17.09.2021
295

Xotira: Xayrulloh domla jonkuyar, fidoyi, din g‘amini yeyuvchi, ziyrak olim edilar...

Ko‘rinmas yov – koronavirus butun dunyo aholisining sabrini sinovdan o‘tkazdi. Bu vabo jahon xalqlariga juda katta talafotlar yetkazdi, bashariyatning sillasini, tinka-madorini quritdi. Moddiy zararlar qoplanar, moliyaviy xarajatlarning o‘rni to‘lar, biroq... Biroq ma’naviy yo‘qotishlar-chi?..

2020 yil xuddi shu bugun, ya’ni 16 sentyabr kuni taniqli ulamo, kuchli voiz, din yo‘lida qayg‘urgan olim, Toshkent viloyatining sobiq bosh imom-xatibi Xayrulloh domla Turmatov koronavirus infeksiyasini yuqtirish oqibatida boqiy dunyoga rihlat qilgan edi.

Xayrulloh domlaning va boshqa ilm ahllari, ulaomlarimiz, imom domlalarimizning vafotlarini eshitib, xayolimga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Albatta, Alloh taolo ilmni bandalari (qalbidan) bir tortishda sug‘urib olmaydi. Lekin unga ulamolarni vafot ettirish ila barham beradi...” (Imom Muslim rivoyati), degan muborak hadislari keldi.

Xayrulloh domla Turmatov 1976 yil 16 avgust kuni Toshkent viloyati Angren shahrida tavallud topgan edi. U 1994–2003 yillarda Toshkent viloyati Ohangaron tumani “Chet Suv” jome masjidi imom-xatibi hamda Toshkent viloyati, Ohangaron tumani, 20-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi; 1998–2003 yillarda Toshkent viloyati pedagogika instituti talabasi; 2000–2001 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti talabasi; 2003–2014 yillarda Toshkent viloyati Angren shahri “Qorabog‘” jome masjidi imom-xatibi hamda Angren shahar bosh imom-xatibi; 2014–2020 yillarda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Toshkent viloyat vakili hamda Zangiota tumani “Zangiota” jome masjidi imom-xatibi lavozimida ishlagan.

Xayrulloh domla Toshkent viloyatiga bosh imom-xatib bo‘lganlarida ko‘plab masjidlar obod bo‘ldi, ko‘plari qayta qurildi, ta’mirlandi. Bu ishlar esa, haqiqatan, viloyatimiz mo‘min-musulmonlarini cheksiz xushnud etdi.

Domla 2014–2020 yillar mobaynida Toshkent viloyati bosh imom-xatibi sifatida juda ko‘p savobli ishlarni qilishga ulgurdi. Viloyatimizdagi 57 ta masjidni qayta qurish va rekonstruksiya qilishga bosh-qosh bo‘ldi. Homiylarni jalb qilgan holda ko‘plab talabalarning o‘quv-shartnoma pullarini to‘lashga ko‘maklashdi.

Birgina umrining so‘nggi uch oyida domla ikkita masjid: Olmaliq shahridagi “Hilol” va Yuqori Chirchiq tumanidagi “Mu’oz ibn Jabal” jomelarini ochib bergani ham u kishining doimo savob ishlarning peshida yurganlariga dalildir.

Xayrulloh domlaning ma’ruzalari, mav’izalarini ko‘pchilik namozxonlar, mo‘min-musulmonlar intiqlik bilan kutishar edi. Chunki u kishining gaplarida ma’no bor, so‘zlarida kuyunchaklik yaqqol sezilar edi. Misol uchun, “Hidoyat” jurnalining 2020 yil 4-sonida domlaning suhbati chop etildi. Unda aytilgan so‘zlar har bir musulmonni yanada uyg‘oq va tirishqoq bo‘lishga chorlaydi:

«Yaqinda Islomoboddagi ilmiy tadqiqot markazi professori Doktor Farrux Salim hayratli ma’lumotlarni taqdim qildi. Sayyoramizda musulmonlarning umumiy soni 1 476 250 000 kishidan ortiqroq ekan. Demak, dunyodagi besh kishidan biri musulmon. Endi o‘zimizga savol berib ko‘raylik. Nima uchun biz musulmonlar taraqqiyotdan orqada qolib, o‘zaro ixtilofga kirishib ketdik?

Mening fikrimcha, muammoning ildizi ta’limda. Islom Hamkorlik Tashkilotiga 57 ta davlat a’zo. Ular hududida umumiy 500 ta universitet bor. Har uch million musulmonga bitta universitet to‘g‘ri keladi. Qizig‘i, dunyoning 500 ta eng kuchli universiteti ro‘yxatida musulmon davlatlarining birorta universiteti yo‘q. Aholisining asosiy qismi musulmonlardan iborat bo‘lgan davlatlarda har bir million musulmonga 230 nafar olim to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich AQSHda 4000, Yaponiyada 5000 ni tashkil etadi.

Mamlakatda ilm-fan qanchalik rivojlanganini ushbu mamlakatdan eksport qilinadigan yuqori texnologiya vositalari sonidan bilib olsa bo‘ladi. Masalan, Pokiston davlatining bir yillik eksport mahsulotlarining faqatgina 1 foizi yuqori texnologiyalarga to‘g‘ri keladi. Saudiya Arabistoni, Marokash, Kuvayt, Jazoirda vaziyat yanada achinarli. Ushbu mamlakatlar eksportining faqatgina 0,3 foizigina yuqori texnologiyalarga to‘g‘ri keladi. Singapurda ushbu ko‘rsatkich 58 foiz. Islom Hamkorlik Tashkilotining 57 a’zosining bir yillik umumiy yalpi ichki mahsuloti 3 trln. dollarga bormas ekan. Biz 57 davlat bir bo‘lib birgina Germaniyaning yalpi ichki mahsulotini ishlab chiqara olmas ekanmiz...»

Xayrulloh domla ana shunday jonkuyar, fidoyi, din g‘amini yeyuvchi, nuktadon olim, tashabbuskor rahbar edi. U kishining o‘rnini hech kim bosa olmaydi. Hasan Basriy rahmatullohi alayh aytganidek, olim vafot etsa, qiyomatgacha o‘rni to‘lmaydigan bo‘shliq paydo bo‘ladi.

Alloh taolo u kishining rahmati va mag‘firatiga burkasin. Makonini Firdavs jannatlaridan qilsin. Omin!

Jasurbek domla RAUPOV,

Toshkent viloyati bosh imom-xatibi

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry