21.10.2021
1385

Mumtoz adabiyot durdonasi – “Sabotul ojizin”

XV asrda Hazrat Navoiyning sa’y-harakatlari bilan turkiy (eski o‘zbek) til adabiyot olamida o‘z o‘rnini topishga erishdi. Shundan so‘ng mazkur tilda bitilgan kitoblar har qachongidan ko‘ra ko‘payib bordi. Bir vaqtlar faqatgina arab yoki fors tilida bitilgan asarlar endi turkiy til latofatidan bahramand bo‘la boshladi. Shunday asarlardan biri Ahli sunna aqidasini go‘zal misralarda bayon qilgan “Sabotul ojizin” asari edi. Muallif So‘fi Olloyor (1644-1724) o‘z davrining mashhur olimlaridan, tariqat va shariat ahlidan bo‘lib, islom imlariga oid bir qator kitoblar talif etgan. Aqida bobidagi kitobini avval forsiy tilda bitgan muallifga do‘st-u yorlari turkiy tilda ham bir kitob yozishini so‘rab, shunday deyishgan:

Bitilsa turkiy til birla aqiyda,

Ko‘ngullar bo‘lsa andin oramiyda

         Shundan so‘ng So‘fi Olloyor Xudodan madad so‘ragan holda sof islom aqidasini o‘z ona tilida ifodalashga kirishgan. U bayon qilgan aqida Movarounnahr diyorida asrlar osha yashab kelayotgan hanafiy-moturidiy aqidasi edi. Muallif kitobni shunday go‘zal lisonda bayon qildiki, uning asari barcha ko‘ngillarni zabt etdi, odamlar unga talpinadigan bo‘ldi, gumrohlar uning vositasida hidoyat yo‘lini topdi. Madrasalardan tortib oddiy xonadonlar ham “Sabotul ojizin” nuriga chulg‘andi. Bu bebaho asar bugun qo‘lyozma fondlarimizda eng ko‘p nusxalari mavjud kitoblardan biri hisoblanadi.

         So‘fi Olloyor o‘z kitobida Alloh taoloning birligi va borligi, uning ism va sifatlari, payg‘ambarlar, farishtalar, kitoblar, avliyolar, qiyomat, jannat va do‘zax kabi aqidaviy masalalar, kamtarlik, shirinsuxanlik kabi fazilatlar, yomon xislatlardan chetlanish, doim xavf-u rajoda bo‘lish singari yana turli masalalarni qalamga olib, kishilarni yaxshilikka chorlagan.

         So‘fi Olloyor e’tiqod durdonlarini turkiy tilda ifodalash bilan bugun biz foydalanib kelayotgan o‘zbek tilining naqadar qudratga ega ekanini isbotlab berdi. Darhaqiqat, “Sabotul ojizin” o‘zbek mumtoz adabiyotining shoh asarlaridan hisoblanadi. E’tiborlisi, asar tili bugungi kun tiliga juda yaqin bo‘lib, uni o‘qigan kishi deyarli hech qanday qiyinchiliksiz adibning purma’no hikmatlarini ilg‘ay oladi. Garchi, asarda arab va fors tillaridagi so‘zlar ham ko‘p uchrasa-da, bu narsa kitobning qiymatini kamaytirmaydi, aksincha yanada rang-baranglikni ta’minlaydi. Muallif Nabiy alayhissalomning mo‘jizalaridan biri bo‘lgan oyning ikkiga bo‘linishini qanday ham chiroyli ifodalagan:

Madad qilsa Xudoe olamoroy,

Habib etsa ishorat, ayrilur oy.

Asarning eng latif misralari so‘ngi bob – “Munojot” qismida aks etgan. Uni kitobning mag‘zi deb ham atash mumkin. Shikastahollik ruhi ufurib turgan baytlar  bir lahzada kishi qalbiga tasir qiladi:

Xoliqo, qildim fioli gandani,

Qilmagil rasvo mane sharmandani.

San agar rahmat niqobin yopmasang,

Aybi ko‘b, nuqsoni ko‘btur bandani.

Xulosa o‘laroq, bugun “Sabotul ojizin”ni o‘qishda musulmonlar uchun juda ko‘p foydalar bor. E’tiqod asoslari hamda islom dinining asl mohiyatini anglashga imkon beruvchi mazkur asar bugungi kun shaxsini tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, uni o‘qiganda o‘zbek tilining go‘zalligiga yana bir bor guvoh bo‘lib, ona tilimizga bo‘lgan muhabbatimiz yanada oshishi tabiiy.

 

Oybek Sotvoldiev 

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

 yetakchi ilmiy  xodimi

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

17.10.2022 10:09
PDF faylini ham chiqaringlar.
Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry