03.03.2021
526

ALOVUDDIN SAMARQANDIY

(vaf. 539/1144 y.)  

To‘liq ismi Abu Bakr Alovuddin Muhammad ibn Ahmad ibn Abu Ahmad Samarqandiy bo‘lgan hanafiy faqihining hayotiga oid ma’lumotlar kam uchraydi. Ba’zi manbalarda olim kunyasining “Abu Mansur” shaklida berilishi xato bo‘lishi mumkin. U o‘z asarlaridan birida asosan Samarqandda ilmiy faoliyat ko‘rsatgan hanafiy usul olimi Abul Usr Faxrulislom Pazdaviy (vaf. 482/1089 y.)ni o‘z ustozi bo‘lganini zikr qilgan. Tarojim manbalarida uning hanafiy olimi Abul Yusr Pazdaviy (vaf. 493/1099 y.) va moturidiy kalomchisi Abul Muin Nasafiy (vaf. 508/1114)larning talabasi bo‘lgani qayd etilgan. Bu ikki olim ko‘proq Buxoroda dars bergani ma’lum. V.Madelung ushbu ma’lumotlar asosida uning tug‘ilgan sanasi 465/1073 yildan keyin bo‘lishi mumkin emas hamda u bir muddat Samarqandda turganidan so‘ng Buxoroga borib, tahsilini mazkur ikki olimning huzurida tamomlagan, degan xulosaga kelgan. Shuningdek, Madelung uning ma’lum vaqt Onado‘lida yashagani va Ko‘nyaga borgan bo‘lishi mumkinligini ham bildirib o‘tgan.

Samarqandda u bilan birga tahsil olgan do‘stlari orasida ustozlaridan Abul Yusr Pazdaviyning o‘g‘li Abul Maoliy Ahmad ibn Muhammad Pazdaviy, Faxrulislom Pazdaviyning o‘g‘li Hasan ibn Ali Pazdaviy va Najmuddin Nasafiylar bo‘lgani zikr qilinadi. Alovuddin Samarqandiyning rasmiy vazifalarda ishlaganiga doir ma’lumotlar yo‘q, uning ko‘proq mudarrislik faoliyati hamda kitob yozish bilan mashg‘ul bo‘lgani ma’lum. Uning shogirdlari orasida qizi Fotima va keyinchalik kuyovi bo‘lgan Abu Bakr Kosoniylarni sanab o‘tish mumkin. Fotima otasining “Tuhfat al-fuqaho” nomli asarini yod olib, otasi bilan birga fatvo bera boshlagan. Samarqandiyning qo‘lida uzoq vaqt tahsil olib, uning barcha asarlarini o‘qigan Kosoniy ustozining asari asosida “Bado’e as-sano’e” nomli mashhur asarni yozgan. Uning bu ishidan mamnun bo‘lgan ustozi qizi Fotimani unga turmushga bergan, mahr sifatida ushbu asarni qabul qilgan va mazkur nikohdan keyin fatvolar Samarqandiy, Fotima va Kosoniyning birgalikdagi imzosi ostida chiqa boshlagan.“Hidoya” kitobi muallifi Burhonuddin Marg‘inoniyning ustozi Ziyovuddin Muhammad ibn Husayn Bandanijiy ham Samarqandiyning talabalaridan bo‘lgan. Zamondoshlaridan Abdulkarim Sam’oniy ham Samarqandiyning unga ijoza yuborganini va 539 yil jumodul avval oyining birinchisi (30 oktabr, 1144 yil)da Buxoroda vafot etganini qayd etgan. Vafot etgan joyi bilan bog‘liq o‘zgacha qarashlar mavjud bo‘lmas-da, keyingi davr manbalarida vafot tarixi 538 va 540 yillar deb berilgan hollar ham uchraydi. “Kashf az-zunun”da keltirilgan 552 va 553 sanalari esa Alovuddin Muhammad ibn Abdulhamid Usmandiy Samarqandiyga tegishli ekani ma’lum bo‘lmoqda.

Qoraxoniylar davri Movarounnahr hanafiy olimlarining peshqadamlaridan hisoblangan Alovuddin Samarqandiyni Sam’oniy munozara, usul va kalom sohalarida yetuk olim, Kosoniy esa zohid va ahli sunna raisi deb e’tirof etadi. Samarqandiy o‘z davrida hanafiy mazhabining, ayniqsa, mazhab ichida klassik hanafiy usul va furu’ an’anasidan farqli qarash va yondashuvlarga ega bo‘lgan Movarounnahr Samarqand maktabining eng ulug‘ namoyondalaridan biri sifatida qabul qilingan. Hanafiy mazhabi ichida Abul Yusr Pazdaviy, Abul Muin Nasafiy, Alovuddin Samarqandiy kabi samarqandlik fiqh va kalom olimlarining qarashlarini birinchi o‘ringa qo‘ygan Samarqand ulamolari hokim mavqedagi hanafiy usul an’anasi barobarida moturidiy usul an’anasi deb atash mumkin bo‘lgan yangi usul tushunchasining vujudga kelishini ta’minlaganlar. Xoh usul, xoh furu’da bo‘lsin, ushbu an’anani o‘zida eng yaxshi aks ettirgan va uni bugungi kungacha yetkazgan matnlar Alovuddin Samarqandiyga tegishlidir.

Asarlari. 1. Tuhfat al-fuqaho. Hanafiy adabiyotida metodi, sistematikasi va oson tushunilishi bilan tanilgan muhim furu’ al-fiqh kitobi hisoblanadi. Quduriyning “al-Muxtasar”iga tayanib yozilgan ushbu asar Quduriyda kelmagan mavzularni yoritish, dalillar keltirish va bularni tizimli ravishda bayon qilish maqsadida qalamga olingan. Kosoniy ushbu asarning  mundarija va tartibini asos qilib olgan holda “Bado’e as-sano’e fi tartib ash-sharo’e” nomli asarini yozgan. “Tuhfa”ning ikkita alohida tanqidiy nashrlari amalga oshirilgan (Zakiy Abdulbar, Damashq, 1958; Bayrut, 1984; Qatar, 1987; Muntasir Kattoniy – Vahba Zuhayliy. Damashq, 1964). 2. Mezon al-usul fi natoij al-’uqul. Hanafiy usul an’anasidan farqli va ko‘plab mutakallimlar qalamga olgan usul asarlarining ta’lif uslubiga mos tarkib va metod bilan yozilgan chinakam usul al-fiqh kitobi va Abu Mansur Moturidiy boshliq Samarqand hanafiy-moturidiy maktabining fiqhiy-kalomiy yondashuvlarini o‘zida aks ettirgan eng muhim matnlardan biri. Muallif muqaddimada va matn ichida qayd etganidek, asarning mufassal va muxtasar ikki varianti bo‘lib, bizga yetib kelgani muxtasaridir (Zakiy Abdulbar. Davha, 1984; Abdulmalik Abdurahmon Sa’diy. Bag‘dod, 1987). 3. Sharh Tavilot al-Qur’on. Imom Moturidiy Qur’onga yozgan tafsirining sharhi. Asos e’tiboridan Abul Muin Nasafiyning “Ta’vilot” darslaridagi taqrirlardan tashkil topgan bo‘lsa-da, asarning tartibi va bayoni Samarqandiyga oiddir. Moturidiylik ta’limotining muhim manbalaridan sanalgan ushbu asarning turli kutubxonalarda qo‘lyozma nusxalari mavjud (Sulaymoniya kutubxonasi. Hamidiya, 176; Asad Afandi, 48; Jorulloh Afandi, 51; Toshkent Sharqshunoslik instituti, 3155, 3249).

Bulardan tashqari Samraqandiy o‘zining “Tuhfat al- fuqaho” asarida “al-Mabsut” va “Sharh at-Tahoviy” nomli asarlaridan ham bahs yuritadi. Shuningdek, manbalarda unga “Bazl an-nazar”, “al-Lubob fi usul al-fiqh”, “Muxtalif ar-rivoya”, “Sharh al-jomi’ al- kabir”, “Sharh Manzumat an-Nasafiy”, “Izoh al-qavo’id fi ilm al- muammo” kabi asarlar ham nisbat berilsa-da, bularning Abul Lays Samarqandiy, Shayxulislom Bahovuddin Ali ibn Muhammad Samarqandiy Isfijobiy, Alovuddin Muhammad ibn Abdulhamid Usmandiy kabi mualliflarning asarlari bilan adashtirilgani ma’lum bo‘lmoqda.

Qo‘shimcha malumot

QIVOMUDDIN ITQONIY
Olimning to‘liq ismi Qivomuddin Amir Kotib ibn Amir Umar ibn Amir G‘oziy Farobiy Itqoniy bo‘lib, u 1286 yilda Sayhun daryosi...
ABU SALAMA SAMARQANDIY
Allomaning to‘liq ismi Abu Salama Muhammad ibn Muhammad Samarqandiy Buxoriy bo‘lib, u haqda bizgacha juda kam ma’lumot yetib kelgan. Uning...
ABU SULAYMON MUSO IBN SULAYMON JUZJONIY
(vaf. 200/816 y.) Abu Sulaymon Juzjoniy o‘z davrining mashhur faqihlari hisoblangan Abu Yusuf va Muhammad ibn Hasan Shayboniylardan ta’lim olgan....

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry