10.03.2021
761

MUHAMMAD ZOHID KAVSARIY

(1879-1952)

Muhammad Zohid Kavsariy 1879 yil 16 sentyabrda Turkiyaning Duzja viloyati Hojihasan qishlog‘ida tug‘ilgan. Uning kelib chiqishi cherkes oilasiga mansub bo‘lgan. Otasi Hasan Hilmiy afandi 1831 yil Kavkazning Shabzarida tug‘ilgan bo‘lib, mudarris sifatida faoliyat ko‘rsatgan. U 1863 yil Kavkazning Chor imperiyasi tomonidan bosib olinishi natijasida oilasi va talabalari bilan birgalikda Duzja viloyatiga ko‘chib o‘tib, u yerda o‘z nomiga qo‘yilgan Hojihasan qishlog‘iga joylashgan. U yerda naqshbandiya tariqati xalifalaridan shayx Davlatga qo‘l berib, o‘zi ham 1865 yil xalifalik rutbasiga erishgan. 1867 yildan Hojihasan qishlog‘idagi madrasada ish faoliyatini boshlagan. 1870 yil Istanbul shahriga borib, u yerda Ahmad Ziyovuddin Kumushxonaviyning darslarida qatnashib, undan “Daloil al-xayrot” asari bo‘yicha ijoza olgan. Keyingi yil esa Hijozga borib, u yerda naqshiy shayxlaridan Muso Makkiy bilan uchrashib, undan xilofat ijozasini olgan. Duzjaga qaytib kelgach, Hasan Hilmiy afandi madrasada talabalarga dars berish bilan shug‘ullanib, 1926 yil, qariyb yuz yoshda vafot etgan.

Zohid Kavsariy dastlabki ilmni otasidan olgan. So‘ngra Duzjadagi Rushdiya maktabida muftiy Husayn Vajih afandi qo‘lida davom ettirgan. 1893 yil Istanbulga borib, u yerda Qoziaskar Hasan afandi Dorul hadis madrasasida ta’lim olgan. U madrasa hamda Fotih masjidida tashkil etilgan ko‘plab ilmiy majlislarda ishtirok etgan. Kavsariyning ta’kidlashicha, uning ilmiy qarashlarining shakllanishida Ali Zaynulobidin afandi va Ibrohim Haqqi afandilarning ta’siri katta bo‘lgan. U Istanbulda o‘n yil ta’lim olib, 1904 yil madrasani tamomlagan, 1906 yil esa darsiom unvoniga erishgan.

Zohid Kavsariy Fotih masjidida mudarrislik faoliyati davomida madrasalarni isloh qilish uchun tuzilgan komissiya tarkibiga kiritilgan. U Kastamonu shahrida ochilgan yangi madrasada ham uch yil xizmat qilgan. Kavsariy birinchi jahon urushidan keyin Sulaymoniyada madrasatul mutaxassisin mudarrisligiga tayinlangan. 1919 yil shayxulislom vakilligi maqomi bo‘lgan dars vakolati lavozimiga tayinlangan, biroq bir muddat o‘tib ushbu vazifadan ozod etilgan. 

Zohid Kavsariy hayoti davomida Ittihod va Taraqqiy jamiyatiga mansub davlat, siyosat va fikr odamlariga muxolif bo‘lib yashagan. U 1922 yil o‘zini ozodlikdan mahrum etish haqida qaror chiqarilganini eshitgach, Misrga yo‘l oldi. Avval Iskandariyaga, so‘ngra Qohiraga o‘tdi. Iskandariyadan Bayrutga, u yerdan Shomga bordi. Shomda Dorul kutub az-Zohiriya kutubxonasida qo‘lyozma asarlar ustida tadqiqotlar olib bordi. 1926 yil Qohiraga qaytib, al-Azharda tahsil oladigan turk talabalari yashaydigan Taqiyyat al-Atrok Abu az-Zahab nomli takkada istiqomat qila boshladi. 1928 yil ilmiy talabida ikkinchi bor Shomga safar qilgan bo‘lsa-da, u yerda o‘ziga munosib davra topa olmay, keyingi yil yana Qohiraga qaytdi. Qohirada Dijviy, Muhammad ibn Ja’far Kattoniy va Ahmad Rafi’ Tahtoviy kabi olimlardan islom ilmlari bo‘yicha ijoza oldi. Biror daromad manbai bo‘lmagani sababli moddiy qiyinchiliklarga duch kelishiga qaramay, taklif etilgan yordamlarni qabul qilmagan. Turkcha xujjatlarni arab tiliga tarjima qilish maqsadida Dor al-muhofazat al-Misriya idorasi tomonidan o‘tkazilgan imtihondan muvaffaqiyatli o‘tib, maosh olib ishlay boshladi. Bu orada oilasini Istanbuldan olib keltirdi. U Istanbulda ekan vaqtida O’g‘li va bir qizi vafot etgan bo‘lib, Qohiraga ayoli va ikki qizi keldi. Qizlaridan Saniha 1934 yilda, Maliha esa 1947 yilda Qohirada vafot etdi.   

Kavsariy Qohirada yashagan vaqtida bir tomondan o‘z uyini madrasaga aylantirib, talaba yetishtirgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan ko‘plab islom ilmlariga oid asarlarning ilmiy nashrini amalga oshirish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Asosan Misr, Yaman, Hindiston, Pokiston, Indoneziya, Malayziya, Suriya, Iroq va Turkiya mamlakatlaridan kelgan talabalarga ijoza berdi. Abdulhamid Kutubiy Misriy, Ahmad Avang Husayn, Alasoniyalik Jamol O’gut, Abdulfattoh Abu G’udda, Ahmad Hayri Posho, Muhammad Rashod Abdulmuttalib, Abul Fazl ibn Siddiq, Ali Ulviy Kuruju, Mehmed Ehson Afandi, Mustafo Runyun va Muhammad Husayn uning shogirdlaridan hisoblanadilar. Shu orada Misrdagi reformistik harakatlarga qarshi kayfiyatda bo‘lgani sababli uni mamlakatdan chiqarib yuborishga urinishlar kuzatilgan bo‘lsa-da, shayx Abdulmajid Sinduniy va bir muddat vaqf ishlari vaziri bo‘lgan al-Azhar shayxi Mustafo Abdurazzoqning aralashuvi bilan bundan qutulib qoldi. Ilmiy faoliyati va nashrlari bilan e’tibor qozongan Kavsariy Misrdagi ilm ahli orasida alohida mavqega ega bo‘ldi. Al-Azharda o‘qigan shogirdlari vositasida Hindiston va Pokistondagi olimlar bilan aloqa o‘rnatib, keng ilmiy doira yaratdi. 1950 yil Demokratik partiyaning hokimiyat tepasiga kelishi bilan Turkiyaga qaytishni umid qilgan bo‘lsa-da, turli xastaliklar bilan ovora bo‘lib qoldi va 1952 yil 11 avgustda vatan hasratida Qohirada olamdan o‘tdi. Ortidan ayoli ham dardga chalinib, Turkiyaga qaytdi va besh yildan so‘ng u ham vafot etdi. 

Qarashlari. So‘ngi davrlarda islom ilmlari rivojiga katta hissa qo‘shgan tanqidchi va tadqiqotchi olim Zohid Kavsariy mazhabga ergashish va muxolif mazhab vakillarini tanqid qilishda qat’iy harakat qilgan. Misrda yozgan kitob va maqolalarida islom diniga zid bo‘lgan yangi tushuncha va firqalarni qoralagan hamda ijtimoiy-diniy masalalar bilan shug‘ullangan. U ahli sunna mutakallimlarini tanqid qilganlarga muxolif bo‘lib, o‘z qarashlarini qat’iy himoya qildi. Aqidada moturidiylik tarafdori bo‘lgan Kavsariyning kalomga doir asosiy qarashlari quyidagilardan iborat: ahli sunnaga kiruvchi moturidiya va ash’ariya maktablari ko‘plab masalalarda mushtarak qarashlarni ilgari surgan, ularning orasidagi farqlar juda oz, shu sababli ikki mazhabni bir-biriga yaqinlashtirishga urinish ma’nisiz, mazhabsizlik esa dinsizlikka olib boruvchi bir yo‘ldir. Diniy hukmlarni hayotga tatbiq etish uchun mazhabga ergashish majburiydir. Salafiya (Xashviya) esa salaf mazhabiga mansublikni da’vo qiluvchi va kalom ilmidan bexabar ahli hadis guruhining mazhabidir. Ushbu mazhab tashbih va tajsimga olib boruvchi e’tiqodlarni o‘z ichiga olgani uchun ahli sunnaga kirmaydi. Isboti vojib masalasida Qur’oni karimda kelgan dalillar tarjih etilishi lozim. Chunki bu dalillarda mushohadaga, shuurli va shuursiz barcha borliqlarning o‘z-o‘zidan vujudga kelishining imkonsiz ekaniga diqqat qaratiladi. Ahli sunna mutakallimlari va mo‘‘taziliylar o‘rtasidagi ilohiy sifatlarga bog‘liq qarshlardagi farqlar nisbiy bo‘lib, muhim emas. Ibn Taymiyaning ilohiy kalomni qadim, harf va tovushlardan tashkil topgan kalomni esa hodis va zoti bilan qoim deb qabul qilishi hodislarning Allohning zotiga nisbat berish ma’nosiga keladi, bu esa imkonsizdir. Naslardagi Allohga izofa etilgan va unga harakat, makon, jihat, maxluqotlarga xos xususiyatlarni nisbat bergan lafzlarni mutlaqo ta’vil qilish lozim. Bularni ta’vil qilmaganlar mushrik hisoblanadilar. Shu sababdan Ibn Huzaymaning “Kitob at-tavhid” asari shirk kitobidir. Ahmad ibn Hanbal salafiylar da’vo qilganidek, tashbih va tajsimni qabul qilmagan, aksincha, xabariy sifatlarga oid ba’zi naslarni salaflar qilganidek, ijmoliy ta’vilga bog‘lagan. Qadarga imon insonning amallarni majburiyat ostida bajarishi ma’nosini bermaydi. Aksi taqdirda insonning irodasi o‘zi mas’ul bo‘lgan fe’llarda qadarning bir parchasi holiga kelib qoladi. Tavassul naslarga asoslangan amaliyot bo‘lib, uni shirk sifatida qabul qilish axmoqlikdir. Insonning o‘z fe’llarini o‘z irodasi bilan amalga oshira olmasligini ifoda etgan ba’zi hadislar fe’llarning irodiy ekanini takidlagan oyatlarga zid kelgani uchun zaif hisoblanadi. 

Zohid Kavsariyning Ibn Taymiyaga va uning shaxsi bilan salafiylarga qarshi chiqishida Ibn Taymiyaning Payg‘ambar alayhissalom va avliyo orqali tavassul qilganlarni mushrik deb hisoblaganining ta’siri bo‘lishi mumkin. 

Hadis bobida ajralib turgan Zohid Kavsariy yigirmaga yaqin hadis kitoblarini ustozlarida o‘qib, rivoyat ijozasini oldi. Abu Hanifaning hadis tushunchasiga oid tanqidlarga javob sifatida qalamga olgan “Ta’nib al-xatib” va “an-Nukat at-tarifa” nomli asarlari katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan, unga raddiyalar yozilgan. Kavsariy ularning bir qismiga javob ham yozgan. Hadisga doir boshqa asarlari uning rijol ilmidagi salohiyatini namoyon qiladi. Unga ko‘ra, ohod darajasidagi rivoyat agar Quronning umumiy ma’nosiga va aqlga to‘g‘ri kelmasa, u tark etiladi. 

Zohid Kavsariy ilmiy shaxsiyatida tasavvufning ham o‘ziga xos o‘rni bor. Otasi naqshiy shayxlari orasidan joy olgani kabi o‘zi ham kastamonulik naqshiy shayxi Hasan Hilmiy afandiga murid bo‘lgan. Kavsariyning fikricha, havoi nafs iskanjasida qolgan insonlar qudsiy olam bilan aloqasi bo‘lgan komil murshidlarning irshod va yordamiga muhtojdirlar.  Tavassul joizdir, chunki tavassul qilingan kishilar ruhlarini poklaganlari uchun ular ma’naviy tasarrufga ega hisoblanadilar. Ularning ushbu sifatlari vafotlaridan keyin ham davom etadi. XX asrning moturidiya mujaddidi sifatida tanilgan Zohid Kavsariyning qarashlari Misrda va boshqa islom o‘lkalarida diniy bahslarga sabab bo‘lgan, uni tanqid qilganlar ham, unga tarafdorlik qilganlar ham bo‘lgan. Misr muftiysi Muhammad Bahit uning qarashlarini eng ko‘p himoya qilganlardan biri edi. Kavsariyning inson iroda erkinligiga ega ekani haqidagi qarashlarini tanqid qilganlarning boshida o‘zi kabi Istanbuldan Misrga kelish majburiyatida qolgan usmoniylar shayxulislomi Mustafo Sabriy Afandi turadi. 

Asarlari. 1. Al-Istibsor fit-tahaddus ‘anil jabr val-ixtiyor. Insonning iroda erkinligiga ega ekanini isbotlash maqsadida yozilgan ushbu asarda Mustafo Sabriy afandining “Mavqif al-bashar tahta sulton al-qadar” nomli kitobidagi inson fe’llarning jabr ostida amalga oshishini ilgari surgan qarashlari tanqid qilingan. 2. Nazra ‘abira fi mazoimi man yunkiru nuzula Iyso alayhissalom qabl al-oxira. Bu asarda esa Mahmud Shaltutning Iso alayhissalomning o‘lgani va qiyomatdan avval yer yuziga tushmasligi borasidagi qarashi rad etilgan. 3. Maqolot al-Kavsariy. Ushbu asar muallifning shogirdlari tomonidan jamlangan turli maqolalaridan tarkib topgan. 4. Irg‘om al-marid fi sharh an-nazm al-’atid li tavassul al-murid. Asar Kavsariyning tasavvufga oid qarashlari va Naqshbandiya tariqatiga mansub movarounnahrlik o‘ttiz uch nafar so‘fiyning va o‘zining biografiyasini o‘z ichiga oladi. Unga “ad-Durr an-nadid” nomli sharh ham yozilgan. 5. Mahq at-taqavvul fi mas’alat at-tavassul. Tavassulning mashru’ ekanini isbotlashga qaratilgan risola. 6. Ta’nib al-xatib ‘ala ma soqahu fi tarjamati Abi Hanifa min al-akazib. Xatib Bag‘dodiyning Imom Abu Hanifa haqida ilgari surgan ayblovlariga javob tariqasida qalamga olingan asar. Roviylar va rivoyatlarga oid ba’zi mezonlar o‘rtaga qo‘yilgan mazkur asarga bir necha raddiyalar yozilgan. Bulardan Abdurahmon Yahyo Muallimiy Yamaniyning “Tali’at at-tanqil lima varada fi Tanib al-Kavsariy min al-abotil” nomli raddiyasiga Kavsariy o‘zi “at-Tarhib bi naqd at-ta’nib” nomli risolasi bilan javob bergan va Yamaniyni yangi paydo bo‘lgan mazhabsizlik oqimiga nisbat bergan. Yamaniyning bunga qarshi yozgan “at-Tanqil lima varada fi Ta’nib al-Kavsariy min al-abotil” nomli asari Kavsariyning vafotidan keyin Nosiruddin Alboniy va Muhammad Abdurazzoq Hamzalar tarafidan ba’zi havola va ta’liqlar bilan birga nashr qilingan (Qohira/1386, ar-Riyod/1983, 1986). Muhammad Abdurazzoq Hamza Kavsariyning Yamaniyga qarshi qalamga olgan raddiyasiga “al-Muqobala bayn al-huda vaz-zolal: Havla Tarhib al-Kavsariy bi naqdi Ta’nibihi” nomli kitobi bilan javob qaytargan (Qohira/1370). 7. An-Nukat at-tarifa fit tahaddus ‘an rududi Ibn Abi Shayba ‘ala Abi Hanifa. Ibn Abu Shayba tomonidan Abu Hanifaning 125 ta muhim masalada sahih hadislarga muxoliflik qilgani haqidagi da’vosiga qarshi yozilgan. 

 

Qo‘shimcha malumot

QIVOMUDDIN ITQONIY
Olimning to‘liq ismi Qivomuddin Amir Kotib ibn Amir Umar ibn Amir G‘oziy Farobiy Itqoniy bo‘lib, u 1286 yilda Sayhun daryosi...
ABU SALAMA SAMARQANDIY
Allomaning to‘liq ismi Abu Salama Muhammad ibn Muhammad Samarqandiy Buxoriy bo‘lib, u haqda bizgacha juda kam ma’lumot yetib kelgan. Uning...
ABU SULAYMON MUSO IBN SULAYMON JUZJONIY
(vaf. 200/816 y.) Abu Sulaymon Juzjoniy o‘z davrining mashhur faqihlari hisoblangan Abu Yusuf va Muhammad ibn Hasan Shayboniylardan ta’lim olgan....

Izoh qoldirish

Izohlar

06.12.2022 23:14
Assalomu alaykum
Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry