16.11.2021
579

DINIY BAG’RIKENGLIK EZGU MAQSADLAR IN’IKOSI

Inson tafakkuri va e’tiqodi u tarbiya olgan oiladagi an’analar asosida shakllanadi. Vaqt o‘tishi bilan bunga o‘qish, ish, ijtimoiy faoliyat va boshqa tashqi omillar qo‘shiladi. Har qanday inson umri davomida hayotning turli sohalarini qamrab oladigan u yoki bu diniy urf-odat hamda an’analarga duch keladi. Shunday qilib, u oilaviy muhitdanoq diniy qadriyatlarni o‘zlashtira boshlaydi. Bunday qadriyatlarga ega bo‘lgan har bir shaxs o‘zini u yoki bu darajada dindor, deb bilishi mumkin.

Dinga jamiyat dunyoqarashini shakllantiruvchi omillardan biri hamda xalq ma’naviy, madaniy va axloqiy merosining bir qismi sifatida qaralsa, uning jamiyat va har bir inson hayotida yuksak axloq va ma’naviyatning namoyon bo‘lishi o‘laroq muhim o‘rin tutishini anglash mumkin.

Sir emaski, bugungi kunda “ommaviy madaniyat” yoki “olomon madaniyat” deb ataladigan hodisa butun dunyo bo‘ylab yoshlarni o‘ziga jalb qila boshladi. Dinning axloqiy tamoyillari insonga bunday hodisalarni norma sifatida qabul qilishga imkon bermaydi. Dinning tasalli beruvchi xususiyati – insonning psixologik barqarorligini saqlaydi, suitsidning oldini oladi, psixikani globallashuvning barcha turdagi inqirozlari va ijtimoiy kataklizmlari tufayli yuzaga keladigan muqarrar tangliklar bilan bog‘liq bo‘lgan tushkunlikdan himoya qiladi hamda insonlarni umumiy manfaatlar uchun birlashtiradi, umumiy qadriyatlar va jamiyat uyg‘unligi ruhida tarbiyalaydi. Bunday misollarni o‘nlab keltirish mumkin.

Ishonch bilan aytish mumkinki, Yangi O’zbekistonda din jamiyatni axloqiy tarbiyalash, insonlar o‘rtasida tinchlik va totuvlikni mustahkamlash vazifasini bajara boshladi. Nafaqat islom sivilizatsiyasi, balki butun jahon tamadduni rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganishning o‘ziga xos davri boshlandi. Ta’kidlash joizki, xalqimizda dinga, uning qadriyatlariga bevosita hurmat bilan bog‘liq ko‘p asrlik an’analar mavjud. Boshqa diniy konfessiya vakillariga nisbatan bag‘rikenglik va hurmat-ehtirom azaldan xalqimizning o‘ziga xos xususiyati bo‘lib kelgan.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkilotining 72-sessiyasida: “Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassami ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi”, deya ta’kidlagan edilar. Mazkur takliflardan kelib chiqib, BMT Xavfsizlik Kengashi 2017 yil 21 dekabr’ kuni “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasini qabul qildi. Ushbu hujjatga ko‘ra, terrorizm, zo‘ravon ekstremizm hech bir din, millat va sivilizatsiya bilan aloqador emas va bog‘liq holda talqin qilinmasligi kerak.

Bugun yurtimizda bir vaqtning o‘zida 16 ta diniy konfessiya faoliyat ko‘rsatmoqda. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasida har qanday dinga e’tiqod qiladiganlar uchun ham, e’tiqod qilmaydiganlar uchun ham teng sharoitlar belgilangan hamda e’tiqod masalalarida majburlashning har qanday ko‘rinishi taqiqlanadi. 

Vijdon erkinligi huquqi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahririda o‘zining huquqiy tasdig‘ini topdi. Mazkur qonun vijdon va diniy e’tiqod erkinligini amalga oshirish, shuningdek, davlatning diniy tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligi tartibini va boshqa bir qator muhim masalalarni belgilaydi. Alohida qayd etib o‘tish lozimki, qonunning yangi tahriri xalqaro ekspertlarning nigohida amalga oshirildi va xalqaro huquq me’yorlariga to‘la muvofiq tarzda ishlab chiqildi.

Vijdon erkinligi jamiyatning tom madaniy ko‘rsatkichlaridan biri bo‘lib, diniy asosda “do‘st” va “begona”, “to‘g‘ri” yoki “noto‘g‘ri”ga bo‘linishni butunlay rad etadi. Vijdon erkinligi darajasi diniy e’tiqod erkinligini amalga oshirish darajasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri mutanosib ravishda davlatning dunyoviylik darajasini ham belgilaydi. Ya’ni, vijdon erkinligini e’lon qilgan har qanday dunyoviy davlatda barcha dinlarga teng imkoniyatlar yaratiladi.

Dinshunos olim, Myunxen universiteti professori Roland Peach “Imonli dindor insonning dinga munosabati doimo jiddiy va samimiy bo‘lib, u muqaddas tushunchalarga daxldorlik ishtiyoqi, muhabbat va itoatkorlik, fidoyilikka intilishni boshdan kechiradi. Bu his-tuyg‘ular odamning qaysi dinga e’tiqod qilishiga bog‘liq emas”, deydi. Ya’ni, dindorlarning diniy tushuncha va his-tuyg‘ularining samimiyligiga shubha qilmaslik kerak, boz ustiga, ularning e’tiqodlarini haqorat qilishga yo‘l qo‘ymaslik kerak.

Bag‘rikenglik muammosi boshqa konfessiyalar yoki yo‘nalishlar vakillari tomonidan ma’lum bir konfessiya tarafdorlariga nisbatan hurmatsiz munosabat boshlanganda dolzarb bo‘lib qoladi. Bu esa nafaqat muqaddas dinimiz tamoyillariga, balki oddiy insoniylikka ham ziddir. Qur’oni karimda bu haqda ochiq-oydin marhamat qilinadi: “Ular (ya’ni mushriklar) Allohni qo‘yib, iltijo qilayotgan butlarni haqoratlamanglar, aks holda ular adovat va johillik tufayli Allohni haqorat qiladilar” (An’om surasi:108). Shunday qilib, Qur’oni karim hatto mushriklar bir vaqtlar sig‘inib yurgan butlarni ham haqorat qilishni taqiqlaydi, toki ular o‘z navbatida Alloh nomini haqoratlamasinlar, zotan bu diniy nizolarga sabab bo‘ladigan omilga aylanar edi. Mushriklar o‘sha paytda musulmonlar bilan adovatda bo‘lganlarini hisobga olib, islom dini o‘z vaqtida murosa va diniy asosda to‘qnashuvlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun diniy tuyg‘ularni qoralashni va boshqa bir e’tiqodga sig‘inuvchilarni haqorat qilishni man qilgan.

Hozirda muqaddas dinimiz nomidan o‘zlarining turli g‘arazli maqsadlarini amalga oshirmoqchi bo‘layotganlarning asosiy maqsadi jamiyatda parokandalik, xalqlar va millatlar o‘rtasida nizo keltirib chiqarish, tinchlik va osoyishtalikka rahna solish va shunga o‘xshash ko‘plab salbiy oqibatlarga olib keluvchi harakatlardan iborat. Bu orqali ular turli tabiiy boyliklar zahiralariga ega bo‘lgan davlatlarni qaram qilib olishni niyat qilgani hech kimga sir emas. Hayotning o‘zi buni yaqqol ko‘rsatib turibdi. Shuning uchun muqaddas dinimizning pokiza nomini pok holda saqlash, uning tinchlikparvar va ma’rifatparvar mohiyatini ochib berish har bir musulmonning muqaddas burchi ekanini unutmasligimiz lozim.

Dinlararo totuvlik turli din vakillariga umumiy ravnaq va farovonlik yo‘lida birlashish imkonini beradi. Bu holat axloqiy tarbiyada ham bir qator afzalliklarga ega bo‘lib, jamiyatning ma’naviy holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi hamda keng ommaning o‘z-o‘zini anglashini oshirishga qaratilgan faol tarbiyaviy jarayonni rivojlantiradi.

Yuqoridagilardan shuni xulosa mumkinki, din zamonaviy jamiyatda ma’naviyatning shakllanishida katta rol o‘ynaydi. Yuksak axloq va ma’naviyatli jamiyat insoniyatni botiniy o‘zligini takomillashtirish va borliq kamolotiga, ilmiy taraqqiyot sari yetaklaydi. Shuning uchun ham har bir sivilizatsiyalashgan davlatda bo‘lgani kabi ochiq fuqarolik jamiyati va huquqiy demokratik davlat barpo etish yo‘lidan borayotgan respublikamizda ham dinlararo totuvlikni ta’minlashning ishonchli mexanizmi bo‘lib xizmat qilayotgan e’tiqod erkinligini himoya qilishning mustahkam huquqiy asoslari yaratildi.

Zafar Faxriddinov
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi yetakchi ilmiy xodimi

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry