17.09.2021
294

IMOM MOTURIDIY VA UNING IZDOSHLARIGA KO‘RSATILAYOTGAN YUKSAK E’TIBOR

O‘zbekiston azaldan jahon sivilizasiyasiga bebaho hissa qo‘shgan allomalarni yetishtirib bergan ilm-fan va madaniyat o‘choqlaridan biri bo‘lib kelgan. Ushbu zamindan chiqqan buyuk mutafakkir ajdodlarimiz tomonidan yozilgan ilmiy asarlar, yaratilgan ixtiro va kashfiyotlar zamonaviy fan sohalarining yuzaga kelishiga asos bo‘lib xizmat qilgan. Allomalarimiz asarlarining Sharq va Gʻarbning yetakchi ta’lim dargohlarida darslik sifatida o‘qitilishi ularning yuksak ilmiy salohiyati xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilganini ko‘rsatadi.

Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Movarounnahr hududida IX-XII va XIV-XV asrlarda sodir bo‘lgan ikki Sharq uyg‘onish davri–renessansning yuzaga kelishida mintaqada dunyoviy va diniy ilmlarning yuksak taraqqiy etgani muhim omil bo‘lganini ko‘rish mumkin. Yuqorida zikr etilgan ikkala tarixiy davrda ilm-fan, xususan, ilm ahli mahalliy hukmdorlarning doimiy e’tibori va g‘amxo‘rligi ostida bo‘lgan. Natijada Buxoro, Samarqand, Urganch, Shosh, Kesh, Nasaf kabi shaharlar butun dunyodan tolibi ilmlar kelib, tahsil oladigan ilmiy markazlarga aylangan.

O‘zbekiston o‘z tarixida bo‘lgani kabi, qaytadan, butun dunyo ziyolilari, olimlari va talabalarini o‘ziga jalb etadigan ma’rifat markaziga aylanadi.


Rejep Shenturk Ibn Xaldun universiteti rektori

Bugun yurtimizning ilm-fan hamda taraqqiyot sohasida erishgan olamshumul dovrug‘ini qayta tiklash maqsadida Uchinchi renessans poydevoriga asos solish ustida izchil ish olib borilmoqda. Oldingilarida bo‘lgani kabi, ushbu renessansni yuzaga chiqarishda ham ilm-fan taraqqiyoti asosiy omil sifatida belgilab olindi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi, tarixda “Baytul hikma” va Ma’mun akademiyalari bilan kuzatilgani kabi, yangi taraqqiyotning markaziy nuqtasiga aylanishi kutilmoqda.

So‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida tariximiz, xususan, buyuk mutafakkir ajdodlarimizning hayoti hamda ilmiy merosini chuqur o‘rganish, xalqaro jamoatchilikka keng targ‘ib qilish, ularning nomlarini tiklash va qadamjolarini obod qilish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

So‘nggi yillarda yurtimizda buyuk alloma ajdodlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganishga bag‘ishlangan xalqaro anjuman va simpoziumlarni o‘tkazish odatiy holga aylanib ulgurdi. Jumladan, 2020 yilning 3-5 mart kunlari Samarqand shahrida “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta’limoti: o‘tmish va bugun” nomli xalqaro konferensiya moturidiylik ta’limotini ilmiy asosda o‘rganish hamda uning globallashuv jarayonida moʻtadil ta’limotni targ‘ib qilishdagi o‘rnini asoslab berishga xizmat qildi.

Imom Abu Mansur Moturidiy Islom tafakkuri tarixida muhim o‘rin tutadi. U hijriy IV asrda Movarounnahrda paydo bo‘lgan va islom olamida tarqalgan sunniylik maktabi asoschisi hisoblanadi.


Solim al-Malik Fan, ta’lim va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom olami tashkiloti (ICESCO) bosh direktori

Konferensiya ishtirokchilari tomonidan mamlakatimiz rahbariyatining Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotiga ko‘rsatayotgan ulkan e’tibori yuksak baholandi. Yangi O‘zbekistonning moturidiylik ta’limoti timsolida butun dunyoga moʻtadil ta’limotni tarqatish markaziga aylanishi alohida ta’kidlandi. Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganishni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Imom Moturidiy nomli xalqaro ilmiy markazni tashkil etish taklifi ilgari surildi.

2020 yil 11 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etish to‘g‘risidagi Qarori e’lon qilindi.

O‘zbekiston ulug‘ mutafakkir va allomalar qoldirgan ilmiy-ma’naviy meros ahamiyatini chuqur anglagan holda, ularga har qachongidan ko‘ra ko‘proq e’tibor qaratmoqda.


Karim Ifrak Fransiya Fanlar akademiyasi ilmiy xodimi, professor

 

Shu o‘rinda haqli bir savol tug‘iladi: nima uchun aynan bundan qariyb 12 asr avval yashab o‘tgan Imom Moturidiy merosini o‘rganish bugungi kunda dolzarb bo‘lib qoldi? 1 200 yil oldingi sharoit bugungi kunga qanchalar to‘g‘ri keladi?

Imom Moturidiy olimlar tomonidan buyuk mutakallim, qomusiy alloma va ulug‘ mutafakkir sifatida e’tirof etiladi. U asos solgan moturidiylik ta’limoti paydo bo‘lgan davridan hozirgi kunga qadar muhim amaliy ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. Ma’lumki, islom dinida adashgan toifalar, buzg‘unchi oqimlar bugun paydo bo‘lib qolmagan. Ular kelib chiqishining tarixiy-g‘oyaviy ildizi ilk islom davriga borib taqaladi. O‘z davrida islom ulamolari tomonidan bu kabi buzg‘unchi aqidalarga ilmiy asoslantirilgan raddiyalar berilgan, ularga qarshi kurashning ma’rifiy asoslari shakllantirilgan. Imom Moturidiy ham mana shunday olimlardan biri sifatida “Musahhih e’tiqod ahli sunna” – “Ahli sunna e’tiqodining to‘g‘rilovchisi” kabi sharafli nomga sazovor bo‘lgan. Bu bejizga emas albatta. Zero, ushbu ta’limot vakillari IX asrdan buyon ixtilofli aqidaviy masalalarga javob berish, moʻtadil ta’limotni keng tarqatish yuzasidan ulkan ishlarni amalga oshirib kelmoqdalar.

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish tashabbusini biz yashab turgan asrdagi eng ulug‘vor ish, deb hisoblayman.


Mustafo Cherich  Bosniya sobiq muftiysi, Butunjahon bosniyaliklar kongressi prezidenti

Prezident Shavkat Mirziyoyevning mazkur qarori xalqaro tashkilotlar, dunyoning ko‘zga ko‘ringan ulamolari, davlat va jamoat arboblari, olim hamda mutaxassislar tomonidan katta mamnuniyat bilan kutib olindi.

O‘zbekistonning jahon hamjamiyatiga integrasiyalashuv jarayonini jadallashtirish dolzarb vazifalardan biriga aylangan. Bu esa har bir sohada o‘z aksini topishi lozim. Shu nuqtai nazardan, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan ham xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Moturidiylik ta’limoti islomiy tafakkurning moʻtadil ramzidir.


Nazir Ayyad Al-Azhar islom tadqiqotlari majmuasi Bosh kotibi (Misr)

Moʻtadil ta’limotni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, Markaz faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, unga jahonning eng ilg‘or va innovasion tajribalarini tatbiq etishga ko‘maklashish, islom ilmlari, xususan, moturidiylik ta’limotiga oid dolzarb masalalar bo‘yicha ilmiy yechim va amaliy taklif-tavsiyalarni ishlab chiqish maqsadida Markaz qoshida Misr, Turkiya, Iordaniya, Albaniya, Germaniya, Rossiya, Malayziya, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, O‘zbekistonlik 22 nafar a’zodan iborat Xalqaro ilmiy hay’at tuzilgan. Hozirda Hay’at o‘z faoliyatini izchil davom ettirib, yig‘ilishlarni yuqori saviyada o‘tkazib kelmoqda.

Ayni damda Markaz tomonidan Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom olami tashkiloti (ICESCO), Turkiyaning Anqara, Saljuq universitetlari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilib, amaliy natijalarga erishilmoqda. Ilmiy-tadqiqot sohasida o‘zaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish maqsadida Misr, Turkiya, Fransiya, Germaniya, Malayziya kabi mamlakatlarning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda Markaz ilmiy xodimlarining malakasini oshirishga qaratilgan 6 ta onlayn davra suhbati, 15 ta onlayn ilmiy seminar o‘tkazildi.

IRCICA Imom Moturidiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan o‘zaro hamkorlik qilishni sharaf, deb biladi.


Erol Kilich Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRSIKA) direktori

Markaz faoliyatini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, istiqboldagi rejalarni jahonning yetuk mutaxassislari bilan muhokama qilib olish maqsadida 2020 yil 17 dekabrda “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi: istiqboldagi rejalar” mavzusida xalqaro onlayn anjuman tashkil etildi. Anjumanda Misr, Marokash, Iordaniya, Turkiya, Germaniya, Malayziya, Indoneziya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Mavritaniya, Tunis, Hindiston va Avstriya kabi mamlakatlardan 50 dan ziyod ilmiy-tadqiqot muassasalarining rahbarlari, olim va ulamolar ishtirok etdilar.

Konferensiyada ishtirokchilar tomonidan Imom Moturidiy ilmiy merosini o‘rganish va xalqaro jamoatchilikka targ‘ib qilish sharafli hamda mas’uliyatli vazifa ekani ta’kidlanib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bu boradagi sa’y-harakatlari yuksak baholandi.

2021 yil 16 iyunda tashkil etilgan Markaz tomonidan “Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon” mavzusida xalqaro onlayn ilmiy-amaliy simpoziumda o‘tkazilib, unda dunyoning turli mamlakatlaridan 250 dan ziyod ishtirokchilar qatnashdilar. Natijada mazkur xalqaro simpoziumni har yili an’anaviy tarzda o‘tkazish haqida qaror qabul qilindi.

Umuman, o‘tgan qisqa muddat davomida Markaz ilmiy jamoasi tomonidan ikki – klassik va zamonaviy yo‘nalishda tadqiqotlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlash lozim. Jumladan, klassik islom manbalarining tadqiqi yo‘nalishida Imom Moturidiyning Qur’on tafsiriga bag‘ishlangan “Ta’vilot al-Qur’on” asarining 29-juzi, Burhoniddin Marg‘inoniyning fiqh ilmiga oid “Hidoya” asari 1-juzi hamda Mulla Ali Qorining “Sharh al-Fiqh al-akbar” asarining to‘liq o‘zbek tilidagi tarjimasi kitob holida nashr etildi.

Islom olami Imom Moturidiyning ilmiy merosi, moturidiylik ta’limoti va ushbu ta’limotning ezgu g‘oyalarini targ‘ib qiladigan ana shunday ilmiy markazga katta ehtiyoj sezmoqda.


Ahmad Sa’d Damanhuriy Al-Azhar universiteti doktori (Misr), Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bosh ilmiy xodimi

Bugungi kunga kelib “Ta’vilot al-Qur’on”ning 28- va 27-juzlari tarjimasi yakunlanib, nashrga tayyorlanmoqda. E’tiborlisi, markazga jalb qilingan misrlik taniqli moturidiyshunos olim Ahmad Damanhuriy va yosh olim, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi bitiruvchisi Ixtiyor Abdurahmonovlar Imom Moturidiyning shox asari hisoblangan “Kitob at-tavhid” asarini uning Kembridj universiteti kutubxonasida saqlanayotgan yagona qo‘lyozma nusxasi asosida zamonaviy nashrini tayyorlamoqdalar. Markaz tomonidan amalga oshirilgan katta ishlardan biri bu Moturidiylik ta’limotiga oid muhim 6 ta aqida matn va sharhlarini ilk bora o‘zbek tiliga tarjima qilinib nashr etilishi bo‘ldi. Zero, aynan aqida ilmida adashishlik natijasida zamonaviy radikal oqimlar yuzaga kelayotgani hech kimga sir emas.

Imom Moturidiy markazi ona zaminimizdan yetishib chiqqan olimlar hayoti va ilmiy merosini aholiga xalqchil uslubda yetkazib berish borasida ham o‘z hissasini qo‘shmoqda. Xususan, Imom Moturidiy va uning alloma izdoshlari hayoti va o‘gitlarini o‘z ichiga olgan 10 ta xalqchil risola chop etildi.

Zamonaviy tadqiqotlar yo‘nalishida esa bugungi kunning dolzarb masalalariga javob sifatida “Mutaassiblikka qarshi moʻtadillik”, “Dolzarb raddiyalar”, “Islom niqobidagi mutaassib guruhlar” kabi kitoblar hamda o‘quv-uslubiy qo‘llanma va risolalar nashr etildi.

Ислом маданияти ва илм-фанини ривожлантиришдa яна бир муҳим қaдaм - Халқ  сўзи

Ushbu markaz dunyo bo‘yicha o‘z yo‘nalishidagi birinchi ilmiy muassasa hisoblanadi.


So‘nmez Qutlu  Anqara universiteti Ilohiyot fakulteti professori

Ushbu ilmiy izlanishlarni ommalashtirish hamda ularni xalqimiz qo‘liga yetkazish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligina bag‘ishlab joriy yilning 26 avgust kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “30 yillikka 30 kitob” nomli kitoblar taqdimoti o‘tkazildi.

Ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun noyob manbalar, qo‘lyozmalar talab etiladi. Shu sababli dunyoning turli mamlakatlari kutubxonalarida saqlanayotgan islom ilmlariga oid qo‘lyozmalarning elektron va faksimile nusxalarini jamlash, ularning katalogini yaratish Markaz oldida turgan muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda, bugungi kunga qadar Turkiyaning “Ayo Sofiya”, “Murod Mulla”, “Atif afandi” kabi qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan jami 10 000 ga yaqin noyob qo‘lyozma manbalarning elektron nusxalari jamlanib, ularni tadqiq etish, xususan, katalogini yaratish ustida ish olib borilmoqda.

Markazning ilmiy-tadqiqot, ma’naviy-ma’rifiy sohada qo‘lga kiritgan natijalari, erishgan yutuqlarini keng jamoatchilikka yetkazish yuzasidan ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Markaz huzurida “Moturidiylik” ilmiy-ma’rifiy jurnali ta’sis etilgan. Ushbu jurnal birinchi sonining nashr etilishi yurtimizda moturidiyshunoslik sohasida ilgari tashlangan muhim qadam bo‘ldi. Shuningdek, Markaz ilmiy xodimlari tomonidan mahalliy va xorijiy jurnallarda, konferensiya to‘plamlarida e’lon qilingan 100 dan ziyod maqolalarni ham shu jumlaga kiritish mumkin.

Bugungi axborot texnologiyalari asrini internet va ijtimoiy tarmoqlarsiz tasavvur qilish mushkul. Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda Markaz ilmiy xodimlari ishtirokida “Movarounnahrlik buyuk siymolar”, “E’tiqod durdonalari”, “Qur’on ta’villari” ruknlari ostidagi turkum ko‘rsatuvlar omma e’tiborini o‘ziga qaratmoqda.

Markaz tomonidan O‘zbekiston hududidagi diniy va dunyoviy bilim yurtlari talabalari o‘rtasida tashkil etilgan “Moturidiy izdoshlari”nomli maqola, videorolik va infografikalar tanlovi yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi. Unda turli ta’lim muassasalaridan yuzga yaqin talaba o‘z materiallari bilan ishtirok etdilar. Gʻoliblar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

Shuni alohida faxr bilan tilga olish kerakki, Markaz faoliyati nafaqat mahalliy, balki xorijiy ommaviy axborot vositalarida ham keng yoritilmoqda. Jumladan, Misr, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Malayziya, Italiya, Fransiya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston mamlkatlari, ICESCO, IRCICA xalqaro tashkilotlari axborot vositalarida Markaz haqida o‘nga yaqin axborot va tahliliy ma’lumotlar nashr etilgan.

Yuqoridagilar bilan bir qatorda, Markaz istiqbolda xalqimiz qalbidan munosib joy egallab, ularga sof islom ta’limotini yetkazish, moturidiylik ta’limotiga oid asarlarning ilmiy-izohli tarjimalarini yaratish, muntazam ravishda xalqchil risolalar nashr etib borish, ommaviy axborot vositalari orqali ma’rifiy mazmunga ega bo‘lgan media kontentni tarqatish, Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotiga doir besh tomlik ensiklopediya chop etish, dunyo va yurtimiz kutubxonalarida saqlanayotgan qo‘lyozma manbalarning katalogini yaratish kabi muhim vazifalarni amalga oshirishni rejalashtirgan.

Ishonchimiz komilki, Yurtboshimiz tomonidan Uchinchi Renessansga qo‘yilgan tamal toshning ilm-ma’rifat orqali amalga oshirilishi yaqin yillarda o‘zini oqlaydi.

Maxsudov Davronbek,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot

markazi direktori

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry