o‘tmish davrlarda ham sof tasavvufga o‘zlarining nojo‘ya harakatlari bilan isnod tushirib kelganlar. Shu sababdan o‘tmishda bo‘lgani kabi bugungi kunda «tasavvuf» so‘zi odamlar ongida salbiy ma’no kasb etib qolmoqda. Haqiqiy tasavvufni soxtasidan ajratish, ogohlikka alohida e’tiborli bo‘lish hozirgi davr talabi bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi 3311 sonli xulosasi asosida tayyorlangan "Tasavvufga kirish" kitobidan.

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
MILLIY TARIXNI QAYTA TIKLASH OSON KECHMAGAN… Oqlanganlarning aksariyati Turkistondagi jadidchilik namoyandalaridir
31-avgust – Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuniO‘zbekiston mustaqillikka erishishi bilan uning ma’naviy hayotida yangi – uyg‘onish, o‘zlikni anglash davri boshlandi....

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry