-large.jpg)
MUHAMMAD IBN MUQOTIL ROZIY
(vaf. 248/862 y.)
Muhammad Roziy Muhammad Shayboniy hamda Abu Muti’ Balxiy kabi olimlardan ta’lim olgan bo‘lib, faoliyati davomida Ray shahri qozisi lavozimida ishlab, Abu Hanifa ta’limotining keng tarqalishiga ulkan hissa qo‘shgan. Ayniqsa, uning ushbu ta’limotni tarqatishdagi sa’y-harakatlari Ray shahrida yaqqol namoyon bo‘lgan.
Zahabiy o‘zining “Mezon al-e’tiqod” asarida Muhammad ibn Muqotil Roziy yanglish ravishda Marvaziy deb atalishini, aslida uning nisbasi Marvaziy emasligini ta’kidlagan.
Ibn Hajar o‘zining “Lison al-mezon” asarida qayd etishicha, Muhammad Roziydan mashhur tarixchi olim Muhammad ibn Jarir Tabariy hadis rivoyat qilgan. Shuningdek, muhaddislar sultoni Imom Buxoriy ham undan hadis tinglagan bo‘lsa-da, biroq rivoyat qilmagan.
Ibn Hajar bu borada diqqatga sazovor quyidagi ma’lumotni keltirgan: “Imom Buxoriy: “Muhammad ibn Muqotil bizga hadis aytib bergan. Uni Roziy deb atar edilar. Uning qavli sahihligi “osmondan to yergacha barcha insonlar Muhammad ibn Muqotildan rivoyat qilgan kishiga tayanardilar”, degan e’tirofda o‘z tasdig‘ini topgan”, – degan”.
Ray shahri tarixi haqida so‘z ketganda, Muhammad ibn Muqotil haqidagi quyidagi ma’lumot albatta tilga olinar edi: “U ahli ra’yning Ray shahridagi imomi bo‘lib, o‘sha yerda vafot etgan. U fiqh ilmi peshqadamlaridan biri bo‘lgan. U Sufyon ibn Uyayna, Abu Muoviya, Ibn Fazl, Mahoribiy, Hakam ibn Salam va boshqa olimlardan hadis rivoyat qilgan. O’z navbatida, undan Muhammad Ayyub, Humomiy, Muhammad ibn Ali ibn Hakim Termiziy, Ahmad ibn Xolid ibn Ja’far, Husayn ibn Hamdon va boshqalar rivoyat qilganlar. Alloma Muhammad ibn Hasanning izdoshlaridan bo‘lib, Sulaymon ibn Shuayb va Ali ibn Mu’badlarning tabaqasiga mansub bo‘lgan.
Qo‘shimcha malumot



Izohlar