ABU AHMAD IYODIY
Abu Ahmad Iyodiy Imom Abu Mansur Moturidiyning ustozi Abu Nasr Iyodiyning o‘g‘li bo‘lgan. “Dor al-Juzjonya” maktabidan yetishib chiqqan alloma Imom Moturidiydan ta’lim olgan va mashhur faqih darajasiga ko‘tarilgan.
Abul Muin Nasafiy o‘zining “Tabsirat al-adilla” nomli asarida u haqda iliq fikrlarni keltirgan. Xususan, Nasafiyning ta’kidlashicha, Movarounnahr va Xurosonda “Sadr al-fuqaho” unvoniga ega bo‘lgan olim Abu Hafs Ajaliy Buxoriy u haqda: “Abu Hanifa mazhabining haq ekaniga dalil shuki, Abu Ahmad Iyodiy ushbu mazhabda bo‘lgan. Chunki u botil mazhabga ergashishi mumkin emas”, – degan.
Biroq Hakim Samarqandiy Abu Ahmadning otasi Abu Nasr Iyodiyni qattiq hurmat qilib, iliq so‘zlar bilan maqtagan. Jumladan, “Tabsirat al-adilla” asarida keltirilishicha, Hakim Samarqandiy Abu Nasr Iyodiy haqida: “Shayx Abul Qosim Samarqandiyning rivoyat qilishicha, Abu Nasr Iyodiyning huzuriga turli oqimlar vakillari o‘z aqidaviy qarashlarini isbotlash maqsadida kelganlarida, Iyodiyning kuchli dalil-isbotlari qarshisida mag‘lub bo‘lib, ortlariga qaytar edilar”.
Hakim Samarqandiydan farqli ravishda, Ibn Zakariyo Abu Ahmad haqda ijobiy fikr bildirib, uni ibodat masalalarida mujtahid olim sifatida e’tirof etgan.
Hakim Samarqandiyning rivoyati sahih bo‘lsa, Abu Ahmad Iyodiy dastlab ulamolarning e’tirofiga sazovor bo‘lib, keyinchalik tanqidga uchragan bo‘lishi mumkin. Chunki u otasi kabi yoshligidan mashhur bo‘lib ketgan. Shu sababli shuhrat va mansabga ruju qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Zero, Abu Nasr Iyodiyni maqtab tilga olgan Hakim Samarqandiy uning farzandi Abu Ahmad Iyodiyni asossiz tanqid qilishi mantiqdan yiroq.
Natijada “Dor al-Juzjoniya”da tanqidga uchragan Abu Ahmad “Dor al-Iyodiya” nomli maktabga asos soladi. Abu Ahmad bu bilan “Dor al-Juzjoniya” maktabining asosiy vakili hisoblangan ustozi Abu Mansur Moturidiyning tanqidiga uchrashini xayoliga ham keltirmagan edi.
Turk tadqiqotchisi Ahmet Akning ta’kidlashicha, “Dor al-Iyodiya” maktabi vakillari somoniylar sulolasi vakillari bilan iliq munosabatda bo‘lganlar. Ushbu maktabning yirik vakillari sifatida Abu Ahmad Iyodiy va Hakim Samarqandiylarning nomlarini keltirish mumkin. Ahmet Akning fikriga ko‘ra, Hakim Samarqandiy somoniylar sulolasi amirining talabi bilan “as-Savod al-a’zam” nomli asar yozgan. Unda movarounnahrlik olimlar haqidagi ma’lumotlarga ham o‘rin ajratilgan bo‘lsa-da, biroq Imom Moturidiyning nomi tushirib qoldirilgan. Ahmet Ak ushbu ma’lumotga tayangan holda, Hakim Samarqandiy Imom Moturidiynitan olmagan, degan xulosaga kelgan. Biroq Hakim Samarqandiyning Abu Mansur Moturidiy faoliyatiga befarq bo‘lgani asossiz. Chunki Abul Muin Nasafiyning keltirishicha, Hakim Samarqandiy Imom Moturidiyning qabrtoshiga “Ushbu qabr ilmlarni o‘z nafaslarigacha qamrab olgan, ularni tarqatishda ko‘p zahmatlar chekkan, uning merosi ko‘p madh qilingan, o‘zining umr daraxtidan ko‘plab mevalar tera olgan ulug‘ zotning qabridir”, degan maqtov so‘zlarini yozdirib qo‘ygan.
Ta’kidlash lozimki, ushbu muhitda ilmiy hurfikrlilik mavjud bo‘lgan, hanafiy ulamolar o‘rtasida katta g‘oyaviy raqobat uchramagan, balki ularning asosiy raqiblari mo‘‘taziliylik, najjoriylik, murjiiylik kabi oqimlar bo‘lgan.
Izohlar