07.10.2021
309

Xo‘ja Doniyormi yoki Doniyol payg‘ambar?

Samarqand shahrida joylashgan me’moriy yodgorliklar orasida Afrosiyob shaharchasining kunchiqar tomonida, Siyob kanali yoqasida joylashgan va xalq orasida “Doniyol payg‘ambar qabri” deb yuritiluvchi maqbara mashhur. Doniyol (ivrit tilida Daniel, arab tilida Doniyal) payg‘ambar yahudiy millatiga mansub bo‘lib, miloddan avvalgi 603 yilda

Quddusda dunyoga keladi. Miloddan avvalgi 534 yilda Bobilda vafot etadi. Doniyol payg‘ambarga tegishli deb ko‘riluvchi Samarqanddagi maqbara bugungi kunda yahudiy, nasroniy va islom dini vakillari tomonidan birdek e’zozlanib ziyorat qilinadi.

Ushbu maqbarada kim dafn etilganligi haqida hozirgacha mutaxassislar bir to‘xtamga kelgani yo‘q. Ayni paytda ushbu maqbaraga ko‘milgan shaxs haqida bir qancha rivoyatlar mavjud.

Ulardan birida aytilishicha, Ahamoniylar sulolasidan bo‘lgan Kir II eramizdan oldingi 539 yilda Bobilni istilo qilganida Bobil podshohlari tomonidan qullikda tutilgan bir necha yuz yahudiyni ozod qiladi. Ushbu yahudiy qavmi ozod bo‘lgach, Amudaryodan o‘tib O‘rta Osiyo hududiga kirib kelgan. Ular o‘zlari bilan birga Bobil podsholigida yuqori davlat lavozimlarida faoliyat yuritgan va o‘zini payg‘ambar deb e’lon qilgan Doniyol payg‘ambarning qabrini ham olib kelgan ekan.

Ikkinchi rivoyat Amir Temur bilan bog‘liq. Rivoyatda keltirilishicha, o‘zining yetti yillik harbiy yurishi vaqtida (1399-1404 yillar) Amir Temur Mosul shahri yaqinida to‘xtaydi. Bu yerda Doniyol payg‘ambar haqida ko‘p ajoyib rivoyatlarni eshitib, uning qabrini ziyorat qiladi. Roviylardan ushbu payg‘ambar qabri turgan joy fayzli va barakali bo‘lishini eshitadi. Shu onda u kishining hoklarini poytaxt Samarqandga olib ketishga buyruq beradi. Ammo bu ishga shahar aholisi qarshi chiqadi. Shundan so‘ng Amir Temur qabrdan faqat nishona olib Samarqandga jo‘natadi. Nishonani ortib olgan tuya Samarqandga kirib, hozirgi mozor o‘rnida cho‘kkach, qabrdan olingan nishona shu yerga ko‘miladi.

Boshqa bir rivoyatda shahar nomi o‘zgarib kelgan. Ya’ni, Doniyol qabri Erondagi Suza (hozirgi Xuziston viloyatida) shahrida bo‘lgan. Nishona ham ayni qabrdan olib kelingan deb ko‘rsatiladi. Doniyol payg‘ambar bilan bog‘liq yuqoridagi ikki holatda ham qabrdan nishonaning olib kelinishi Amir Temurning yetti yillik yurishlari bilan bog‘lanadi. Biroq Amir Temur 1381-1384 yildayoq Eronning katta qismini bosib olgan bo‘lib, Eronning to‘liq bo‘ysundirilishi uch yillik (1386-1388 yillar) va besh yillik (1392-1396 yillar) yurishlar vaqtida amalga oshiriladi. Ya’ni, o‘zining yetti yillik yurishlari davrida asosiy e’tiborini Misr, Shom o‘lkasi va Usmoniylar imperiyasiga qaratgan Amir Temur Eronning janubi-g‘arbida joylashgan Suza shahriga borgan bo‘lishi ehtimoldan yiroq. Shuningdek, hozir ham Iroqning shimolida joylashgan Mosul shahrida Doniyol payg‘ambar maqbarasi mavjud bo‘lib, aholi tomonidan ziyorat qilinadi.

Samarqandlik tarixchi Abu Tohirxoja Samarqandiy o‘zining “Samariya” asarida yuqoridagi fikrlarni inkor etadi. Bu haqda u shunday yozadi: “Avom uni Doniyol payg‘ambarning qabri deydi, lekin uning mozori Mosul viloyatidadir. Derlarkim, u (Doniyol) Abbos o‘g‘li Hazrat Qusamning, Tangri undan rozi bo‘lsin, yoronlaridan edi va shu yerda ko‘milgandir”.

Yuqoridagi manbalarda bir qancha qarama-qarshi fikrlar mavjud bo‘lib, ba’zi savollarni o‘rtaga tashlaydi. Ularni quyida ketma-ketlikda ko‘rsatib o‘tamiz.

Ushbu mozor ustida XX asr boshlariga qadar maqbara bo‘lmagan. Maqbara o‘tgan asrning boshida samarqandlik usta Abdulqodir Choldivor tomonidan Samarqand viloyati harbiy gubernatori ajratgan mablag‘ hisobiga bunyod qilingan.

Maqbara ichidagi qabr ham hozirgi ko‘rinishidan farq qilgan. Dastlabki ko‘rinishda qabrning bosh tomoni shimoli-sharqqa qaratilgan bo‘lib, janubi g‘arbga qarab pasayib boruvchi, uzunligi 17 metr atrofida bo‘lgan marmar bilan qoplangan qabrtosh ko‘rinishida bo‘lgan. XIX asr oxirida Samarqandga kelgan sayyohlar olgan fotosuratlarda bu yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Islom dinida esa mayyit ko‘milganda yuzi qibla (Makka) tomonga qaratilib ko‘miladi. Ya’ni, qabr qiblaga ko‘ndalang tarzda joylashadi. Doniyol payg‘ambar qabrining oyoq tomoni qibla – janubi-g‘arbga qaratilgan bo‘lib, din va davlat homiysi bo‘lgan biror hukmdor mayyitning bunday ko‘milishiga yo‘l qo‘ymagan bo‘lardi, shu jumladan Amir Temur ham. Shuningdek, agar mozorning shakllanishi Amir Temur davrida yuz bergan bo‘lsa, nima uchun o‘sha vaqtdagi kimsasiz Afrosiyob shaharchasining bir chekkasi tanlandi? XIII asrda mo‘g‘ullarning qirg‘inbarot urushlari davridan buyon qadim Samarqand shahri hozirgi Afrosiyob shaharchasi hududida rivojlanishni to‘xtatib, Registon maydoni atroflarida yangidan qad ko‘tara boshlagan, Amir Temur davrida obod shahar darajasiga yetgan edi. Doniyol payg‘ambar hoki ham aynan shu yerga qo‘yilgan, uning ustiga muhtasham maqbara bunyod etilgan bo‘lmasmidi?

Endi Abu Toxirxo‘janing “Samariya” asarida keltirilgan fikrlarga keladigan bo‘lsak, ushbu mozor Hazrat Shoh-Qusam ibn Abbosning izdoshiga tegishli ekanligi ham ehtimoldan yiroq. Agar shunday bo‘lganda “Xo‘ja Doniyor” Qusam ibn Abbos hazratlarining yoniga – Shohi Zinda majmuasiga dafn etilgan bo‘lar edi. Yana musulmoncha an’analar bilan ko‘milgan, qabrining oyoq tomoni qiblaga qaratilmagan bo‘lar edi.

Maqolamiz boshida keltirilgan fikrga to‘xtaladigan bo‘lsak, anchayin haqiqatga yaqinroq ekanligini ko‘ramiz. Birinchidan, Arabiston yarim oroli, O‘rta dengizning sharqiy qirg‘og‘i va Quddusda istiqomat qiluvchi yahudiylar qadimda mayyitning oyog‘ini Quddus shahriga qaratib ko‘mishgan. Ularning e’tiqodiga ko‘ra mayyit “qayta tirilganda” Quddusga qarab yo‘l olishi kerak bo‘lgan. Ushbu odat hozirgacha Quddusda istiqomat qiluvchi yahudiy jamoalarida saqlanib qolgan. Biz ko‘rib chiqayotgan mozorning ham oyoq tomoni janubi-g‘arbga – Quddus tomonga qaratib bunyod qilingan. Qabrning bosh tomonidagi tug‘ esa qadimdan turkiy halqlarga xos bo‘lib, Doniyol payg‘ambarga hurmat yuzasidan O‘rta Osiyo hukmdorlari tomonidan o‘rnatilgan. Bundan tashqari, yuqoridagi barcha manbalarda ushbu mozorga qudduslik Doniyol payg‘ambar ko‘milganligi bayon etilgan. Yana shuni ham ta’kidlash lozimki, qadimda maqbaraga olib boruvchi asosiy yo‘l ko‘hna Afrosiyob shaharchasi orqali o‘tgan. Uning qoldiqlari hozirgacha saqlanib qolgan. Bu esa mozorning hozirgi Afrosiyob shaharchasi hududida istiqomat qilgan qadimgi samarqandliklar tomonidan muntazam ziyorat qilib turilganidan dalolatdir.

Yuqoridagi fikrlarni umumlashtirib shunday xulosa qilish mumkin: Doniyol payg‘ambar mozori Chingizxon istilosiga qadar gullab yashnagan Samarqandning eng qadimgi o‘rni – Afrosiyob shaharchasida islom dini yoyilgunga qadar ham mavjud bo‘lgan. Biroq payg‘ambarning hokini Samarqandga keltirilishi xususida manbalar mavjud bo‘lmaganligi bois, uni Ahamoniy shoh Kir II tomonidan ozod qilingan yahudiy jamoalari olib kelganligi faqat taxminlarga asoslanadi.

(Fotosurat Dmitriyev Kavkazskiyning “O‘rta osiyo bo‘ylab. Rassom kundaliklari” Sankt-Peterburg-1894. asaridan olindi)
 


Mahmudxon YUNUSOV,
Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi.

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry