05.11.2021
359

Islom sivilizatsiyasi va O‘zbekiston

Movarounnahr islom tamaddunining beshigi hisoblanadi. Tarixda islom madaniyati dunyoning turli mintaqalarida kuzatilgan bo‘lsa-da, biroq hech qaysi yurtda u Movarounnahrda bo‘lgani kabi gullab-yashnamagan. Bag‘dod, Andalus, Shom kabi diyorlarda islom madaniyati muayyan davr oralig‘ida rivojlangan, Movarounnahrda esa, bu holat hozirgi kunga qadar davom etmoqda. Shu sababli, O‘zbekiston islom sivilizatsiyasining tarixda erishgan shonli mavqeini qayta tiklashda muhim o‘rin tutadi.

Biz barchamiz Imom Buxoriyni sevamiz. Imom Moturidiyga bo‘lgan muhabbatimiz cheksiz. Shu bilan birga, yangi Imom Buxoriylar-u Imom Moturidiylarga muhtojmiz. Moturidiylik ta’limotini chuqur o‘rgangan, bugungi kunning dolzarb masalalariga yechim topa oladigan kadrlarni tayyorlash dolzarb vazifa bo‘lib turibdi. Bu borada O‘zbekiston bilan har qanday hamkorlikka tayyormiz.

– Men Samarqanddagi Shohi Zinda majmuasini ziyorat qilganimda shunday duo qilgan edim: “Allohim, daryolar qayta oqsin. Biroq suvga emas, ilmga to‘lib oqsin”. Daryolar deganda men Sayxun va Jayxunni nazarda tutgan edim. Mening nazdimda Samarqand ko‘chalarini kezishning o‘zi ulkan bir baxt, bir ilm hisoblanadi. O‘zbekiston mana shunday muqaddas yurtdir”, dedi Imom Moturidiy va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi delegatsiyalarining Turkiya Respublikasiga tashrifi chog‘ida Turkiyaning Islom tafakkuri instituti direktori Mehmet Go‘rmez.

Yaqinda O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, xususan, hadis ilmi rivojida o‘chmas iz qoldirgan Imom Buxoriy, aqida va kalom ilmlari rivojiga bebaho hissa qo‘shgan Imom Moturidiy hamda ularning izdoshlari ilmiy merosini xalqaro jamoatchilikka yetkazish, ajdodlarimizning jahon qo‘zyozma fondlarida saqlanayotgan Qur’on, tafsir, hadis, fiqh, aqida, kalom va tasavvuf sohalariga oid qo‘lyozma hamda toshbosma asarlarining faksimile nusxalarini mamlakatimizga olib kelish, shuningdek, xalqaro aloqalarni yanada kengaytirish maqsadida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlaridan iborat delegatsiya Turkiya Respublikasida bo‘ldi. 

Tashrif davomida O‘zbekistonda Prezidentimiz rahbarligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar va islohotlar, shu bilan birga, islom dinining asl tinchlikparvarlik va insonparvarlik mohiyati, uning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rnini ilmiy asosda o‘rganish, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Abul Muin Nasafiy kabi allomalarning islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan bebaho hissasini xalqaro jamoatchilikka keng targ‘ib qilish yuzasidan “TRT AVAZ” teleradiokanali bilan hamkorlikda media mahsulotlar, hujjatli va badiiy filmlar tayyorlash borasidagi loyihalar yuzasidan muzokaralar olib borildi.

– O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi tarixidagi eng buyuk madaniy markazlardan biri hisoblanadi. Men O‘zbekistondagi ko‘plab muqaddas qadamjolarni ziyorat qilganman. Jumladan, Mir Arab madrasasiga ham tashrif buyurganman. Darhaqiqat, islom madaniyatining tamal toshi Movarounnahrda qo‘yilgan desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Muqaddas islom dinining ma’naviy markazlari O‘zbekistonda Buxoro va Samarqand bo‘lsa, Turkiyada Ko‘nyadir, - dedi uchrashuv chog‘ida “TRT AVAZ” teleradiokanali direktori Sedat Sag‘irkaya.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, Anqaradagi Yildirim Boyazid universiteti hududida yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir ajdodlarimizning jahon ilm-fani va sivilizasiyasiga qo‘shgan bebaho hissasi hamda qardosh turk xalqining millatimizga bo‘lgan yuksak ehtiromi ramzi o‘laroq “O‘zbekiston” xotira bog‘i ham bunyod etilmoqda. O‘zbekistonlik mehmonlar ushbu universitetga ham tashrif buyurib, bog‘ning ochilish marosimida qatnashdi.

Safar davomida delegatsiya vakillari Turkiya millat kutubxonasida bo‘lib, u yerdagi nodir qo‘lyozmalar, qadimiy hamda zamonaviy manbalar bilan yaqindan tanishdi. 

E’tiborli jihati, mazkur kutubxonada O‘zbekiston burchagi ham tashkil qilingan. Unda mamlakatimizda chop etilgan adabiyotlar hamda davlatimiz haqidagi nashrlar o‘rin olgan.

Delegatsiya vakillari ikki markaz tomonidan nashr qilingan bir nechta kitob, xususan, Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” asarining o‘zbek tiliga o‘girilgan 29 va 30-juzini hamda “Islom ensiklopediyasi” kitobini mazkur kutubxonaga taqdim qildi.

Tashrif chog‘ida delegatsiya vakillari Anqara shahridagi Turkiya Milliy kutubxonasiga ham borishdi. Hozir kutubxonaning qo‘lyozmalar qismida 28 ming manba saqlanadi. Ularning aksar qismi elektron shaklga keltirilgan. Kutubxonaning elektron platformasiga a’zo bo‘lish orqali 5000 dan ortiq qo‘lyozmaning elektron nusxasidan foydalanish imkoni mavjud.

Uchrashuv davomida ikki tomonlama o‘zaro hamkorlik masalalari, jumladan, Markazda nashr qilingan kitoblarni kutubxona fondiga jalb qilish, o‘zbekistonlik tadqiqotchilarning Turkiya Milliy kutubxonasidan foydalanishi kabi kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Shavkat YOQUBOV,

Imom Мoturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi matbuot kotibi

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2021-yil 5-noyabr, 221-son

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry