30.03.2021
438

ABU NASR IYOZIY

(vaf. IX asrning so‘nggi choragi) 

To‘liq ismi Abu Nasr Ahmad ibn Abbos ibn Husayn Samarqandiy bo‘lgan Abu Nasr Iyoziy Abu Mansur Moturidiyning ustozi hisoblanadi. Ayni vaqtda u Imom Moturidiy bilan saboqdosh ham bo‘lganini inobatga oladigan bo‘lsak, uning IX asrning birinchi yarmida Samarqandda tug‘ilganini taxmin qilish mumkin. Tabaqot va tarojum janriga oid manbalarda qayd etilishicha, Iyoziy Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhuning avlodlaridan bo‘lgan. Nasafiy taqdim etgan shajaraga ko‘ra, Iyoziyning nasabi o‘ninchi bobosida Sa’d ibn Ubodaga yetib boradi.

Manbalarda naql qilinishicha, Iyoziy Imom Moturidiy bilan birga Abu Bakr Juzjoniydan ta’lim olgan. Shu bilan bir qatorda, u o‘z davrining boshqa olimlaridan ham islom ilmlarini o‘rgangan.

Yigirma yoshida talabalarga dars berish faoliyatini boshlagan alloma kalom va fiqh ilmlari sohasida 40 ga yaqin shogird yetishtirib chiqargan. U ko‘plab janglarda bevosita qatnashgan, hatto mana shunday janglardan birida vafot etgan. 

Kafaviyning keltirishicha, Iyoziy o‘g‘li Abu Ahmad bilan birga jangga kirgan va asir tushgan. U boshqa asirlar bilan birga mamlakat hukmdorining huzuriga keltirilgan. Hukmdor qo‘liga kamonni olib, asirlardan kamon ipini kim torta olishini so‘ragan. Shunda Iyoziy kamon ipini torta olishini, ammo buning uchun o‘q kerak bo‘lishini aytgan. U qo‘liga o‘qni olishi bilan, uni kamonga joylab, hukmdorni otib o‘ldirgan. Biroq o‘zi ham shu zahoti o‘ldirilgan.

Aqida va fiqhda hanafiylik tarafdori bo‘lgan Iyoziy mo‘‘taziliylik va najjoriylik kabi adashgan firqalarga qarshi keskin kurash olib borgan, moturidiylik ta’limotining keng tarqalishiga ulkan hissa qo‘shgan. 

Iyoziy yosh jihatidan ancha katta bo‘lishi hamda ular o‘rtasida ustoz-shogirdlik munosabati mavjud bo‘lishiga qaramay, Imom Moturidiyga nisbatan katta ehtirom bilan munosabatda bo‘lgan. Jumladan, Nasafiyning ta’kidlashicha, u Imom Moturidiyning ilmiy saviyasini yuksak baholagan. Hatto hech qachon u kelmasdan turib darsni boshlamagan.

Iyoziy aqidaviy masalalarda bir tomondan naqliy dalillarga tayangan bo‘lsa, boshqa tomondan, aqlga ham alohida e’tibor qaratgan. U Abu Hanifaning izidan borib, mo‘‘taziliylik va boshqa adashgan firqalarning g‘oyalariga raddiya bergan. Jumladan, manbalarda uning turli firqa vakillari bilan bahs-munozaralar olib borgani, ular o‘z qarashlarini ifodalashda foydalanadigan oyatlarni ilmiy asosda sharhlash orqali ularning g‘oyalarini puchga chiqarib, mag‘lub etgani zikr etilgan. 

Alloma Allohning sifatlariga bag‘ishlangan “Masala as-sifat” nomli asarning muallifi hisoblanadi.

Uning Abu Ahmad va Abu Bakr ismli o‘g‘illari Movarounnahr hududida ahli sunna aqidasi va hanafiylik fiqhining keng tarqalishiga ulkan hissa qo‘shganlar. Uning katta o‘g‘li Abu Ahmad fiqh ilmini chuqur egallagan olimlardan bo‘lgan. Uning ustozi Hakim Samarqandiyning ta’kidlashicha, Movarounnahr va Xurosonda so‘nggi yuz yilda ilm, zakovat, balog‘at, nazokat, iffat va taqvo bobida unga o‘xshash hech kim dunyoga kelmagan.

Abu Hafs Kabirning nabirasi Abu Hafs Ijliy: “Abu Hanifa mazhabining to‘g‘ri ekanini isbotlovchi dalil Abu Ahmadning ushbu mazhabda ekanligidir. Chunki bunday yuksak saviyali olim haq bo‘lmagan mazhabga e’tibor qaratmas edi”, – degan.

Abu Bakr Muhammadning keltirishicha, Abu Ahmad kalom ilmida mohir bo‘lib, o‘n moddadan iborat bo‘lgan, ahli sunna va mo‘‘taziliylik o‘rtasidagi asosiy farqlarni bayon qilishga qaratilgan “al-Masoil al-ashr al-Iyoziya” nomli asar yozgan.             

  

 

 

Qo‘shimcha malumot

QIVOMUDDIN ITQONIY
Olimning to‘liq ismi Qivomuddin Amir Kotib ibn Amir Umar ibn Amir G‘oziy Farobiy Itqoniy bo‘lib, u 1286 yilda Sayhun daryosi...
ABU SALAMA SAMARQANDIY
Allomaning to‘liq ismi Abu Salama Muhammad ibn Muhammad Samarqandiy Buxoriy bo‘lib, u haqda bizgacha juda kam ma’lumot yetib kelgan. Uning...
ABU SULAYMON MUSO IBN SULAYMON JUZJONIY
(vaf. 200/816 y.) Abu Sulaymon Juzjoniy o‘z davrining mashhur faqihlari hisoblangan Abu Yusuf va Muhammad ibn Hasan Shayboniylardan ta’lim olgan....

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry